BILIB OLING. Ravishlar ma'nosiga ko'ra holat, payt, o'rin, miqdor-daraja, maqsad-sabab ravishlariga bo'linadi.
ESDA TUTING. Ataylab, atayin, noiloj, noilojlikdan, jo'rttaga, qasddan kabi ravishlar maqsad-sabab ravishlari hisoblanib, ularning miqdori u qadar ko'p emas.
439-mashq. Yangicha, yillab, qo'qqisdan, rostdan, avvallari, so'ngra ravishlarini qatnashtirib gaplar tuzing.
440-mashq. Ravishlarni aniqlab, ularning qaysi turga mansubligini ayting.
1. Men har kuni bir necha marotaba o'zimni o'zim tergayman, maslahatlarim yetarlicha samimiymikin? Do'stlarimga yetarlicha sadoqatlimanmi? (Konfutsiy) 2. Ho'kiz kechqurun qorni ochib, charchab kelsa, uning oldiga bir bog' quruq poyani tashlab qo'yar ekan. («Susambil») 3. Xafa bo'lma, o'g'lim,— dedi Davronov asta boshini ko'tarib. (Parda Tursun) 4. Ertalab tursa, ko'cha eshik lang ochiq, yong'oqqa bog'loqlik sigir yo'q. (O'. Hoshimov) 5. Bayramga taraddud hozirdanoq qizib ketdi. (O'. Hoshimov)
441-mashq. Gaplarni ko'chiring. Ravishlarning tagiga chizing va qanday ma'no anglatayotganini ayting.
1. Shunda bechora sayyor iltimos qilmish darrov. Vasiyatimni aytay. Agar bo'lsa bemalol. (Shukrullo) 2. U bexosdan kelib, yigitni belidan oldi-da chirpirak qilib uloqtirib yubordi, yigit ancha yergacha gandiraklab borib tizzalab qoldi. (Mirkarim Osim) 3. Elchi hozir o'z podshohining topshirig'ini bajarish uchun butun ayyorligini ishga solar, tilyog'lamalik qilib, To'marisni maqtab, ko'klarga ko'tarar edi. (Mirkarim Osim) 4. O'g'illari suyunib, safar tayyorgarligini ko'rishib, erta saharda otlanib yo'lga tushibdilar. (Ertakdan) 5. Ba'zan Hasanni ham birga olib ketadi. (O. Husanov) 1. Ravishlar ma'nosiga ko'ra qanday turlarga bo'linadi?
2. Qanday qo'shimchalar ravish yasovchi qo'shimchalar hisoblanadi?
3. Tubdan, to'satdan, rostdan kabi ravishlarni tarkibiy qismlarga ajratish mumkinmi?
4. Ravishlarning sifat va otlardan farqini ayting.