Dastur sotsiologik tadqiqotning asosiy hujjati sifatida


Tadqiqotning maqsad va vazifalari



Yüklə 66,21 Kb.
səhifə7/9
tarix20.06.2023
ölçüsü66,21 Kb.
#133298
1   2   3   4   5   6   7   8   9
DASTUR – SOTSIOLOGIK TADQIQOTNING ASOSIY

2. Tadqiqotning maqsad va vazifalari
Dasturning ushbu bo‘limi sotsiolog tomonidan taqdim etilishi kutilayotgan natijani belgilash bosiqichida buyurtmachi va sotsiolog olim o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solib, natijaga erishish uchun kerak bo‘lgan vaqt, odam va moliyaviy resurslar hajmini belgilaydi.
Maqsad – faqat tadqiqot o‘tkazish orqali erishish mumkin bo‘lgan kutilayotgan yakuniy natijaning (muammo yechimining) modeli. Dasturda belgilangan maqsadga intilish ko‘rilgan nazariy, uslubiy, tashkiliy choralar samaradorligining muhim mezonidir. Fundamental yoki nazariy tadqiqotdan kutilayotgan natija ijtimoiy obyektning tuzilishi, funksiyalari, rivojlanish shakllari to‘g‘risidagi yangi bilim bo‘lishi mumkin. Metodik tadqiqot metodikani ishlab chiqish, alohida tartib-taomillarni o‘rganish, amaliy tadqiqot esa amaliy vazifni hal qilish, ishlar ahvolini yaxshilashga qaratilgan. Amaliy tadqiqotda maqsadni buyurtmachi bilan kelishish lozim.
Tadqiqotning maqsadi muammoli vaziyat to‘g‘risida axborot olish, ijtimoiy statistika to‘plashdan iborat bo‘lishi mumkin: masalan, korxonaga ishga joylashayotgan va ishdan bo‘shayotgan xodimlarning nisbati; intizomni mustahkamlash bo‘yicha maxsus ma’muriy tadbirlarning o‘tkazilishidan avvalgi va keyingi mehnat intizomini buzish statistikasidagi o‘zgarishlar.
Tadqiqotning maqsadi – nafaqat tashxisni tayyorlash, balki ishlab chiqish, ya’ni muammoli vaziyatning yuzaga kelishi sabablarini tahlil qilish va uning rivojlanish prognozlarini ishlab chiqish, muammoli vaziyatga ta’sir ko‘rsatish choralarining samaradorligini baholashdan iborat bo‘lishi mumkin. Tadqiqotning maqsadi o‘rganilayotgan vaziyatga boshqaruv ta’sirini ko‘rsatish bo‘yicha amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat bo‘lishi mumkin. Bu holda sotsiologik xizmat ishining yakuniy natijasi boshqaruv qarorlarini asoslash va baholashdan iborat bo‘ladi.
Vazifalar – ta’riflangan muammoni tahlil qilish va hal etishga doir muayyan talablar. Ular maqsadni amalga oshirish vositasi bo‘lib xizmat qiladi, vositaviy xarakterga ega.
Tadqiqotning vazifalari maqsadning mazmun, uslub va tashkiliy jihatdan aniqlashtirilishidir. Bu sotsiolog ishidagi o‘ziga xos oraliq bosqichlar. Masalan, ishchilarning kiritilgan yangilikka munosabati to‘g‘risidagi axborot olish uchun sotsiolog ishlab chiqarishda innovatsion g‘oyalarni tatbiq etishda turli xodimlarning ishtirok darajasini aniqlash kabi vazifani hal etishi lozim. Bu o‘z navbatida sotsiolog oldiga yanada aniq vazifalarni qo‘yadi, masalan, o‘rganilayotgan vaziyatda turli guruhlarning ishtirokini belgilab beruvchi me’yoriy hujjatlarni tahlil qilish.
Misol sifatida quyidagi sotsiologik tadqiqot ishlarida shakllantirilgan maqsad va vazifalarni ko‘rib chiqishimiz mumkin:
“Xorijda uzoq muddatda ishlab kelgan fuqarolarning moslashish muammolari”
Tadqiqot maqsadi. Xorijda ishlab qaytgan mehnat migrantlarining ijtimoiy-siyosiy hayotga moslashuviga ko‘maklashish yuzasidan tavsiyalar ishlab chiqish.
Tadqiqot vazifalari:
– O‘zbekistonda mehnat migratsiyasini tartibga solishning huquqiy va institutsional jihatlarini o‘rganish;
– mehnat migrantlarining ijtimoiy-siyosiy kayfiyatiga sotsiologik tashxis qo‘yishga oid xorijiy metodikalarni o‘rganish va kerakli jihatlarini ushbu tadqiqotda moslashtirish uchun qabul qilish;
– sotsiologik tadqiqot instrumentlarini yaratish;
– respondentlar bazasini shakllantirish va tadqiqot joyini belgilash;
– pilotaj tadqiqot o‘tkazish orqali tadqiqot instrumentlariga ishlov berish;
– dala tadqiqotini o‘tkazish;
– empirik tadqiqotning statistik natijalarini umumlashtirish va talqin qilish;
– xorijda ishlab qaytgan mehnat migrantlarining ijtimoiy-siyosiy kayfiyatini aniqlash va buyurtmachiga berish.
Tadqiqotning vazifalari shartli ravishda asosiy va qo‘shimcha vazifalarga bo‘linishi mumkin. Asosiylari «o‘rganilayotgan muammoni hal etishning yo‘llari va vositalari qanday?» degan markaziy savolga javob izlashni ko‘zda tutadi. Qo‘shimcha vazifalar asosiy vazifaga hamroh bo‘lgan masalalarni aniqlashga yordam beradi.
3. Tadqiqot obyekti va predmetini aniqlash
Obyekt – muammoli vaziyatning «tashuvchisi», ijtimoiy voqelikning muayyan sohasi, ilmiy o‘rganish jarayoniga kiritilgan jamiyat subyekti faoliyatining sohasi. Obyekt sifatida muammoli vaziyatning ijtimoiy ziddiyatini o‘zida tutgan ijtimoiy voqelik sohasi ajratib olinadi.
Keng ma’noda sotsiologik tadqiqotning obyekti u yoki bu ijtimoiy muammoning tashuvchisi, tor ma’noda – sotsiologga kerakli ma’lumot bera oladigan odamlar yoki obyektlar. Ko‘p hollarda obyekt bo‘lib ijtimoiy guruh – talabalar, ishchilar, yolg‘iz onalar, o‘smirlar va hokazolar ishtirok etadi. Masalan, oliy ta’lim dargohidagi o‘zlashtirish muammolari o‘rganilsa, unda talaba va o‘qituvchilar obyekt bo‘lib xizmat qiladi.
Tadqiqot predmeti obyektning tadqiq etilayotgan muammoni (undagi ziddiyatni) iloji boricha to‘liq ifoda etuvchi va o‘rganilishi kerak bo‘lgan tomonlari va xususiyatlaridir. Oliy ta’lim dargohida o‘zlashtirish darajasining pastligi sabablari – tadqiqot predmetidir. Predmet ijtimoiy muammo va tadqiqot obyekti o‘rtasidagi o‘zaro aloqani aks ettiradi.
Misol sifatida quyidagi sotsiologik tadqiqot ishlarida shakllantirilgan maqsad va vazifalarni ko‘rib chiqishimiz mumkin:
“Xorijda uzoq muddatda ishlab kelgan fuqarolarning moslashish muammolari”
Tadqiqot obyekti – xorijda ishlab O‘zbekiston Respublikasiga qaytib kelayotgan mehnat migrantlari.
Tadqiqot predmeti – xorijda ishlab qaytgan O‘zbekiston Respublikasi mehnat migrantlarining ijtimoiy – siyosiy hayotga moslashish jarayonlari.
4. Asosiy tushunchalarning mantiqiy tahlili
Asosiy tushunchalarning mantiqiy tahlili – bu tadqiqot predmetini belgilovchi asosiy tushunchalarning mantiqiy tuzilishi, ularning mazmun va tuzilishini aniq tushuntirish.
Mantiqiy tahlil tadqiqotda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalarning mazmuni va tuzilishini aniq tushuntirishni nazarda tutadi.
Tushunchalarni nazariy talqin qilishdan maqsad – nazariy model yaratishdir. Nazariy model tadqiqot dasturini bevosita ishtirok etmagan (buyurtmachi, iste’molchi, mustaqil ekspert, intervyuyer, anketyor, supervayzer va b.) shaxslarga tadqiqot strategiyasini to‘g‘ri tushunishga yordam beradi.
Misol tariqasida quyidagi sotsiologik tadqiqot ishlarida keltirilgan asosiy tushunchalarning mantiqiy tahlillarini ko‘rsatib o‘tish mumkin:
“Xorijda uzoq muddatda ishlab kelgan fuqarolarning moslashish muammolari”
Asosiy tushunchalarning mantiqiy tahlili:
Migratsiya – davlatdan tashqariga ishlash yoki yashash maqsadida chiqish.
Mehnat migrantlari – 16 yoshga to‘lgan, chet elda yashayotgan va qonunga asosan chet elda haq to‘lanadigan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanayotgan shaxsdir.
Ijtimoiy – siyosiy muhit – aholining davlat tomonidan olib borilayotgan siyosiy rejim tufayli yuzaga kelayotgan ijtimoiy hayot darajasi.
Ijtimoiy – siyosiy kayfiyat – davlatning siyosiy rejimiga aholining munosabati.
Destruktiv kuchlar – davlatning suvereniteti, konstitutsiyaviy tuzumi va hududiy birligiga qarshi faoliyat olib boradigan ichki va tashqi dushmanlari.
5. Gipotezalarni ilgari surish
Gipotezalarning yig‘indisi nazariy konsepsiyaning boyligi va imkoniyatlari, tadqiqotning umumiy yo‘nalishini aks ettiradi.
Gipoteza – o‘rganilayotgan hodisa va jarayonlarni tushuntirish uchun ilgari suriladigan, tasdiqlanishi yoki rad etilishi lozim bo‘lgan ilmiy faraz.
Ularning avvaldan ilgari surilishi butun tadqiqot jarayonining ichki mantig‘ini aniqlab berishi mumkin. Gipotezalar – o‘rganilayotgan muammoning xarakteri yoki yuzaga kelish sabablari to‘g‘risidagi yaqqol yoki yashirin ifoda etilgan farazlar.
Farazni ta’riflash uchun avvalgi tadqiqotlar natijalari yoki iqtisodiyot, statistika, psixologiya ma’lumotlariga asoslangan boshlang‘ich axborotga ega bo‘lish lozim. Ta’rif beruvchi, izlashga qaratilgan tadqiqotlar farazlarga ega bo‘lmasligi mumkin, lekin, tahliliy, sababli aloqalar, funksional bog‘liqliklarni o‘rganuvchi tadqiqotlar odatda bunday bog‘liqliklar qanday parametrlar bilan bog‘langani, ularning yo‘nalishi va kuchi qay darajada ekanligi to‘g‘risidagi farazlarga asoslanadi.
Misol tariqasida quyidagi sotsiologik tadqiqot ishlarida keltirilgan gipotezalarni ko‘rsatib o‘tish mumkin:
“Yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish motivlari”
Tadqiqot gipotezasi
Ijtimoiy tarmoqlar o‘ziga xos psixologik manipulyatsiya makoni bo‘lib, insonni ruhiy jihatdan boshqarish xususiyatiga ega. Bu holat ko‘proq yoshlarni ijtimoiy tarmoqlarga jalb etayotgan motivlarda namoyon bo‘ladi.
* * *
“Toshkent shahrida Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyatiga oid jamoatchilik fikri”
Tadqiqot gipotezasi
Shirkat va aholi o‘rtasidagi munosabatlar shartnomaviy-huquqiy bazasining sustligi, shuningdek, shirkat faoliyatida oshkoralik prinsipiga to‘liq rioya qilinmayotganligi turar joy mulkini saqlash va aholiga sifatli kommunal xizmat ko‘rsatish holatini yomonlashtirmoqda.
* * *
“O‘zbekistonda oilalarning ajralish sabablari”
Tadqiqot gipotezasi
O‘zbekistonda oilalarning ajralishida ijtimoiy-psixologik omil eng katta ta’sir ko‘rsatish xususiyatiga ega.
* * *
“Yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini oshirishda muzeylar ishtiroki samaradorligini oshirishga oid”
Tadqiqot gipotezasi
Hozirgi kunda yoshlarning ma’naviy dunyoqarashini oshirishda mamlakatdagi muzeylar faoliyati ishtirokining sustligi yoshlarning muzeylarga tashrif buyurish va ulardan ma’naviy ozuqa olishga nisbatan motivatsiyasi yetarlicha shakllanmaganligi bilan bog‘liq.
* * *
6. Empirik ma’lumotlarni to‘plash ko‘rsatkichlari
Gipotezani shakllantirishdagi asosiy talab: u empirik jihatdan tekshiriladigan bo‘lishi lozim. Ya’ni gipoteza tarkibiga kiruvchi tushunchalar faqat kuzatilishi, o‘zgartirilishi, qayd etilishi, tahlil qilinishi mumkin bo‘lgan hodisalarnigina tavsiflashi mumkin. Bunday tushunchalar empirik talqin qilish (yoki operatsiyalashtirish) deb nomlangan maxsus tartib orqali saralanadi. Umumiy tushunchalar uchun xususiy ta’riflar tanlanadi, ular odamlarning xulqi, faoliyati natijalari, fikri, bilimi, muayyan voqea va predmetlarga munosabatini ko‘rsatadi. Ko‘pgina hodisa va tendensiyalarni bevosita idrok etish mumkin emasligi, ular bilvosita aniqlanishi sababli empirik talqin qilishga zaruriyat tug‘iladi. Bu yerda ijtimoiy ehtiyojlar, qadriyatlar, ishdan bo‘shash sabablari, mehnatga munosabat haqida so‘z yuritilmoqda, chunki bu hodisalarni faqat odamlarning fikridan, ularning faoliyatini kuzatish va qayd etishdan yoki hujjatlarni tahlil qilishidan bilib olish mumkin.
Qayd etilayotgan alomatlarni belgilovchi tushunchalar ko‘rsatkich tushunchalar deb nomlanadi. Ko‘rsatkichlarni izlash jarayoni ko‘p bosqichli jarayon bo‘lib, chizmatik jihatdan «maqsadlar daraxti» ko‘rinishiga ega (bunday «daraxt» prognozlashtirish va rejalashtirishda qo‘llanadi). Faqat shu orqali sotsiolog bilish maqsadi, ya’ni amaliy xulosa va tavsiyalar hosil qilish uchun asos bo‘ladigan empirik omillar hosil qilish sari harakat qiladi. Asosiy tushunchalardan qayd etiladigan indikatorlarga o‘tishni ta’minlovchi tushunchalar ketma-ketligi dasturda aniq belgilangan bo‘lsa, demak, muammoli vaziyatning mantiqiy tuzilishi shakllangan bo‘ladi. Empirik axborot to‘plangach, u shu tuzilma bilan solishtiriladi, so‘ng shu asosda tadqiqot natijalari mazmun jihatdan talqin etiladi. Avvalgi farazlardan ayrimlari o‘z tasdig‘ini topmaydi, rad etiladi, amaliy tekshiruvdan o‘tgan farazlar esa joriy etish uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Empirik ko‘rsatkich – obyektning kuzatilishi va o‘lchanishi mumkin bo‘lgan elementi yoki xususiyati. Fundamental tadqiqotda ko‘rsatkichlar tayanch tushunchalarni empirik va operatsion talqin qilishga xizmat qiladi. Ular o‘rganilayotgan obyektning belgilarini taqdim etadi hamda nazariy tushunchalarga muvofiq keltirilgan holda tushunchalar mazmuni va tushunchalar aloqalarining empirik mazmunini ifoda etadi.
Empirik ko‘rsatkichlar tadqiqotda nima uchun kerak? Ushbu savolga javob berishdan oldin biz tadqiqot davomida bir xil javob olishga yo‘naltirilgan ikki shaklda, biroq umumiy xarakter kasb etuvchi savollar to‘g‘risida to‘xtalib o‘tamiz. Bular: dasturiy savollar va anketa savollari. Dasturiy savol – bu tadqiqot davomida to‘planishi lozim bo‘lgan empirik ma’lumotlarni olish ko‘rsatkichi. Anketa savoli esa, aynan dasturiy savolni to‘g‘ridan-to‘g‘ri respondentga savol shaklida berilishidir. Misol sifatida quyidagi savollarni o‘qib chiqib, dasturiy va anketa savollari to‘g‘risida amaliy tasavvurga ega bo‘lishingiz mumkin.



Dasturiy savol

Anketa savoli

1

Respondentlarning
ijtimoiy-demografik
tavsifi

– yoshingiz nechada?
–oilaviy holatingiz qanday?
– jinsingiz nima?

2

Internet ijtimoiy tarmoqlari foydalanuvchilarining motivatsion tuzilishi (motivlari)

Ayting-chi, Siz ko‘proq internetga nima maqsadda kirasiz?
– axborot olish, yangiliklar o‘qish uchun;
– madaniy hordiq chiqarish, kino ko‘rish, musiqa tinglash yoki o‘yin o‘ynash uchun;
– yangi do‘stlar orttirish va turli qiziqarli mavzularda suhbat qilish uchun;
– biznes loyihalarni amalga oshirish uchun;
– o‘zingizda mavjud boshqa javob: _______

3

Yoshlarning internetda sarflaydigan vaqti

Ayting-chi, bir kunda internetdagi faoliyatingiz uchun qancha vaqt ajratasiz?
– yarim soatgacha;
– bir-ikki soat;
– uch soat;
– to‘rt-besh soat;
– olti soatdan ko‘p.

Yuqoridagi misoldan ko‘rib turganingizdek, dasturiy savollar tadqiqot uchun empirik ma’lumotlarni to‘plash ko‘rsatkichi bo‘lib sanaladi. Ushbu ko‘rsatkichlar qanchalik aniq va puxta ishlab chiqilsa, sotsiologik anketa tuzish jarayoni ham shunchalik yengil kechadi. Chunki anketa tuzish jarayonida sotsiolog tadqiqotchi dasturiy savollarni anketa savollariga aylantiradi.



Yüklə 66,21 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin