Dastur sotsiologik tadqiqotning asosiy hujjati sifatida


TADQIQOT DASTURINING METODIK QISMI



Yüklə 66,21 Kb.
səhifə8/9
tarix20.06.2023
ölçüsü66,21 Kb.
#133298
1   2   3   4   5   6   7   8   9
DASTUR – SOTSIOLOGIK TADQIQOTNING ASOSIY

2. 3 TADQIQOT DASTURINING METODIK QISMI
Sotsiologik xizmatlar faoliyatida tadqiqot metodologiyasini yaratishda empirik ma’lumotlarni to‘plash sharoitini yaratish muhim o‘rin egallaydi. Bunday axborotni o‘zida jamlovchi muhim hujjat dasturning metodik qismi sanaladi. Ko‘p adabiyotlarda tadqiqot dasturining metodik qismi “amaliy qism” yoki “amaliy-metodik qism” deb ham nomlanadi. Haqiqatdan ham, dasturning ushbu qismi dala tadqiqotini tashkil etish va o‘tkazishda amaliy vazifalarni bajarishga qaratiladi. Shuningdek, tadqiqotning tashkiliy rejasi ham ushbu qismda mavjud bo‘ladi. Biroq sotsiologik tadqiqotdagi har qanday amaliy qadam asoslangan, hisoblab chiqilgan va sinab ko‘rilgan metodikalar asosida amalga oshiriladi. Shu sababli, tadqiqot dasturining ushbu qismini “metodik qism” deb nomlash maqsadli sanaladi.
Tadqiqot dasturining nazariy-metodologik qismida muammoli vaziyat yoritilib, tadqiqot maqsadi, vazifalari, obyekti, predmeti va boshqa muhim ilmiy jihatlarini ko‘rib chiqishdan maqsad tadqiqotni to‘g‘ri rejalashtirish bo‘lsa, dasturning metodik qismi tadqiqotni bevosita o‘tkazishni to‘g‘ri, muayyan metodlar asosida tashkil etishga javob beradi.
1. Saralash loyihasi
Dasturda respondentlarni saralash turiga ta’rif berish hamda tadqiqot maqsadlaridan kelib chiqib undan foydalanishning maqsadga muvofiqligini, reprezentativlik talablariga, tadqiqotning tashkiliy imkoniyatlariga mos kelishini asoslovchi qisqa ma’lumot keltirish lozim.
Saralash loyihasi – obyektdan keyinchalik so‘rov bilan qamrab olinadigan odamlar (yoki boshqa axborot manbalari) yig‘indisini ajratib olish prinsiplarini ko‘rsatish.
Saralash loyihasi quyidagi elementlarni o‘ziga mujassam etadi:
– saralash hajmi;
– saralash turi va metodi;
– saralash pasporti.
Endi misol tariqasida quyidagi sotsiologik tadqiqot ishlarida keltirilgan saralash loyihasi elementlarini ko‘rsatib o‘tamiz:
“Toshkent shahri Yunusobod tumanidagi Xususiy
uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyatiga
oid jamoatchilik fikri”
Saralash loyihasi
Saralash hajmi:
– umumiy yig‘im: Toshkent shahar Yunusobod tumani aholisi.
– tanlangan yig‘im: Toshkent shahrining Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi 100 nafar fuqaro.
Saralash turi va metodi. Tasodifiy saralash uslubining “Oddiy tasodifiy saralash turi.
Saralash pasporti. Respondentlarga qo‘yiladigan asosiy talab – ko‘p xonadonli turar joy vakili bo‘lishi kerakligi (kamida oxirgi 1 yil davomida ko‘p xonadonli uyda istiqomat qilayotgan fuqaro).
Yosh – 18 yoshdan yuqori bo‘lgan fuqarolar.
Respondentlarning ma’lumoti tadqiqot natijalariga ta’sir etmasligi sababli ularga nisbatan qo‘yiladigan talablar qat’iy emas – o‘rta, o‘rta-maxsus yoki oliy bo‘lishi mumkin.
Jins – respondentlarning gender balansi ta’minlanadi (50% erkak + 50% ayol).
Ijtimoiy kelib chiqish va maqom, bandlik holati, daromad ko‘rsatkichlari va oilaviy ahvol saralash jarayonida muhim ahamiyat kasb etmaydi.
* * *
“Onkogemotologik kasalliklarga chalingan bolalarni
bepul dori-darmonlar bilan ta’minlash masalasiga
oid jamoatchilik fikri”
Saralash loyihasi
Saralash hajmi:
– umumiy yig‘im: jami onkogemotologik kasalliklarga chalingan bolalarning ota-onalari yoki yaqinlari.
– tanlangan yig‘im: Toshkent shahridagi “Gemotologiya” markazida kasallikka chalingan bolalarning ota-onalari yoki yaqinlaridan 50 nafar respondentlar tanlab olinadi.
Saralash turi va metodi. “Notasodifiy” saralash uslubining “Tipik vakillar metodi” saralash turidan foydalaniladi.
Saralash pasporti. Respondentlarga qo‘yiladigan asosiy talab – Gemotologiya markazidagi leykoz kasalliklariga chalingan bolalarning ota – onalari bo‘lishlari lozim.
2. Birlamchi ma’lumotlar bazasini shakllantirish
Har bir tadqiqot ishini rejalashtirish va tashkil etish uchun muayyan axborot xomashyo bazasi kerak bo‘ladi. Ular statistik, informatsion va boshqa turdagi materiallar bo‘lishi mumkin. Sotsiolog ushbu materiallarga tayangan holda barcha sotsiologik hujjatlar, xususan, tadqiqot dasturi, anketa, hisobot, tahliliy hujjat kabilarni tayyorlaydi. Ushbu ma’lumotlar tadqiqot uchun birlamchi rolni bajaradi. Chunki asosiy ma’lumot bo‘lib, albatta, sotsiologik tadqiqot davomida to‘planadigan empirik ma’lumotlar sanaladi. Birlamchi ma’lumotlar asosida tadqiqotchi tomonidan saralash jarayonini loyihalashtirishda, dala tadqiqoti uchun so‘rov nuqtalarini tashkil etishda, intervyuyerlar zvenosini shakllantirishda va boshqa tashkiliy masalalarni hal qilishda foydalanish mumkin. Ushbu ta’kidlab o‘tilgan ishlar birlamchi ma’lumotlardan miqdoriy foydalanishga misol bo‘la oladi. Undan tashqari, tadqiqot davomida birlamchi ma’lumotlardan sifat nuqtai nazariga ko‘ra ham foydalanilishi mumkin va bu tadqiqot saviyasini oshirishga xizmat qiladi. Buning uchun birlamchi ma’lumotlar bilan sotsiologik tadqiqot doirasida olingan empirik ma’lumotlarni qiyoslash, ular orasidagi farqlar va tendensiyalarni aniqlash mumkin.
Birlamchi ma’lumotlar bazasini turli usullar orqali shakllantirish mumkin: so‘rovnoma jo‘natish orqali; ommaviy axborot vositalarida e’lon qilingan ma’lumotlarni olish orqali; rasmiy hujjatlar bilan tanishish orqali va h.k. Misol tariqasida quyidagi sotsiologik tadqiqot ishlarida ko‘rsatilgan birlamchi ma’lumot bazasini shakllantirish usullari bilan tanishamiz:
“Xorijda uzoq muddatda ishlab kelgan
fuqarolarning moslashish muammolari”
Birlamchi ma’lumotlar bazasini shakllantirish



Ma’lumot turi

Manba (vazirlik, idora)

1

O‘zbekistondan oxirgi uch yil davomida MDH mamlakatlariga ishlash maqsadida chiqib ketgan fuqarolar statistikasi (ma’muriy subyekt, yosh va jins kesimida).

O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi

2

O‘zbekistonda oxirgi besh yil davomida shakllantirilgan bo‘sh ish o‘rinlari, fuqarolarning ish bilan ta’minlanganligi hamda rasman ishsiz deb topilgan fuqarolar to‘g‘risida statistik ma’lumotlar (ma’muriy subyekt, yosh, jins va kasblar kesimida).

O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi

3

Xorijiy mamlakatlar, xususan, MDH davlatlarida oxirgi uch yil davomida O‘zbekiston fuqarolari tomonidan sodir etilgan huquqbuzarlik va jinoyatlar to‘g‘risida statistik ma’lumotlar.

O‘zbekiston Respublikasi
Ichki ishlar vazirligi
va
O‘zbekiston Respublikasi
Tashqi ishlar vazirligi

4

O‘zbekiston hududida xorijda mehnat migratsiyasidan qaytib kelib oxirgi uch yillikda huquqbuzarlik va jinoyat sodir etgan fuqarolar to‘g‘risida statistik ma’lumotlar.

O‘zbekiston Respublikasi
Ichki ishlar vazirligi



5

“Toshkent” xalqaro aeroportiga MDH mamlakatlaridan kelayotgan samolyotlarning qo‘nish jadvali.

“O‘zbekiston havo yo‘llari” avia kompaniyasi

3. Empirik ma’lumotlarni to‘plash texnologiyasi


Dastur metodik qismining ushbu bo‘limida empirik ma’lumot qaysi texnologiya asosida to‘planishi ko‘rsatiladi. Agar empirik ma’lumot sotsiologik so‘rov shaklida to‘planishi nazarda tutilmagan bo‘lsa, unda dasturning metodik qismida ushbu bo‘lim kiritilmaydi.
Sotsiologik tadqiqotlarning zamonaviy texnologiyalari sotsiologik so‘rov o‘tkazishning zamonaviy metodikasini nazarda tutadi. Sotsiologik so‘rovlar 2 turga bo‘linadi.
a) Face-to-face so‘rovlar (shaxsan o‘tkaziladigan so‘rovlar):
– turar joy bo‘yicha so‘rovlar (xonadonlar bo‘yicha so‘rov);
– ko‘chadagi (shu jumladan, magazindagi ) so‘rov;
– markaziy lokatsiyali so‘rov (in-hall, hall-test);
b) Masofali so‘rovlar:
– telefon orqali so‘rov;
– internet so‘rovi;
– mustaqil to‘ldiriladigan so‘rovnomalar (shu jumladan, pochta orqali so‘rash).
Demak, sotsiolog tadqiqot maqsadi, vazifalari va saralash loyihasidan kelib chiqib yuqorida ta’kidlangan so‘rov texnologiyalaridan birini tanlaydi va shu asnoda empirik ma’lumotlarni to‘playdi. Dastur metodik qismining “empirik ma’lumotni to‘plash texnologiyasi” bo‘limida esa aynan qaysi texnologiyasini qo‘llashini ko‘rsatib, asoslab o‘tadi.
4. Empirik ma’lumotlarni talqin qilish metodlari
Dastur metodik qismining ushbu elementi sotsiologik tadqiqot davomida olingan miqdoriy empirik ma’lumotlariga sifat metodlari orqali ishlov berish shartlarini belgilab olishga yo‘naltirilgan. Ma’lumki, anketa so‘rovi davomida biz respondentlarning u yoki bu ijtimoiy muammo yuzasidan miqdoriy ma’lumotlarini olamiz. Masalan, oldingi boblarda misol qilib aholining ichimlik suvi sifatiga nisbatan fikri yuzasidan misol keltirgan edik. Aynan ana shu misol doirasida oladigan bo‘lsak, tasavvur qiling: ichimlik suvining sifati yuzasidan respondentlarning 55% qoniqtirishini va qolgan qismi qoniqtirmasligini ma’lum qildi, deylik. Xo‘sh, 45% respondentlarning ichimlik suvidan qoniqmaslik sabablari nimada? Balki, aholi punktining aynan ana shu respondentlar yashaydigan qismidan o‘tuvchi suv quvurlarida ma’lum muammolar mavjud yoki suv bilan ta’minlovchi mansabdor shaxslar tomonidan sovuqqonlikka yo‘l qo‘yilmoqdami yoxud respondentlarning o‘zi anketa savollariga vijdonan javob bermadimi? Empirik ma’lumotlarni umumlashtirish paytida sotsiolog bu kabi savollarga juda ko‘p to‘qnash keladi. So‘rov natijalari davomida shunday savollar tug‘ilyaptimi, demak, tadqiqot hali o‘z maqsadiga erishgani yo‘q va uni maqsadli davom ettirish kerak. Ana shunday muammolar yuzaga kelmasligi uchun sotsiolog “ishongin, biroq tekshirib ko‘rgin!” naqli asosida harakat qilishi hamda dala tadqiqotida to‘plagan barcha empirik ma’lumotlarni talqin qilishi kerak. Talqin qilish, o‘z o‘rnida, sotsiologiyaning sifat metodlari asosida amalga oshiriladi. Bugungi kunda amaliy sotsiologik tadqiqotlarda quyidagi sifat metodlari keng qo‘llanilmoqda: intervyu, kuzatuv, fokus-guruh, ekspert so‘rovi, ilmiy eksperiment. Ushbu metodlarni qo‘llash metodikasi bilan 5-mavzuda atroflicha tanishtiramiz.
Empirik ma’lumotlarni talqin qilish metodlari dastur metodik qismining “empirik ma’lumotlarni to‘plash texnologiyasi” bo‘limidan keyingi qismda joylashtiriladi. Unda qo‘llanilishi rejalashtirilayotgan sifat metodlarining har biri ketma-ket asoslanadi. Misol tariqasida, quyidagi sotsiologik tadqiqotlarda ushbu bo‘limning joylashtirilishi bilan tanishish mumkin:
“Internet foydalanuvchilarining “uz” domenidagi saytlarga bo‘lgan munosabati” ema’lumotlarni talqin qilish metodlari





Sifat metodlari

Maqsad

Respondent

1

Nostandart
intervyu

Anketadagi 9, 11-
savollarga kengroq javob olish.

Tanlangan yig‘imdan psixologik jihatdan yaxshi aloqa o‘rnatilgan 4 nafar respondent.

2

Fokus-guruh

Internet foydalanuvchilarini “uz” domeniga jalb qilish va domen jozibadorligini oshirish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish.

O‘zbekiston aloqa, kommunikatsiya va axborotlashtirish vazirligi, Psixologlar assotsiatsiyasi, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti mutaxassislari.

* * *
“Xorijda uzoq muddatda ishlab kelgan fuqarolarning moslashish muammolari” empirik ma’lumotlarni talqin qilish metodlari





Sifat metodlari

Maqsad

Respondent

1

Nostandart
intervyu

Anketa so‘rovidagi
15,17,19, 20, 21, 23-savollarga
kengroq javob olish.

O‘zining xulq-atvori, aeroport xodimlariga munosabati bilan boshqa migrantlardan ajralib turuvchi tanlangan yig‘im orasidan 3-4 fuqaro.

2

Kuzatuv

Mehnat migrantlarining xulqidagi madaniy, lingvistik, ijtimoiy, huquqiy, siyosiy o‘zgarishlarni kuzatish.

“Moskva-Toshkent” yo‘nalishi bo‘yicha Toshkent xalqaro aeroporti orqali qaytayotgan mehnat migrantlari

3

Ekspert
so’rovi

O‘zbekistonda tashqi mehnat migratsiyasini tartibga solishni takomillashtirish yuzasidan takliflar ishlab chiqish.

O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi huzuridagi Tashqi migratsiya masalalari bo‘yicha agentlik mas’ul xodimi.

5. Tadqiqotning tashkiliy rejasi
Sotsiologik tadqiqot dasturi, xususan, uning metodik qismi tadqiqotning tashkiliy rejasini tuzish orqali tugatiladi.
Tashkiliy reja tadqiqot bosqichlari va alohida tartibotlarini bajarish uchun vaqt taqsimotini ta’riflaydi. U har qanday ish rejasiga xos bo‘lgan chizma asosida tuziladi: bajarilayotgan ishlarning mazmuni, ijrochilari, bajarish muddatlari va shu kabi boshqa jihatlar. Tadqiqot rejasida sotsiolog faqatgina eng yirik bo‘limlarni ko‘rsatadi.
Umuman olganda, tashkiliy ish quyidagi bosqichlardan iborat:
− buyurtmachi va tadqiqotning hammualliflari bilan munosabatlar o‘rnatish:
a) shartnoma va kelishuvlarni rasmiylashtirish;
b) axborotdan foydalanish yo‘llarini ta’minlash (hujjatlar, kuzatilayotgan vaziyatlar, respondentlar);
v) dala tadqiqotini o‘tkazish uchun tashkiliy sharoitlar yaratish (vaqt, xona, sharoitlar, orgtexnika);
− tadqiqotni moliyalashtirish va kadrlar ta’minoti;
− uslubiy vositalarni chop etish;
− zarur hollarda razvedkaviy va/yoki pilotaj tadqiqot o‘tkazish;
− asosiy tadqiqotni o‘tkazish;
− tadqiqot natijalariga ishlov berish;
− empirik ma’lumotlarni talqin qilish va tadqiqotning ishchi gipotezalarini tekshirish;
− tadqiqotning nazariy xulosalarini asoslash;
− amaliy tavsiyalar ishlab chiqish;
− buyurtmachilar bilan natijalar va amaliy tavsiyalarni muhokama qilish;
− amaliy tavsiyalarni joriy qilish va/yoki ularning joriy qilinishini nazorat qilish;
− amaliy tavsiyalar joriy qilinishi samaradorligini baholash.
Misol tariqasida, quyidagi sotsiologik tadqiqotda ushbu bo‘limning joylashtirilishi bilan tanishish mumkin:
“Toshkent shahrida Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining faoliyatiga oid jamoatchilik fikri” tadqiqotning tashkiliy rejasi





Tadbir

Muddat

Bajaruvchi

1

Buyurtmachi bilan brifing o‘tkazish va muammoni o‘rganish shartlari, moliyaviy ta’minot masalalari hamda taxminiy kutilayotgan natijalarni kelishib olish.

-----------



Sotsiolog
(aniq ism-sharifi)

2

Buyurtmachi bilan kelishgan holda razvedkaviy sotsiologik tadqiqot o‘tkazish.

-----------



Sotsiolog

3

Respondentlarni saralash texnikasini tayyorlash.

-----------



Sotsiolog

4

“Turar joy so‘rovi” texnologiyasi asosida aholi punktlari va ko‘chalar bo‘yicha so‘rov nuqtalarini tayinlash.

-----------



Sotsiolog

5

Anketani pilotaj tadqiqotdan o‘tkazish va kerakli tuzatishlar kiritish.

-----------



Sotsiolog

6

Sotsiologga yordam beruvchi intervyuyerlar topish orqali tadqiqot kampaniyasini shakllantirish va ularga yo‘riqlar berish.

-----------



Sotsiolog

7

Har bir so‘rov nuqtasi bo‘yicha mas’ul intervyuyer tayinlash va aloqa qilish shakllarini kelishib olish.

-----------



Sotsiolog

8

Anketalarni davlat tili va rus tilida tanlangan yig‘imdan 5 foizga ko‘p hajmda chop etish va so‘rov nuqtalari bo‘yicha taqsimlash.

-----------



Tadqiqot
kampaniyasi

9

Dala tadqiqotini o‘tkazish.

-----------



Tadqiqot
kampaniyasi

10

Anketalar javoblarini miqdoriy tahlil qilish va sifat metodlari asosida talqin qilish.

-----------



Tadqiqot kampaniyasi

11

Tadqiqot natijalarini umumlashtirish va buyurtmachiga berish.

-----------



Sotsiolog

XULOSA

Shunday qilib, sotsiologik tadqiqot strategiyasini yaratish va uni aniq maqsadga yo‘naltirishda sotsiologik tadqiqot dasturi asosiy konseptual va amaliy rolni bajaradi. Tadqiqot dasturi qanchalik sifatli ishlab chiqilsa, tadqiqot ham shunchalik maqsadli amalga oshiriladi.


Mavzu yuzasidan quyidagi to‘xtamlarga kelish mumkin:
1. Tadqiqot dasturi sotsiologik tadqiqotni rejalashtirish bosqichida ishlab chiqiladi.
2. Sotsiologik tadqiqot so‘rovnomani tuzishdan emas, balki muammoni asoslash, maqsad va gipotezalar hamda nazariy modelni shakllantirishdan boshlanadi. Shundan so‘nggina tahlilchi vositalarni (ko‘p hollarda vosita so‘rovnoma bo‘ladi) ishlab chiqishga, so‘ng birlamchi ma’lumotlarni to‘plash va unga ishlov berishga o‘tadi.
3. Saralash loyihasi deganda obyektdan keyinchalik so‘rov bilan qamrab olinadigan odamlar (yoki boshqa axborot manbalari) yig‘indisini ajratib olish prinsiplarini ko‘rsatish tushuniladi. O‘z o‘rnida, u saralash hajmi, saralash turi va metodi hamda saralash pasportidan iborat.
4. Sotsiologik tadqiqot dasturi tuzilishiga ko‘ra nazariy-metodologik va metodik qismlardan iborat.
5. Dasturning nazariy-metodologik qismi tadqiqotning dolzarbligi, tadqiqotning maqsadi, tadqiqotning vazifalari, tadqiqot obyekti, tadqiqot predmeti, tadqiqotda qo‘llaniladigan asosiy tushunchalarning mantiqiy tahlili, empirik ma’lumot to‘plash ko‘rsatkichlari va tadqiqot gipotezasi (yoki gipotezalari)dan iborat.
6. Dasturning metodik qism respondentlarni saralash loyihasi, birlamchi ma’lumotlar bazasini shakllantirish, empirik ma’lumotlarni to‘plash texnologiyasi, empirik ma’lumotlarni talqin qilish metodlari va tadqiqotning tashkiliy rejasidan iborat.
7. Dasturni ishlab chiqishda tadqiqot zaruriyati, buyurtmachining talablaridan kelib chiqish lozim va tadqiqot instrumentlariga tayanish kerak.

Yüklə 66,21 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin