Iqtisodiy kategoriya sifatida budjet obyektiv xarakterga ega bo‘lgan pul munosabatlari tizimi sifatida qaraladi.
Moddiy ma’noda budjet - tegishli darajadagi davlat va mahalliy hokimiyat idoralari faoliyatini ta’minlovchi, ular oldiga ko‘yilgan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy vazifalarni bajarish imkonini beruvchi markazlashtirilgan pul mablag‘lari fondidan iboratdir. Davlat tomonidan rejalashtirilgan tadbirlarni budjet hisobidan moliyaviy ta’minlash deganda budjetning aynan ana shu moddiy ma’nosi ko‘zda tutiladi.
Xuquqiy kategoriya sifatida budjet tegishli hudud doirasida markazlashtirilgan pul mablag‘larini shakllantirish, taqsimlash, foydalanishga qaratilgan va tegishli davlat yoki mahalliy hokimiyat idorasi tomonidan tasdiqlangan asosiy moliyaviy reja, yuridik me’yorlardan iboratdir.
Asosiy moliyaviy reja sifatida shuni ta’kidlash joizki, unda moliyaviy rejalashtirishga tegishli bo‘lgan: tushumlarning aniq manbalari bo‘yicha pul daromadlari (budjet fondini shaklantirish); aniq yo‘nalishlar va tadbirlar bo‘yicha pul xarajatlari (budjet fondidan foydalanish) kabi alomatlari o‘z aksini topadi.
Budjet asosiy moliyaviy reja sifatida quyidagi belgilar bilan tavsiflanadi:
budjet universal moliyaviy reja sifatida tegishli hududning iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotining barcha sohalari va yo‘nalishlarini to‘la qamrab oladi;
budjet boshqa turdagi moliyaviy rejalarga nisbatan muvofiqlashtiruvchi vazifani bajaradi.
Davlat budjetining ikki funksiyasidan foydalanish natijasida budjet mexanizmi vujudga keladi. Budjet mexanizmi deyilganda, odatda, faqat moliyaviy resurslarni davlatning qo‘lida jamlash va ularni budjet kanallari bo‘yicha taqsimlashning amaldaga tizimi nazarda tutilmasdan, balki takror ishlab chiqarishning barcha bosqichlariga bu jarayonning faol ta’siri ham tushuniladi. Bu mexanizmning detallari juda ko‘p: soliqlar va budjetga to‘lovlar, budjetdan moliyalashtirishning turli shakllari, mablag‘larni budjetlar ichida taqsimlash va boshqalar ana shular jumlasidandir.