DAVLAT BYUDJETINING OMILLARI VA ULARNI SAMARADORLIGINI OWIRIW YOʻLLARI
Budjet munosabatlari - jamiyat iqtisodiy tizimining elementidir. Iqtisodiy kategoriya sifatida budjet munosabatlari moliyaviy munosabatlarning tarkibiy qismi hisoblanadi. Budjetning moliyaga xos sifat belgilari birinchidan, ijtimoiy mahsulot qiymatining taqsimlanish jarayonida, aniqrog‘i, qayta taqsimlanishi jarayonida vujudga kelib, pul munosabatlarining o‘ziga xos shakli hisoblanadi. Ikkinchidan, budjet markazlashtirilgan moliyaviy resurslarni shakllantirish, taqsimlash va undan foydalanishga yo‘naltirilgan fond hisoblanadi.
Budjet munosabatlarining o‘ziga xos xususiyatlari quyidagilardan iboratdir:
-budjet davlat qo‘lida milliy daromadni bir qismini jamlash va ijtimoiy ehtiyojlar va alohida davlat-xududiy tuzilmalar uchun undan foydalanish bilan bog‘liq qayta taqsimlash munosabatlarining aloxida iqtisodiy shakli hisoblanadi;
-budjet yordamida milliy daromadning bir qismi va ayrim holatlarda milliy boylik xalq xo‘jaligining tarmorqlari, mamlakat xududlari, ijtimoiy faoliyat sohalari o‘rtasida qayta taqsimlanadi;
-qiymatni budjet orqali qayta taqsimlash nisbati moliyaning boshqa bug‘inlariga nisbatan yirik miqdorni tashkil qiladi va kengaytirilgan takror ishlab chiqarish ehtiyojlari va jamiyat rivojlanishining har qaysi tarixiy bosqichlarida uni rivojlanishi oldida turgan vazifalari orqali aniqlanadi;
-budjetning taqsimlash sohasi davlat moliyasida markaziy o‘rinni egallab, uning boshqa bo‘g‘inlariga nisbatan muhim ahamiyatga ega.
Demak, budjet iqtisodiy mohiyati nuqtai-nazaridan mustaqil iqtisodiy kategoriya sifatida ko‘rib o‘tiladigan bo‘lsa, davlatning moliyaviy asosini, qonuniy o‘rnatilishi nuqtai-nazaridan esa, davlatning asosiy moliyaviy rejasi sifatida ko‘rib o‘tiladi.
Bizning fikrimizcha, birinchidan, budjet munosabatlarining o‘ziga xos xususiyatlaridan biri sifatida davlat bilan xo‘jalik yurituvchi subyektlar, aholi o‘rtasidagi imperativ xarakterga ega bo‘lgan pul munosabatlari hisoblanishidir. Ikkinchidan, budjet munosabatlari moliyaviy munosabatlarning tarkibiy qismi sifatida markazlashtirilgan pul fondlarini tashkil qilish va undan foydalanish bilan bog‘liq pul munosabatlarini o‘zida aks ettiradi. Xo‘jalik mexanizmining tarkibiy elementi hisoblangan budjet mexanizmidagi yuqorida ta’kidlangan 2 xususiyatli sifat belgilari budjetning moliyadan V. Rodionova ta’kidlagan 4 asosiy farqli jihatlariga ega bo‘lish imkoniyatlarini shakllantiradi.
Qonunlar, monografiyalar, darsliklar, ilmiy maqolalar kabi iqtisodiy adabiyotlarda “budjet” terminini qo‘llashga alohida e’tiborni qaratish lozim.
Masalan, O‘zbekiston Respublikasining „Budjet tizimi to‘g‘risida”gi qonunida budjetga quyidagicha ta’rif berilgan: ”Davlat budjeti - davlat pul mablag‘larining (shu jumladan davlat maqsadli jamg‘armalari mablag‘larining) markazlashtirilgan jamg‘armasi bo‘lib, unda daromadlar manbalari va ulardan tushumlar miqdori, shuningdek moliya yili mobaynida aniq maqsadlar uchun ajratiladigan mablag‘lar sarfi yo‘nalishlari va miqdori nazarda tutiladi”. Professor L.A. Drobozina “pul mablag‘larining asosiy markazlashtirilgan fondi”-deb ta’kidlaydi. Professor A.Yu. Kazak esa “…asosiy moliyaviy reja sifatida… muhim moliyaviy to‘g‘rilovchi sifatida… pul munosabatlarining… majmuasidir”- deb ta’kidlaydi.
Mamlakatimizning iqtisodchi olimlaridan prof. M.Yo‘ldoshev va Y. Tursunovlar esa, byujetga quyidagicha ta’rif berganlar: „Budjet – bu, turli darajadagi markazlashgan pul mablag‘lari fondini vujudga keltirish, taqsimlash va foydalanishga oid asosiy moliyaviy reja bo‘lib, u tegishli davlat yoki mahalliy idora tomonidan ishlab chiqiladigan hamda tasdiqlanadigan yuridik hujjatdan iborat”9.
Shuningdek, iqtisodchilar Z.X. Srojiddinova, A.V. Vahobov va J.R. Sidiqovlar ham davlat budjetining mohiyatini ochib berish uchun qator ta’riflar keltirganlar. Ularda: „Davlat budjeti – davlatning pul mablag‘larini markazlashgan fondi (davlat maqsadli fondlari mablag‘lari bilan birgalikda) bo‘lib, moliya yili davomidagi daromadlar manbalari va aniq maqsadlarga ajratiluvchi mablag‘lar hajmlarini nazarda tutadi”. „Davlat budjeti – davlatning asosiy moliyaviy rejasi bo‘lib, moliyaviy rejalar tizimida muhim rol o‘ynaydi”10.
Iqtisodchi U.A. Burxanov esa: „Davlat budjeti – umumjamiyat xarajatlarini moliyalashtirish maqsadida tuziladigan, hokimiyatning qonun chiqaruvchi oliy organi tomonidan tasdiqlanadigan davlatning markazlashtirilgan pul fondidir” – deb ta’rif beradi11.
Yuqoridagi olimlarning davlat budjetiga bergan ta’riflarini o‘rganish, solishtirish va tahlil qilish natijasida biz bu kategoriyaga quyidagicha ta’rif berishni ma’qul, deb topdik: «Davlat budjeti – bu tegishli darajadagi (markaziy yoki mahalliy) davlat boshqaruv organi tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan moliyaviy reja bo‘lib, unda davlatning o‘z funksiyalaridan kelib chiqib amalga oshiradigan asosiy xarajatlari hamda ularni moliyalashtirish uchun zarur daromadlari o‘z aksini topadi». Xulosa Hozirgi sharoitda byudjet intizomini mustahkamlashning zarurligi va ahamiyati mamlakatimizda bir tomondan, byudjet daromadlarini (mablag’larini) shakllantirish va ikkinchi tomondan esa, byudjet xarajatlaridan oqilona foydalanish masalalari bilan bog’liq. Bunda ularning maqsadliligi, samaraliligi, tartibliligi va qonuniyligini ta’minlash alohida ahamiyat kasb etadi.
Byudjet intizomini ta’minlashda byudjet mablag’larini belgilangan miqdorda shakllantirishda O’zbekiston Respublikasi Davlat Soliq Qo’mitasining mas’ul bo’lsa, byudjet xarajatlaridan oqilona foydalanish yuzasidan esa O’zbekiston Respublikasi Nazorat-taftish boshqarmasi va O’zbekiston Respublikasi G’aznachilik boshqarmasi ga katta mas’uliyat tushadi.
Byudjet mablag’laridan oqilona foydalanishga samarali nazorat tizimini shakllantirmasdan turib erishib bo’lmaydi. Ma’lumki, byudjet jarayonining asosiy bosqichlaridan biri davlatning moliyaviy nazorati hisoblanadi. Moliyaviy nazorat mamlakatimizda amalga oshirilayotgan nazorat faoliyatining tarkibiy qismi hisoblanadi.
Iqtisodiyoti rivojlangan hech bir mamlakat yo’qki, moliya sohasida davlatning nazorat organlari mavjud bo’lmasin. Moliyaviy nazorat instituti davlatning nazorat organlarining umumiy tuzilishini o’zida mujassamlashtiradi va moliyaviy mexanizmning asosiy elementi sifatida namoyon bo’ladi.
Chiqarilgan xulosalarga tayangan holda davlat byudjeti mablag’laridan samarali foydalanishni takomillashtirish bilan bog’liq bo’lgan dolzarb muammolarni hal etish maqsadida quyidagi ilmiy-amaliy taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi:
Hozirgi kunda davlat byudjeti mablag’laridan samarali foydalanishnitakomillashtirish uchun, eng avvalo, byudjet mablag’laridan tejab-tergab, samarali va aniq foydalanish hamda byudjet intizomini mustahkamlash uchun byudjet tashkilotlari rahbarlarining mas’uliyatini oshirish lozim.
Byudjet intizomini mustahkamlash maqsadida byudjet xarajatlaridan samarali va oqilona foydalanishning asosiy shartlaridan biri tejamkorlik rejimidagi xarajatlarni nazorat qilish normalariga qat’iy rioya qilishdir. Buning uchun byudjetdan ijtimoiy-madaniy tadbirlarni moliyalashtiradigan mablag’lardan tashqari boshqa xarajatlarni bosqichma-bosqich optimal darajada kamaytirish zarur.
Byudjet tashkilotlarini boqimandalik kayfiyatidagi xo’jasizliklarcha faoliyat yurituvchi sub’ektlardan mablag’ ishlab topuvchi tashkilotlar darajasiga etkazish, ijtimoiy-madaniy sohalarda faqat davlat mablag’larigagina asoslanib faoliyat yuritayotgan tashkilotlarda pullik xizmatlar ko’rsatishni ham tashkil etishga o’tilishini ta’minlash kerak. Masalan, xalq ta’limi sohasiga qarashli maktablarda hamda maktabgacha tarbiya muassasalarida pullik xizmatlarga o’tish ko’lamini kengaytirish, sog’liqni saqlash tizimiga qarashli muassasalarda bemorlarning pullik tarzda davolanib shifo topish tizimini bosqichma-bosqich kengaytirish va bundan tushgan mablag’larni shu sohaning moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga va malakali xodimlari rag’batlantirishga sarflashni ko’zda tutish, shu asosida byudjet tomonidan beriladigan xarajatlarni qisqartirishga erishish zarur.