Qonunga ko‘ra, davlat qarzini boshqarish quyidagilardan iborat: davlat qarzini boshqarish strategiyasini ishlab chiqish; davlat tomonidan mablag‘ jalb etish; davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘larni boshqarish; davlat qarzi bilan bog‘liq xatarlarni boshqarish; davlat qarzini restrukturizatsiya qilish; davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘larni qaytadan kreditlash; davlat kafolatini rasmiylashtirish va taqdim etish; davlat qarziga oid shartnomalarni va davlat kafolatlarining ro‘yxatini yuritish; davlat qarzining hisobi va hisobotini yuritish; davlat qarzi bo‘yicha xizmat ko‘rsatilishini ta’minlash va davlat kafolatlarini bajarish. Shunga ko‘ra, davlat qarzini boshqarish strategiyasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan fiskal strategiya bilan birgalikda 3 yil muddatga tasdiqlanadi. Davlat qarzi ichki va tashqi qarzni o‘z ichiga oladi hamda qisqa (1 yilgacha), o‘rta (1 yildan 5 yilgacha), uzoq muddatli (5 yil va undan ortiq muddatga) bo‘lishi mumkin. Davlat qarzining eng yuqori miqdori yalpi ichki mahsulotning yillik prognoz ko‘rsatkichiga nisbatan 60 foizdan oshmasligi kerak.
O’zbekiston respublikasining davlat qarzi to’g’risidagi qonunining 11-moddasida quyidagilar keltirilgan.
Davlat qarzini boshqarishning asosiy prinsiplari
Davlat qarzini boshqarishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
davlat qarzi bo‘yicha majburiyatlarning o‘z vaqtida va to‘liq bajarilishi;
davlat tomonidan jalb qilingan mablag‘lardan foydalanishning natijadorligi;
ochiqlik va shaffoflik.
Davlat qarzini boshqarish maqsadlari quyidagilardan iborat:
o‘rta muddatli istiqbolda O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti taqchilligini qoplashga, shuningdek davlat tomonidan mablag‘ jalb qilish hisobidan amalga oshiriladigan loyihalarni moliyalashtirishga bo‘lgan ehtiyojni, xarajatlar va xatarlarning eng maqbul darajasida ta’minlash;
davlat qarzini to‘lashning o‘rtacha muddatini uzaytirish, shuningdek davlat qarzini valyutalar va manbalar bo‘yicha diversifikatsiya qilish;
davlat tomonidan O‘zbekiston Respublikasi valyutasida mablag‘ jalb qilish amaliyotini kengaytirish;
davlat qarzi bo‘yicha xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq xatarlarning oldini olish, ularni bartaraf etish yoki kamaytirish.