Standart darajalari
|
Darajalarning nomlanishi
|
A1
|
Umumta’lim fanlarini o‘rganishning boshlang‘ich darajasi
|
A1+
|
Umumta’lim fanlarini o‘rganishning kuchaytirilgan boshlang‘ich darajasi
|
A2
|
Umumta’lim fanlarini o‘rganishning tayanch darajasi
|
A2+
|
Umumta’lim fanlarini o‘rganishning kuchaytirilgan tayanch darajasi
|
B1
|
Umumta’lim fanlarini o‘rganishning umumiy darajasi
|
B1+
|
Umumta’lim fanlarini o‘rganishning kuchaytirilgan umumiy darajasi
|
3-§. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari bo‘yicha malaka talablarining tuzilishi
5. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining umumta’lim fanlari bo‘yicha malaka talablari:
o‘quv fanini o‘rganishning bosqichlarini;
tayanch va fanga oid umumiy kompetensiyalarni;
o‘quv fanining maqsad va vazifalarini;
umumta’lim fanlarini o‘rganishning mazmunini;
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari bitiruvchilarining umumta’lim fanlari bo‘yicha majburiy tayyorgarlik darajalarini hamda ta’lim muassasalarini bitiruvchilariga nisbatan qo‘yiladigan talablarni belgilab beradi.
4-§. Tayanch va fanga oid umumiy kompetensiyalar
6. O‘zbekiston Respublikasida ta’limning uzluksizligi, uzviyligi, o‘quvchi shaxsi va qiziqishlari ustuvorligidan kelib chiqib, ularning yosh xususiyatlariga mos ravishda quyidagi tayanch kompetensiyalar shakllantiriladi.
Kommunikativ kompetensiya — ijtimoiy vaziyatlarda ona tilida hamda birorta xorijiy tilda o‘zaro muloqotga kirisha olishni, muloqotda muomala madaniyatiga amal qilishni, ijtimoiy moslashuvchanlikni, hamkorlikda jamoada samarali ishlay olish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
Axborotlar bilan ishlash kompetensiyasi — mediamanbalardan zarur ma’lumotlarni izlab topa olishni, saralashni, qayta ishlashni, saqlashni, ulardan samarali foydalana olishni, ularning xavfsizligini ta’minlashni, media madaniyatga ega bo‘lish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
O‘zini o‘zi rivojlantirish kompetensiyasi — doimiy ravishda o‘z-o‘zini jismoniy, ma’naviy, ruhiy, intellektual va kreativ rivojlantirish, kamolotga intilish, hayot davomida mustaqil o‘qib-o‘rganish, kognitivlik ko‘nikmalarini va hayotiy tajribani mustaqil ravishda muntazam oshirib borish, o‘z xatti-harakatini muqobil baholash va mustaqil qaror qabul qila olish ko‘nikmalarini egallashni nazarda tutadi.
Ijtimoiy faol fuqarolik kompetensiyasi — jamiyatda bo‘layotgan voqea, hodisa va jarayonlarga daxldorlikni his etish va ularda faol ishtirok etish, o‘zining fuqarolik burch va huquqlarini bilish, unga rioya qilish, mehnat va fuqarolik munosabatlarida muomala va huquqiy madaniyatga ega bo‘lish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
Milliy va umummadaniy kompetensiya — vatanga sadoqatli, insonlarga mehr-oqibatli hamda umuminsoniy va milliy qadriyatlarga e’tiqodli bo‘lish, badiiy va san’at asarlarini tushunish, orasta kiyinish, madaniy qoidalarga va sog‘lom turmush tarziga amal qilish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi.
Matematik savodxonlik, fan va texnika yangiliklaridan xabardor bo‘lish hamda foydalanish kompetensiyasi — aniq hisob-kitoblarga asoslangan holda shaxsiy, oilaviy, kasbiy va iqtisodiy rejalarni tuza olish, kundalik faoliyatda turli diagramma, chizma va modellarni o‘qiy olish, inson mehnatini yengillashtiradigan, mehnat unumdorligini oshiradigan, qulay shart-sharoitga olib keladigan fan va texnika yangiliklaridan foydalana olish layoqatlarini shakllantirishni nazarda tutadi. Mazkur kompetensiyalar umumta’lim fanlari orqali o‘quvchilarda shakllantiriladi.
Shuningdek, har bir umumta’lim fanining mazmunidan kelib chiqqan holda o‘quvchilarda fanga oid umumiy kompetensiyalar ham shakllantiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 6-apreldagi
187-son qaroriga
5-ILOVA
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalari uchun umumta’lim fanlaridan o‘quv-metodik majmualarning yangi avlodini ishlab chiqishga qo‘yiladigan
UMUMIY TALABLAR
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Umumiy talablar O‘zbekiston Respublikasining «Ta’lim to‘g‘risida»gi, «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida»gi qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «Umumta’lim maktablari o‘quvchilarini darsliklar bilan ta’minlash tizimini takomillashtirish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida» 2006-yil 31-maydagi 362-son, Vazirlar Mahkamasining «2005-2009 yillarda umumta’lim maktablari uchun darsliklar va o‘quv-metodik qo‘llanmalar nashr etish dasturi to‘g‘risida» 2004-yil 22-noyabrdagi 548-son hamda «2009-2013 yillarda o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun o‘quv qo‘llanmalarini nashr etish dasturi to‘g‘risida» 2009-yil 20-martdagi 80-son qarorlariga muvofiq, umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Umumiy talablarda quyidagi asosiy tushunchalar qo‘llaniladi:
O‘quv-metodik majmua — darslik, mashq daftari, o‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma, darsliklarning multimediali ilovasidan iborat majmua.
Darslik — davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quv dasturi asosida didaktik, metodik, pedagogik-psixologik, estetik va gigiyenik talablarga javob beradigan, o‘quv fanining mavzulari to‘liq yoritilgan, uning asoslari mukammal o‘zlashtirilishiga qaratilgan, o‘quv fanining maqsad va vazifalaridan kelib chiqqan holda ta’lim oluvchilarning yoshi va psixofiziologik xususiyatlarini hisobga olgan holda ishlab chiqiladigan, nazariy ma’lumotlardan tashqari amaliy-tajriba va sinov mashqlarini qamrab olgan kitob shaklidagi o‘quv nashri.
Mashq daftari — darslikning tarkibiy qismi hisoblanadigan, davlat ta’lim standartlariga muvofiq o‘quvchilar tomonidan egallangan bilim va ko‘nikmalarni mustahkamlash hamda o‘quv fanining mavzulariga mos ravishda ishlab chiqilgan, mantiq va tafakkurni rivojlantirishga qaratilgan (krossvordlar, boshqotirmalar, mantiqiy fikrlashga undovchi topshiriqlar va hokazo) topshiriqlardan iborat bo‘lgan didaktik vosita.
O‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma — darslikdagi har bir mavzuni samarali o‘qitish metodikasi, qo‘shimcha sinov topshiriqlari va o‘qituvchining darsni qiziqarli tashkil etishiga oid boshqa metodik ko‘rsatmalar berilgan, har bir darsning maqsadi, darsda foydalaniladigan vositalar va ulardan foydalanish usullari, darsning mazmuni, amaliy mashg‘ulotlar, qo‘shimcha topshiriqlar va boshqalar haqida metodik ko‘rsatmalar aniq bayon qilingan kitob shaklidagi o‘quv nashri.
Darsliklarning multimediali ilovalari — axborot-kommunikatsiya texnologiyalari yordamida o‘quv faniga oid materiallarni davlat ta’lim standarti va o‘quv dasturiga mos ravishda yorita oladigan, o‘quv fanini samarali o‘zlashtirishga, o‘quvchilarning mustaqil ta’lim olishiga ko‘maklashuvchi hamda video, ovoz, animatsiya, jadval, matn va lug‘atlarni o‘z ichiga olgan, bilimlarni nazoratdan o‘tkazish va mustahkamlashga yo‘naltirilgan, o‘quv fanining asosiy mazmunini boyitadigan qo‘shimcha materialga ega bo‘lgan yoki shu kabi manbalarga murojaatlarni o‘z ichiga olgan interaktiv elektron axborot-ta’lim resursi.
3. O‘quv-metodik majmualar davlat ta’lim standartlari, o‘quv reja va dasturlariga muvofiq, didaktik, metodik, pedagogik-psixologik, estetik va gigiyenik talablar asosida ishlab chiqilgan darslik, mashq daftari, o‘qituvchi uchun metodik qo‘llanma va darslikning multimediali ilovalarini o‘z ichiga oladi.
4. O‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish qonun hujjatlari hamda ushbu Umumiy talablarga muvofiq amalga oshiriladi.
2-bob. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqishning maqsad va vazifalari
5. O‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqishning maqsadi umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun zamonaviy fan va texnika rivojini hisobga olgan holda kompetensiyaviy yondashuv talablari asosida o‘quv materiallari mazmuni va sifatini takomillashtirish hamda ushbu sohadagi ilg‘or xorijiy tajribani samarali tatbiq etishdan iborat.
6. O‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqishning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
o‘quv-metodik majmualarning yangi avlodini ishlab chiqish prinsiplari hamda ularning mazmuni va sifatiga qo‘yiladigan talablarni belgilash;
o‘quvchilarda milliy g‘urur va iftixor, moddiy va ma’naviy merosga qadriyatli munosabatni tarkib toptirish;
davlat ta’lim standartlari talablari asosida o‘quvchilar tomonidan bilim, ko‘nikma va malaka hamda kompetensiyalarning to‘liq o‘zlashtirilishiga erishish;
o‘quvchilarda mustaqil va erkin fikrlashni hamda ularning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish;
yangi avlod o‘quv-metodik majmualarini yaratish va amaliyotga joriy etish;
o‘quvchilarda ilmiy dunyoqarash va global tafakkur yuritish kompetentligini shakllantirish;
umumta’lim fanlarini o‘qitishning prinsipial yangi metodologiyasi asosida ta’lim-tarbiya samaradorligini oshirish.
3-bob. Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalari uchun o‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish prinsiplari
7. O‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqish quyidagi prinsiplar asosida amalga oshiriladi:
o‘quv-metodik majmualar ta’lim sohasidagi davlat siyosatining asosiy prinsiplari asosida yaratilganligi;
o‘quvchilarning aqliy va jismoniy imkoniyatlari, yoshi, psixofiziologik xususiyatlari, bilim darajasi, qiziqishlari, layoqatlari hisobga olinganligi;
o‘quvchilarda vatanparvarlik va milliy g‘urur hissini shakllantirishga qaratilganligi;
umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limining zarur hajmi berilganligi, o‘quvchilarda mustaqil ijodiy fikrlash, tashkilotchilik qobiliyati va amaliy tajriba ko‘nikmalarini rivojlantirishga yo‘naltirilganligi.
4-bob. O‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqishga qo‘yiladigan talablar
8. O‘quv-metodik majmualarni ishlab chiqishga quyidagicha talablar qo‘yiladi:
Didaktik talablar:
o‘quvchi tomonidan o‘quv materiallarining to‘liq o‘zlashtirilishini ta’minlash;
matnlar axborot berishga emas, balki o‘quv fanining mazmun-mohiyatini tushuntirish maqsadlariga xizmat qilishi;
qiziqarli, lo‘nda va hamma uchun qulay va tabaqalashtirilgan bo‘lishi;
ilmiy dunyoqarashni shakllantirish, vatanparvarlik va millatlararo totuvlik talablariga javob berishi, aniq dalillarga asoslangan materiallardan tarkib topishi;
ta’limning kundalik hayot va amaliyot o‘rtasidagi bog‘liqligini ta’minlashga, olingan bilimlarni amaliyotda qo‘llay olish layoqatlari shakllantirilishiga, boshqa o‘quv fanlari bilan uzviy bog‘liqlikni ta’minlashga yo‘naltirilgan bo‘lishi;
rasmlar ko‘rinishidagi illustrasiyalar: xaritalar, chizmalar, sxemalar, jadvallar, diagrammalar va fotosuratlar bilan bezatilgan bo‘lishi;
yangi tushunchalar, atamalar, qoidalar, formulalar, ta’riflar va shu kabilar lug‘at ko‘rinishida ifodalangan bo‘lishi lozim.
Ilmiy-metodik talablar:
fan-texnikaning so‘nggi yutuqlarini o‘zida aks ettirishi;
o‘quv fani mavzularining mazmunan yaxlitligi ta’minlangan bo‘lishi;
o‘quv fani mavzulari o‘zbek adabiy tili qoidalariga to‘liq rioya qilgan holda oddiy va sodda, tushunarli va ravon tilda bayon qilinishi;
mantiqiy ketma-ketlikka va izchillikka amal qilinishi;
milliy g‘oya va O‘zbekiston xalqining mentalitetiga zid bo‘lmagan tegishli illustrasiyalar bilan boyitilishi;
savol va topshiriqlar aniq ifodalangan bo‘lishi;
o‘quvchilarni fikrlashga, yozishga, tasvirlashga, chizma chizishga, hisoblashga, amaliy ishlarni bajarishga, tajribalar o‘tkazishga o‘rgatishda pedagogik texnologiyalardan foydalanish nazarda tutilgan bo‘lishi;
bir tushunchaning ikki xil atama bilan ifodalanishiga, sanalarni keltirishda mavhumlikka yo‘l qo‘yilmasligi;
kasb-hunarga yo‘naltirishga oid matnlar va rasmlar, izohli lug‘at, texnik ijodkorlik va mantiqiy tafakkurni o‘stirishga qaratilgan loyihalash hamda modellashtirish yuzasidan topshiriqlarni qamrab olgan bo‘lishi lozim.
Pedagogik-psixologik talablar:
keng jamoatchilik tomonidan tan olingan ilmiy asoslangan ma’lumotlar, o‘quvchilarning bilim darajalari, eslab qolish qobiliyatlari, tafakkuri hisobga olingan holda voqea va hodisalarning mohiyatini anglashga va amaliy qiziqishlarini rivojlantirishga, bilim olishga va amaliy faoliyat bilan shug‘ullanishga bo‘lgan ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishga yo‘naltirilgan bo‘lishi;
o‘quv fani mavzularining o‘quvchi yoshi va psixofiziologik xususiyatlariga mos holda berilishi, ma’lum faktlar, tushunchalar, qoidalar va fanlararo bog‘liqlikni hisobga olgan holda tushunarli bayon qilinishi;
o‘quvchilarning yangiliklarni qabul qilish qobiliyatlari, oldin olgan bilimlarini o‘zlashtirganlik darajasi hisobga olingan bo‘lishi lozim.
Estetik talablar:
imkon darajasida yorqin, rangli, qiziqarli va chiroyli bo‘lishi;
matnlar o‘quvchiga ma’lum ijobiy hissiy ta’sirlarni o‘tkazishi va o‘quv faniga qiziqish uyg‘otishi;
bo‘lim, bob, paragraf va mavzular matnlarining turli shakl va ranglar bilan ajratilishi, mutanosibligi ta’minlanishi;
rasm va tasvirlar badiiy estetik talablarga javob berishi, aniq va tiniq ifodalanishi lozim.
Gigiyenik talablar:
matn va illustrasiyalar sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga mos bo‘lishi;
harflarning kattaligi va qog‘ozning sifati (og‘irligi, qalinligi, oqligi va shaffofligi) Vazirlar Mahkamasining «Ta’lim muassasalari uchun matbaa mahsulotlarining xavfsizligi to‘g‘risidagi umumiy texnik reglamentni tasdiqlash to‘g‘risida» 2015-yil 3-iyundagi 146-son qarori talablariga mos bo‘lishi lozim.
8-§. Matematika fani
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim muassasalarida Matematika fanini o‘rganish bosqichlari
Dostları ilə paylaş: |