Germaniya ham mikrotarixni o‘rganish bo‘yicha markazlardan biri sanaladi. M.Plank nomidagi jamiyat tarixi institutida bu yo‘nalish bo‘yicha keng tadqiqotlar olib boriladi. 70-yillarda Germaniyada mikrotarix yo‘nalishiga o‘xshash yangi bir yo‘nalish paydo bo`ldi, bu «har kunlik tarix» nomini oladi. Bu ta’rifni ilk bor Y.Kokka ishlatadi. 80- yillarda bu yo‘nalish yanada rivojlana boshladi, Germaniyaning g ‘arbiy hududlarida M.Krom ta’rifi bo‘yicha «tarixiy bum» holati yuzaga keladi. Bu hududlarda yashovchi aholi o‘z oilasi, qishlog‘i yoki shaharchasi tarixi bilan qiziqadi, joylarda turli «tarixiy ustaxonalar» paydo bo`ladi. Bu yo‘nalishda og‘zaki tarix metodi keng qo‘llaniladi. Dastlab tanqidga uchragan «har kunlik tarix» 80-yillar oxirida tan olingan yo‘nalishlardan biriga aylandi. Bu yo‘nalishga bag`ishlangan maqolalar A. Lyudtke tahriri ostida 1989-yilda Germaniyada, 1995-yil AQSHda to‘plam holatida nashr etildi. Bu yo‘nalish vakillari asosan XX asr boshi tarixini o‘rganishgan.
Oddiy odamlar ongiga fashizm g‘oyasi qanday ta’sir etgani, oddiy odamlar nima uchun fashizmga xayrixoh bo‘lganligi o‘rganilgan. Bu yo‘nalishning mikrotarixdan farqli tomoni shundan iboratki, mikrotarix o‘rganilish davri sifatida o‘rta asrlar va yangi davr boshlarini olsa, bu yo‘nalish asosan XX asrda bo‘lgan hodisalar bilan tadqiqot olib boradi. Germaniyada mikrotarix yo‘nalishining vakillaridan biri bu X.Medik hisoblanib, u o‘rganish davri sifatida XVII-XIX asrlarni olgan, X.Medik Shvabiya hududlaridagi qishloqlarda tadqiqotlar olib borgan. Tadqiqotlarda asosan shu yerlik aholining diniy tasavvurlari va bu tasavvurlarning insonlar mehnat faoliyatiga ta’siri o‘rganilgan. Bu tasavvurlar ularning moddiy madaniyatiga, xususiy mulk haqidagi tushunchalariga qanday ta’sir ko‘rsatganligi tadqiq qilingan. Tadqiqotlardan shunday xulosa kelib chiqadiki, bu qishloqlarda mulkiy munosabatlarda asosiy rolni «protestant etika» o‘ynagan, bu etika mehnat munosabatlarini ham tartibga solib turgan.
Yuqorida yozilganidek, J.Levi 1991-yilda e’lon qilgan maqolasida mikrotarix kichik hodisalar orqali jamiyat rivojlanishidagi keskin burilishlarni ko‘rsatib bera olishini ta’kidlab o‘tgan. 1990-yilda esa Levi hodisalarga «mikroskop orqali qarash» mikrotarixning asosiy vazifasi ekanligini ta’kidlagan edi. Levi bu fikrlarni «Nomoddiy meros: XVIII asrda Pyemontlik tabib karyerasi» asari orqali isbotlashga harakat qilgan (bu asar 1985-yilda yozilgan). Asarning bosh qahramoni - ruhoniy va tabib Jovan Batista Kyeza bo‘lib, u aholi orasida «jinlarni quvish» qobiliyati bilan shuhrat qozonadi. Asardagi voqealar Pyemontdagi Santena qishlog‘ida bo`lib o‘tadi. Tadqiqot maqsadi qilib eski tartibdagi dehqonlar hayotining yangilanish jarayonini ochib berish olinadi. Batista Kyezaning otasi - sudya va notarius Julio Chezare Kyeza o‘z hududidagi aholini uzoq vaqt boshqaradi. Uning o‘limidan so‘ng bu boshqaruv o‘g‘li Batista Kyezaga meros bo‘lib o'tadi. Kitob nomidagi «nomoddiy meros» bu ruhoniyning otasidan meros qilib olgan boshqaruv va obro‘ hisoblanadi. Muallif o‘z oldiga qo‘ygan maqsad shundan iborat edi, birinchidan, odamlar va oilalar orasidagi murakkab munosabatlarni o‘rganish, ikkinchidan, siyosiy va iqtisodiy qonunlarning odamlar ongiga qay darajada ta’sir qilganini o‘rganishdan iborat hisoblangan.