Shu maqsadda J.Levi hujjatlarda nomlari saqlanib qolgan Santena qishlog‘ining barcha aholisining biografiyasini birma-bir o‘rganib chiqqan. Tadqiqotida o‘z asari orqali quyidagi munosabatlarga alohida urg‘u bergan: demografik ko‘rsatkichlar, oilaviy strukturalar va aloqalar, yer oldi-sotdisi bilan bog`liq bo'lgan operatsiyalar, dehqonlar onggi, to‘dalar o‘rtasidagi raqobat va kelishmovchiliklar, Santena qishlog‘ining tashqi dunyo bilan aloqalari. Levi tadqiqotlari shuni ko'rsatadiki, bu munosabatlardan chiqqan xulosalar orqali butun bir davrning ma’lum bir nuqtalarini baholash mumkin. Masalan, yer oldi-sotdisidagi asosiy munosabat bu xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi shaxsiy munosabat bo‘lgan, shu sababli yer aniq stabil bir narxga ega bo'lmagan. Bundan tashqari, bu qishloq ma’lum bir siyosiy jarayonlarda ham ishtirok etgan, bu qishloq davlat, yonidagi Kyeri shaharchasi nizolaridan unumli foydalanib alohida avtonomiyaga erishgan. Julio Kyeza bu nizolarda tomonlarning muvozanatini ushlab turgan yoki ular o'rtasida kelishtiruvchi kuch bo`lgan. Faqat uning o'limidan keyingina davlat qishloq ustidan yana nazorat o‘rnata olgan.
Bu asar kichik bir qishloq misolida yozilgan bo‘lsa-da, bu orqali o‘rta asr va yangi davr Italiyasidagi ba’zi munosabatlar qanday bo‘lganini ko‘rish va bu munosabatlarga ma’lum bir nuqtayi nazardan turib xulosa berish mumkin. Ayniqsa, iqtisodiy, agrar, ijtimoiy munosabatlar orqali o‘sha davr Italiyasining manzarasini ko‘rish mumkin. Xulosa qilib aytish mumkinki, Yevropada paydo bo‘lgan yangi yo‘nalishlar dastlab mahalliy ahamiyat kasb etgan bo‘lsa-da, keyinchalik ular tan olingan yo‘nalishlarga aylanishdi. Bunga yorqin misol sifatida yuqorida tilga olingan mikrotarixni yoki har kunlik tarix yo‘nalishlarini olish mumkin. Z.Kraunker tarixni o‘rganishda mikrotarixni o‘rganish muhim ekanini qayd etib o‘tgan, sababi mikrotarix ijtimoiy-madaniy munosabatlarni chuqurroq o‘rganadi, tadqiqotlarda inson psixologiyasini o‘rganish muhim ahamiyat kasb etadi. Shu sababli, bu yo‘nalish ham ma`lum nuqtalarda muhim ahamiyatga ega.