Tasavvufda Allohga etishish faqatgina yuzini ko’rish bilan emas, unga qo’shilib ketish (fano’/baqo’) bilan bo’lishi ham mumkin degan fikr ilgari surildi. Mansur alHalloj, ibn ‘Ato, ‘Ayn alQudot alHamadoniy kabi kishilarning qatl etilishi boshqa sufiylarni xushyorlikka chaqirdi.
Tasavvuf - manbalarning keltirishicha, ba`zi musulmonlar kalom va mantiq ilmlaridagi turli ko’rinishdagi tortishuvlardan, quruq bahslardan o’z qalblarini saqlab, Alloh taoloning muhabbati yo’lida zuhd va taqvoni o’zlariga kasb qilib oldilar. Bu kabi kishilarga «sufiy» deb nom berildi. Islom dinida birinchi sufiy nomini olganlardan Abu Hoshim Shomiy (vaf. 160/776-77 y.), tasavvuf usuliga birinchi marta sharh bergan kishi Imom Molikning shogirdi bo’lmish Zunnuni Misriy (vaf. 256/869-70 y.), minbardan turib birinchi marotaba tasavvufga chaqirgan kishi Shibliy (vaf. 334/945-46 y.), tasavvuf usulini kengaytirib tartibga solgan kishi Junayd Bag’dodiy (vaf. 398/1007-08 y.) edi. Ayollardan birinchi sufiy bo’lgan kishi Robi’a ‘Adaviyya (vaf. 135/752-53 y.)dir. Umuman olganda tasavvufning rivojlanish yo’li islom tarixining ajralmas bir bo’lagidir.
Movarounnahrga sufiylik Eron orqali kirib kelgan. Movarounnahrda juda keng tarqalgan sufiylik oqimi aqoid olimi Shayx Abu Ya‘qub Yusuf al-Hamadoniy (vaf. 535/1140-41 y.) maktabidan boshlangan. Yusuf Hamadoniyning maktabi ikki tarmoqqa ajralgan edi.
Birinchisi, «Xuroson madrasasi» ya`ni, shahar va shahar atroflarida rivojlangan va xalq orasida keng tarqalgan. Bu oqimga Xoja Yusuf Hamadoniyning mashhur shogirdi Xoja ‘Abd al-Xoliq al-¢ijduvoniy (vaf. 1179 y.) murshidlik qilgan. Keyinchalik bu oqimga Xoja Muhammad Bahouddin Naqshband (1318-1389) murshidlik qilgan va bu davrda naqshbandiyya tariqati butun islom olamiga tarqalgan.
Ikkinchisi, Shayx Ahmad Yassaviy (1105- 1166) va uning shogirdlari nomi bilan bog’liqdir. Ahmad Yassaviy sufiylik tariqatining targ’ibotchisi bo’lish bilan birga shoir ham edi. U qadimiy o’zbek (turkiy) tilida ijod qilgan. Yassaviy asarlari majmuasi 1878 yili nashr etilgan «Devoni hikmat» nomi bilan ma`lum. Bu asar islom mafkurasining sodda ifodasi bo’lib, sufiylik asoslarini targ’ib qiladi. Uning fikricha, dunyoning noz-ne`matlarini so’ragan kishi sufiy emas, balki zuhd va taqvoni ixtiyor etib, umrini toat-ibodat hamda yig’i bilan o’tkazgan kishi sufiydir. Uning «Hikmat»i xalq orasida mashhurdir. Yassaviyya tariqati XII asrda Movarounnahrda paydo bo’lgan va Eronga ham keng yoyilgan. Yassaviylik ruhiy osoyishtalikka, sufiylik yo’liga kirishga, pirning rahbarligida «kamolot» sari borishga da`vat etgan. Yassaviyya keyinchalik naqshbandiyya tariqati bilan birlashib ketgan.
Markaziy Osiyoda yetishib chiqqan Ahmad Yassaviy (1041-1167), Najmiddin Kubro (1145-1221), Bahouddin Naqshband (1318-1389)larning ijodiy faoliyatlari tasavvufining jahonshumul tariqatlariga asos soldi.
«Yassaviya» tariqatining qoidalari Ahmad Yassaviyning «Hikmat» degan asarida o‘z ifodasini topgan. Unda inson mehr-shafqat, halol-pok, halol mehnati bilan kun kechirish orqali Alloh visoliga etishi mumkin. Yana u molu dunyo to‘plashga harakat qilmagan, faqirlikda kun kechirgan.
Orifiy yo‘lin tutgan Ahmad Yassaviy tasavvuf tarixida munosib o‘ringa ega bo‘ladi. Unga «Sulton-ul-orifiy» ya’ni oriflar sultoni nomini beriladi. Yassaviy haqiqiy orif inson sifatida faqirlik yo‘liga juda yoshlikdan kiradi. Manbalarning ko‘rsatishicha, u bu yo‘lga to‘rt yoshida kirib, umr bo‘yi kishilarni bunga da’vat etdi. Uning hayotidagi muhim voqealardan yana biri, Yassaviy 63 yoshga to‘lganidan so‘ng Muhammad (s.a.v.) yoshidan ortig‘ini er ostida o‘tkazdi.