Diqqat haqida tushuncha va uning nerv-fiziologik asoslari 1. Diqqat haqida tushuncha. Diqqat deb ongimizni bir nuqtaga to’plab, ma’lum narsa va hodisalarga faol yo’naltirilishiga aytiladi. Diqqat sezish jarayonida, idrok qilishda, xotira, hayol va tafakkur jarayonlarida har doim ishtirok etadi. Demak, diqqat barcha aks ettirish jarayonlarimizning doimiy yo’ldoshidir.
Diqqat inson faoliyatining barcha turlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishning va ularni samaradorligini ta’minlovchi muhim shartlardan biridir. Kishi faoliyati qanchalik murakkab, serzahmat, davomiylik jihatdan uzoq muddatli, mas’uliyat hissini taqozo qilsa, u diqqatga shunchalik yuksak shartlar va talablar qo’yadi. Inson ziyrakligi, farosatliligi, tez payqashi, sinchkovligi, dilkashligi uningturmush sharoitida, shaxslararo munosabatida muhim omil sifatida xizmat qiladi. Diqqat aqliy faoliyatning barcha turlarida ishtirok etadi, insonning xattiharakatlari ham uning ishtirokida sodir bo’ladi.
Psixologiya fanida diqqatga har xil ta’rif beriladi, uni yoritishda psixologlar turli nazariyaga asoslanib yondashadilar. Diqqat deb ongni bir nuqgaga to’plab, muayyan bir ob’yektga aktiv (faol) qaratilishi aytiladi (P. I. Ivanov). P. I. Ivanovning fikricha, biz faoliyatimiz jarayonida idrok va tasavvur qiladigan har bir narsa, har bir hodisa, o’zimiz qilgan ishimiz, o’y va fikrlarimiz diqqatning ob’yekti bo’la oladi.
2.Diqqatning fiziologik asoslari. Diqqatning nerv-fiziologik asosida oriyentirovka yoki tekshirish deb aytiladigan maxsus reflekslar yotadi. Oriyentirovka yoki tekshirish refleksi diqqatning fiziologik asosi hisoblanadi, chunki bu refleks bosh miya yarim sharlarining po’stida kuchli qo’zg’olish jarayonidan iborat bo’ladi. Boshqacha qilib aytganda, har bir daqiqada organizmga turli narsalarning ta’siridan hosil bo’lgan qo’zg’olishlarga nisbatan, oriyentirovka yoki tekshirish refleksini hosil qilgan narsaning ta’siridan yuz bergan qo’zg’olish kuchli bo’ladi. Diqqat ma’lum nerv markazlarining qo’zg’alishi va miyadagi boshqa nerv markazlarining tormozlanishi bilan bog’liqdir. Bu esa sub’yekt ahamiyatli bo’lgan qo’zg’atuvchilarni ajratishni, ya’ni psixik faoliyatning yo’naltirilishini ta’minlaydi. Bunday yo’naltirilishning sodda misoli sifatida oriyentatsiya refleksini ko’rsatish mumkin. Xar qanday yangidan yuzaga kelgan qo’zg’atuvchi, agar u yetarli darajada intensiv(kuchlanishga ega) bo’lsa, tegishli qo’zg’alish jarayonini yuzaga keltiradi, bu refleks, I.P.Pavlov aytganidek «nima u» degan refleks bilan ifodalanadi, bu esa sodda turdagi diqqatning fiziologik asosidir.
I.P.Pavlov ta’limoti bilan akademik A.A.Uxtomskiy olib borgan tekshirishlari bir–biriga to’g’ri keladi. Agar nerv sistemasiga bir qancha qo’zg’ovchilar bir vaqtda ta’sir qilsa bosh miya po’stida shu ongning o’zida bir necha qo’zg’alish o’choqlari paydo bo’ladi. Shu bilan birga, xar bir qo’zg’alish o’chog’i bosh miya po’stining hamma yog’iga tarqalishga iradiatsiyalanishga moyildir. Shuning uchun ayrim qo’zg’alish o’choqlari o’rtasida to’qnashish va «kurash» sodir bo’ladi. Bu kurash natijasida qo’zg’alish o’choqlaridan biri hukmron (dominanta) bo’lib oladi Mana shu hukmron bo’lib olgan qo’zg’alish o’chog’ini akademik Uxtomskiy «dominanta» deb ataydi. Uxtomskiyning bergan ta’rifiga ko’ra;
Dominanta – bu ayni chog’da markazda sodir bo’ladigan reaksiyalar xarakterinni bir qadar belgilab beruvchi hukmron qo’zg’alish o’’chog’idir. Dominantalar mavjud bo’lgan paytda boshqa qo’zg’alish o’choklari («subdominantalar» - nisbatan kuchsiz qo’zg’alish o’choqlari) ko’pincha yo’qolib ketmaydilar. Ular dominantaga qo’shilib, uni kuchaytiradilar yoki dominanta bilan kurasha boshlaydilar. Bu kurash jarayonida subdominanta dominanta bo’lib olishi mumkin, ilgarigi dominanta esa – subdominanta bo’lib qolishi mumkin. Hukmron qo’zg’alish o’chog’i bo’lgan dominanta diqqatimizning ma’lum narsaga yo’naltirilishi va tuplanishining fiziologik asosidir.