Tarqalishi. Hindiston, Turkiya, Gresiya, Belgiya, Jazoir, O’rta Afrika, AQSh va Avstraliyada uchraydi.
Ta’rifi. Qo’ng’izining tanasi cho’zinchoq oval shaklida. Orqasining old qismi keyinga borgan sari kengaya beradi, ketingi chetining har ikkala tomonida ikkita o’yiqcha bor; keyingi sonlarining ichki tomonida bittadan yirik tikan bo’ladi.
Qo’ng’izning asosiy rangi qo’ng’ir, qanotustliklarining uchi yonida va o’rtasida bittadan qoramtir dog’lar bor, ba’zan bu dog’lar yaqqol ko’rinib turmaydi yoki butunlay bo’lmaydi. Qung’izning uzunligi 3,5—5 mm keladi. Lichinka va g’umbagi loviya qo’ng’izining lichinkasi va g’umbagiga juda o’xshaydi.
Hayot kechirishi.Asosan xitoy don qo’ng’izinikiga o’xshaydi. Ko’pincha zararlangan donlar bilan tarqaladi. Yuqorida ko’rsatilgan o’simliklarning dalada o’sayotgan hamda omborlarda saqlanayotgan donlarida rivojlanadi.
Urg’ochilari 100 tagacha tuxum qo’yadi. Sharoit qulay bo’lganida tuxumlari 4— 5 va lichinkalari 17—22 kunda rivojlanib bo’ladi, to’la rivojlanish davri 30—38 kungacha davom etadi. Yiliga 3 bo’g’in beradi.
Kurash choralari. Loviya hamda xitoy don qo’ng’izlariga qarshi kurashish uchun belgilangan choralar ko’riladi.
3.3.4. Misr no’xat qo’ng’izi (Brachidius incarnatus Boh.). Zarari. Bu qo’ng’iz ham boshqa don qo’ng’izlari singari gorox, no’xat, yasmiq va burchoq donlariga zarar yetkazadi.
Tarqalishi. Shimoliy Afrika, Ispaniya, Portugaliya, Janubiy Fransiyada uchraydi.
Ta’rifi. Qo’ng’izning tanasi kalta oval shaklda, rangi qizg’ish-qo’ng’ir, qanotustliklarining tubiga yaqin qismi birmuncha qoramtir; qanotustliklarida sariq rangli kalta tuklardan iborat uzala, ba’zan bajir-bujur dog’lar bor. Pigidiyalari kul rang bo’lib, qo’ng’ir dog’lar bilan qoplangan. Keyingi oyog’ining sonlari juda yo’g’onlashgan va o’tkir tishli bo’ladi. Qo’ng’izning uzunligi 5—3,5 mm keladi.
Lichinka va g’umbaklari loviya qo’ng’izining lichinka va g’umbaklariga juda o’xshaydi.