RAGONING SHARTLARI
Ahmadning oʻgʻirlanishi “Koʻkkezar”ning boshqa
fazogirlari, miksliklar va Koʻrsichqonni qattiq qaygʻuga
solib qoʻydi. Chunki ular, mana, bir necha soat oʻtsa hamki,
Ahmadni kim nima maqsadda olib ketganini bilolmay
tang ahvolda edilar. Fazogirlarimiz har qancha keng
qamrovli qidiruv ishlarini olib borishmasin, bolakaydan
biror iz, darak topib boʻlmasdi. Chunki sayyora juda katta
edi-da!
Hammadan ham Margolga juda qiyin edi shu lahzalarda.
Chunki u jajji doʻstining hayoti uchun masʼul. Shu sabab
Ahmadni bir daqiqaga nazoratsiz qoldirgani uchun oʻzini
hech kechira olmayotgandi shu tobda.
Biroq tushdan keyin Moki “Koʻkkezar”ning
shundoqqina tagidan xat topib oldi. Xatni nomaʼlum
152
kimsa ular qidiruv ishlarini olib borishayotganda tashlab
ketgandi. Moki xatni tez ochib boshqalarga ham eshittirib
oʻqiy boshladi:
«Men General Obmaning oʻng qoʻli, ishongan
sarkardasi Rago boʻlaman. Sizning odamingiz bizda. Uni
asir olganmiz, ammo quyidagi shartlarimizga koʻnsangiz,
uni qaytaramiz:
1. Genaral Obmani ozod qilasiz.
2. Xaritaning hamma qismlarini bizga berasiz.
3. “Koʻkkezar” va abadiy energiya generatorini ham
olishimiz shart!
Agar shartlarim ertaga yulduz botgunicha bajarilmasa,
Ahmadni Qora tuynukka uloqtirib yuboramiz. Biz bilan
aloqaga chiqish uchun radiotoʻlqindan xabar yuboring.
Toʻlqinni oʻzimiz tutib olamiz. Tamom».
– Endi shunisi yetmay turgandi. Bu qaroqchilarning
dastidan galaktikada tinchlik yoʻgʻ-a! – tutaqib ketdi
qoʻmondon Dordon.
– Yoʻq-yoʻq, ularga xabar bering, tezroq hammasini
bajaramiz deng, – talvasaga tushib qolgan Margol
Dordonning zirhli kiyimidan tortqilay boshladi.
Ammo Dordon harbiylarga xos sovuqqonlik bilan
Margolning koʻzlariga tik boqdi. Soʻng qoʻllarini
Margolning yelkasiga qoʻyib, qattiq siqib qoʻydi:
– Oʻzingizni bosib oling, shoshma-shosharlik bilan
xulosa chiqarmang! – tanbeh berdi qoʻmondon. –
Birinchidan, ularning shartlarini bajarish imkonsiz,
ikkinchidan, shartlarni bajarganimiz bilan, ular Ahmadni
qoʻyib yuborishiga kafolat yoʻq!
– Nega imkonsiz boʻlar ekan?!
– Axir, xaritaning bir boʻlagi uning barmogʻida-
ku! Nima, barmogʻini kesib bermoqchimisiz?! Bundan
tashqari, Obmani ikki hafta oldin Sudga topshirganmiz. Uni
153
allaqachon qatl qilishgan boʻlishlari ham mumkin.
– Lekin nimadir qilishimiz kerak-ku!
– Ha, hozir men shu haqda oʻylayapman. Kimda qanday
fikr bor, sizlar ham taklif bering. – Dordon hammaga bir-bir
qarab chiqa boshladi.
Shu payt Mokining boshidagi chiroqlari lipillab yonib,
unda ajoyib gʻoya tugʻilganidan darak berdi:
– Mayli, ularga radiotoʻlqindan xabar joʻnatamiz. Ammo
ulardan javob kelganida toʻlqin qayerdan kelganini aniqlab,
oʻsha joyga bostirib boramiz!
Bu gʻoya haqiqatda yaxshi edi. Qoʻmondon zudlik bilan
Mokining antennalari orqali qaroqchilarga xabar yubordi:
“Men qoʻmondon Dordonman. Sening shartlaringga
rozimiz, faqat bizga vaqt ber. Obmani ertagacha ozod
qilish imkonsiz. Chunki u olis Galaktika Sudi binosida”.
Tez orada Ragoning ovozi yozilgan javob ham
yetib keldi: “Yoʻq, vaqt bermaymiz. Oʻsha olis joyga
«Koʻkkezar” bilan ertalabgacha yetib borsa boʻladi». Ular
javobni eshitib boʻlgunlaricha Moki toʻlqin kelayotgan
joyni aniqladi. Shu zahoti hamma oʻsha toʻlqin uzatilgan
joyga uchib bordi. Ammo bu joyda hech kim yoʻq edi.
Chunki Rago ham unchalik ahmoq emasdi. U javobni oʻz
qoʻnalgʻasidan chiqib umuman boshqa joydan yuborgan,
keyin javob uzatilishi bilan iziga qaytgan edi. Mokining
rejasi chippakka chiqqanidan soʻng fazogirlarning hafsalasi
pir boʻlib yana ortga qayta boshlashdi. Yoʻl davomida
oʻylanib kelgan Margol boshqa bir taklifni aytdi:
– Qanday boʻlmasin Ahmadning ovozini eshitishimiz
kerak. Ishonchim komil, u biror chora oʻylab oʻzi turgan
joyni bizga bildiradi.
Shuday qilindi ham. Ragoga “Ahmadning ovozini eshitib,
uning sogʻ-salomat ekaniga ishonch hosil qilmagunimizcha
hech qanday chora koʻrmaymiz” degan xabar yuborishdi.
154
Bu xabarni olgan Rago Ahmadning yoniga kelib,
chiqindixona haqida churq etmaslik sharti bilan sheriklariga
xabar yoʻllashiga ruxsat berdi. Rago bu xabarni yozib olib
yana sayyoraning boshqa bir burchagiga uchib ketdi.
Yangi kelgan xabarda Ahmad joʻrttaga oʻzini qiynalib,
qoʻrqib ketganga solib gapirgani sezilib turardi: “Meni
tezroq qutqaring. Ularning hamma shartlariga rozi boʻling,
iltimos! Bu joy juda sovuq, dahshatli suvarak va qurtlardan
juda qoʻrqyapman”.
Bu xabarni hamma birgalikda eshitdi. Koʻpchilik
Ahmadning turgan manzili haqida hech narsa demaganidan
afsuslandi. Donishmand Koʻrsichqon esa boshini sarak-
sarak qilgancha miyigʻida kulib dedi:
– Obbo, bola tushmagur-ey, axir, bu kutubxonamizning
chiqindixonasi-ku!
Hamma birdan Koʻrsichqonga hayron boqib qoldi.
– Chiqindixona juda zax, sayyorada faqat oʻsha joyni
turli hasharotlar bosib ketgan.
Endi hammasi ayon boʻldi. Ahmad oʻzining zehni bilan
yana bir bor doʻstlariga yordam berayotgandi. Fazogirlar
zudlik bilan qutqaruv rejasini tuzib, keyin chiqindixona
tomon yoʻl olishdi. Ammo bu safar oʻzlarining kemasida
emas, balki chiqindixonaga har kuni yaroqsiz kitoblarni
olib boradigan yuk tashuvchi kemada yoʻlga chiqishgandi.
Qaroqchilar ularni sezib qolishmasligi uchun esa
ustlaridan uyum-uyum chirigan kitoblarni ham bostirib
olishdi.
Haydovchisiz yuk kemasi chiqindixonaga tez-tez
kelib turgani sabab bu safar ham qaroqchilar unga eʼtibor
berishmadi. Koʻp oʻtmay kema chiqindiga qoʻshib bizning
fazogirlarni ham yerga toʻkib, ortiga qaytib ketdi. Bu vaqtda
Rago Dordondan hali ham javob kelmayotgani uchun
tutaqib, u yoqdan bu yoqqa tinimsiz yurib turardi. Shu
155
payt chiqindilar oralab emaklab kelayotgan qutqaruvchilar
hech nimadan bexabar oʻtirgan qaroqchilarga qoʻqqisdan
hujum qilib qolishdi. Bu vaziyatda qaroqchilar qurollarini
qoʻlga olish tugul, oʻrinlaridan turishga ham ulgurishmadi.
Bir zumda hammaning peshonasiga toʻpponcha qadaldi.
Dordon toʻgʻri Ragoning oldiga bordi-da, uning yoqasidan
gʻijimlab yuqoriga koʻtardi, qaroqchining koʻzlariga nafrat
bilan tik boqdi. Soʻng bir ogʻiz soʻz demay qattiq siltadi-
da, chiqindilar orasiga uloqtirib yubordi. Askarlar tez borib
yerda chalpak bo‘lib yotgan Ragoning qoʻllarini kishanladi.
Margol esa yugurib borib Ahmad oʻtirgan qafasni ochdi.
Jajji doʻstini qattiq quchoqlab, undan kechirim soʻradi.
Ahmad esa unga hech narsa qilmaganini, hammasi ortda
qolganini aytib Margolni tinchlantirishga urindi.
Bu voqea hamma uchun dars boʻlgandi. Qoʻmondon
Dordon fazogirlardan bir lahza boʻlsa ham hushyorlikni
yoʻqotmaslikni talab qildi. Shu kuni qaroqchilarning bari
qoʻl-oyoqlari boylanganicha ikki mikslik askar tomonidan
salmirliklar kemasiga oʻtqazilib, Obmaning yoniga – Koinot
Sudiga olib ketildi. Dordon oʻz askarlariga qaroqchilarni
Sud hukmiga topshirgandan soʻng toʻgʻri Koinot muzeyiga
borishni va u yerdan salmirliklarni olib Salmir sayyorasiga
uchishni buyurdi. Bizning qahramonlarimiz esa oʻz
kemalarida Katta Magellan bulutiga yoʻl olishdi. Rejaga
koʻra fazogirlar Gamma Oltin baliq yulduzi yaqinida
yagona hisoblangan Olmos sayyoraga qoʻnishlari kerak.
“Koʻkkezar” Katta Magellan bulutigacha naq uch
oy uchdi. Bu vaqt ichida Mokidan tashqari hamma uyqu
eliksirini ichib, uyquga ketgandi. Kema Gamma Oltin baliq
yulduziga yetib kelganda Moki hammani bir-bir uygʻotib,
ularga qaynoqqina qahva quyib berdi.
|