169-modda. Farzandlikka olishni bekor qilish asoslari Farzandlikka olish agar farzandlikka oluvchilar:
o’z zimmalariga yuklatilgan majburiyatlarni bajarishdan bo’yin tovlayotgan yoki ularni lozim darajada bajarmayotgan bo’lsalar;
ota-onalik huquqini suiiste’mol qilayotgan bo’lsalar;
farzandlikka olinuvchilarga nisbatan shafqatsizlik bilan muomalada bo’lsalar;
muttasil ichkilikbozlikka yoki giyohvandlikka mubtalo bo’lgan bo’lsalar bekor qilinishi lozim.
Farzandlikka olinuvchining xulq-atvori farzandlikka oluvchilarning sha’ni va qadr-qimmatiga putur etkazayotgan, ularning hayoti yoki sog’lig’iga xavf solayotgan bo’lsa, farzandlikka olinuvchi voyaga etganidan keyin farzandlikka olish bekor qilinishiga yo’l qo’yiladi.
Sud boshqa asoslarga ko’ra ham bolaning manfaatlaridan kelib chiqib, uning fikrini hisobga olgan holda farzandlikka olishni bekor qilishga haqlidir.
170-modda. Farzandlikka olishni bekor qilishni talab etish huquqiga ega bo’lgan shaxslar Farzandlikka olinganning ota-onasi, prokuror, vasiylik va homiylik organlari, voyaga etmaganlar ishi bilan shug’ullanuvchi komissiyalar, shuningdek o’n olti yoshga to’lgan farzandlikka olingan bola farzandlikka olishni sud tartibida bekor qilishni talab etish huquqiga ega.
171-modda. Farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish va bekor qilish tartibi Farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish va farzandlikka olishni bekor qilishga faqat sud tartibida yo’l qo’yiladi. Bu toifadagi ishlarni hal qilishda o’n yoshga to’lgan bolaning fikri hisobga olinadi.
Farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish yoki farzandlikka olishni bekor qilish to’g’risidagi sudning hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin uch kundan kechiktirmay sud shu qarordan ko’chirmani bolaning farzandlikka olinishi to’g’risida qaror chiqargan shahar, tuman hokimiga yuborishi shart.
172-modda. Farzandlikka olishni haqiqiy emas deb topish va farzandlikka olishni bekor qilish oqibatlari Sud tomonidan farzandlikka olish haqiqiy emas deb topilganda yoki farzandlikka olish bekor qilinganda farzandlikka olinuvchi bola bilan farzandlikka oluvchilarning (farzandlikka oluvchilarning qarindoshlari) o’zaro huquq va majburiyatlari tugatiladi hamda bola bilan uning ota-onasi (ota-onaning qarindoshlari) o’rtasidagi huquq va majburiyatlar tiklanadi.
Farzandlikka olish haqiqiy emas deb topilganda yoki farzandlikka olish bekor qilinganda, bola sudning hal qiluv qarori bilan ota-onasiga olib beriladi.
Bolaning ota-onasi yo’q bo’lsa, shuningdek bolani ota-onasiga berish uning manfaatlariga zid bo’lsa, u vasiylik va homiylik organlari qaramog’iga beriladi.
Sudning hal qiluv qarorida farzandlikka olinuvchining familiyasi, ismi va ota ismini saqlash-saqlanmasligi ko’rsatilishi kerak.
O’n yoshga to’lgan bolaning familiyasi, ismi va ota ismi faqat uning roziligi bilan o’zgartirilishi mumkin.