II–BOB. INQIROZLI OILALAR UChUN IJTIMOIY PSIXOLOGIK XIZMAT MAZMUNI VA MOHIYaTI
2.1 Oilada er xotin munosabatlarning shakllanishi va uning psixologik jihatlari Oila a’zolari o’rtasida sodir bo’ladigan murakkab va serqirrali o’zaro munosabatlar ko’plab olimlar, shu jumladan, o’zbekistonlik olimlar (M.Davletshin, G’.Shoumarov, E.G’oziyev, B.Qodirov, X.Karimov, N.Sog’inov, F.Akramova, G.Yadgarova, M.Salayeva, D.Xoliqov va boshqalar) tomonidan o’rganilgan. Ularda ko’proq o’zbek oilasiga xos urf-odatlar, udumlar, an’analar nuqtai nazaridan oilaviy munosabatlarning etnopsixologik qirralari tadqiq etilgan. Lekin oila institutini ijtimoiy voqyelik sifatida uning qonuniyatlarini tahlil etar ekanmiz, bu o’rinda biz oilaviy o’zaro munosabatlarga xos bo’lgan munosabatlarning psixologik tabiatiga, kelib chiqishi va dinamikasiga e’tiborni qaratgan ko’plab tadqiqotlarda ilgari surilgan ma’lumotlarni keltirishni joiz deb bildik. Shu nuqtai nazardan oilaviy munosabatlar fenomenologiyasi ijtimoiy-psixologik izlanishlar obyekti sifatida o’rganilgan bir qator tadqiqotlar natijalariga murojaat qilamiz.
Oiladagi ijtimoiy munosabatlar va ularning kelib chiqish qonuniyatlarini batafsil monografik tarzda o’rganganlardan biri rus olimi L.Ya. Gozman (1987) hisoblanadi. U bu qonuniyatlarni ilmiy jihatdan tahlil etish uchun attraksiya tushunchasini ishlatgan. Attraksiya inglizcha attraction – tortilish, intilish so’zlaridan olingan bo’lib, u bir insonning ikkinchi bir insonga nisbatan his qiladigan ijobiy munosabatini anglatadi. Har qanday ana shu zayldagi diadik, ya’ni, diada – ikki kishi o’rtasidagi munosabatlarning boshlanishi simpatiya, yoqtirish yoki attraksiya bilan bog’liqdir.
Gozmanning ta’kidlashicha, juftlik munosabatlarida attraksiyaga turtki bo’luvchi omillarning eng muhimi – bu sherikning tashqi, jismoniy jihatdan yoqimtoyligi va uning ijtimoiy-demografik xususiyatlaridir. Ya’ni, bir ko’rishda yoqtirib qolish, uning xusniga rom bo’lish kabilar attraksiyaning dastlabki bosqichi bo’lib, bu aslida odamlar ongidagi bir bid’atga, ya’ni chiroyli odam aqlli va ahloqli bo’lishi to’g’risidagi tasavvurlarga bog’liqdir. Ayniqsa, bunday tasavvur xotin-qizlarga nisbatan qo’llanilishi isbotlangan. Buni muallif grafik shaklida U – simon egrilik tarzida tasavvur etadi (2.1.1-rasm).