Ekologik siyosat
Ekologik siyosat. Tabiiy resurslardan xo`jasizlarcha foydalanish, atrof-muhitning ifloslanib borishi biz yashayotgan, nafas olayotgan muhitni tobora betoblik girdobiga boshlamoqda. Bu, o`z navbatida, jamiyat oldiga qarshi choralarni ko`rishdek murakkab vazifalarni qo`ymoqda.
Ekologik siyosat – ekologiya fani talab va tavsiyalarini hosibga olgan holda, bizni o`rab turgan tabiiy muhitni muhofaza qilish va uni sog`lomlashtirishga, tabiiy resurslardan samarali foydalanish va ularni boyitishga qaratilgan siyosatlar majmuasidir. Odatda, bunday siyosat davlat, regional va global doirada olib borilishi mumkin va o`zida tabiatni muhofaza qilishning huquqiy asoslari (qonunlar)ni yaratish va ularga amal qilishni ko`zda tutadi.
Keyingi o`n yilda AQSH, Yaponiya, qator Yevropa Ittifoqi va MDH davlatlari, ayrim rivojlanayotgan mamlakatlar murakkab ekologik holatni sog`lomlashtirishga qaratilgan zaruriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqdilar, qonunlar qabul qildilar va amaliyotda qo`llay boshladilar.
Ularda ekologiyani sog`lomlashtirishga bel bog`lagan xalq harakati va partiyalar (masalan, "Yashillar”, "Grinpis” va boshqalar) faol ish olib bora boshladi. Natijada, o`tgan 80-yillar monaynida, asosan, iqtisodiy rivojlangan mamlakatlarda atrof-muhitning ifloslanish darajasi sekin-asta pasayib bordi. Bu ijobiy holatni aynan ana shunday harakatlarning natijasi, deb baholamoq kerak.
Shunga qaramay, ko`pchilik mamlakatlarda ekologik vaziyat hamon keskinligicha qolmoqda. Keng doirada amaliy natijalarga erishish uchun butun jahon doirasida kuchlarni birlashtirish zaruriyati mavjud. Shu maqsadda 1972-yilda Stokgolmda, 1975-yilda Xelsinkida, 1992-yilda Rio-de-Janeyroda, 1998-yilda Kiotoda atrof-muhit muhofazasiga oid yirik xalqaro anjumanlar bo`lib o`tdi va ularda muhim qarorlar qabul qilindi.
Muhim tomoni shunchaki, atrof-muhitni muhofaza qilish va ekologiyani sog`lomlashtirish muammolarini hal qilishda BMT va uning ko`plab bo`limlari faol ish olib bormoqda. Jumladan, BMTning atrof-muhitni muhofaza qilish dasturi (YUNEP) dir. Bu dastur atrofida shakllangan rasmiy idoralar turli mamlakatlarda bu sohada olib borilayotgan ishlarni muvofiqlashtirib turadi, mamlakatlarda to`plangan tajribalarni umumlashtiradi, istiqbolli ishlarni qo`llab-quvvatlaydi. YUNEPning bosh irodasi Nayrobi (Keniya) shahrida joylashgan.
Atrof-muhitni sog`lomlashtirishda, ekologik muammolarni ijodiy hal qilishda jamoatchilikning ham katta xizmat qilishi kutiladi. Aynan shu maqsadda O`zbekistonda jamoatchilik asosida "Ekosan” harakati tashkil topdi. U nafaqat O`zbekistonda, balki butun Markaziy Osiyo mintaqasida tabiatni muhofaza qilish, aholi yashash muhitini sog`lomlashtirish yo`lida harakat qilmoqda.
Dostları ilə paylaş: |