1.3 Elektr qurilmalariga qo’yiladigan xavfsizlik talablari
24. Ta’lim muassasalarida elektr qurilmalarini o’rnatish va ulardan foydalanishda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (ro’yxat raqami 1383, 2004 yil 9 iyulь) (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2004 y., 27-son, 317-modda) hamda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (ro’yxat raqami 1400, 2004 yil 20 avgust) (O’zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to’plami, 2004 y., 33-son, 379-modda) va mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.
25. Elektr energiyasidan foydalanishda ta’lim muassasasi rahbarining buyrug’i bilan muhandis-texnik xodimlardan elektr xo’jaligi uchun javobgar xodim tayinlangan bo’lishi va bu xodim elektr xavfsizligi bo’yicha tegishli malaka guruhiga ega bo’lishi shart.
26. Elektr xo’jaligi uchun mas’ul xodim kuchlanishi 1000 V va undan yuqori bo’lgan elektr uskunalarga xizmat ko’rsatishi uchun elektr xavfsizligi bo’yicha V malaka guruhiga, kuchlanishi 1000 V gacha bo’lgan elektr uskunalarga xizmat ko’rsatish uchun esa - IV malaka guruhiga ega bo’lishi talab etiladi. Mas’ul xodim davriy ravishda va o’rnatilgan tartibda elektr xavfsizligi bo’yicha ta’lim muassasasida tuzilgan komissiyada bilim sinovidan o’tishi shart.
27. Elektr toki o’tkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va o’lchash asboblari, shuningdek turli saqlovchi qurilmalar, rubilьniklar va boshqa ishga tushiruvchi apparatlar va moslamalar faqat yonmaydigan asoslarda montaj qilinishi lozim.
28. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritkichlar namlikdan, elektr dvigatellari esa suyuqlik sachrashidan himoyalangan bo’lishi shart.
29. Taqsimlovchi qurilmalar izolyatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi lozim.
30. Ishlab chiqarish va maishiy xonalarda qo’llanuvchi lyuminestsent yoritkichlar yopiq holda, namlik va chang o’tkazmaydigan maxsus armatura bilan qoplanishi lozim.
31. Kabellar va elektr o’tkazgichlarning izolyatsiyasi, tashqi birikmalar, elektr tokidan himoyalovchi yerga ulangan simlar, elektr dvigatellarning ishlash rejimi ko’rikdan o’tkazilishi va asboblar bilan o’lchash orqali tekshirib turilishi lozim.
32. Tok uzatilmagani sababli uskuna to’xtatilgan hollarda, elektr dvigatellar o’chirilishi kerak.
33. Elektr apparatlari va agregatlarining nolga va yerga ulash simlarining butunligi kamida olti oyda bir marta tekshirilishi lozim. Tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
34. Kam quvvatli elektr lampalari va asboblarini kattaroq quvvatlilariga almashtirish tarmoq uchun yo’l qo’yiluvchi yuklanishni hisobga olgan holda elektr xo’jaligi uchun mas’ul xodimning ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim.
35. Bitta elektr shtepseliga bir nechta iste’molchilarni ulash taqiqlanadi.
36. Changlarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun mashinalarning g’iloflari, uning asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan bo’lishi lozim.
37. Havo quvurlarining filьtrlari mayda katakli metall to’rlar bilan o’ralgan va yerga ulangan bo’lishi lozim.
38. Ta’lim muassasasining barcha turdagi binolari yashin qaytargichlar o’rnatilgan holda to’g’ridan-to’g’ri yashin urishidan himoyalangan bo’lishi lozim.
39. Yashin qaytargichlar har yili bahorda tekshirib turilishi va nosozliklari bartaraf etilishi lozim.
40. Momaqaldiroq vaqtida elektr o’lchashlarni amalga oshirish taqiqlanadi.
Dostları ilə paylaş: |