Elektron hukumatni rivojlantirish sohasida hal qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar Elektron hukumatlar xalqaro reytingida 2020 yili O‘zbekiston mavqeining pasayishi bilan bog‘liq vaziyat (mamlakatimiz elektron hukumatning rivojlanish darajasi bo‘yicha dunyo reytingida 6 pog‘onaga pastlab, 193 davlat orasida 87-o‘rinni egalladi) ushbu salbiy dinamika sabablarini hamda O‘zbekistonda elektron hukumat rivojiga va uning elektron hukumatlar global indeksidagi mavqeini yaxshilashga yordam beradigan omillarni chuqur o‘rganishni taqozo etadi. Asosiy savollar quyidagilar: Mamlakatimiz elektron hukumat rivojlanish indeksidagi dunyoning yetakchi mamlakatlari bilan o‘rtadagi farqni qisqartirishi uchun qaysi muammolarni bartaraf etishi kerak? Elektron hukumatni davlat xizmatlari sifatini oshirishda yetakchi omilga aylantirish uchun qanday choralar ko‘rish zarur
Ushbu muammolarni hal qilish uchun tadqiqotlar, keng tahlillar talab etiladi, xususan:
BMTning elektron hukumat bo‘yicha indeks ko‘rsatkchilari va ularning metodologiyasi;
Daniya, Estoniya, Janubiy Koreya, AQSh kabi elektron hukumatni rivojlantirish xalqaro reytingi yetakchilari, shuningdek, MDHning ushbu sohada yaxshi rivojlanayotgan mamlakatlari tajribasini o‘rganish.
Elektron hukumatni rivojlantirish xalqaro indeksi metodologiyasini va ushbu sohadagi yetakchi mamlakatlarning tajribasini o‘rganish bo‘yicha tahlil-tadqiqotlar allaqachon boshlab yuborilgan. Tadqiqot rejasida belgilangan vazifalarning puxta va o‘z vaqtida bajarilishini ta’minlash uchun chetdan ekspert jalb qilindi, elektron hukumat sohasi mutaxassislarining malakasini oshirish uchun Janubiy Koreya bilan muntazam aloqalar yo‘lga qo‘yilgan. Axborot texnologiyalari olami jadal o‘zgarib bormoqda. Xususan, bulutli texnologiyalar, katta ma’lumotlar, mobil va ijtimoiy kommunikatsiyalar, narsalar internetining paydo bo‘lishi va keng joriy etilishi, shuningdek ma’lumotlar xavfsizligi talablarining kuchaytirilishi uzoq muddatli global loyihalarni tahrirlashni taqozo etadi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston elektron hukumati joriy taraqqiyotining keyingi bosqichi Raqamli hukumatni rivojlantirish hisoblanadi. Uning konsepsiyasi allaqachon amalga oshirila boshlangan va birinchi navbatda, fuqarolar va biznes uchun qulay davlat xizmatlari tizimini, davlat bilan o‘zaro aloqalarni yuqori darajada avtomatlashtirishni, kerakli ma’lumotlarga kirish uchun yagona portallarni, ro‘yxatdan o‘tish jarayonlari yuqori tezligini ta’minlagan holda jismoniy va yuridik shaxslarga kerakli hujjatlar taqdim etilishi kabilarni ko‘zda tutadi. Bu jarayonlar «Raqamli O‘zbekiston-2030» strategiyasi bilan mutahkamlab qo‘yilgan. Strategiyadan asosiy maqsad respublikamizda raqamli sanoatni jadal rivojlantirish, milliy iqtisodiyotning raqobatbardosh afzalliklarini oshirish, shuningdek, 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturida belgilangan vazifalar bajarilishini ta’minlashdir. Xulosa o‘rnida ta’kidlash kerakki, davlat sektorida IT-vositalardan oqilona foydalanish davlat xizmatlarining shaffofligi, tezkorligi va hisobdorligini ta’minlash bilan bir qatorda, fuqarolarimizning muammolarini tezkor va samarali hal qilish imkonini beradi. Mamlakatimizda elektron hukumatni rivojlantirish uchun barcha jabhalarda jamoaviy ishlash zarurligini yodda tutishimiz lozim. Faqat birgalikda qilingan sa’y-harakatlargina O‘zbekiston elektron hukumatini jahon mamlakatlari elektron hukumatlari reytingi yetakchilari qatoriga olib chiqishi mumkin.