O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI AXBOROT TEXNOLOGIYALARI VA KOMMUNIKATSIYALARINI RIVOJLANTIRISH VAZIRLIGI
MUHAMMAD AL-XORAZMIY NOMIDAGI
TOSHKENT AXBOROT TEXNOLOGIYALARI UNIVERSITETI
“Elektron hukumat”
Fanidan
Mustaqil ishi
Mavzu: Elektron hukumat va raqamli texnologiyaning rivojlanishi
Guruh: 031-19
Bajardi: Mo’minxo’jayev.M
Tekshirdi: Yuldashev.R
Toshkent 2023
Reja:
Elektron hukumat xizmatlarini rivojlantirish.
Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumat.
Raqamli texnologiyalarning rivojlanishi.
Xulosa.
Foydalanilgan adabiyotlar.
Bugungi kunda elektron hukumatni ― davlat organlari ko‘rsatayotgan xizmatlarning, ochiqligi, shaffofligi, shuningdek, samaradorligi va sifatini oshirish maqsadida raqamli texnologiyalardan foydalanish usuli deb tushunish ham o‘rinlidir. Elektron hukumat xizmatlaridan foydalanish, an’anaviy xizmat ko‘rsatish usulidan voz kechib, elektron shakldagi xizmatlar ko‘rsatish usuliga o‘tilishidir. Elektron davlat xizmatlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga nazar tashlasak, xalqimizga elektron davlat xizmatlaridan masofadan foydalanishni yanada yengillashtirish maqsadida o‘tgan yili Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalining yangilangan talqini joriy etildi. Bunda portalga bir necha yangilik va o‘zgartirishlar kiritildi, elektron to‘lov imkoniyatlari kengaytirildi, portal interfeysi yangilandi hamda statistik ma’lumotlar yanada aniqroq va kengroq yoritildi.
2020-yilda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 50 ta yangi xizmat joriy etilib, bugungi kunda portaldagi jami elektron xizmatlar soni 250 dan ortiqni tashkil etmoqda. Aholi va tadbirkorlarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda qulayliklar yaratish maqsadida, hududlardagi pochta aloqasi bo‘linmalari orqali Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali platformasidan foydalangan holda davlat xizmatlarini taqdim etish yo‘lga qo‘yildi. Bugungi kunga qadar 500 dan ortiq pochta obyektlarida 17 turdagi xizmatni ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi. Shuningdek, joriy yil yakuniga qadar Yagona portalda yangi xizmatlarni joriy etish orqali xizmatlar soni 300 taga yetkazish rejalashtirilgan. Shu bilan birga, Yagona portalda mavjud xizmatlardan foydalanish jarayonlarini optimallashtirish va foydalanishni qulaylashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda. Bugungi kunda Yagona portalning mobil ilovasida 35 ta davlat xizmatidan foydalanish imkoniyati yaratildi. Mobil ilova orqali elektron davlat xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish maqsadida elektron raqamli imzo talab etish amaliyotini soddalashtirish bo‘yicha tegishli normativ huquqiy-hujjat loyihasi ishlab chiqildi hamda ushbu yo‘nalishda vakolatli organlar (Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Yangi texnologiyalar markazi) bilan ishlar boshlab yuborildi. Shu o‘rinda olib borilayotgan ishlarga xalqaro miqyosda haqiqiy baho beruvchi muhim jihat – mamlakatimizning elektron hukumat sohasidagi reytingiga to‘xtalsak, elektron xizmatlar ko‘rsatish darajasi bo‘yicha mamlakatimiz dunyoning kuchli 50 taligiga kirgan. Kelgusida mamlakat miqyosida sifatli va talab yuqori bo‘lgan elektron davlat xizmatlarini yanada kengaytirish, bosqichma-bosqich barcha davlat xizmatlarini raqamli shaklga o‘tkazish, shu jumladan:
joriy yil oxiriga qadar jami elektron davlat xizmatlari sonini 300 taga yetkazish;
Yagona portalda davlat bojlarini va davlat organlari tomonidan solingan jarimalarni va boshqa to‘lovlarni tegishli bank va boshqa to‘lov tizimlari orqali onlayn tarzda to‘lash bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi alohida platforma ishlab chiqish va ishga tushirish;
Yagona portalning mobil ilovasini takomillashtirish va unda 100 ta elektron davlat xizmatlarni joriy etish, avtotransport vositalari uchun tusi o‘zgartirilgan (tonirovka) oynalardan foydalanishga ruxsatnoma berish kabi bir qator amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar belgilangan.
Aloqa, axborotlashtirish va IT-texnologiyalar sohasini rivojlantirish – O‘zbekiston davlat siyosatining asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanligi barchamizga ma’lum. Chunki ushbu sohalarning rivojlanishi xalqimizning turmush farovonligini oshirishga, mamlakatimizning iqtisodiy o‘sishiga xizmat qiladi. O‘zbekistonda telekommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish, aloqa infratuzilmasini takomillashtirish, «Elektron hukumat» tizimining axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini yaratish, iqtisodiyotni raqamlashtirish kabi masalalarga Hukumat darajasida e’tibor qaratib kelinmoqda. Shu bilan birga, elektron hukumat tizimini kelgusida rivojlantirish uchun qanday uslublar va yondashuvlar kerakligi dolzarbligicha qolmoqda. Aholi elektron hukumatdan faol foydalanishi uchun ko‘p ishlar qilindi. Bundan tashqari, raqamli iqtisodiyotni faol rivojlantirish bo‘yicha kompleks choralar oxirgi yillarda respublikamizda yanada jadallashtirildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 2020-yilning 28-aprelida «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Unga muvofiq, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot bilan shug‘ullanuvchi yaxlit (integratsiyalashgan) tizim yaratildi. Elektron hukumatni rivojlantirish, iqtisodiyot va qishloq xo‘jaligi sohalarini raqamlashtirish, IT-parklarni tashkil etish va boshqarish vazifalari to‘liq ushbu vazirlikka berildi. Vazirlik qoshida alohida Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazi faoliyati yo‘lga qo‘yildi. So‘nggi yillar zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari barcha sohalarda, birinchi navbatda, davlat boshqaruvi, ta’lim, sog‘liqni saqlash va qishloq xo‘jaligida keng joriy etilgani bilan ajralib turadi. Hozirda elektron hukumat tizimini takomillashtirish, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari ichki bozorini yanada rivojlantirish, respublikaning barcha hududlarida IT-parklar tashkil qilish va ushbu sohani malakali kadrlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan 200 dan ortiq ustuvor loyihalar amalga oshirilmoqda. Shu nuqtai nazardan, elektron hukumat va raqamli iqtisodiyot sohalarini kelgusida kadrlar bilan ta’minlashda IT-oliy ta’lim muassasalarning o‘rni va samarali faoliyati muhim ahamiyat kasb etib boryapti.
Toshkentdagi INHA universitetining elektron hukumatni rivojlantirish bo‘yicha faoliyati:
«Elektron hukumat» tizimini rivojlantirish – bugungi kundagi eng ustuvor vazifalaridan biri. Bu borada Toshkentdagi INHA universiteti tomonidan elektron hukumatni davlat faoliyatining barcha sohalarida joriy etish yo‘nalishida kreativ yondashuvlar ishlab chiqilgan.
Xususan, Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bilan birgalikda «Elektron hukumat rivojlanishi indeksini baholash metodikasi» ishlab chiqildi, Daniya, Latviya va Janubiy Koreya tajribalari o‘rganildi. Jahon banki ko‘magida, bank va Xitoy, Moldova ekspertlari ishtirokida elektron hukumat va raqamli transformatsiyalar bo‘yicha seminarlar o‘tkazildi. 2019-yil sentyabrida Toshkentdagi INHA universitetida YXHT loyihalari koordinatori hamda tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda ochiq ma’lumotlarni rivojlantirish bo‘yicha konferensiya o‘tkazildi. Konferensiyada ochiq ma’lumotlarni rivojlantirish bo‘yicha jahon tajribasi, uning O‘zbekistondagi rivojlanish holati va zamonaviy strategik yondashuvlar, rivojlanish va tajriba almashish bo‘yicha yo‘l xaritalari muhokama qilindi. 2021-yil 15-aprelda Toshkent shahridagi INHA universitetida «Elektron hukumat rivojlanishining tahlil ko‘rsatkichlari va metodologiyasi asosida O‘zbekiston Respublikasining xalqaro reytingini oshirish» mavzusida Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan ilmiy seminar tashkil etildi. Bejizga ushbu mavzu tanlanmagandi. Zero, vazirlik va idoralar, ta’lim muassasalari mutasaddilari hamda xalqaro ekspertlar ishtirokida ilmiy seminar o‘tkazish, elektron hukumatning roli va bu sohadagi yangi tendensiyalarni har tomonlama muhokama qilish nafaqat O‘zbekistonning elektron hukumatlar xalqaro reytingidagi mavqeini yaxshilashga, balki BMT bilan kelgusidagi munosabatlarini mustahkamlashga qaratilgan istiqbolli vazifalarni ham samarali va muvofiqlashtirilgan tarzda amalga oshirishda muhim qadam sanaladi. Oldimizga qo‘yilgan vazifalarni samarali hal etishda ilmiy seminarlar va davra suhbatlarining o‘tkazilishi muhim. Oliy ta’lim muassasalari, davlat va xalqaro tashkilotlar, shuningdek, ixtisoslashtirilgan IT-muassasalarning bu yo‘nalishda kuchlari birlashtirishi, shubhasiz, yaxshi natijalarni kafolatlaydi. Ushbu tadbirlarda har bir qatnashchi o‘z tajribasi bilan o‘rtoqlashish, boshqalarning tajribasini o‘rganish, konstruktiv va sermahsul takliflar olish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu esa elektron hukumatning har tomonlama taraqqiy etishida ijobiy ahamiyat kasb etadi. Ilmiy-amaliy tadbirlar bilan bir qatorda, universitet aholining axborot texnologiyalari bo‘yicha savodxonligini oshirish, xususan, yoshlar va xotin-qizlarning raqamli texnologiyalar bo‘yicha bilimlarini oshirishga qaratilgan qator amaliy tadbirlarda ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, so‘nggi yil mobaynida BMT, Xotin-qizlar qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi, Google, Microsoft va boshqa IT-kompaniyalar bilan birgalikda raqamli texnologiyalar markazlari ochildi, Google festivallari o‘tkazildi, xotin-qizlar uchun IT-tanlovlar, Technovationwomen, DiGIgirls va boshqa tadbirlar tashkillashtirildi. Shuningdek, Raqamli avlod loyihasi amalga oshirildi. Biz uchun juda muhim bo‘lgan «Million o‘zbek dasturchisi» loyihasi o‘tkazilyapti, uning doirasida 200 ming nafardan ziyod yoshlar o‘qitildi. Ushbu loyiha bevosita IT-park hamkorligida amalga oshmoqda.Tasdiqlangan «Elektron hukumat tizimini rivojlantirish reytingida O‘zbekiston Respublikasining mavqeini yaxshilash bo‘yicha 2021 yilga mo‘ljallangan amaliy tadqiqotlar rejasi»ni amalga oshirish uchun Toshkent shahridagi INHA universitetining ishchi guruhi tuzilgan. Ushbu rejani amalga oshirish doirasida «Elektron hukumatni rivojlantirish ko‘rsatkichlari va metodikasi tahlili asosida O‘zbekistonning xalqaro reytingini ko‘tarish» ilmiy-tadqiqot loyihasi tayyorlanib, Innovatsion rivojlanish vazirligiga hamda Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish vazirligi huzuridagi Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markaziga yuborildi. Tez orada uni moliyalashtirish masalasi ijobiy hal yetiladi, degan umiddamiz.
Dostları ilə paylaş: |