Eng yangi davrda xalqaro munosabatlar


Sotsializm yemirilishining sabablari va oqibatlari



Yüklə 43,28 Kb.
səhifə4/5
tarix02.06.2023
ölçüsü43,28 Kb.
#123775
1   2   3   4   5
15- Yalta-podstam

Sotsializm yemirilishining sabablari va oqibatlari. Hozirgi kunda barcha xalqlar va davlatlar yer yuzida bo’layotgan voqealar, taraqqiyot jarayonlari bilan uzviy bog’langan sharoitda yashamoqdalar. Chunki, dunyoning u yoki bu mintaqasida bo’layotgan keskinlik albatta, qo’shni mintaqalarda ham o’z ta’sirini ko’rsatishi tabiiydir. Mamlakatimizning Birinchi Prezidenti I. A. Karimovning 2000- yil sentabrda BMT Bosh Assambleyasida so’zlagan nutqini eslash joizdir. “Kimki qandaydir tor xavfsizlik qobig’iga o’ralib, bu Yevropa, Amerika yoki boshqa biron mintaqaga taalluqli deya “o’zga” davlatlar muammolaridan go’yo chetda turishga intilayotgan bo’lsa, mavjud voqelikdan tamomila yiroqdir, bugun dunyo mamlakatlari bir-biri bilan uzviy bog’liq va ajralmasdir”. Shu sababli sodir bo’lgan bunday o’zgarishlarni chuqurroq o’rganib, ularga o’z munosabatimizni bildirishimiz muhimdir. XX asrning oxirida yuz bergan buyuk voqea sifatida tarixga kirgan sotsializm tizimining yemirilishi shubhasiz tarixchilarning diqqat markazida turishi tabiiydir. Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropadagi sotsialistik davlatlarda shuningdek, SSSRda yuz bergan o’zgarishlar jarayonining kelib chiqish sabablari va oqibatlarini chuqur o’rganish hamda tegishli xulosalar chiqarish, amalga oshirilayotgan islohotchilik harakatlarini qiyosiy ravishda tahlil qilish nihoyatda ahamiyatlidir.
Aftidan, 1989-yil 1848-yilga o’xshab tarixda ramziy yil bo’lib qoldi. Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropa ko’z o’ngimizda o’zgarib ketdi, ommaning kuchli harakatlari natijasida avtoritar tuzumlar quladi, kommunistik partiyalarning yakka hukmronligiga chek qo’yildi. Ba’zan fojiali va oldindan aytib bo’lmaydigan voqealar sodir bo’ldi.
Shuni ham aytib o’tish kerakki, sobiq sovet kishilarining aksariyati uchun voqealarning bunday burilish olishi kutilmagan hol bo’ldi va deyarli esankiratuvchi ta’sir ko’rsatdi. Buni shunday tushuntirsa bo’ladi: Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropa davlatlarida va SSSRda keyingi yillarda yuz bergan real ichki jarayonlar, aytish mumkin, Vengriya va Pol’shani istisno qilganda, ular o’rtasidagi o’zaro munosabatlar va hamkorlikning murakkab muammolari sovet ommaviy axborot vositalarida aynan mushohada qilinmadi hamda yoritilmadi. Ular o’tmishning ayanchli an’analariga mahliyo bo’lib, odatda bu mamlakatlardagi ishlarning haqiqiy ahvolini ancha bo’yab tasvirladilar, bunda yaqinda hokimiyatdan chetlashtirilgan doiralarning rasmiy nuqtai nazarini ifodaladilar. Shu bilan bir vaqtda u yerda sotsial keskinlik kuchaya bordi, oxiri 1989-yilning oxirida bo’ronga aylandi va totalitar hamda avtoritar boshqaruv rejimlariga chek qo’yildi. Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropadagi, shuningdek, SSSRdagi muhim o’zgarishlar jarayoni kontinentdagi muqitni tubdan o’zgartirib yubordi. Sovuq munosabatlar urushiga chek qo’yilib, G’arb bilan Sharq o’rtasida ishonch ruhi vujudga keldi, German davlatlarining birlashish jarayonini tezlashtirdi, mustaqil davlatlarning tashkil topishiga zamin tayyorladi.
Avvalo shuni aytib o’tish kerakki, sobiq sotsialistik mamlakatlardagi o’zgarishlar jarayoni jamiyatdagi inqirozlar oqibatida, xalqlarning uzoq yillar davomida yetilib kelgan pinhoniy noroziliklari natijasida yuzaga keldi. Demak, XX asr 40-yillar oxirida “sotsialistik” inqiloblar g’alaba qilgan va forma jihatidan sotsialistik tuzum o’rnatilgan davlatlarda ommaning antiavtoritar va antitotalitar chiqishlari bu tizimning taqidirini hal qildi. Bunday o’zgarishlar Ruminiyadan tashqari boshqa sotsialistik davlatlarda qon to’kishlarsiz amalga oshirildi.
Demak, sotsialistik davlatlardagi o’zgarishlar jarayoni birdaniga yuzaga kelgan yo’q, buning boshlanishini oldingi 10 yilliklardan izlamoq kerak. Bu haqda mutaxassislarning bir necha marta bahslari va munozarali tortishuvlari bo’lib o’tganligini eslash joizdir. Unda sotsialistik davlatlarda yuz berayotgan va yetilib kelayotgan inqirozli jarayonlar muhokama qilingandi, undan qutulish yo’llari qidirilgandi. Biroq olimlarning fikrlari ma’muriy-buyruqbozlik apparati rahbarlari tomonidan inobatga olinmadi. Natijada, 1989-yilning oxiridagi voqealarning shiddatli kechishi GDR, Ruminiya, Bolgariya, Chexoslovakiya, Pol’sha va Vengriyada mavjud bo’lgan sotsialistik tuzumni ostin-ustun qilib tashladi. Bu voqealar ushbu davlatlarda siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlarning yuqori cho’qqisiga chiqqanligining oqibati bo’ldi. Yana shuni ta’kidlash lozimki, ushbu jarayonlar yuz berishining asosiy sababi, Ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda asosan, 1947–1948-yillarda sotsializm qurish sovetcha modelining ushbu davlatlarga aynan ko’chirilishi oqibatida bo’ldi. Jamiyatni boshqarishning Stalincha ma’muriy-buyruqbozlik usulining mahalliy va milliy xususiyatlarni hisobga olmay Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropadagi sotsialistik davlatlar hayotiga aynan ko’chirilishi noto’g’ri ekanligini hayotning o’zi ko’rsatdi. To’g’ri o’sha paytda sotsializm qurishning sovetcha modelidan boshqa yo’l yo’q edi, bu yo’l yagona, to’g’ri yo’l deb qabul qildirilgandi. Biroq, ushbu sovetcha yo’lni qabul qildirishda xalqlarning ko’p mingyillik milliy an’analari, urf-odatlari va qadriyatlari, mahalliy sharoitlari va milliy xususiyatlari, diniy e’tiqodi va chegaralari hisobga olinmadi.
Yevropada sotsializm yo’liga o’tgan davlatlarda mavjud sovet modelini ko’p partiyaviylik asosida milliy va mahalliy xususiyatlarga qarab o’zgartirishga urinishlar darhol bug’ib tashlandi. Sovet modelidan bo’yin tovlash, yoki siyosiy va iqtisodiy reformalar qilishga bo’lgan har qanday urinishlar darrov davlatlar o’rtasidagi kelishmovchiliklarning kelib chiqishiga sabab bo’lardi. Masalan, 1948-yildagi Yugoslaviya bilan kelishmovchilik shunday kelib chiqqan edi. O’sha vaqtda deyarlik barcha kompartiyalar VKP (b) yo’lini ma’qullab Yugoslaviya kompartiyasi faoliyatini dastlab, burjuacha millatchilikka burilishda, so’ngra fashizm tomon burilishda va keyinchalik to’g’ridan-to’g’ri Yugoslaviya xalqining milliy manfaatlariga xoinlik qilishda aybladilar.
Bu ayblashlar 1948-yil iyunda bo’lgan Kominformbyuro rezolyutsiyasida, xususan “Yugoslaviya kompartiyasidagi ahvolga doir” degan hujjatda va 1949-yil noyabrda qabul qilingan “Yugoslaviya kompartiyasi qotillar va josuslar hokimiyati tepasida” degan hujjatda o’z aksini topdi.
Jamiyatga begona bo’lgan modelning tiqishtirilishi, xalqlarning va mamlakatlarning tarixiy, milliy xususiyatlarini hisobga olmasak, uni o’tmish qadriyatlari va an’analaridan, Yevropa va dunyo mamlakatlari bilan yuritib kelgan ko’p asrlik aloqalaridan ajratib qo’yish siyosatidan noroziliklar Yugoslaviyadan tashqari boshqa mamlakatlarda ham sotsializm qurishning dastlabki-yillaridanoq boshlangan edi. Ma’qul bo’lmagan sovetcha modeldan voz kechish yoki uni isloh qilish uchun bo’lgan urinishlarni biz 1953-yilda Berlinda, 1956-yilda Pol’sha va Vengriyada, 1968-yilda Chexoslovakiyada, 1980–1981-yillarda Pol’shada yuz bergan voqealar bilan izohlaymiz. Afsuski, bunday harakatlar turli xil yo’llar bilan, jumladan: kuch ishlatish yo’li bilan, SSSRning “harbiy yordami” bilan mamlakat rahbarlarini almashtirish yo’li bilan va “revizionizmga” qarshi juda qattiq kurash olib borish yo’li bilan bostirilardi. Markazga bo’ysunishni susaytirmaslik, imperializmga qarshi kurashda sotsializm blokining birligini saqlab qolish, yagona mafkuraviy frontning birligi uchun kurash olib borish siyosati xalqlarning va davlatlarning tarixiy va milliy qiziqishlaridan ustun qo’yildi. Masalan: Varshava Shartnomasi Mudofaa Tashkiloti a’zolaridan 5 davlatning (SSSR, GDR, Vengriya, Pol’sha, Bolgariya) kollektiv “internatsional” aktga birlashgan holda 1968-yil bahorda Chexoslovakiya davlati hududiga o’z qo’shinlarini kiritishlari mavjud tizimda boshlangan inqirozning oldini olib qolish uchun va kuch ishlatish yo’li bilan jahon sotsializm tizimining o’zini ham saqlab qolishga bo’lgan urinish edi.
Kommunistik harakatning zarbdor kuchlari va rahbarlari bunday holatning kelib chiqish sabablarini bilar edilar. Shuning uchun ham G’arbiy Yevropa davlatlari kompartiyalarining faol a’zolari orasida munozarali diskussiyalar ham bo’ldi, Yevropaning o’z xususiyatlarini hisobga olib, ish yuritish tarafdorlari bo’lgan “yevrokommunizm” oqimi ham vujudga keldi. Biroq, 1969-yildagi Kommunistik va ishchi partiyalari vakillarining Xalqaro kengashidan keyin bunday holatlar aniq ko’rina boshlagan bo’lsa ham, masalani kollektiv bo’lib muhokama qilishdan, inqirozli holatlarni bartaraf qilish yo’llarini izlashdan ko’pincha chetlab o’tildi. Kommunistik va ishchi partiyalari vakillarining kengashlari va uchrashuvlarida asosan “kommunistik birlik uchun”, “tinchlik va qurolsizlanish uchun» kurash masalalari muhokama qilindi. “Sotsialistik hamkorlik” ideologlari asosan, o’zlarining sa’yi-harakatlarini kommunistik qurilishning “umumiy qonuniyatlari”ni ishlab chiqishga qaratdilar. Xususan, 1957-yilda bo’lgan kengashda ushbu mazmundagi bir qancha hujjatlar qabul qilindi. Voqelikka va sotsializm qurish ishiga yangicha yondoshish harakatlari inkor qilib kelindi. yetilib kelayotgan “kasallik” sabablari o’rganilish o’rniga u yashirib kelindi. Shu yo’l bilan sotsialistik hamjamiyatdagi portlash jarayonlari bir muncha orqaga surilgan edi. Bunday siyosat yuritish asosan, XX asr 60-yillari oxiri – 70-yillari boshlariga kelganida o’zining nomaqbul siyosat ekanligini ko’rsata boshladi. Ayniqsa, qurollanish poygasini yuqori darajada olib borish orqali NATO bloki bilan Varshava Shartnomasi harbiy Tashkiloti o’rtasidagi kuchlar muvozanatini saqlab turishga urinish o’ta xavfli siyosat ekanligidan butun jahon tashvishga tusha boshladi. Bu o’z navbatida sotsializmga ixlosi bor mamlakatlarning ham undan yuz o’girib ketishlariga sabab bo’ldi. To’g’ri, bunday holatlar tashqi siyosat yuritish borasida sotsialistik mamlakatlarni ma’lum darajada ijobiy siljishlar qilishga majbur qildi.
XX asr 70- yillari boshida Germaniya masalasini tinch yo’l bilan hal qilishga urinish, 1970-yil 12-avgustda SSSR bilan GFR o’rtasida davlat shartnomasining imzolanishi, 1975-yilda Xel’sinkida Umumevropa Kengashining chaqirilishi, Yevropa kontinentida xalqaro keskinlikni yumshatishga erishish va boshqalar sotsialistik “hamdo’stlik” mamlakatlari bilan kapitalistik mamlakatlar o’rtasidagi qarama-qarshiliklarni bir muncha yumshatganday bo’ldi. Biroq, sotsialistik «hamdo’stlik» mamlakatlari iqtisodiy hayotidagi ilgarigi boshqarish usuli va markazdan qochuvchi kuchga qarshi kurash yo’li saqlanib qolaverdi-ki, bu o’z navbatida sotsialistik “hamdo’stlik” mamlakatlari xalq xo’jaligining jahon mamlakatlari xalq xo’jaligida bo’layotgan buyuk o’zgarishlardan orqada qolib, ilmiy-texnika inqilobi talablariga javob berolmay qolishiga olib keldi. Masalan: GDRni olaylik, u yerga xalq xo’jaligini yuritishning sovetcha modeli aynan ko’chirilgandan keyin, urushdan oldin va urush-yillarida GFR xalq xo’jaligi bilan bir xil darajada turgan GDR xalq xo’jaligi sotsializm qurilishi-yillarida butunlay orqada qolib ketdi. 1989-yilga kelganda GDRdagi mehnat unumdorligi GFRdagidan 40 foiz past bo’ldi.
So’z bilan qurilayotgan sotsializm va kommunizm bilan amaldagi sotsializm o’rtasidagi jarlik tobora chuqurlashib bordi. Shuni aytib o’tish kerakki, SSSR da ham va sotsialistik hamdo’stlik mamlakatlarining birontasida ham o’tgan-yillar mobaynida xalq ommasining turmush farovonligini ta’minlagan va ta’minlay oladigan, rivojlangan kapitalistik mamlakatlar xalq xo’jaligiga yaqin bo’lgan mustahkam xalq xo’jaligi tizimi yaratilmadi. Sotsialistik xalq xo’jaligidagi inqirozli holat-yildan-yilga chuqurlashib bordi, ishlab chiqarish va milliy daromad ko’rsatkichlari pasayib bordi. Inflyatsiya kuchayib, davlatlarning tashqi qarzi oshib bordi.
Qaror topgan sotsialistik jamiyat demokratiyaning eng oliy formasi sifatida atalsada, ammo qog’ozdagi deklaratsiya demokratiyasi haqiqiy hayotiy demokratik jamiyatdan juda yiroqda turar edi. Inson huquqlari masalasining eng oddiy elementlariga ham z’tibor berilmadi. SSSRdagi kabi hamdo’stlik va Yevropadagi sotsialistik mamlakatlarda ham sotsialistik jamiyat nuqsonlarini, kompartiyalar siyosatidagi xatolarni tanqid qilish, kamchiliklarni ochib tashlash uchun urinish sotsializmga dushmanlik sifatida baholandi va tegishli jazo choralari qurildi.
Sotsialistik jamiyatning xato va kamchiliklardan xoli bo’lgan jamiyat sifatida baholanishi va siyosat yuritilishi, xalq ommasi keng tabaqalarining fikri bilan hisoblashmaslik, amalda ularni jamiyatni boshqarish ishlaridan chetlashtirib, faqat topshiriqlar va buyruqlarni bajaruvchi passiv ijrochilarga aylantirib qo’yish, fikrlash, novatorlik va kashfiyotlar qilish huquqidan mahrum qilib qo’yish va hokazolar ma’muriy-buyruqbozlik usulida ish yuritayotgan kompartiyalar rahbarlariga nisbatan norozilikni kuchaytirib bordi.
SSSR hamda Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropadagi sotsialistik davlatlarning ichki ahvolini keskinlashtirgan, demokratiya mavjud bo’lmagan vaziyatda siyosiy-mafkuraviy nostabillik uchun shart-sharoit yaratgan boshqa muhim omillar ham bor edi. Avtoritar rejimlar jamiyatni demokratik asosda qurish bilan muvofiq kelmas edi. Xalq manfaatlari, uning xohish-istaklari hukmron doiralar uchun hech narsa emas edi.
Fikrlar xilma-xilligi isyonkorlik deb hisoblanar va ta’qib qilinar edi. Zero, har qanday boshqacha fikrlashning oldini olish uchun repressiya mashinasi doimo tayyor turar edi. “Dissidentlar” deb atalmish kishilar, ko’pincha shunday nom olgan taniqli yozuvchilar, masalan Chexoslovakiyaning o’zgarishlar jarayonidan keyingi Prezidenti V.Gavel kabilar, shuningdek, madaniyat arboblari, olimlar qamoq va sudlarga duchor qilinar yoki mamlakatdan surgun qilinardi. GDR aholisining 1989-yilning ikkinchi yarmida mamlakatdan GFR tomon ommaviy ravishda o’tib ketishga urinishlari, birinchi navbatda iqtisodiy sabablar bilan emas, balki siyosiy erkinliklar yo’qligi bilan bog’liq ekanligini o’tkazilgan sotsiologik so’rovlar ko’rsatdi. Mintaqa mamlakatlarida qonunchilikni buzishlar, poraxo’rlik, xazina o’g’irligi keng yoyildi. E. Xonekker va GBSPning boshqa rahbarlari yashagan uylarning aql bovar qilmaydigan darajada jihozlanishini GDR televideniyasi orqali xalqqa ko’rsatganda, bu narsa portlagan bomba singari taassurot qoldirdi. Yoki boshqa bir misol, T.Jivkovning davlat hisobidan shahar tashqarisida 40 dan ortiq qarorgoh, dala hovli va ovchilik uylari qurishi, ov qilish uchun maxsus qo’riqxonalarning tashkil qilinishi, yoki bo’lmasa, N.Chaushesku cho’miladigan vannaning jumragi oltindan, Chaushesku cho’miladigan vannaning jumragi kumushdan qilinishi, xullas bularning hammasi sotsialistik mamlakatlar rahbarlarining barchasiga tekkan kasal bo’lib, umumdavlat manfaatlariga zid va yot bo’lgan hatti-harakatlar edi. Bular “real sotsializm”ga putur yetkazgan va uning inqirozga yuz tutishiga o’z hissasini qo’shgan omillardan bo’lib hisoblanardi.
Yevropadagi sobiq sotsialistik davlatlarning barchasi hokimiyat qo’lidan tortib olinib, hukmronlik mavqeyini yo’qotgan kompartiyalarning takdiri ayanchli kechgan paytda bitta savol tug’ildi: ushbu partiyalarning dohiylari, ideologlari va nazariyotchilari partiya va hukumat faoliyatidagi halokatga olib boruvchi xatolarni nahotki ko’rmagan bo’lsa? Albatta, ularni ko’rmadi yoki sezmadi deb ayta olmaymiz, ular nimalarnidir hayotga qo’llab ko’rgandek bo’lishdi. Xalq xo’jaligini boshqarishda dunyo tajribasidan foydalanayotgan ham bo’lishdi, yangi-yangi partiya dasturlari, uzoq muddatli istiqbolli rejalarni ham qabul qilishdi, ushbu dasturlarda sotsializm juda katta yutuqlarga erishayotgan jamiyat qilib ta’riflandi. Mavjud sotsializmni qanday sotsializm deb atash kerakligi to’g’risida ko’pgina munozara va diskusiyalar bo’ldi. Uni rivojlangan sotsializmmi, rivojlanayotgan sotsializmmi, o’tish davrida turgan sotsializmmi yoki umuman va uzil kesil g’alaba qilgan sotsializmmi deb atash kerakligi to’g’risidagi tortishuvlar bo’ldi. Sotsializm afzalliklarini ilmiy-texnika inqilobi yutuqlari bilan bog’lab olib borish kerakligi to’g’risida bilag’onliklar qilishdi. Biroq bularning hammasi kosmetika laboratoriyasi chegarasida qolib ketdi, amaliyotda qo’llanmadi.
Savol tug’iladi, Yevropadagi sotsialistik mamlakatlarda hukmronlik mavqeini yo’qotib, tarqatib yuborilgan va rahbarlari jinoiy javobgarlikka tortilgan kompartiyalarda islohotlar qilish mumkinmidi, shu partiyalar o’z siyosatlarida ijobiy, xalqchil bo’lgan qayta qurish va yangilanishlarni amalga oshirib, o’z hukmronliklarini saqlab qolishlari mumkinmidi? Shuni aytib o’tish kerakki, har bir narsani o’z vaqtida qilmasa, yoki vaqtidan kechiktiribroq qilsa og’ir oqibatlarga olib kelishi turgan gap. Masalan: 1985-yilda SSSRda boshlangan qayta qurishni KPSS rahbariyati boshladi. Lekin bu qayta qurish juda kech boshlanganligi uchun, shu qayta qurishni boshlab bergan shaxs ham, uning partiyasi ham hokimiyatda qololmadi.
Agar Chexoslovakiyani oladigan bo’lsak, mamlakatda reformani 1968-yil bahorda boshlash kerak edi, chunki ChKP faoliyatini ommaning katta qismi qo’llab-quvvatlagan edi. ChKP shunday yo’l tutganda omma orasida o’z obro’sini saqlab qolgan bo’lardi. Partiya rahbarlarining almashtirilishi bilan bu reformaning yo’li to’sib qo’yildi va ChKPning omma orasida obro’sining tushib ketishiga olib keldi.
“Praga bahori” mobaynida olg’a surilgan, ko’p yillar davomida qattiq tanqid qilinib, “turg’unlik” ideologlari tomonidan sotsial-reformizm ramzi deb e’lon qilingan “demokratik sotsializm” davlatini bunyod etish g’oyasi hozirda butunlay boshqacha qabul qilinayotganligini tushunib olish qiyin emas. Yangi ijtimoiy tuzum o’z qiyofasini mehnatkashlar ommasi sari burmasa, bunday tuzumning umri qisqaligini hayotning o’zi ko’rsatdi.
Bizning nazarimizda, 1989-yil 4-dekabrda SSSR va uning ittifoqchilari tomonidan qoralangan, Varshava Shartnomasi Harbiy Tashkiloti qo’shinlarining 1968-yil Chexoslovakiyaga kiritilishi bilan Yevropadagi sotsialistik mamlakatlarda ma’muriy-buyruqbozlik tizimining metindek mustahkamligini qaror toptirishga da’vat etilgan edi. Sotsializmning “oliy maqsadlari» bilan oqlanuvchi bu narsa teskari natija keltirdi – uning nufuziga jiddiy va halokatli zarba berdiki, yigirma-yildan so’ng sodir bo’lgan “Praga kuzi”, go’yo “Praga bahori”dan estafetani qabul qilib olayotganday bo’ldi. Uning rahbarlaridan biri A. Dubchek yana siyosiy sahnada paydo bo’lib, milliy majlisning raisi bo’ldi.
GDRning ba’zi bir sobik, rahbarlarining fikricha, respublikada o’zgarishlar jarayonini 1983–1984-yillarda boshlash bilan mamlakatdagi normal holatni saqlab qolish mumkin edi. Bunday bo’lmagailigining sababi, Sharqiy Yevropadagi sotsialistik davlatlarning rahbarlari mavjud vaziyatga to’g’ri baho bera olmadilar, tarixiy jarayonlar pallasi yetilib kelganligini va zo’ravonlik siyosati bilan eski boshqarish tizimini saqlab qolish mumkin emasligini anglab yetmadilar. Tarix o’z ishini qildi, rahbarlarning ba’zi birlarining taqdiri fojiali kechdi, ba’zi birlariniki qamoq va ta’qib ostida bo’ldi. Natijada sotsialistik jamiyat qurish uchun qilingan 40-yillik urinishlar ostin-ustun bo’lib ketdi. Shunisi xarakterliki, qabul qilingan barcha deklaratsiya va konstitutsiyalarga, hujjatlar va dasturlarga qaramay Yevropadagi sotsialistik davlatlarda to’laqonli insonparvar jamiyat qurilmagan edi. Ushbu mamlakatlarda 60-yillarning oxirlarida sotsializm asoslarini qurish to’g’risida gap borsa-da, biroq keyingi-yillarda sotsializm qurish yo’lidagi harakatlar qiyinchiliklar bilan siljidi, amalda turg’unlik hukm surdi.
Hozirda Yevropa mamlakatlarida yuz bergan voqealar SSSRdagi qayta qurishning bevosita oqibatidir, deyuvchi keng tarqalgan fikrni tez-tez eshitish mumkin. Jilovlar yechildi, oqibatda shunday bo’ldi deyuvchilar qattiq adashadi. Albatta, SSSRdagi qayta qurish, “Brejnev doktrinasi”dan voz kechish Yevropa regionidagi inqilobiy jarayonlarga ijobiy ta’sir ko’rsatdi. Aniqrog’i ularni tezlashtirdi. Biroq biz ko’rsatayotgan ibratomuz o’zgarishlarning chuqur ichki xarakterga ega ekanligini hamda stalincha va yangi stalincha tipdagi ijtimoiy tizimning inqirozi bilan chambarchas bog’liqligini unutmaslik kerak.
Sotsializmning buyruqbozlik – byurokratik modeli Yevropadagi sotsialistik mamlakatlarda ijtimoiy manfaatlarda bir necha marotaba to’qnash kelganligini yuqorida aytib o’tdik.
1956-yilda Vengriya voqeasining bostirilishini vengerlar hozirgi paytda kattagina miqyosdagi islohotlarni amalga oshirishga halaqit bergan “milliy fojia” deb hisoblamokdalar.
SSSRda boshlangan qayta qurishni demokratik qayta qurishlarni amalga oshirishga to’siq bo’lib kelgan g’ovning olib tashlanishi deb baholashimiz mumkin.
Xo’sh, g’ov olib tashlanibdi, unda nima uchun Yevropadagi sotsialistik davlatlarda o’zgarishlar jarayoni 1985-yildan boshlanmadi? Buni shunday izohlash mumkin: SSSRda boshlangan qayta qurishning dastlabki-yillaridagi qiyinchiliklar bilan, shuningdek, 1956, 1968, 1980–1981-yillardagi tarixiy jarayonlarning achchik, saboqlari Yevropadagi sotsialistik davlatlarni birmuncha o’ylantirib qo’ydi. Ular agar o’zgarishlar jarayonini boshlasak boshimizga yana og’ir kulfatlar tushmasmikan degan xadiksirash va qurquv bilan kutib turdilar. Buning ustiga 1981-yilda boshlangan Pol’shadagi tarixiy jarayonning inqirozli holatda cho’zilib ketishi, eski hokimiyatni saqlab qolish uchun hamma vositalar ishga solinib 1981-yil dekabrda harbiy holatning e’lon qilinishi ham qo’shni sotsialistik davlatlarni birmuncha o’ylantirib qo’ygan edi.
1986- yil noyabrda Moskvada sotsialistik davlatlar rahbarlarining uchrashuvida SSSR rahbari bundan buyon SSSR Yevropadagi sotsialistik davlatlarga nisbatan o’z hukmini o’tkazishdan voz kechganligini, ularning ichki ishlariga bundan buyon aralashmasligini ma’lum qildi. Shunda ham ular bu aldov emasmikan degan o’yda kutib turishdi. Nihoyat 1989- yil 15-fevralda Sovet qo’shinlarning Afg’onistondan olib chiqilishi va shu mamlakatga qo’shin kiritishning xato bo’lganligini sovet hukumati tomonidan tan olinishi, 1956-yilda Vengriyaga, 1968-yilda Chexoslovakiyaga qo’shinlar kiritilishining ham bu davlatlarning ichki ishlariga zo’rlik bilan aralashish deb baholanishi va mazkur ishlar uchun bu davlatlardan kechirim so’ralishi sotsialistik hamdo’stlik mamlakatlaridagi hadiksirashlarga chek qo’ydi.
Shundan keyin o’zgarishlar jarayoni shiddatli kechdi. SSSRning aralashmaslik pozitsiyasida turishi bir-biriga qarshi turuvchi kuchlarning birini afsuslantirsa, ikkinchisini kurashga otlantiradi. Natijada Chexoslovakiya, Bolgariya, GDR, Pol’sha, Vengriya va Ruminiya davlatlarida xalq ommasining shiddatli chiqishlari byurokratik boshqarish tizimining to’g’onini qo’porib tashladi. Ruminiyada ahvol yanada fojiali kechdi, Yugoslaviyada kurashlar shu darajada keskinlashib ketdiki, uning parchalanib ketishi yetmaganday qirg’inbarot fuqarolar urushi uzoq-yillarga cho’zildi. SSSRda va Sharqiy Yevropadagi sotsialistik davlatlarda bo’lgan o’zgarishlar jarayoni Sharq va G’arb tarixchilari orasida ham, davlat arboblari orasida ham “Sotsializm va kommunizmning tarixiy taqdiri halokatli tugadi” degan xulosani tug’dirdi. Masalan: AQShning sobiq davlat arboblaridan biri Z.Bjezinskiy o’zining “Buyuk ag’darilish, XX asrda kommunizmning tug’ilishi va o’lishi” degan kitobida: – “Kommunizm bugun mafkuraviy jihatdan ham, sifat jihatdan ham umumiy inqiroz holatidadir” – deb yozgan edi. Professor Z.Bjezinskiy SSSRga alohida e’tibor berib: “XX asrning 20-yillarida dunyo davlatlari SSSRdagi kommunistik qurilish tajribasini biron-bir natija beradi deb kutgandilar. Bu taxmin ayniqsa Ikkinchi jahon urushidan keyin 60-yillargacha ishonch qozonib kelajak takdiri kommunizm bilan bog’liq bo’ladi deyishga asos bo’lgan edi. Biroq keying yillarda SSSR kishilarni va davlatlarni o’ziga jalb qilmaydigan, xalq xo’jaligi turg’unlikka yuz tutgan davlatga aylanib qoldiki, bu kommunistik jamiyatning kelajagi yo’qligini ko’rsatadi”, – degan edi.
Sharqiy Yevropadagi sotsialistik davlatlarda yuz bergan o’zgarishlar jarayoni tarixga zo’ravonlik hukmini o’tkazishga urinishning yaroqsizligini, kuch ishlatish va gegemonlik yo’li bilan siyosat yuritishning og’ir oqibatlar bilan tutashligini ko’rsatdi. Ko’pgina partiyalar va siyosiy kuchlar shunday yo’l tutishlari oqibatida tarix maydonidan mag’lub bo’lib chiqib ketdilar.
Biroq, shuni aytish lozimki, jamiyatning mazmunini va partiyalarning yaxshi yoki yomonligini ularning qanday nom bilan atalishi belgilamaydi, aksincha, amalga oshirilgan ishlarning ko’lami va xalqparvarligi belgilaydi. Shu nuqtai nazardan oladigan bo’lsak, jamiyatning sotsializm deb siyosiy yetakchi kuchlarning kompartiyalar deb nomlanishini qoralash unchalik to’g’ri emas. Faqat shunisi achinarliki, o’zlarini xalq manfaati uchun xizmat qiluvchi, uning dardi va g’ami bilan yonuvchi kishilar qilib ko’rsatgan rahbar kommunistlargina aybdordirlar. Kommunistik partiya ham sotsializm jamiyati ham shuning uchun kishilar nazarida yomon ko’rinib qoldiki, yuqoridagi chinovnik-byurokratlar barcha qilg’iliklarini sotsializm va kommunistik partiya nomidan qildilar. 1989-yilning oxiridagi anketa so’rovlarning natijasi shuni ko’rsatdiki, Chexoslovakiyadagi oddiy kishilarning ko’pchiligi “Hokimiyat tepasida kommu-nistlar turadimi, demokratlar turadimi bizga baribir. Eng muhimi, kishilarning yaxshi yashashi va mehnat qilishi uchun sharoit yaratib berilsa bo’ldi, shunisi achinarliki, bizni uzoq yillar davomida kaltafahmlar boshqarib keldi”, deyishdi.
Yevropadagi sobiq sotsialistik davlatlarda bo’lgan o’zgarishlar jarayonidan keyin ko’plab partiyalar siyosiy maydonga keldi. Bo’lib o’tgan demokratik parlament saylovlarida ular ishtirok etsalarda, bu partiyalarning qaysilari qancha vaqt yashab turishi mumkiiligi to’g’risida biron narsa deyish qiyin bo’ldi. Parlament saylovlaridan keyin hokimiyatga o’ng sentristlar bloki chiqib oldi, ba’zi bir mamlakatlarda hal qiluvchi rolni sinfiy partiyalar emas, balki yangidan tuzilgan Pol’shadagi “Birdamlik” formasidagi xalq harakatlari o’ynadilar. Xususan, Slovakiyada “Zo’ravonlikka qarshi jamoatchilik harakati”, Bolgariyada “Demokratik kuchlar ittifoqi” va hokazo. Bir qancha hukmron partiyalar Pol’sha BIPni hisobga olmaganda, jumladan VSIP, GBSP, RKP, YUKP va ChKP qayta qurishning dastlabki davridayoq o’z faoliyatlarini to’xtatdilar.
Shuni ham aytib o’tish kerakki, 1989-yildan boshlangan o’zgarishlar jarayoni forma jihatidan Yevropa qit’asida “orqaga qaytish” protsessini boshlab berdi. Varshava Shartnomasi mudofaa tashkiloti o’z faoliyatini to’xtatdi. O’zaro Iqtisodiy Yordam Kengashi tugab ketdi, GDR GFR bilan qo’shilib, yagona Germaniya davlati tashkil topdi. Chexoslovakiya Chexiya va Slovakiya davlatlariga, Yugoslaviya bir qancha mustaqil davlatlarga bo’linib ketdi. SSSR qurolli kuchlari Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropa davlatlaridan olib chiqib ketildi. Rossiyaning so’nggi qo’shinlari ham Germaniya davlati hududidan 1994-yilning oxirida olib chiqib ketildi.
Markaziy va Janubi-Sharqiy Yevropadagi sobiq sotsialistik davlatlarda ikkinchi jahon urushidan keyingi yillarda nishonlanib kelingan bayram kunlari ham o’zgartirildi. Masalan; Bolgariyada 9-sentyabr (1944-yil, frontining tuzilishi) kuni o’rniga 3-mart – (1878- yil, San Stefano bitimi imzolanishi) kuni; Ruminiyada 23-avgust (1944-yil, Antonesku diktaturasining ag’darilgan) kuni o’rniga 1-dekabr – (1918-yil, Ruminiyaga Transilvaniyaning qo’shilgan) kuni; Chexoslovakiyada 9-may (1945-yil, Chexoslovakiyaning ozod qilingan) kuni o’rniga 28-oktabr (1918-yil, Chexoslovakiyaning mustaqilligi e’lon qilingan) kuni; Pol’shada 22-iyul (1944-yil, Pol’sha millatini ozod qilish komiteti e’lon qilingan) kuni o’rniga 11-noyabr (1918-yil, Pol’shaning mustaqilligi e’lon qilingan) kuni; Vengriyada 4-aprel’ (1945-yil, fashizmdan ozod qilingan) kun o’rniga 23-oktabr (1956-yil, Budapesht qo’zg’oloni boshlangan) kuni milliy bayram kunlari sifatida nishonlanadigan bo’ldi.
Bu mamlakatlarda ikkinchi jahon urushi yillari tarixi va undan keyingi o’tgan-yillar tarixi qayta yozildi.

Yüklə 43,28 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin