https://telegram.me/e_kutubxona 4
Biroz vaqt o‘tgach, u yoqdagilar ham oq mato ko‘tarishdi, kamiga — kaskani
ham qo‘shishdi. Biz kuchimiz boricha ko‘ylakni silkitib signal berdik, undagi
hamma bitlar yomg‘ir va shamolda to‘kilib ketgandir-ov. Nihoyat, u tomonda
paket tutgan qo‘l ko‘rinib, allaqanday fransuz ehtiyotkorlik bilan tikanli sim
orasiga suqildi;
u sekin-asta biz tomonga emaklar va ahyon-ahyonda dastro‘molini silkitgancha
yuzida qo‘rquv aralash kulardi. Oraliqdagi maydonning taxminan o‘rtasiga
yetganida u to‘xtadi, paketni yerga qo‘ydi, besh-olti marta u barmog‘ini nuqidi,
yana kuldi, bosh irg‘adi va emaklagancha iziga qaytdi. Bular bari haddan ziyod
hayajonga soldi bizni. Xayajonga bolalarga xos bo‘lgan, taqiqlangan ishni qilish
ishtiyoqi ham qo‘shildi, biz kimgadir hazil qilmoqchiga o‘xshardik go‘yo;
qolaversa, shunchaki tezroq paket yoniga borib, undagi shirinliklarnimi yoki bir
quti sigaretnimi qo‘lga kiritgimiz kelardi.
Qalbimizda jindek erkinlik, mustaqillik, do‘stlik va barcha o‘lim mexanizmlari
ustidan g‘oliblik ruhi ham paydo bo‘ldi. Shunday hisni men o‘shanda, asir
fransuzlar qarshisida turganimda chuqur insoniy bir tuyg‘u qalbimga muzaffarona
yorib kirib, «dushman» haqidagi ibtidoiy tushunchalarimni yanchib tashlagan
damda ham tuygandim. Endi esa bu zafarga o‘z hissamni qo‘shishni xohlamoqda
edim.
Biz shosha-pisha bir nechta sovg‘a-salom hozirladik, umuman olganda, mayda-
chuyda narsalar edi bari, chunki neytral hududning narigi yog‘idagilardan farqli
o‘laroq, bizning surobimiz tortilib qolgandi. Shundan so‘ng tag‘in ko‘ylak bilan
signal yo‘lladik, darrov javob qaytarishdi. Men ohista yuqoriga o‘rmalay
boshladim. Boshim va yelkam qariyb handakdan chiqdi. Senga ochig‘ini
aytaman, juda behuzur bo‘ldim: himoyasiz, mana men, degandek brustverdan
chiqib turibman — tap-tayyor nishon!
Keyin to‘ppa-to‘g‘riga emakladim, shundagina fikrlarim butkul o‘zgardi, go‘yo
yomon fikrlarni birov miyamdan so‘rib olgandek edi. Juda g‘alati va maroqli
vaziyat edi: ichimda misli ko‘rilmagan shodlik ko‘pirib toshayotganini his
qilardim. Xursand edim, kula-kula, dadil emaklardim.
Tugunchani qo’ydim va ular qoldirgan tugunchani olib, izimga burildim. Shu
mahal miyamda go‘yo tinchlik zavqi bir lahzada kunpayakun bo‘lgandek holat
yuz berdi. Ortimdan yuzlab miltiqlarning og‘zi menga qaratilgandek dahshatli bir
tuyg‘uni his qildim. Bu meni qattiq qo‘rquvga soldi, a’zoyi badanim jiqqa terga
botdi. Lekin o‘zimiznikilar yoniga sog‘-salomat yetib bordim va o‘pkam
og‘zimga tiqilgudek bo‘lib handaq ichiga ag‘anadim.