IY bob
SARBAST VAZNIDAGI SHE`RLARNING BADIIYATI
Ushbu bob ham sarbastning 60-70-yillardan keyingi taraqqiyoti, ham sarbast vaznidagi she`rlarning badiiyati haqidagi mulohazalarni o`z ichiga qamrab oladi. Buning sababi shundaki, sarbast vaznidagi she`rlarning yuksak san`at asari darajasiga ko`tarilishini, jahon adabiyotining samarali ta`sirini biz ko`proq Rauf Parfi, Tilak Jo`ra she`riyati misolida ko`ra olamiz. Yuqorida nomlari tilga olingan shoirlarning she`rlarida esa bir tarafdan, sarbast tajribalarining hali yangiligi; ikkinchi tarafdan, sotsialistik realizm talablarining tazyig’i ostida ko`p hollarda quruq deklarativlik, yaltiroqlik, dabdababozlik, quruq da`vat-chaqiriqlar, naturalistik qaydlar, soxta shiorbozlik yetakchilik qildi, she`rlarning badiiy salmog’ini tushirdi.
Rauf Parfining sarbastdagi she`rlari chuqur falsafiyligi, tasviriy vositalarning kutilmaganligi, his-kechinmalraning chuqur samimiyati bilan ajralib turadi.
Hasratimning
Suyuq toshlaridan
Daxma qurmoqchiman
O`zimga,
Ichida o`z jasadim bo`lsin, - deb yozadi shoir XX asr yapon klassik shoiri «Isikava Takuboku xotirasiga» bag’ishlangan she`rida.19 She`rning sarbastda ekanligi hech qanday hijo hisoblashlarisiz ham ma`lum. Ammo shoir bu bilan nima demoqchi? Bu erda so`z shoirlik qismati haqida. Chunki hasrat – shoir hayotining shakli, hasratlarsiz shoir bo`lish mumkin emas. U mana shu hasrat ichra ko`milgan holda yashaydi, u suyuq hasratning shaffofligi orqali dunyoni ko`radi, dunyoni anglaydi. Ana shunday prizmasiz u olamni anglay olmaydi. Suyuq toshlar hamisha uning jasadi uzra oqib, uni yuvib-tozalab turadi. Ikkita gapdan iborat bo`lgan na qofiya, na vazni bo`lmagan she`r ana shular haqida so`zlaydi. Hasrat, tosh, daxma, jasad singari o`lim bilan bog’liq timsollar kutilmaganda olamni anglash, umrning mazmuni, yashashga ishtiyoq xususida o`ylashga majbur etadi o`quvchini.
Bir so`z bor
Beg’ubor tong kabi go`zal
Tong chog’i ochilgan g’uncha kabi
G’unchada shabnam kabi musaffo
Shirin tuyg’ularning shirin farzandi
Osmon kabi bepoyon ko`zlar sevinchi yanglig’
Bir so`z bor
Bir so`z bor
Haqiqat so`zidan ham yuksak
Haqiqatning o`zidan ham yuksak
Bir so`z bor –
deb yozadi shoir yana bir she`rida.20 Shoir birinchi va uchinchi bandlarda mumtoz adabiyotdagi ruju` san`atini eslatadigan stilistik usuldan foydalanadi. «Ruju`»-qaytish demakdir. Ya`ni ijodkor avval bir fikrni aytadi yoki biror tasviriy vositani qo`llaydi, ammo shu zahoti bu «yo`l»dan qaytib, undan o`tkirroq boshqa fikr yoki tasviriy vositani qo`llaydi. R.Parfi ham she`rning markazida turgan «bir so`z»ni avval go`zallikda tongga, musaffolikda avval tongdagi g’unchaga, keyin g’unchadagi shabnamga qiyoslaydi. «Tong-tongdagi g’uncha-g’unchadagi shabnam» zanjirida tobora o`sha so`zning go`zalligi, toza-musaffoligi sayqallanadi, oshib boradi. Oxirgi bandda ham o`sha «bir so`z» avval haqiqat so`zidan, keyin esa hatto haqiqatning o`zidan ham yuksaklikka ko`tariladi. Ammo bu qadar toza, go`zal va yuksak so`z nima? Shoir buni aytmaydi. Chunki har bir kishining o`z so`zi bor: «bir so`z» - o`shadir. Bu so`z kim uchundir «muhabbat», kim uchundir «kurash», kim uchundir «Vatan»... Buni biz bilmaymiz... Har qalay, har bir kishining umriga mazmun bag’ishlagan, uni tik tutib turgan bir so`z bor. Shu so`zsiz inson umri hechdir, urinishlari hechdir... Bu she`r ana shular haqida. R.Parfi tinish belgilardan foydalanmaydi, tasavvurini zo`riqtirmaydi, fikrlarni yo`nib-qo`shib vazn qolipiga moslamaydi; ariqdagi suvning jildirashiday, tonggi qushchaning sayrashiday, bog’larning shovillashiday tabiiy bir ohangda she`r bitadi.
Umuman, tinish belgilaridan mutlaqo foydalanmaslik, obrazni kutilmagan qirrasi bilan namoyon etish; olamdagi turli hodisa, narsa va tushunchalar o`rtasidagi kutilmagan aloqadorliklarni kashf etish; topishmoqsifat ramz, istiora va timsollar; shularning hammasini kuchli emotsiya ifodalaydigan turli undov so`zlarsiz, dastlabki qarashda osoyishta, oddiy gapga o`xshagan shaklga joylashtirish; ammo ichdan to`lqinlanib yotgan isyon, g’azab, nafrat, kurashga chaqiriq, ezgulikni sog’inish motivlarining ustivorligi – Rauf Parfining sarbast vaznidagi she`rlariga xos xususiyatdir. «Hayot-juda oddiy Go`yo bir bosh uzumni eb bitirmak kabi gap», «Vujudimiz hujrasi uch milliarddan ortiq har hujrada olti qit`a Yashamak san`ati shu oltilikda», - deydi u yashash va umrning mazmuni haqida. R.Parfi turli raqamlarni, she`riy matnga olib kirish mumkin emasday bo`lib tuyuladigan belgilar, unsurlarni aynan sarbast vaznidagi she`rlariga olib kiradi; jahondagi murakkab siyosiy voqelar haqida, dunyoning fojiali qismat sohibi bo`lgan ulug’ shaxslari haqida aynan sarbastda yozadi. SHoirning V’etnam urashi haqidagi, Viktor Xara, Nozim Hikmat, Egishe Charents, Pablo Neruda, Bernd Iensh, Verlen, Luis Moran haqidagi she`rlarini erkin vaznda yozgan. «Hijrat» she`ri asrning mudhish voqealaridan biri - qrim tatarlarini Vatanidan badarg’a qilish voqealariga bag’ishlangan. She`r go`yo alohida kadrlardan iborat bo`lgan fotoplyonkani eslatadi:
Jo`nat-jo`nat.
Vokzal. Hijrat.
Vagonlarga ortildi xalq
Go`yo tonna-tonnna go`sht.
Eshiklar yopildi taqa-taq.
Po`sht.
Poezd chopar...
Kunlar kechdi
Kunlar zahar ichdi,
qon kechdi.
Poezd chopar zulmatni yorib
Go`daklar chirqillaydi,
Chollar o`ltirar g’arib.
Ko`zlar to`la, vagon to`la qayg’ular.21
She`r misralar sonining tengligiga ko`ra emas, balki sintaktik mustaqil birlik sifatidagi bandlarga bo`lingan. Boshqacha aytganda har bir band nasriy matnning bir abzatsini eslatadi. Har bir band turli tartibda qofiyalanishga ham ega. Masalan, 1-band: abvv, 2-band: baba, 3-band: abbb, 4-band: abav va hokazo. She`rda gunohsiz xalqni tug’ilgan yeridan judo etganlarga nafrat ruhi ustivor. «Kunlar kechdi, kunlar zahar ichdi, qon kechdi» misralari she`rda uch marta ma`lum masofada takrorlanadi. Mana shu jumlalarda she`rning asosiy g’oyasi, qalamga olingan voqealarning fojiyasi yorqin aks etgan. «Hasrat ortgan, g’azab ortgan poezd», «papiros qoldig’i tutuni yanglig’ olomon», «kirza etik kabi qalb», «temir odamlar» kabi istioraviy sifatlashlar, istioraviy o`xshatishlar poetik g’oyani chuqur ifoda etishga yordam bergan. She`rda istioraviylik to`g’ridan-to`g’ri hayqiriqlar, chaqiriqlar bilan almashinib turadi. «Butun bir elatning nedir gunohi,Nima bo`lmoqda axir shu go`zal tuproqda ham?», «O`nta yovuz, Yuzta sotqini bo`lmog’i mumkin. Lekin sotqin bo`lmas butun xalq!» deya fig’on chekadi ezgulikni sevgan shoirning qalbi, xalqni, insonni «tonna-tonna go`sht» deb bilgan jamiyatga, shaxslarga la`natlar o`qiydi.
Sarbastda samarali ijod qilgan shoirlardan yana biri yurtdoshimiz Tilak Jo`radir. Tilak Jo`raning sarbastdagi she`rlarida oddiy hayotiy hodisalar falsafiy talqin qilinadi, inson tuyg’ularining turfa tovlanishlari nozik idrok etiladi, dilbar peyzaj manzaralari yaratiladi.
-Bir parcha yering bo`lsa,
boringni eksang,
Bir parcha osmoning bo`lsa.
ko`zingni tiksang, -
Mustafoqul o`ylardi shunday:
-Bir parcha qog’ozing bo`lsa,
xayoling bitsang...-
Mustafoqulning bir parcha yeri,
bir parcha osmoni,
bir parcha qog’ozi
bor...
U yana o`ylaydi:
-Bir suygan sanaming bo`lsa,
lablariga xol bo`lib qo`nsang,
Bir uchqur samaning bo`lsa,
yag’rinida oftobni
ko`rsang...-
Mustafoqulning
Bir suygan sanami,
Bir uchqur samani bor.
U yana o`ylaydi...22
She`r daf`atan A.Pushkinning «Baliqchi va baliq haqida ertag»ini esga soladi. Bu she`r ham inson ehtiyojlarining cheksizligi haqida. Bir sintaktik qolipning takrorlanishi (Mustafoqul o`ylaydi... Mustafoqulning ...si bor), uning tugamay davom etishi mumkinligi ana shunday cheksizlikdan darak beradi. SHoir epik asarlardagi singari hayotiy voqeaning xolis hikoyachisiday tutadi o`zini, faqat Mustafoqulning orzulari haqida ma`lumot beradi, o`z hukm va xulosalarini bayon qilmaydi. Ammo mana shu «xolislik» ostida muallifning poetik maqsadi bor, qat`iy hukmi bor, Inson nafsining yuholigi oxir-oqibatda fojiaga, halokatga olib borishi haqidagi xulosasi bor.
«Marsdan kelgan odam» she`ri ham Fitratning «Mirrix yulduziga» she`rini eslatadi. «1950-yillarda matbuotda qandaydir marsdan kelgan apparatning yerga yaqinlashganligi to`g’risida xabarlar paydo bo`lgan edi» degan izohdan so`ng, T.Jo`ra ham xuddi Fitrat singari shu marslikka murojaat shaklini tanlaydi, XX asrda ro`y berayotgan fojialar, insoniy munosabatlarning murakkabligidan so`z ochadi:
Gapir, Marsda ham bormi urushlar,
Tog’lar bag’rida yastanganmi vodiylar?
Sizlar ham atom yaratdinglarmi?
Oilada qancha farzand tug’ilar?
Ularni boqishga qodirmi sizlar?
Har bir yurakdagi musiqa hissi
Sukunat ostida to`lg’anadimi?
Ey, marslik birodar, buncha yaqin kelma,
Ko`zimdagi ezgulik shu`lasiga ishonma.
..................................
Sizlar topdingizmi xudoni?
Echdingizmi mash`um muammoni?23
T.Jo`ra ham xuddi Fitrat singari ramzlar vositasida o`z yurtida bo`layotgan g’ayriinsoniy hodisalarni fosh etadi. SHoir go`yo umuman dunyoda bo`layotgan voqealardan so`zlayotganday bo`lib ko`rinsa-da, u aynan sho`ro davlati hududida sodir bo`layotgan mash`um hodisotlardan so`z ochadi, dam dunyo voqealaridan, dam o`z hayoti bilan bog’liq voqealardan gapirib, asl muddaosini «panalaydi». «Sizlar ham atom yaratdinglarmi?», «Oilada qancha farzand tug’ilar, Ularni boqishga qodirmi sizlar?», «Sizlar topdingizmi xudoni?», «...bizni butkul ado qilar shubha va yolg’on tutuni», «mudom yolg’on so`zlayman ezilib, Ba`zida nimadandir ketaman qo`rqib» singari misralar qo`rquv saltanatiga aylangan, insonni qorin g’ami bilan mashg’ul qilib, hatto oilasida nechta farzand tug’ilishigacha belgilab berib, tabiat qonunlariga ham qarshi borgan, xudosizlikni e`tiqod darajasiga olib chiqqan saltanatda sodir bo`layotgan voqealardan darak beradi. SHu tariqa T.Jo`ra Fitrat tanlagan stilistik usuldan foydalanib, asosiy poetik maqsadini turli badiiy vositalar bilan yashirgan holda g’ayriinsoniy jamiyatga poetik aybnoma o`qiydi. Bu badiiy g’oya ifodasi uchun esa shoir sarbast vaznini tanlagan.
«Og’irlik» she`rida esa hissiz, fikrsiz, o`z qobig’iga o`ralib yashaydigan kimsalar obrazi yaratilgan:
Siz ko`p yasharsiz:
Tog’ nima der,
Yulduz nima der qorong’ilikka,
Qush nima der, tong otarkan;
Agar tushunmasangiz.
Tuproqni, toshni, irmoqlarni,
Kechani, kunduzni,
Fikrlarni
Sevmasangiz,
Kulimsirab boqmasangiz:
Bulutga, dengizga, o`rmonga –
Siz juda ko`p yasharsiz.24
She`rni ikki qismga ajratish mumkin: birinchi qismda shoir avval oqibatni («Siz ko`p yasharsiz»), keyin uning shartlarini (...larni «agar tushunmasangiz»); ikkinchi qismda esa avval shart (...larni «sevmasangiz, kulimsirab boqmasangiz ...ga»), keyin oqibat («Siz juda ko`p yasharsiz») keltiradi. SHoir go`yo uzoq yashash shartlarini aytayapti, ammo aslida u shunday uzoq yashashga qarshi; aslida umrning mazmuni – tog’, yulduz, qushning tilini anglashda; tabiatni, fikrlashni sevishda; bulutga, dengizga va o`rmonga o`z og’angday kulimsirab qaray bilishda. She`rdan chiqadigan xulosa shu. SHoir oshkora tasvir va yashirin poetik maqsad o`rtasida tazodiylik hosil qilib, she`rga yuksak badiiylik baxsh etgan.
Umuman olganda, epik manzaralarni sirtdan xolisona chizish orqali inson qismatining chigalliklari, zamonning nobopligi, inson fe`lining turfaligi haqidagi mushohadalarini uncha ochiq bo`lmagan shakllarda ifoda etish; yovuzlikka nafrat orqali vatanparvarlik, sadoqat, kurash, go`zallikka muhabbat kabi insoniy tuyg’ularni targ’ib etish Tilak Jo`raning sarbastdagi she`rlariga xos xususiyatdir. Yana bir narsani alohida ta`kidlash kerakki, Tilak Jo`raning aksariyat she`rlari sarbastda bitilgandir. SHuning uchun o`zbek she`riyatida sarbastning taraqqiyotiga katta hissa qo`shgan shoirlar safida buxorolik shoirning nomini ham bemalol sanash mumkin.
So`nggi yillarda, xususan, mustaqillikdan keyin adabiyotshunsolikda modernizm haqida tez-tez gapiriladigan bo`ldi. O`zlarini modernchi deb hisoblaydigan shoirlar paydo bo`ldi, hatto ularning kitobi alihida majmua holida nashr etildi. Ammo adabiyotshunosligimizda modernizmni aynan sarbast deb tushungan olimlar ham yo`q emas, aksincha, ko`pchilik adabiyotshunoslar ham, shoirlar ham modernizmni sarbast deb tushunmoqdalar. Masalan, professor Umarali Normatov yosh shoir va adabiyotshunos Ulug’bek Hamdamov bilan qilgan bir suhbatida shunday deydi: «An`anaviy aruz, barmoqdagi she`riyatdan farqli o`laroq, modern she`rda uch unsur – original poetik fikr, tuyg’u, manzara ohangi, ya`ni o`sha uch unsurdan tug’ilgan ohang hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Aruz va barmoqdagi she`riy ritmika-ohangni belgilaydigan hijo, turoq, bahr, qofiya kabi qat`iy talablar bu yerda o`z ahamiyatini deyarli yo`qotadi. Biroq haqiqiy modern she`r ohangdorlik bobida an`anaviy aruz yoki barmoqdan aslo qolishmaydi. Qaltis va qiyin joyi shundaki, bu yerda aruz yoki barmoqdagi kabi ohangni vujudga keltiradigan tayyor andoza-me`yorlar yo`q hisob yoki bor bo`lsa ham ilmiy kashf etilmagan»25. Ritmika, ohang, qofiya, hijo, turoq, bahr va nihoyat aruz va barmoq haqida so`z bordimi, demak gap sarbast haqida ketyapti. Olimning suhbatdoshi Ulug’bek Hamdam esa bunday qarashlarni tanqid qilib modern she`rlarning «aksarida ijtimoiy dardning sayozligi, hatto tasvirlanayotgan o`ta intim kechinmaning ham bachkanaligi bor gap. Ayniqsa, barmoqda ham bemalol ifoda qilish mumkin bo`lgan kechinmalarni ortiq darajada «modernlashtirish»ga urinish bor», - deydi. U.Hamdam ham modernizmni har qancha fikr yangilanishi deb tushunmasin, baribir, ba`zan uni sarbast deb tushunib barmoqqa qarshi qo`yib tushunishdan tiyilolmaydi, «barmoqda ifodalash bemalol mumkin bo`lgan fikr» degan jumla shundan dalolat beradi.
Aslida esa, o`sha suhbatda U.Hamdam tomonidan tez-tez takrorlanganidek, modernizm – fikr yangilanishi, dunyoni boshqacha ko`rish demak. Bu yangilanish aruz shaklida ham, barmoq shaklida ham, sarbast shaklida ham ifoda etilaverishi mumkin. Ammo ba`zi yosh shoirlar «qofiya va vazndan voz kechib, fikr va tuyg`uing sal «chalkashtirib», murakkabroq qilib yozsang, bas, «modern» she`r tayyor»26-deb tushunayotganlari ham sir emas. Shuning uchun modern she`r deb taqdim etilayotgan ba`zi sarbast she`rlarda fikrning sayoz, tilning g’arib, til qoidalari atayin buzilgan, dard ko`rinmaydi.
Siz meni sevasiz,
Bilaman.
Sizga nozlangim keladi.
Lekin
Ko`zlarimda nozning dushmani,27 -
deb yozadi Olima Nabizoda. Aslida shoira ko`zlarim dilimdagini-muhabbatni oshkor qildi demoqchi, ammo shu fikr sun`iy ravishda ifoda etiladi. Chunki ma`shuqaning nozli ekanligi haqida faqat oshiq gapirishi mumkin, «senga nozlangim keldi» deyish esa qandaydir qo`pol, chuchmal va sun`iy.
Modernizmning ko`zga ko`ringan vakillaridan biri bo`lgan Bahrom Ro`zimuhammadning she`rlari esa futuristlarning she`rlarini esga soladi. Futuristlar «yangi go`zallik, mashina go`zalliklarini maqtaylar. Vaznda ozodlik tarafdori bo`lgan futuristlar jumla tuzishni ham «nahv» qoidalaridan «ozod qilmoq» istaylar. Sifatlar, tinish belgilari, ko`makchi so`zlarni ishlatmaylar... SHe`rda raqam ishlatmakni maqbul ko`radirlar. O`zlaricha yangi so`zlar yasaydilar»28.
B.Ro`zimuhammadning «Qurbaqa kelin qissasi. 1. Fil’mning davomi. 2.Fil’mning xulosasi», «Vertolyot» kabi she`rlari ha Fitrat aytgan futuristlarning she`rlarini esga soladi. «Fauzerga nazira» she`rida:
Eshitishimga qaraganda Germaniyada
Televidenie 45 kanalda ko`rsatuv olib borarkan
Tunning ikkinchi yarmida
Telekameralar ko`cha-kuyga vokzalga
Metroga ulab qo`yilar ekan
Chala uyqudagi yo`lovchilarni
Ko`cha supuryapgan farroshni
YOki suv sepadigan mashinalarni
Homuza tortib ko`rishingiz mumkin29, -
kabi hissiz, rangsiz misralarni, zerikarli hikoyaga o`xshagan jumlalarni o`qiymiz. She`r uch qismda shu taxlit turli xabarlar bilan davom etaveradi. Ammo shoirning maqsadi aniq emas. Xususan, ochiq erotik tasvirlar o`quvchining g’ashini keltiradi. Shoir, ehtimol, g’arb olamini tanqid qilayotgandir; ehtimol, uni na oqlamay, na tanqid qilmay–bor bo`yicha ko`rsatmoqchidir; ehtimol, benihoya taraqqiy qilgan zamonda insonning his-tuyg’ularidan butkul judo bo`lganini aytmoqchidir; ehtimol, insonning uzluksiz his-fikrlar oqimini qanday bo`lsa, shundayligicha tasvirlamoqchidir. She`rdan bu taxminlarning birortasiga aniq javob topolmaysiz. She`r-xohlagan narsangni yozib, o`quvchi o`zi xulosa chiqarib olishi lozim bo`lgan qarovsiz maydon emas, she`r-fikr va his-tuyg’uning omuxtasi o`laroq dunyoga keladigan san`at asaridir. Bugungi modernchi shoirlarning she`rlari esa o`quvchida na fikr uyg’otadi, na estetik zavq. U.Hamdam yuqorida eslatilgan suhbatda: «...natijaga hali ancha bor. Hali yoshlar she`riyati tugallanmagan, harakatdagi jarayon. Binobarin ularning she`riyatimizdagi jiddiy o`rni haqida gapirishga ancha fursat bor. ... Bizda modern she`r hali san`at asari sifatida o`zining qiyomiga yetgani yo`q. Biz hozirgacha o`z nazarimizdagi modern she`rda faqat shakl farqliligini, ifoda o`zgachaligini ko`ryapmiz, xolos.
... o`zbek modern she`riyati hatto shu bugungi holida ham ko`pso`zlilikdan, olifta va bachkana tuyg’ularu «burama fikrlar yaltiroqligidan, tafakkurning hissiz o`yinlaridan xoli emasligidan ko`z yummaslik lozim»,-deganida haq edi. Chunki modernizmni faqat shakl tovlanishlari, aniqrog’i, sarbast deb tushunish, shaklga zo`r berish, tilni zo`rlash, fikrni soxta obrazlar ostiga ko`mib tashlash, ba`zan esa fikrsizlik bugungi juda ko`p sarbast she`rlarning xususiyati bo`lib qolmoqda. Fikrimizga isbot tariqasida B.Ro`zimuhammadning «Qurbaqa kelin qissasi» she`rini to`liq keltiramiz:
1.F i l m n i n g d a v o m i
Qurbaqa kelin hovuzning tinch joyiga
ikki-uch qizil yaproq to`shab qo`yadi
suv ostidagi yaltiroq toshning
nuri bilan tozalaydi yaproqlarini
bedana sayrog’ini supurgi qilib
supurib chiqadi suv betini
REKLAMA olmaga asalari qo`nmoqda
daraxt tanasiga tushgan qurt gapiradi
endi asalarilarning zamoni
asalarilar jamiyatga ziyon etkazmaydilar
asalari qo`nadigan olmalarni xarid qiling
YANA FILM DAVOM ETADI
hovuzni bahaybat kosaga ko`chirib
podshoh saroyiga keltiradilar
shahzodaning ishqi tushibdi qurbaqaga
keyin esa qurbaqa malika bo`ladi
odam oyga qochsa-da
o`zidan forig’ bo`lolmas hech qachon
qurbaqa suvdan chiqsa baqaga evrilar
sahroga oyoq qo`ysa bo`lar toshbaqa
saroyga borsa malika
endi u kanizaklar qurshovida
mumdek eritadi shahzoda badanini
gullar isi keladi shivirlashidan
jannatga opketadi shahzodani tunda
REKLAMA SHaytonning qo`lida uyali telefon
Isrofilga sim qoqadi nayingni chal deydi
hali vaqt bor deydi Isrofil
DIKTOR OVOZI: yettita dunyo bilan
bog’lanaman desangiz mana vosita
uyali telefon dastagi
oynai jahon ekranidan chiqib ketar sal
so`ng yana tasvirga qaytadi
She`r shu taxlit yana ikki qismda davom etadi. Xo`sh, shoir nima demoqchi? U qalbimizga qanday yovuzlikka nafratu qanday ezgulikka muhabbatni naqshlamoqchi? Hatto she`rdan ongli mazmun, aniq maqsad, biror-bir vazifa axtarmaganda ham, u bizning qalbimizni titratishi lozim emasmi? Afsuski, biz bu she`rdan «podshohning ishqi malikaga tushibdi» naqlining chaynalgan mazmuni va bugungi texnika asri robotligining zerikarli tanqididan boshqa narsani ko`rmaymiz. She`rda obrazlar ham sun`iy, asossiz. «Bedana sayrog’ini supurgi qilib supurib chiqadi suvning betini» deb yozadi shoir. Vaholanki, bedana sayrog’i bilan sukunatni, olamdagi boshqa tovushlarni, qalbdagi mahzunlikni supurdi deyilsa asosliroq bo`lar edi. Suvning betini esa shamol supurishi mumkindir. Bundan tashqari, A.Oripovning «Bola chog’im edi...» deb boshlanuvchi she`rida juda ajoyib tarzda ifoda etilgan «odam biror gunoh qilsa, o`zidan qochib ketolmaydi» qabilidagi g’oya she`rda «odam oyga qochsa-da o`zidan forig’ bo`lolmas hech qachon» shaklida, she`rdagi boshqa unsurlarga bog’lanmagan holda takrorlanadi.
Ayni paytda bugungi modernchi shoirlar sarbast shakllarida:
Donsiz ketayotgan chumoli
Maqtanchoq bo`ladi:
«Yer sharini yumalatib ketyapman»,
Deb o`ylaydi u (Ikrom Iskandar)30, - singari samimiy satrlarni ham bitmoqdalar.
Ulug’bek Hamdam ham sarbast shaklida juda tabiiy tuyg’ularni kuylaydti:
Yomg’ir
Daraxtlarni yuvib tushar
novdalar yaltillar tozaligidan
qani endi deyman
qani endi shunday yomg’ir bo`lsa-yu
qurum bosgan hayotimni
yurak bag’rimni
butun borlig’imni yuvib yog’sa
qani endi
qani endi ko`zlarim porlasa
yomg’ir yuvgan tiniq yaproqdek.31
Tirikchilik yugur-yugurlaridan, shu yugur-yugurlar tufayli tug’ilgan hissizlik, buqalamunlikdan bezgan dil tozarish istaydi, dunyoga musaffo boqmoq istaydi. «Qurum bosgan» hayotdan uzoqlashmoq istaydi. «Qani endi» degan jumla bu istakning kuchliligidan darak beradi. SHoir o`xshatish, parallelizm, metaforadan foydalanib, qalb tozaligi sog’inchini sarbast shaklida ifoda etadi.
Shermurod Subhon ham erkin vazndan foydalanib jajji badiiy lavhalar yaratadi:
Ayt kimni ko`rding
Shoshqaloqsan nega
Buncha yuragim
...........
Tush-navbatdagi yolg’on
Aytmasman seni hatto suvga ham
O`ngimda uxlaydi
Ul suv parisi...
..............
Siz- osmonga bir boqsangiz bas
Soyaga aylanar shu`la
Siz oynaga boqsangiz bormi
SHu`laga aylanar soya...32
Birinchi she`rda sevgining oniy lahzasi qalamga olingan. Shoir muhabbat, ma`shuqa, kutmoq va visol haqida gapirmaydi, ammo yurakning oniy holati orqali sevgining ulug’ qudratini, ruhoniy hodisalarning hatto biologik hodisalar ustidan hukmronligini ochib beradi.
Ikkinchi she`r ham muhabbat haqida. Unda xalqona irim (tushni suvga aytish), tazod (tush-o`ng), mifologik obraz (suv parisi) vositasida ishq manzarasi yaratilgan.
Uchinchi she`rda ham shoir yorini oftobmi, oyga qiyoslash orqali, shu`la va soya tushunchalarini qarama-qarshi qo`yish orqali o`z ma`shuqasi go`zalligini ulug’laydi. Bu she`rlar badiiy vositalarning asosliligi, tasvirning, his-tuyg’ularning samimiyligi bilan diqqatni tortadi. Sarbast kichik shaklda badiiy g’oyani jonli ifodalash imkonini bergan.
Bugungi adabiyotshunoslar tomonidan modernist shoir sifatida tilga olinayotgan iste`dodli shoir Abduvali Qutbiddinning o`zbek adabiyotida poetik fikrning yangilanishidagi, sarbastning tadrijidagi xizmatlari kattadir. SHoir adabiyot maydoniga kirib kelgan paytlaridanoq she`rlarining o`ziga xosligi bilan kitobxonlarning diqqatini tortgan edi. A.Qutbiddinning she`rlari badiiy timsollarning pishiqligi, ritmning o`ziga xosligi, fikrning aniqligi bilan o`zbek modern she`riyatida ajralib turadi. Shoir «Tasavvur lahzalari»da yozadi:
Chanqovuz chaladi kampir...
Tishu barmoq faryodi...
Og’iz va bo`shliq faryodi...
(labdan o`tadir bir rishta)
Parchalangan tuproq ingrog’i...
Suv ingrog’i...
Koinot ingrog’i...
(Ro`zg’or g’ordir kirsang chiqmaysan)
Jag’lar qimirlamas...
Qo`llar shalpayar...
Tig’day o`tkirlashar ko`zlar...
(Nondangina iborat emas erk.)
Chanqovuz chaladi kampir...33
She`r san`atning buyuk qudrati orqali his etilgan tarix, olamni anglash, ko`rish mumkin bo`lmagan narsalarni ayon ko`ra boshlagan ko`zlar haqida. Shoir «koinot ingrog’i-ro`zg’or g’or», «non-erk», «tishu barmoq-faryod», «jag’, qo`l-ko`z» tazodlari orqali ruhoniy va moddiy olamni bir-biriga qarama-qarshi qo`yadi, chanqovuz nolalarining suratini chizadi.
«Shahar» she`rida esa o`tkir ijtimoiy mumammolar xususida so`z boradi:
Arvohlar yashaydi bu shaharda
Biri Sulton,
Biri Jallod,
Biri Shoir,
Yana uch-to`rt Qul.34
She`rda inson erki toptalgan mamlakatda hammaning arvohga, ijtimoiy g’oyalarning ijrochisiga, qulga aylanib qolishi ana shunday ramziy shaklda ifoda etiladi. Aslida shoir zulm saltanati bo`lmish Sho`ro davlati haqida yozyapti. Bu davlatda Sulton, Jallod, Shoir va Quldan bo`lak kimsa yo`q. Unda «kallayi sahardan (balki zahardan) Qizarar osmon». Bu osmon nohaq qurbon etilganlarning xunidan qizil, tuni bilan ro`y bergan qotilliklarning guvohi bo`lganidan-xijolatdan qizil. Aynan «qizil» timsoli gap qaysi saltanat haqida borayotganligidan darak beradi.
Xulosa qilib aytganda, sarbast vazni 60-yillardan keyin yangi taraqqiyot bosqichiga ko`tarildi, qator shoirlar sarbastning go`zal namunalarini yaratdilar. Ayni paytda sarbastni suiiste`mol qilish, uni nuqul shaklbozlikka aylantirib qo`yish hollari ham uchradi.
XULOSA
Badiiy tafakkurning taraqqiy etishi, tarixiy sharoitning badiiy adabiyotda in`ikos etishi natijasida, fol’klor va jahon xalqlari adabiyoti ta`sirida o`zbek she`riyatida paydo bo`lgan sarbast vazni aruz va barmoq vazniy sistemalaridan ajralib turadigan o`ziga xos tizimdir. Sarbast o`zbek she`riyatiga ichki va tashqi omillar ta`sirida kirib keldi. Birinchidan, O`rxun-Enasoy yodgorliklari, «Irq bitik» kabi yozma manbalarda qo`llangan poeziya va proza o`rtasidagi vazniy holat, ikkinchi tarafdan XX asr boshlarida turk, tatar, rus, ozarbayjon va boshqa g’arb adabiyotlarining bevosita va bavosita ta`siri o`zbek she`riyatida XX asr boshlaridan sarbastning paydo bo`lishi, 20-yillardan ma`lum taraqqiyot bosqichiga ko`tarilishi, she`riyatimizning keyingi bosqichlarida esa yangilangan, o`ziga xos shakllarda taraqqiy etishiga sabab bo`ldi.
Sarbast an`anaviy aruz va barmoqqa xos bo`lgan vazn, qofiya va band kabilarning o`ziga xos tarzda qo`llanishi bilan xarakterlanadi. Unda ritm notekis, misralar uzun-qisqa, qofiya va band noizchil. Badiiy adabiyotda sarbast vaznidagi she`rga o`xshash hodisalar ham mavjud. Bular: oq she`r, saj`, nasriy she`r kabilar. Ammo bular alohida-alohida narsalar bo`lib, ularning har biri turli hodisalar safida, jumladan, sarbast she`rlar vazn sifatida tekshiriladi.
XX asr boshlarida, xususan, 20-30-yillarda Fitrat, Cho`lpon, Botu, Oltoy singari shoirlar sarbastda ijod qildilar. Ularning sarbast vaznidagi she`rlarida xuddi aruz va barmoqdagidek turli mavzular aks ettirildi.
G’.G’ulom, Oybek, Mirtemir, M.Shayxzoda, H.Olimjon kabi shoirlar adabiyot taraqqiyotining keyingi davrida sarbastni rivojlantirdilar. G’.G’ulom va H.Olimjon sarbastda ko`proq davr shiddatini, siyosiy-ijtimoiy voqelarni aks ettirib, da`vat, chaqiriq ruhidagi she`rlar bitgan bo`lsalar, Oybekning inson qalbining kechinmalari, his-tuyg’ularini o`z tabiiyligi bilan obrazli ifoda etgan sof lirik she`rlari sarbastda yaratildi; M.SHayxzodaning sarbast she`rlariga esa chuqur falsafiylik xosdir. Mirtemir sochma janrini rivojlantirgan shoir bo`lish bilan birga nazm va nasr orasida bo`lgan sarbastda ham ajoyib she`rlar yozdi. Mirtemirning she`rlarida keskin burilgan yo`l kabi birdan barmoqdan sarbastga o`tilganining guvohi bo`lamiz. Shoir inson qalbining qavat-qavatlarini kashf etar ekan, go`yo his-tuyg’ular oqimining tekis va notekis harakatini aks ettirgandek barmoq va sarbastni almashtirib qo`llaydi. Asqad Muxtor erkin vaznning taraqqiyotiga katta hissa qo`shgan shoirdir. SHoirning falsafiy she`riyatida sarbast vositasida xilma-xil kechinmalar, xilma-xil mushohada va fikrlar ifoda etildi. Sarbastning taraqqiyotida Rauf Parfi va Tilak Jo`raning ham katta xizmatlari bor. Ular sarbast vositasida murakkab ijtimoiy-siyosiy muhitning real manzaralarini yaratdilar. R.Parfining she`rlarida jumboqsifat ramzlar, istioralar, o`ziga xos sintaksis G’arb va Sharq she`riyatini muvaffaqiyatli sintez qilish natijasida paydo bo`ldi.
O`zbek adabiyotshunosligida turli bahs-u munozaralarga sabab bo`layotgan modern she`rlar ham, asosan, sarbastda yaratilmoqda. Ammo modern she`rlarning ko`pchiligida fikrning sayozligi, grammatika qoidalarini ataylab buzish, badiiy g’oyani turli murakkab ramzlar, tasviriy vositalar ostiga ko`mib yuborish, serso`zlilik xosdir. Ularning ko`pchiligi san`at asari sifatida na fikr paydo qila oladi, na o`quvchiga estetik zavq uyg’ota oladi. Hissizlik, she`rga xos bo`lmagan qo`pollik, erotiklik bunday she`rlarning qiyofasiga soya solib turibdi. Ayni paytda ular orasida Inson qalbining samimiy kechinmalarini samimiy ifoda etgan she`rlar ham yo`q emas. Bunday holat sarbast bugungi o`zbek she`riyati misolida hali harakatdagi jarayon ekanligini, o`zining takomil bosqichiga ko`tarilmaganligini ko`rsatadi. Bu adabiy tanqidchilar tomonidan ham e`tirof etilgandir.
Umuman olganda, sarbast alohida vazniy sistema sifatida o`zbek she`riyatida paydo bo`ldi, o`zining ajoyib mevalarini berdi va bugun ham rivojlanib bormoqda. Zamonaviy o`zbek she`riyatining o`ziga xos xususiyatlarini belgilash, tabiiyki, sarbast haqida ham fikr yuritishni taqozo etadi. Chunki sarbast o`zbek she`riyati rang-barang shakllarda taraqqiy etib borayotganligini ko`rsatuvchi hodisalardan biridir.
Dostları ilə paylaş: |