Bolalar bilimlarini mustahkamlash uchun savollar:
Qanday bolalarni yaxshi, odobli bolalar deymiz?
Ko‘cha qoidasiga rioya qilmaslik qanday odat?
Siz uyda ota-onangizga qanday yordam berasiz?
Suhbatlar natijasida bolalar ongida rasmlar, ulardagi ijobiy, salbiy ko‘rinishlar orqali yaxshini yomondan farqlash, yaxshilik qilish lozimligini tushunish malakalari shakllanadi.
Mavzu: “Mening mahallam” sayr Maqsad:Maktabgacha yoshdagi bolalarga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining “O‘zbekiston-suveren demokratik respublika. Davlatning “O‘zbekiston Respublikasi” va “O‘zbekiston” degan nomlari bir ma’noni anglatadi” mazmunidagi 1-moddasi asosida suhbat o‘tkazish. Suhbat orqali bolalarga tug‘ilib o‘sgan joyi haqida so‘zlab, mahalla tushunchasiga izoh berish, bolalarga tug‘ilib o‘sgan joyini bilish, o‘z mahallasi, ko‘chasiga nisbatan ularni asrab avaylash, ularga zarar yetkazmaslik hissini tarbiyalash. Oila, ko‘cha, mahalla haqida tushunchalarini kengaytirish va mustahkamlash. Uyda va ko‘chada tartib intizom va ozodalikni saqlashga o‘rgatish.
Kutilayotgan natija:Bolalarda o‘z mahallasi, ko‘chasini asrab avaylash, ularga zarar yetkazmaslik hissi tarbiyalanadi. Uyda va ko‘chada tartib intizom va ozodalikni saqlashga o‘rganadilar.
Suhbatning borishi: Tarbiyachi: Bolalar, hozir biz mahallamizni ko‘chalarini aylanib sayr qilib kelamiz. Nima uchun mahallamiz deyapman? Chunki hammani o‘z mahallasi bo‘ladi. Mahalla degani bu biz yashaydigan joy. Mahallada ko‘chalar, xonadonlar, do‘konlar, maktab, bog‘chalar joylashgan bo‘ladi. Biz hozir mahallamizning bog‘chamizga yaqin ko‘chalarida sayr qilamiz.
Tarbiyachi bolalarni muassasaga yaqin ko‘chalarni sayr qildiradi. Sayr vaqtida tarbiyachi istagan xonadon oldida to‘xtaydi va bolalar diqqatini ko‘chaning nomi yozilgan yorliqqa qaratadi. “Bolalar qarang, bu yorliqda ko‘chaning nomi yozilgan. Har bir xonadonnning o‘z raqami bor. Demak har bir ko‘chaning nomi, har bir xonadonning o‘z raqami bo‘lar ekan. Bu ko‘chaning nomi “Olmazor” ekan. Xonadon raqami 6 ekan. Kim o‘zi yashayotgan ko‘chasining nomini biladi? (Bolalar javoblari)
Mahallamizda ko‘chalar ko‘p. Ko‘rib turibsizki, ko‘chalarda xonadonlar joylashgan. Bu xonadonlarda oilalar yashaydi. Oila –bu biz otamiz, onamiz, aka-ukalarimiz bilan yashaydigan joy. Mahallamiz ko‘chalariga qarang, toza, daraxtlar, gullar ekilgan. Bu gullarni, daraxtlarni parvarish qilishda sizga o‘xshash bolalar yordam beradilar. Bolalar biz doimo uyda va ko‘chada tartib intizom va ozodalikni saqlashimiz kerak. Ko‘chalarga qarang, ozoda ko‘chalar qanday chiroyli ko‘rinadi! Ko‘chamizni mana shunday chiroyli turishini doimo saqlashimiz kerak. Bu maktab. Maktabda o‘quvchilar o‘qiydilar. Maktabning atrofida daraxtlar ekilgan. Bu daraxtlarni parvarish qilishda o‘quvchilar yordam beradilar.
Mahallamiz ko‘chalaridan mashinalar yuradi. (Ko‘chadan o‘tayotgan mashinalar kuzatish). Ko‘chalarda yurishni o‘z qoidasi bor. Ko‘chalarga e’tibor bering. Ko‘chada mashinalar yuradigan joylari bor. Piyodalar yuradigan tor yo‘laklar bor. Biz doimo mana bu tor yo‘laklardan yurishimiz kerak. Hech qachon ko‘chaning o‘rtasida o‘ynamang. Ko‘chaning o‘rtasida o‘ynash hayotingiz uchun xavfli.
Bu mahallamizdagi oziq-ovqat do‘koni. Mahallamizda bunday do‘konlar ko‘p. Odamlar o‘zlari uchun zarur bo‘lgan narsalarni bu yerdan sotib oladilar.
Mana shu bilan mahalla bo‘ylab sayrimiz tugadi. Biz mahallamizni aylanib, unda joylashgan binolarini bilib oldik. Demak, mahallamizda bizning boqchamiz, maktab, do‘konlar bor ekan. Mahallamiz ko‘chalari ozoda, daraxtlar, gullar ekilgan ekan.
Tarbiyachi bolalarni rahbatlantirib, suhbatni yakunlaydi.