21- mavzu: “Ozodalik-orastalik” Bolalarga orastalik -bu ozodalik ekanligini tushuntirish. Kir yuvish, idish-tovoqlarni yuvishning ham o‘z qoidalari borligini o‘rgatish. Ovqat qoldiqlarini, sabzavotlarning po‘choqlarini, qotgan nonlarni chiqindilar bilan aralashtirmaslik, mag‘zava va yug‘indilarni hovli va yo‘lkalarga sepmaslik, ularni hovlining chekka joyiga to‘kish ham orastalikka kirishi, qiz bolaning bunday orastaligi yaxshi tarbiyadan darak berishi, kir yuvilgandan so‘ng uni toza chayish, teskarisini o‘girib yaxshilab qoqish kerakligini va yuvilgan kirlarning turiga, katta –kichikligiga qarab ilish, qurigan kirlarni tekis taxlash, dazmol qilish kabi ishlar farosatlilik ekanligi haqida tushuncha berish. Ya’ni biror kishining ogohlantirishini kutmasdan hovli yuzasida, uy ichida, xonalarda tartibsiz yotgan narsa va buyumlarni o‘z joyiga qo‘yish, ishlatilgan asboblarni artib, tozalab qo‘yish kerakligi, harom va halol narsalarni farqlash va bu so‘zlarni ma’nosini o‘rgatish. Orastalik, ozodalik, farosat haqida buyuk allomalar o‘gitlari va rivoyatlaridan o‘qib berish.
22- mavzu: “Oilaviy tadbirkorlik” Bolalarga har bir oilada o‘ziga xos tadbirkorlik mavjudligi, oila a’zolarining o‘zlari yoqtirgan, qiziqqan xunarlari bo‘lishi, bu hunar avloddan avlodga o‘tib kelishi, uni farzandlarga, nabiralarga o‘rgatish an’ana ekanligi haqida ma’lumotlar berish. Masalan oilada kulolchilik, kashtachilik, qandolatchilik, gilamdo‘zlik, beshikchilik, tunkachilik, duradgorlik hunarlari bo‘lgan oila boshliqlari o‘z oldilariga avvalo o‘z farzandlarini oladilar shu bilan birga mahalladagi shu hunarga qiziqishi bo‘lgan bolalarni shogird etib olishlarini, hunarlarini ularga o‘rgatishlarini tushuntirish. Shu tariqa xunarmandlar oilasi tashkil topishi haqida ma’lumotlar berish.
Bolalarga o‘zbek milliy hunarmandchiligiga hos bo‘lgan rasmlar, ko‘rgazmalar tashkil etish orqali xalq hunarmadchiligiga nisbatan qiziqish uyg‘otish. Hunarmandlar haqidagi ertak va rivoyatlaridan o‘qib berish.