P.A.Sorokin (1889-1968). Taniqli faylasuf P.A.Sorokin tarix falsafasining rivojlanishiga kuchli ta'sir ko‘rsatdi. U jamiyatga individlar va ijtimoiy guruhlarning o‘z ehtiyojlarini qondirishga qaratilgan faoliyati bilan belgilanadigan bir-biri va jamiyat bilan o‘zaro munosabatlari natijasida vujudga keladigan integral yaxlitlik sifatida qaragan. P.A.Sorokin jamiyatni gorizontal, vertikal yo‘nalishlarda va fluktuatsiya (tebranish) tarzida murakkab harakatda bo‘lgan ijtimoiy-madaniy tizimlarning rang-barangligini tan olish nuqtai nazaridan tavsiflagan. P.A.Sorokin sotsiologiyasida o‘tmish va hozirgi sotsiologiya fanining muhim g‘oyalari uyg‘un birlikda jamlangan va ifodalangan.