Jamiyatning vujudga kelishiga doir qarashlar. Jamiyatning vujudga kelishi haqida ajdodlarimiz hayotining arxeologlar topgan va odamlarning ko‘plab avlodlari bosib o‘tgan murakkab va fojialarga to‘la tarixiy yo‘ldan dalolat beradigan izlarga qarab xulosa chiqarish mumkin. Shunga qaramay inson va jamiyat kelib chiqishining to‘liq manzarasi fanda hanuzgacha yaratilmagan. Jamiyat kelib chiqishining diniy talqini ham (u o‘z mifologiyasini haqiqat deb tan olishni talab qiladi), idealistik konsepsiya (o‘zining spekulyativligi tufayli) va materializm (ilmiy dalillar yetarli emasligi bois) ham asosli e'tirozlar uyg‘otadi. Kant materializmdan inson ruhining tabiatini tushuntiruvchi tamoyil sifatida foydalanish hyech qachon mumkin emas, deganida, ma'lum ma'noda haq edi. Ammo, daliliy ma'lumotlar ozligiga qaramay, biz jamiyatning vujudga kelish manzarasini ancha aniq yaratish imkonini beradigan ilmiy dalillarga ishonch bilan qarash lozim, deb hisoblaymiz.