Moddiy ishlab chiqarish iqtisodiy kichik tizim ishlab chiqarish faoliyati va kishilarning bu jarayondagi munosabatlari shakllarining majmuidir. Har bir jamiyat o‘z mavjudligi va rivojlanishi uchun zarur tabiiy boyliklarga ega. Ammo ijtimoiy boylik inson mehnati bilan yaratiladi. Ajdodlar yaratib qoldirgan boyliklarni saqlash va ulardan foydalanish hamda jamiyatning ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirish ijtimoiy boylikning o‘sishiga olib keladi. Buning natijasida mulk instituti ijtimoiy ishlab chiqarishning muhim vositasi va rag‘batlantiruvchi omili sifatida vujudga keladi. Dastavval kuch huquqi, obro‘ va odatga tayangan mulkiy munosabatlar keyinchalik yuridik shakl-shamoyil kasb etadi. Rivojlangan ko‘rinishda mulk ijtimoiy boylikning ma'lum ulushiga egalik qilish, uni tasarruf etish va undan foydalanish huquqini anglatadi. U turli shakllarda mavjud bo‘lgan va hozir ham mavjud bo‘lib, bu ijtimoiy ishlab chiqarishning shaklini ham belgilaydi.
Iqtisodiy tizim moddiy va ma'naviy ishlab chiqarishni hamda moddiy va ma'naviy xizmatlar ko‘rsatishni o‘z ichiga oladi.