Isbotlash va rad etish. Fanning u yoki bu qoidasining haqiqiyligi yoki soxtaligi, aniq-ravshan ko‘rinib turmaydi. Faqat eng sodda mulohazalar o‘zining haqiqiyligini tasdiqlash uchun sezgi idrokidangina foydalanishni talab qiladi: ko‘rsatish mumkin bo‘lgan narsani isbotlashning hojati yo‘q.
Fanning aksariyat qoidalari sezgi a’zolari orqali bilish darajasida va boshqa haqiqatlardan alohida emas, balki mantiqiy tafakkur darajasida, boshqa haqiqatlarga bog‘langan holda, ya’ni isbotlash yo‘li bilan haqiqiy deb qabul qilinadi. Isbotlash – ilmiy tafakkurning muhim vositasi.
Har qanday isbotda tezis, isbotlash uchun asoslar (dalillar) va isbotlash usuli mavjud. Haqiqiyligi yoki soxtaligi isbotlash yo‘li bilan aniqlanayotgan qoida tezis deb ataladi. Tezisning soxtaligini aniqlash rad etish deb ataladi. Isbotlashda foydalanilayotgan va isbotlanayotgan tezisning haqiqiyligini ko‘rsatayotgan barcha qoidalar asoslar yoki dalillar deb ataladi. Asoslar va dalillar ishonchli dalillar haqidagi qoidalar, ta’riflar, aksiomalar va ilgari isbotlangan qoidalardan tashkil topadi.
Qoidaning haqiqiyligini isbotlash u yaxshi tekshirilgan dalillar haqidagi qoidalardan bevosita kelib chiqishini ko‘rsatish demakdir. Biroq hayot shu darajada murakkabki, amalda juda ko‘p, hatto aqlga mutlaqo zid qoidalarni tasdiqlash uchun ham ayrim dalillar to‘plash mumkin. Bunda ayni shu qoidalarni rad etuvchi dalillar ham mavjudligi bir-biridan va atrof muhitdan ajratib olingan ayrim dalillar o‘zicha hech narsani isbotlamasligidan dalolat beradi. Dalillar haqidagi fikrlar o‘zaro bog‘liq holda qaralgan taqdirdagina isbotlash uchun asos bo‘lish mumkin. Isbotlash uchun asoslar jumlasiga mazkur fan asosiy tushunchalarining ta’riflari kiradi. Bu mazkur fanning barcha tushunchalari ta’riflanishi lozim degan ma’noni anglatmaydi. Ta’riflash – noma’lumni ma’lumga, murakkabni soddaga bog‘lash demak.
Isbotlanayotgan tezis tayanadigan isbotlash uchun asoslar qatoriga fanning asosiy tushunchalari ta’riflari va aksiomalardan tashqari tezisni asoslash uchun zarur bo‘lgan fanning ilgari isbotlangan qoidalari ham kiradi. Fan o‘z qoidalarining dalil-isbotlarini qancha ko‘p rivojlantirsa, har bir yangi qoidani isbotlash uchun oldingi asoslar soni shuncha ko‘payadi.
V.F.Asmus fikriga ko‘ra, asoslar va ulardan chiqarilgan xulosalarning aloqasi, agar u isbotlanayotgan tezisning haqiqiyligi tan olinishiga olib kelgan bo‘lsa, isbotlash usuli deb ataladi. Fanning ayni bir qoidasini isbotlash har xil, masalan, deduksiya, induksiyaga, analogiyadan foydalanishga, modellashtirishga asoslangan bo‘lishi mumkin.