Insonning kelib chiqishi haqidagi birinchi yondashuvinsonning paydo bo‘lishiga olib kelgan tabiatning qonuniy rivojlanishi g‘oyasidan kelib chiqadi. Bunda inson jonsiz, keyinchalik esa – jonli moddaning tabiiy evolyusiyasi mahsuli sifatida qaraladi. Mazkur konsepsiya 1859 yilda inson kelib chiqishining tabiiy-ilmiy talqiniga asos bo‘lgan CH.Darvinning «Hayvon va o‘simlik turlarining kelib chiqishi haqida» deb nomlangan mashhur asarini e’lon qilgan evolyusion nazariyasiga tayanadi va hozirgi vaqtda molekulyar biologiya va gen injeneriyasi sohasida erishilgan eng so‘nggi yutuqlar ta’sirida o‘z shakl-shamoyilini sezilarli darajada o‘zgartirib, aksariyat olimlar uchun ularning ilmiy faoliyatida o‘ziga xos dasturilamal bo‘lib xizmat qilmoqda.
YAna shuni ham ta’kidlab o‘tish lozimki, insonda nafaqat o‘ta rivojlangan tirik jonzotlar, balki o‘ta sodda mavjudotlar bilan ham kuchli genetik o‘xshashlik mavjud. Xususan, shimpanze bilan bunday o‘xshashlik 98% ni, kalamush bilan – 80% ni va hatto banan bilan – 50% ni tashkil etadi.
Biroq, shuni ta’kidlash lozimki, «tabiiy» yondashuv tarafdorlari inson kelib chiqishining dunyoviy konsepsiyasiga ham (masalan, darvinchilar bilan bog‘liq holda bo‘lganidek), kosmik konsepsiyasiga ham tayanishlari mumkin.
Ikkinchi yondashuv insonga, Xudo yoki kosmik Aql mehnatining mahsuli sifatida qarab, uni g‘ayritabiiy asosdan keltirib chiqaradi. Garchi bu konsepsiya isbotlanganlik jihatidan birinchi ta’limotga hozirgi zamon tabiatshunosligi nuqtai nazaridan yon bersa-da, lekin falsafiy nuqtai nazardan u insonning tabiiy-ilmiy kelib chiqishi konsepsiyasi kabi mavjudlik huquqiga egadir, zero birinchi yondashuv ham, ikkinchi yondashuv ham oqilona asoslangan va uzil-kesil dalil-isbotlar keltirmaydi.
Insonga falsafa nuqtai nazaridan yondashuv. Biz insonga nisbatan sof falsafiy yondashuvga hali qaytamiz va falsafa inson bilan qancha shug‘ullanmasin, u haqda hamma narsani bilishi va mazkur bilimni uzil-kesil va eng so‘nggi haqiqat deb hisoblashi mumkin emasligini ko‘rsatib beramiz. Hozir esa shuni qayd etishni istar edikki, o‘zi haqida va o‘zini qurshagan dunyo haqida inson falsafa paydo bo‘lishidan ancha oldin mulohaza yurita boshlagan. Ammo keyinchalik, «donolikka muhabbat» paydo bo‘lgach ham, inson mavzusi falsafaning diqqat markazidan darhol o‘rin olgani yo‘q.
Insonni qurshagan tabiat haqida bilimlar to‘planishi va ularning rivojlanishiga qarab, odamzotning o‘z-o‘ziga bo‘lgan qiziqishi ham kuchayib bordi, inson borlig‘ining bu sohadagi tadqiqotlar uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratuvchi yangi va yangi o‘ziga xos xususiyatlari aniqlandi. Odatda, jamiyat hayotida tarixan qisqa vaqt ichida jiddiy va teran o‘zgarishlar yuz bergan, insoniy munosabatlar negizini tashkil etuvchi eskicha tasavvurlar va qarashlar ta’sirida butunlay o‘zgargan davrlarda insonga bo‘lgan falsafiy qiziqish ayniqsa kuchaygan. Bunday davrlarda falsafada insonning mohiyati, uning burchi, vazifasi va yuz berayotgan voqealar uchun javobgarligi haqidagi azaliy masalalarga bo‘lgan qiziqish yana kuchaygan. SHunday qilib, falsafaning ontologiya, gnoseologiya, etika, estetika kabi bo‘limlari bilan bir qatorda, inson haqidagi bilimlar sohasi asta-sekin shakllanib bordi. Bu erda inson nafaqat turli tomonlardan tahlil qilindi, balki uning ijtimoiy, tabiiy va kosmik jarayonlar bilan o‘zaro aloqalari ham o‘rganildi.
Xo‘sh, bilimning bu sohasida asrlar mobaynida qanday ijobiy bilimlar to‘plangan? Insonni tushunish borasida taraqqiyotga erishildimi? Falsafa va fan sohasida erishilgan insonning mohiyatini tavsiflovchi, uning muhim xususiyatlarini yoritib beruvchi qanday shak-shubhasiz yutuqlarni qayd etish mumkin?
Insonni bilish borasidagi ko‘p asrlik sa’y-harakatlarni bir erga jamlab, ularning orasidan uzil-kesil echilgan deb hisoblash mumkin bo‘lganlarini ajratib olsak, shak-shubhasiz yutuqlar soni uncha ko‘p bo‘lmaydi. Ular orasida avvalo shu dalilni qayd etish lozimki, insonning paydo bo‘lishi Erda hayotning rivojlanishi bilan uzviy bog‘liq bo‘lib, u o‘z ibtidosi va muayyan tarixiga egadir. Xususan, 1982 yil Vatikandagi Rim Papasi fanlar akademiyasi tashkil etgan kongress ishtirokchilari – dunyoga mashhur antropologlar, bioximiklar va genetiklar hozirgi zamon tabiatshunosligiga tayanib, inson va hayvonot dunyosi o‘rtasida yaqin aloqa mavjud, degan umumiy xulosaga keldilar.
Inson va uni qurshagan dunyo tadrijiy rivojlanishini isbotlangan deb hisoblash mumkin. Bu nafaqat arxeologiya va Er geologik tarixi bilan tasdiqlanadi, balki Erdagi hayotga doir hozirgi tasavvurlardan va umumiy e’tirof etilgan «kengayib boruvchi Olam» nazariyasi tushuntiradigan dunyodagi evolyusion jarayonlardan ham kelib chiqadi.
Biroq fan, ayniqsa genetika ba’zan bizning avvalgi tasavvurlarimizni butunlay o‘zgartiradigan yangi kashfiyotlar qilishda davom etmoqda. Xususan, jonli mavjudotlarning biologik nusxalarini yaratish imkoniyatini beruvchi klonlash ketidan genetiklar, shov-shuvga sabab bo‘lgan eng so‘nggi xabarlarga ko‘ra, qadimgi faylasuflarning ilgari faqat odatdagi tajribaga tayangan o‘lmaydigan odam yo‘qligi haqidagi taxminiy (induktiv) xulosani jiddiy shubha ostida qoldirishga qodir natijaga yaqinlashdilar. Jumladan, italyan olimlari sut emizuvchilarning qarish jarayonini P66SHC sifatida ma’lum bo‘lgan alohida gen boshqarishini aniqladilar. Ular mazkur genni «nazorat osti»ga olish va shu tariqa sinalayotgan hayvonlar umrini populyasiya bo‘yicha umrning o‘rtacha uzunlik ko‘rsatkichiga nisbatan 35% ga uzaytirishga muvaffaq bo‘ldilar.
SHunga qaramay, bugungi kunda jismoniy umrboqiylik ilmiy nuqtai nazardan biologiyaning fundamental qonunlariga zid hisoblanadi. Bu qonunlarga muvofiq hujayralarning bo‘linish yo‘li bilan ko‘payish qobiliyatining susayib borishi inson hayotini cheklaydi. Xususan, insonning etuk organizmi taxminan 50 000 milliard hujayradan iborat ekanligi aniqlangan. «Odamda uning umri mobaynida bir hujayra avlodida ketma-ket bo‘linishlar soni elliktagacha bo‘ladi. Bo‘linish jarayonlari maromini hisobga olganda, shuni taxmin qilish mumkinki, inson umrining uzunligi (ba’zi bir istisno hollardan tashqari) 110 yoshdan oshishi mumkin emas»1.
Biroq fan bir joyda to‘xtab turgani yo‘q va shu bois matbuotda vaqti-vaqti bilan paydo bo‘layotgan genetik olimlarning hujayra qarishini to‘xtatadigan moddani topish, shuningdek organizmda mazkur moddaning ajralishini boshqaradigan genni aniqlash borasidagi urinishlari haqidagi xabarlar o‘ziga jiddiy e’tibor berishni talab qiladi.
Inson nima va uning mohiyati qanday degan savollarga javob topish uchun yo‘l ochadigan ba’zi bir muhim muammolarning ta’riflanishini ham ilmiy tadqiqotlarning shak-shubhasiz natijasi deb hisoblash lozim. Ularning eng muhimi – insonning kelib chiqishi, shuningdek ong, til, ijod, axloq, ma’naviyat va shu kabilarning tabiatini aniqlashdir.
Ko‘rsatilgan muammolarni anglab etishga ahd qilgan har qanday odam,
hayot nima?
birinchi odam qaerda va qachon paydo bo‘lgan?
inson ma’naviyatining tabiati qanday?
Erda inson paydo bo‘lishining sababi nimada?
bunda muayyan mantiq, qonuniyat, azaldan belgilangan muqarrarlik mavjudmi yoki bunga qandaydir tasodif, anomaliya, kimningdir xohish-istagi sabab bo‘lganmi?
hayot kosmik hodisami yoki faqat bizning sayyoramizda mavjudmi?
inson butun Koinotdagi birdan-bir aqlli mavjudotmi?, kabi masalalarni e’tibordan chetda qoldirishi mumkin emas.
Bu va boshqa shunga o‘xshash masalalar echimini topish ustida falsafiy tafakkur ham, ilmiy tafakkur ham tinimsiz izlanadi. Ammo tabiatshunoslik uchun ularning aksariyati nafaqat mushkul, balki echib bo‘lmaydigan, ba’zi bir hollarda esa umuman ochiq masalalar hisoblanadi, chunki ular xususida mavjud bilimlar shu qadar oz, yuzaki va muammolarga to‘laki, bunday bilimlarga asoslangan mulohazalar (boshqacha mulohazalar umuman mavjud emas) o‘zining ishonchlilik darajasiga ko‘ra taxminiy xususiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Ammo fan o‘z kuchini yo‘qotgan, yoki, hali kuchga to‘lmagan joyda aniq ta’riflar, bir xillashtirilgan til, yagona metodologiya va ishonchli dalillar bilan cheklanmagan falsafa o‘zini erkin his qiladi. Bu muayyan soha – antropologiyada o‘z ifodasini topadi.
Falsafa «boqiy» masalalarni o‘rganar va butun borliqning dastlabki asoslari va muhim qadriyatlarini aniqlashga harakat qilar ekan, u uzil-kesil echimlar va shak-shubhasiz javoblar olishga da’vogarlik qilmaydi. Sinovdan o‘tkazilgan dalillar va isbotlangan asoslarning yo‘qligi uni xijolatga solmaydi, zero falsafa intuitsiya, g‘oyibona ta’sir, ilhom, mantiqiy kuchga asoslangan farazlar, taxminlar, to‘ldirishlar bilan kifoyalanadiki, bu unga mavjud bilimlar va shakllangan tasavvurlar doirasidan chetga chiqib, aniq isbotlangan ilmiy echimga ega bo‘lmagan narsa yoki hodisani o‘zgacha tarzda, erkin tushuntirish imkonini beradi. SHu tariqa falsafa insonni bilish chegaralarini kengaytirib, uni nafaqat yuqoriroq darajaga ko‘taradi, balki yangi muammolarni qo‘yish imkonini beruvchi yangicha yondashuvlar, o‘zgacha nuqtai nazarlar va eng muhimi – eski muammolarning yangicha talqinlari bilan boyitadi.
SHu ma’noda S.SHeroziyning «Inson nimadan boshlanadi?», degan savolga hech ikkilanmasdan: «Inson marhumga motam tutishdan boshlanadi», deb javob beradi3. Dunyoga keldimu, bozorga bordim, kafanni oldimu, mozorga bordim4.
SHunday qilib, haqiqiy falsafada muayyan masalalar, ayniqsa inson bilan bog‘liq murakkab masalalar xususida bir xil fikrlash hollari kuzatilmaydi. Bundan farqli o‘laroq, fanda bir fikrlilik u yoki bu muammoning uzil-kesil echimi topilganidan dalolat beradi. Masalan, «abadiy dvigatel»ni yaratish masalasi xususida olimlar orasida to‘la bir fikrlilik hukm suradi: hozirgi zamon tabiatshunosligi qonunlariga muvofiq bunday dvigatelni yaratish mumkin emas. Ammo fandan farqli o‘laroq, falsafaning o‘ziga xos xususiyati shundan iboratki, u har qanday hodisani o‘rganish va tushunishda tayaniladigan qadriyatlar va mo‘ljallar tizimidan tashkil topadi. Ayni shu sababli bu erda u yoki bu faylasufning dunyoni qanday tushunishi, uning hayotga munosabati, ayniqsa, muhim rol o‘ynaydi. U qaysi aksiomalarni ilgari surishi, qaysi ustuvorliklarni qayd etishi, nimani muhim deb hisoblashi, nimaga ishonishi yoki ishonmasligidan faylasufning boshqa narsalarga bo‘lgan tegishli munosabati, uning umumiy va xususiy masalalarga doir falsafiy pozitsiyasi kelib chiqadi.
SHunday qilib, bilimni umumiy maxrajga keltirish an’anasi uzoq vaqt hukm surgan fandan farqli o‘laroq, falsafa har xil, shu jumladan bir-birini istisno etadigan nuqtai nazarlarni ilgari suradi, ayni bir hodisalar va ob’ektlarni tushunishga nisbatan har xil yondashuvlarni ta’riflaydi. Insonni tushunishga doir turli-tuman falsafiy konsepsiyalarning ko‘pligi ayni shu hol bilan izohlanadi. Bu konsepsiyalarda inson azaldan dam umumiy obraz sifatida, dam o‘z individual borlig‘idagi muayyan odam sifatida, dam boshqa odamlar, jamoa, jamiyat, insoniyat bilan, nihoyat, tabiat, kosmos bilan uzviy bog‘liq bo‘lgan aqlli mavjudot sifatida talqin qilinadi.