Falsafa fanidan ma’ruza matnlari Mavzu Falsafa fanining predmet
1.Totemizm. SHimoliy Amerikada yashaydigan Ojibva qabilasi tilida “O totem” (uning urug‘i) degan so‘zdan kelib chiqqan. Totemizm ibtidoiy g‘oyat sodda diniy e’tiqodning bir turi bo‘lib, qadimgi zamondagi urug‘-qabila a’zolarining muayyan bir hayvon, o‘simlik bilan g‘ayritabiiy aloqasi, yaqinligi, qon qarindoshligi bo‘lgan deb, bu hayvon va o‘simliklarni muqaddaslashtirishdan iboratdir. Totemizmning muayyan kishilar guruhining tabiat, binobarin, tashqi muhit bilan bog‘liqligini ifodalovchi dastlabki shakllaridan edi. Har bir qabila yoki urug‘ o‘z sharoitini hamda imkoniyatlarini ko‘zda tutib, ba’zi hayvonlarni ovlar va ular haqida etarli ma’lumotlarga ega edi. Bunday hayvonlarni yaqindan bilish ularning urug‘ bilan yaqinligi yoki qon-qarindoshligi bo‘lsa kerak, degan tasavvurni keltirib chiqargan. Natijada ba’zi hayvonlar, keyinchalik esa o‘simlikning ba’zi navlari ham muayyan urug‘ a’zolarining ajdodi – totemidir, degan tasavvur shakllanishiga olib kelgan. SHu boisdan keyinchalik urug‘ a’zolari totemning "yordamiga" ko‘z tikkanlar, uni muqaddaslashtirib, o‘z homiylari deb hisoblaganlar, sehr yo‘li bilan unga ta’sir qilishga uringanlar. Totemga sajda kilingan, u himoya qilingan, e’zozlangan, uni otib o‘ldirish, iste’mol qilish ma’n etilgan. Faqat ayrim hollarda, ya’ni tantanali kunlarda totem hisoblangan hayvon yoki o‘simlikni maxsus rasm-rusumga rioya qilingan holda iste’mol qilish mumkin bo‘lgan. Urug‘ a’zolarida shundagina totemning kuch-quvvati kishilarga o‘tadi va u kelgusida ham urug‘ning homiysi bo‘lib qoladi degan tasavvur bo‘lgan.
Totemizm e’tiqodlari tub avstriyaliklarda keng saqlanganligini ularning urug‘lari nomlaridan payqash mumkin. Ular urug‘larni konkret hayvoilar (kengru, oq ho‘kiz, qora ho‘kiz kabi yoki ayrim o‘simliklar) nomi bilan ataganlar.
Urug‘dosh jamiyatning shakllanish jarayonida totemizm muhim rol o‘ynadi. Ayniqsa, qarindosh guruhlarning boshqalardan ajralishiga sabab bo‘ldi. “O‘zimizniki”, ya’ni bir totemga tegishli degan aniq taassurot paydo bo‘ldi. Totemizm ta’sirida paydo bo‘lgan urf-odatlar va normalar asrlar davomida qat’iy ravishda qo‘llanildi. Bu totemga xos bo‘lmagan begonalar bu jamoa urf-odati va normalaridan chetda hisoblangan. Totemizmning bunday ijtimoiy roli totemistik ko‘rinishlarni evolyusion xarakteriga ham ta’sir ko‘rsatdi. Vaqt o‘tishi bilan qarindoshlik tizimining mustahkamlanib borishi jarayonida birinchi darajali totem tartibi haqidagi tasavvur ilgari surildi. Zooantropofomorf ko‘rinishi bilan aralashgan holda odam bilan uning totemi qarindoshligi orasida oilaviy munosabatlar haqida, ya’ni odam vafot etgach, uning o‘z totemiga aylanishi yoki aksincha totemdan qayta inson shakliga kirishi haqidagi tasavvurlar paydo bo‘lgan. Bir tomondan buning hammasi o‘tgan ota-bobolar ruhlarining kuchayishiga va ilohiy kuchlarga ishonishni oshishiga olib kelgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan totemga bo‘lgan munosabatlarni o‘zgarishiga, totemni ozuqa sifatida iste’mol qilishni ta’qiqlanishiga olib keldi.
Totemizmning elementlarini hozirgi dinlarda ham ko‘rish mumkin. Masalan, hinduizm dinida fil, sigir, maymun, ilon kabilar muqaddas hayvonlar hisoblangan. O‘zbeklarda qaldirg‘och, musicha, laylak, ko‘k qarg‘ani muqaddas qushlar deb e’zozlash ham totemizmning ko‘rinishlaridan biridir. Markaziy Osiyo xalqlarida, shu jumladan o‘zbeklarda muchalga qarab vaqt hisobini chiqarish totem e’tiqodi bilan bog‘liqdir. Masalan, ota-bobolarimizda odamlarning yoshini ya’ni tug‘ilgan kunidan boshlab qancha yashaganligini muchal orqali, muayyan hayvon nomlari bilan atalgan yil hisobidan keltirib chiqarish odati bo‘lgan.
Muchal mo‘g‘ul, xitoy va butun turkiy xalklarda keng tarqalgan yil hisobi bo‘lib, unda yil oylari 12 hayvon nomi bilan ataladi: sichqon (mush), mol (gav), yo‘lbars (palang), quyon (xargo‘sht), baliq (nahang), ilon (mor), ot (asp) qo‘y (go‘sfand), maymun (hamduna), tovuk. (murg‘), it (sak), to‘ng‘iz (xo‘k) shular jumlasiga kiritilgan.
Xalqimizda, ayniqsa musulmonlarda totemning elementlaridan bo‘lgan muchalga e’tiqod qilish hali ham qisman davom etmokda.