Falsafa fanidan ma’ruza matnlari Mavzu Falsafa fanining predmet
3.Fetishizm-(fetish - fransuz tilidagi “fetiko” - yasalgan tumor, but, sanam degan so‘zlardan olingan) moddiy buyumlarda g‘ayritabiiy xususiyatlar borligiga ishonib, jonsiz narsalarga sig‘inishdir. Ibtidoiy odam ongida har xil moddiy buyumlar - tog‘, qoya tosh, daraxt, keyinchalik turli hayvonlarning suyagi, pati, tumor, sanam va hokazolarda g‘ayritabiiy kuchlar bor, degan tasavvur paydo bo‘lgan. O‘zlari vujudga keltirgan bunday kuchlarga o‘zlari sig‘ina boshlaganlar. Ibtidoiy din shakllaridan biri bo‘lgan fetishizm barcha xalklarda diniy tasavvurlar shakllanishi bilan uzviy bog‘liqdir.
Fetish ham ijobiy ham salbiy ta’sir etish kuchiga ega. Fetishizam yog‘och, loy va boshqa materiallardan yasalgan buyumlar paydo bo‘lishi bilan bir vaqtda shakllangan. Bu butlarda va tumorlarda jamoalar g‘ayritabiiy dunyodan keladigan ilohiy qudratning timsolini ko‘rdilar.
Bunday fetishga odatda afsungarlar, shamanlar ega edilar. Ular afsungarlik usullariga binoan bunday buyumlarga ta’sir ko‘rsatganlar. Ibtidoiy odamlarning dastlabki diniy taassurotlari umumiy majmuasining shakllanish jarayonida fetishizam yakunlovchi bosqich bo‘lib qoldi. Fetishlarning paydo bo‘lishi shuni ko‘rsatadiki, afsonaviy qudrat faqatgina vaqt va bo‘liqda ko‘chib yurish xususiyatiga ega bo‘lib qolmasdan, balki voqe’iy dunyodagi buyumlarda ham bo‘lishi mumkin.
Fetishizm politeistik (ko‘p xudolik), hatto monoteistik (yakka xudolik) dinlarida hozirgacha saqlanib kelmoqda. Masalan, xristianlarda krestga (butga) sig‘inish, islomda esa turli o‘simlik turlarini - sedana, ko‘ztikan, qalampirmunchok, achchiq qalampir, isiriq, chilonjiyda, daraxtlardan - yong‘oq, chinor, archa va boshqalar muqaddaslashtirilib, boshqa buyumlarga, shu jumladan odamlarga ta’siri yoki yordami bo‘lishi mumkin degan tasavvur paydo bo‘lgan. Bunday xususiyatni tog‘-toshlarga, turli buyumlarga ham xos degan g‘ayritabiiy fikrlar shakllangan.
Fetishizm diniy ibodatning ajralmas qismidir. Hozirgi vaqtda ba’zi soddadil, mutaassiblarning turli tumor, ko‘zmunchoq va hokazolarni taqib yurishlari, daraxtlarga lattalarni osishi, is chiqarishi shunday jismlarni ilohiylashtirish, ularning mo‘‘jizaviy kuchiga ishonish fetishizmning diniy e’tikoddagi eng xarakterli ko‘rinishi va qoldig‘idir.