Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni



Yüklə 1,82 Mb.
səhifə305/360
tarix06.06.2023
ölçüsü1,82 Mb.
#125724
1   ...   301   302   303   304   305   306   307   308   ...   360
Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni

Baholash asosi. Ob'ektiv asosning mavjudligi baholashda sub'ektivizm yo‘lida muayyan g‘ov-to‘siq hisoblanadi. Baholash asosi – sub'ektga hodisani uning mazkur davrdagi yoki kelajakdagi ijtimoiy ahamiyati nuqtai nazaridan tavsiflash, borliq narsalari va hodisalarini saralash, tanlashni amalga oshirish va o‘z faoliyatining strategiyasini belgilash imkonini beruvchi mezon. Baholashga doir mulohazalarda baholash asosi aniq aks ettirilishi ham, implitsit tarzda, ya'ni aniq bo‘lmagan ko‘rinishda ifodalanishi ham mumkin. Ammo asos – baholashning muqarrar elementi.
Baholash asosi sifatida shaxs yoki ijtimoiy guruhning bevosita ehtiyojlari, manfaatlari, mo‘ljallari amal qilishi mumkin. Ammo baholash zamirida andozalar, qoidalar, standartlar, ijtimoiy imperativlar yoki taqiqlar, me'yorlar ko‘rinishida ifodalangan maqsadlar yoki loyihalar yotishi ham mumkin. Me'yoriy tartibga solish sohasi inson faoliyati sohasi bilan deyarli mos keladi. U huquqiy va axloqiy me'yorlardan tashqari qoidalar, komandalar, buyruqlar, standartlar, texnik me'yorlar, xizmat tartibi va shu kabilarni ham o‘z ichiga oladi. Me'yorlarning o‘ziga xos xususiyati shundaki, ular bir vaqtning o‘zida qadriyat sifatida ham, baholash asosi sifatida ham amal qiladi. Bu ikki yoqlamalik baholashga doir mulohazalar ikki yoqlamaligining sabablaridan biri hisoblanadi. Xulq-atvorni baholashda, maqsaddan qat'i nazar, qoidalar va me'yorlarga formal muvofiqlik birinchi o‘ringa chiqqan holda, me'yor mustaqil qadriyat sifatida ko‘pincha odatga aylanadi. Shaklan me'yorlar va qoidalarga muvofiq bo‘lgan yuzaki faoliyat ba'zan jamoatchilik fikrida ijobiy baho olishi, ish manfaatlarida sermazmun faoliyat esa salbiy baholanishi mumkin.
Har qanday baholash o‘z predmetini ham, baholash sub'ektining ehtiyojini ham tavsiflaydi. Sub'ekt u yoki bu hodisani baholar ekan, o‘zining unga bo‘lgan munosabatini ham, o‘z ehtiyojini ham ifoda etadi. Bundan sotsiologlar tomonidan kuzatiluvchi baholarning variativligi kelib chiqadi. Baholar haqiqiy bo‘lishi, ya'ni predmetning ob'ektiv qimmatini aniq aks ettirishi va haqqoniy bo‘lishi, ya'ni baholash sub'ektining shaxsiy fikrini aks ettirishi mumkin. Baholar haqqoniy bo‘lishi, lekin haqiqiy bo‘lmasligi; haqiqiy bo‘lishi, lekin haqqoniy bo‘lmasligi; haqqoniy ham, haqiqiy ham bo‘lmasligi mumkin. Masalan, manzaraning go‘zalligi haqidagi mulohaza haqiqiy bo‘lishi, lekin haqqoniy bo‘lmasligi mumkin, chunki individ o‘z mulohazalari bilan suhbatdoshiga o‘zini nozik didli shaxs qilib ko‘rsatmoqchi bo‘lishi, manzaraning go‘zalligi esa amalda uni qiziqtirmasligi mumkin.
Har bir baholashda faoliyatning turli tomonlari asos bo‘lishi mumkin:
- me'yoriy (muayyan me'yorga muvofiq) baholash;
- ijtimoiy-madaniy (muayyan jamiyatning madaniy o‘ziga xosligi bilan mushtarak) baholash;
- professional (mazkur kasb andozalari va qoidalariga muvofi-) baholash;
- operatsional baholash (muayyan maqsadga erishish imkonini beruvchi operatsiyalarning maqsadga muvofiq majmui va ketma-ketligi).
Har bir muayyan holda yuqorida zikr etilgan asoslardan biri yoki ularning muayyan uyg‘unligidan foydalanilishi mumkin bo‘lib, bu ayni bir hodisaga berilgan bahoning mazmunini sezilarli darajada o‘zgartiradi.
Masalan, huquq bilan tartibga solinuvchi qilmish huquqiy me'yor nuqtai nazaridan baholanuvchi yuridik fakt hisoblanadi. Ayni shu qilmish operatsion (operatsiya qay darajada muvaffaqiyatli amalga oshirilgani) yoki axloqiy (qilmish sub'ekti qaysi axloqiy prinsiplarga amal qilgani) nuqtai nazaridan baholanishi mumkin.
Baholash asosi sanalgan me'yorlar uning predmeti bo‘lishi ham mumkin. Ular faoliyatning hayot sinovidan o‘tgan usullarini mustahkamlash vositasi sifatida vujudga keladi. Ayni vaqtda ijtimoiy me'yorlar allaqachon eskirgan va shaxs o‘z-o‘zini qadriyat sifatida erkin anglab yetishiga monelik qiluvchi taqiqlar va qoidalarning manbalari bo‘lishi mumkin. Ijtimoiy me'yorlar ijtimoiy amaliyotdan oqsashi ular birdan-bir maqsadga aylanishiga zamin yaratadi. Bunda insonning maqsadga muvofiq faoliyati o‘rnini me'yorga ko‘r-ko‘rona amal qilish egallaydi, ayrim qadriyatlardan namoyishkorona ramziy foydalanish vujudga keladi. Individning ijtimoiy jihatdan nufuzli va me'yoriy jihatdan maqbul guruhdagi o‘rnini aks ettiruvchi timsol o‘rinning o‘zidan muhimroq tus oladi. Masalan, avtomobildan transport vositasi sifatida emas, balki uning egasi (uning jamiyatdagi haqiqiy o‘rni qanday ekanligidan qat'i nazar) jamiyatning «oliy» sinfiga mansubligidan dalolat beruvchi timsol sifatida foydalanilishi mumkin.
Shunga qaramay aynan me'yorlar har bir baholashda umuminsoniy va muayyan tarixiy, ob'ektiv va sub'ektiv, umumiy va xususiy omillarning mushtarakligini ta'minlaydi. Individ yoki ijtimoiy guruhning ob'ektiv holatini aks ettirgan, kishilarning amaliy faoliyati asosida vujudga kelgan holda, me'yorlar tabiat va jamiyat hodisalarini baholashda o‘zboshimchalikning mavjud emasligini ta'minlashga qodir. Me'yor – inson faoliyatini yo‘lga soluvchi va boshqaruvchi, uning jamiyat yoki odamlar ayrim guruhlarining manfaatlari va qadriyatlariga muvofiqligini nazorat qiluvchi umum e'tirof etilgan qoida. Me'yor jamiyatda joizlik haqida mavjud tasavvurlardan kelib chiqib muayyan harakatlarni buyuruvchi yoki taqiqlovchi talab sifatida amal qiladi. Binobarin, me'yor joizlik haqidagi tasavvurlarni o‘z ichiga oladi. Jamiyatda vujudga kelgan me'yorlar nisbatan barqarorlik kasb etadi va, o‘z navbatida, baholash faoliyati jarayonlariga ta'sir ko‘rsatadi. Sub'ekt ob'ektning amaldagi ahamiyati haqidagi tasavvuridangina emas, balki o‘z hayotida amal qiluvchi me'yorlardan ham kelib chiqib baholashni amalga oshiradi. Jamiyatning rivojlanish jarayonida hodisalar ijtimoiy ahamiyatining o‘zgarishi va tegishli ravishda baholarning o‘zgarishi eski me'yorlar tanqid tig‘i ostiga olinishiga va yangi me'yorlarning shakllanishiga olib keladi.

Yüklə 1,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   301   302   303   304   305   306   307   308   ...   360




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin