Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni



Yüklə 1,82 Mb.
səhifə353/360
tarix06.06.2023
ölçüsü1,82 Mb.
#125724
1   ...   349   350   351   352   353   354   355   356   ...   360
Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni

Ta'lim muammosi. Demografik portlash sabablari ta'lim muammosi bilan uzviy bog‘liq. So‘nggi yillarda jahonda savodsizlar soni foiz hisobida kamaygan bo‘lsa, mutlaq hisobda o‘sishda davom etmoqda. Bunda ma'lumotsiz odamlarning hayoti amalda ko‘p bolalikni xurofiy aqidalar bilan oqlaydigan arxaik oilaviy an'analarga bo‘ysunadi. Pirovardda rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlar o‘rtasidagi tafovut bu jihatdan ham ortishda davom etmoqda. Hozirgi vaqtda ajabtovur vaziyatni kuzatish mumkin: savodxonlik mutlaq raqamlarda o‘sayotgan bir paytda, savodsizlar, ya'ni o‘qish, yozish, oddiy arifmetik amallarni bajarishni bilmaydigan odamlar soni ham o‘sib bormoqda (Hindiston aholisining 70%, Pokiston aholisining 60%, Afrika mamlakatlari aholisining 80% savodsiz).
Shu bilan bir qatorda aksariyat odamlarning ma'lumot darajasi yangi texnologiyalar va kompyuter texnikasidan keng foydalanuvchi hozirgi jamiyatda to‘laqonli yashash va mehnat qilish imkonini bermasligi bilan bog‘liq funksional savodsizlik ham o‘sib bormoqda.
Bu muammoning boshqa bir jihati shundan iboratki, jahonning aksariyat davlatlarida ta'lim olish imkoniyati barchaga teng darajada ta'minlanmagan bo‘lib, bu ijtimoiy keskinlikning qo‘shimcha manbai hisoblanadi. Shuningdek hozirgi davrda ta'lim sifatini yaxshilash, uning mazmunini ijtimoiylashtirish masalasi ko‘ndalang bo‘lib turmoqda. Shuni alohida ta'kidlash lozimki ta'limning ijtimoiylashuvi o‘quv jarayonida gumanitar fanlarning o‘quv soatlari yoki fanlar sonini ko‘paytirish emas balki, tabiiy ilmiy fanlar mazmunini gumanitarlashtirish, har qanday ilmiy kashfiyotni inson manfaatlarini himoya qilishga yo‘naltirishi lozim. Shundagina inson o‘z mavjudligini saqlab qolish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonda 1997 yilda qabul qilingan “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturida” aynan shu maqsadlarni o‘zida ifodalaydi. “O‘zbekistonda har yili ta'lim uchun sarflanayotgan xarajatlar yalpi ichki mahsulotning 10-12 foizini tashkil etadi. Holbuki, jahon tajribasida bu ko‘rsatkich 3-5 foizdan oshmaydi”220[220]. Zero, insonning nafaqat bilim olishi, balki kasbiy malakalarga ega bo‘lishi ijtimoiy savodsizlikni bartaraf qilishning muhim omili hisoblanadi. Sog‘liqni saqlash. Aholi soni va uning yashash sharoiti, shuningdek atrof muhit holati hozirgi davrning yana bir global muammosi bilan uzviy bog‘liq. Aksariyat kasalliklar va atrof muhitdagi antropogen o‘zgarishlar o‘rtasida bevosita va bilvosita aloqa mavjud. Hozirgi odamlar avlodiga atrof muhit ifloslanishining hali o‘rganilmagan yoki kam o‘rganilgan ko‘p sonli fizik (avvalo elektromagnit), kimyoviy va biologik omillari ta'sir ko‘rsatmoqda. Avvalo, iqtisodiy rivojlangan mamlakatlar aholisi kasalliklarining tarkibi va xususiyatida yuz bergan o‘zgarishlar ayni shu hol bilan izohlanadi.
Bu yerda yuqumli kasalliklar bartaraf etilgan bo‘lib, ular odamlar o‘limining asosiy sabablari hisoblanmaydi. Lekin yurak-qon tomir kasalliklari, ruhiy kasalliklar sezilarli darajada ko‘paydi, «sivilizatsiya kasalliklari» deb nomlangan butunlay yangi kasalliklar: rak, OITS va boshqalar paydo bo‘ldi. Bunday kasalliklar, xususan yurak-qon tomir kasalliklari o‘sishining asosiy sabablari kam harakatchan turmush tarzi, semirish, chekish, ruhiy zo‘riqish, stress holatlari ekanligi aniqlangan. Bu hodisalar insonga tabiatning qudratli kuchlarini jilovlash va o‘zini jismoniy mehnatdan asosan xalos etish, mazkur ishni mashinalar, texnika vositalariga yuklab, o‘ziga asosan aqliy mehnat, tartibga solish va nazorat qilish funksiyalarini qoldirish imkonini bergan XX asr sivilizatsiyasining rivojlanish mahsulidir.
Rivojlanayotgan mamlakatlarda boshqacha vaziyatni kuzatish mumkin: bu yerda kasalliklardan azob chekayotganlar soni rivojlangan mamlakatlardagidan ko‘proq, kasallikning oldini olish yoki davolanish imkoniyati esa sezilarli darajada kamroqdir. Tibbiyot sifatining pastligi, qashshoqlik va antisanitariya tufayli rivojlanayotgan mamlakatlarda bolalar o‘limi, bezgak, sil, traxoma, qoqshol bilan kasallanish darajasi, epidemik yuqumli kasalliklarning paydo bo‘lish ehtimoli rivojlangan mamlakatlardagi holat bilan taqqoslab bo‘lmaydigan darajada yuqoridir.
So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, dunyo bo‘yicha yurak qon—tomir kasalliklari kun sayin ortib bormoqda. Bunday kasalliklar aksariyat hollarda o‘lim bilan tugaganligi sababli jamiyat uchun katta tahdid sanaladi. Butunjahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (WHO) hisobotiga ko‘ra, 2005 yilda yurak qon-tomir kasalliklaridan 17,5 million inson vafot etgan. Ushbu ko‘rsatgich barcha o‘lim holatlarining 30 foizini tashkil qiladi. Shu jumladan, 7,6 million kishi yurak ishemik kasalligidan 5, 7 million kishi insult oqibatida hayotdan ko‘z yumgan221[221]. Hozirgi vaqtda o‘rnatilgan internatsional aloqalar natijasida davlatlar o‘rtasidagi ulkan yuk oqimlari, odamlarning faol migratsiyasi va kengaygan iqtisodiy munosabatlar olamshumul xususiyat kasb etdi va ko‘pgina yuqumli kasalliklarning tarqalish tezligini oshirdi. Notipik zotiljam, qush grippi, cho‘chqa grippi kabi ilgari hyech qachon mavjud bo‘lmagan, yangi kasalliklarning paydo bo‘lishi sabablarini ham ayni shu yerdan izlash lozim.
Ayni paytda shuni ham alohida ta'kidlash lozimki, XX-XXI asrda yangi kasalliklar soni ko‘payib borsada, kasalliklarga qarshi kurash vositalari ham takomillashib bormoqda. Jumladan XXI asr fanining eng katta yutug‘i sifatida 2008 yilda nemis olimi Xareld sur Xauzen (1936) ayollarda bachadan saratoni kasalligini “papiloma” virusi keltirib chiqarishini aniqlagan va unga qarshi emlash vositasini yaratgani uchun Nobel mukofotiga sazovor bo‘ldi. Dunyo bo‘yicha umumiy saraton kasalligining 5%ini bachadon raki tashkil qilar, va har yili ikki yuz mingga yaqin ayollar shu kasallikdan bevaqt olamdan ko‘z yumar edi. Ushbu kasallikka qarshi vaksinatsiyaning ommalashuvi yuzlab ayollarning sog‘ligi garoviga aylanmoqda. Hozirgi kunda rivojlangan mamlakatlarda, jumladan O‘zbekistonda ham 2009 yildan 12-14 yoshdagi qizlarda bachadon saratoni kasalligiga qarshi emlash ishlari keng amalga oshirilmoqda. Xareld sur Xauzenning kashfiyoti asr boshining eng buyuk kashfiyotlaridan biri sifatida e'tirof etilmoqda.
Shuni alohida ta'kidlash lozimki, O‘zbekistonda aholining reproduktiv salomatligi bo‘yicha davlat dasturi qabul qilingan bo‘lib, unga ko‘ra barcha viloyatlarda skrining markazlari tashkil qilindi, ona va bola salomatligining profilaktikasi, “tez yordam” markazlarining faoliyati yo‘lga qo‘yildi, aholini notipik gripp kasalligiga qarshi emlash ishlari rejali amalga oshirilmoqda. “Bugungi kunda mamlakatimizning barcha hududlarida bolalarning 98 foizidan ortig‘i oldini olish mumkin bo‘lgan infeksiyalarga qarshi emlanmoqda. Buning natijasida difteriya, qizamiq kasalliklariga chalinish holatlari keskin kamayganini aytish darkor. 2010 yilda yuqumli kasalliklar bilan og‘rish holatlari, jumladan, meningikok infeksiyasi 28 foiz, epidemik parotit 27 foiz, virusli gepatit 13 foizga kamaygani ana shunday tadbirlar samarasidir”222[222]. Darhaqiqat, 1997 yilda 1sonli yuqumli kasalliklar ilmiy tadqiqot institutida yangi laboratoriyaning tashkil qilinishi O‘zbekistonda (gippotit) odam organizmida sariq kasalligining nafaqat A va V virusi, balki S, D, ye viruslarini aniqlash imkonini yaratdi. “” “Sog‘liqni saqlash tizimini tubdan isloh qilish va rivojlantirish, o‘ta og‘ir yuqumli kasalliklarga barham berish hamda ularni kamaytirish borasida qat'iy choralar ko‘rildi. Onalar o‘limi darajasi 2 baravardan ko‘proq, bolalar o‘limi 3 baravar kamaydi....odamlarning o‘rtacha umr ko‘rishi 67 yoshdan 73 yoshgacha, ayollarning umr ko‘rishi esa 75 yoshgacha oshdi”223[223]. Zamonaviy diagnostika texnologiyalaridan keng miqyosda foydalanishning yo‘lga qo‘yilishi, surunkali sariq kasalligining oqibati bo‘lmish jigar serrozining kamayishiga va aholining umumiy umrguzaronligini oshishiga olib keldi.

Yüklə 1,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   349   350   351   352   353   354   355   356   ...   360




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin