Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni


Shelling Fridrix Vilgelm Yozef



Yüklə 1,82 Mb.
səhifə52/360
tarix06.06.2023
ölçüsü1,82 Mb.
#125724
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   ...   360
Falsafa fanidan tayanch ma’ruzalar matni

Shelling Fridrix Vilgelm Yozef (nemis faylasufi. 1775-1854) Bosh asari: «Transsendent idealizm tizimi»ning falsafiy va metodologik ahamiyati shundaki, bu asarda tarixiylik tamoyillari ilk bor izchil ko‘rinishda namoyon bo‘ladi.
Transsendent idealizm tizimi quyidagi asosiy elementlardan tashkil topadi.
1. Nazariy falsafa o‘zlikni anglash uchun qarama-qarshi yo‘nalishlar (ob'ekt, sub'ekt, ideal va real faoliyat) o‘rtasida kurash lozim, degan metodologik qoidadan boshlanadi. Shelling o‘zlikni anglash faqat shu kurash jarayonida yuz berishini va «Men» mexanizmi to‘laligicha faqat o‘zlikni anglashni tashkil etuvchi qarama-qarshiliklardan keltirib chiqarilishi mumkinligini qayd etadi. Bunda u ikki holatni: «Men» endigina yuzaga kelgan va «Men» aniq-ravshan ko‘rinib turuvchi holatlarni farqlaydi. Bunda birinchi holat «Men»dan tashqarida, ikkinchi holat – «Men»ning ichida bo‘ladi. Shu munosabat bilan ong qaysi holatdan boshlanishini aniqlash va unga mazkur chegaradan, ya'ni ongdan tashqarida yotgan narsalarni aralashtirmaslik juda muhimdir.
Shelling o‘z asarida tarixiylik tamoyilidan foydalanib, o‘zlikni anglash tarixida uch asosiy davrni (bosqichni): dastlabki sezishdan samarali mushohada yuritishgacha; samarali mushohada yuritishdan refleksiyagacha; refleksiyadan irodaning mutlaq harakatigacha bo‘lgan davrlarni farqlaydi. Bunda Shelling ong, o‘zlikni anglash va jamiyatning shakllanish jarayonini odamlarning amaliy faoliyati bilan bog‘lashga harakat qildi.
2. Amaliy falsafaning bosh tushunchasi – «tarix», bog‘lovchi muhit sifatidagi ob'ektiv dunyoda yuz beruvchi va aqlli jonzotlar sifatidagi odamlar erkinligining sharti hisoblanuvchi kishilararo o‘zaro aloqasidir. Boshqacha aytganda, bu jahon tarixidagi ob'ektiv qonuniyat haqidagi muhim masalaning qo‘yilishidir.
3. Tabiiy maqsadlar falsafasi ko‘r-ko‘rona kuchlar mahsuli bo‘lgan tabiat amalda maqsadga muvofiqlik ruhi bilan sug‘orilgandir degan antinomiyaga asoslanadi. Bu antinomiyaning yechimini u sub'ekt va ob'ektning dastlabki ayniyligini e'tirof etish yo‘lida ko‘radi: umuman tabiatda va uning ayrim mahsullarida maqsadga muvofiqlikka faqat mushohada yuritish yo‘li bilan erishish mumkin. Bu mushohadada tushuncha haqidagi tushuncha va ob'ektning o‘zi dastlabki tarzda va uzviy bog‘lanadi – shunda natija maqsadga muvofiq tarzda namoyon bo‘lishi lozim.
4. San'at falsafasi – transsendental idealizm tizimining oxirgi bo‘limi. Uning asosiy qoidalari quyidagilardan iborat:
a) san'at – umuman bilishning oliy shakli, chunki faqat u insonga oliy bilimga erishish imkonini beradi. San'at amaliy foydaga ham, axloqqa ham, fanga (falsafaga) ham bo‘ysunishi mumkin emas, chunki u hamma narsadan oliyroqdir;
b) san'atning ustunligi shundaki, uning asarlarida ongli va ongsiz faoliyat ayniyati aks etadi. «Bizda mujassamlashgan bu teran ziddiyat»ni aynan va faqat san'at yechishga qodir. San'at – bu nazariy va amaliy narsalar o‘rtasidagi qarama-qarshilik bartaraf etilib, ongli va ongsiz tabiat va erkinlikning to‘la uyg‘unligiga, idealga erishiluvchi jabha;
v) san'at o‘z rivojlanish jarayonida spiral tashkil etadi: qadimda undan (aniqrog‘i poeziyadan) falsafa va boshqa fanlar tug‘ilgan;
g) san'at – erkinlik va zaruriyatning yuksak birligi. Insonning ijodiy tabiati to‘la davra aylanib san'atda o‘zining yakuniy ifodasini topadi. San'at insonga “oliy"ni bilish darajasiga yetish imkonini beradi.
Shelling naturfalsafasi XVIII asr oxiriga kelib erishilgan va jamoatchilikda keng qiziqish uyg‘otgan yangi tabiiy-ilmiy natijalarni falsafiy jihatdan umumlashtirishga bo‘lgan ehtiyojga javob sifatida vujudga keldi. Shelling o‘z davrining barcha kashfiyotlariga yagona asosni topishga harakat qildi: u tabiatning ideal mohiyati, tabiat faolligining nomoddiy xususiyati haqidagi g‘oyani ilgari surdi. Shelling naturfalsafasining qimmati uning dialektikasida namoyon bo‘ladi. Tabiatshunoslik kashf etgan aloqalar haqida mulohaza yuritar ekan, Shelling bu aloqalarni belgilovchi kuchlarning birligi va tabiatning yagonaligi haqidagi fikrni ilgari suradi. Bundan tashqari, u har qanday narsaning mohiyati qarama-qarshi faol kuchlarning birligi bilan tavsiflanadi, degan xulosaga keladi. Bu birlikni u «qutblilik» deb nomladi. Qarama-qarshiliklarning birligiga misol qilib Shelling magnitni, musbat va manfiy elektr zaryadlarini, kimyoviy moddalarda kislota va ishqorlarni, organik jarayonlarda ta'sirlanish va tormozlanishni, ongda sub'ektivlik va ob'ektivlikni keltiradi. «Qutblilik»ka Shelling narsalar faolligining bosh manbai sifatida qaraydi, uni tabiatning «haqiqiy dunyoviy joni» deb tavsiflaydi. Shelling o‘z asarlarida ideal va moddiy narsalarning ayniyligi g‘oyasini ilgari suradi. Uning fikricha, materiya mutlaq ruh, aqlning erkin holatidir. Ruh va materiyani bir-biriga qarshi qo‘yish mumkin emas; ular ayniydir, chunki ayni bir mutlaq aqlning turli holatlarini aks ettiradi.
Falsafiy kategoriyalarni tadqiq etish va rivojlantirish ishiga F.Shelling salmoqli hissa qo‘shdi. Shu ma'noda F.Shellingning naturfalsafasi (tabiat falsafasi) ayniqsa diqqatga sazovordir. Tabiatni tushunishda Shelling panteistdir, u Xudo va tabiatni tenglashtiradi. Tabiatning rivojlanishini Shelling ongning shakllanish jarayoni, ongsizlikdan onglilik sari harakat sifatida tavsiflaydi. Ongning shakllanish mexanizmini Shelling tabiatda qutblilik (qarama-qarshiliklar birligi) va tadrijiylikning mavjudligi bilan izohlaydi. Tadrijiylik, ya'ni tabiat evolyusiyasi bosqichlarini Shelling qutblilikda keskinlikning pasayishi mahsuli sifatida tushuntiradi. U jonli organizmlar noorganik shakllardan vujudga keladi, hayot esa modda sintezi va parchalanishining birligidir, deb hisoblagan.
Shelling o‘z naturfalsafasining ta'riflangan muhim tamoyillari – tabiatning dialektik birligi, rivojlanishi va umumiy ikki taraflamaligini insonning tabiatni tushunishiga nisbatan tatbiq etadi. Fixtega ergashib Shelling ham bilishning rivojlanishini bilishning nazariy bosqichlaridan amaliy bosqichlar sari harakat sifatida tahlil qiladi. Ongning shakllanish asosini Shelling insonning dunyoga nisbatan harakatlari bilan bog‘laydi. O‘zlikni anglash tadrijiylik, ya'ni mushohada yuritishning quyi shakllari - sezish, idrok etishdan tasavvur qilish va refleksiyaga o‘tish sifatida shakllanadi. Nima uchun aynan faoliyat, ong va bilishning rivojlanish manbai hisoblanadi? – degan savolga nisbatan Shelling quyidagicha mulohaza yuritadi: amaliy faoliyatda inson o‘zining ma'naviy qobiliyatlarini moddiylashtiradi (ob'ektga aylantiradi), ular inson o‘zgartirgan tabiat predmetlarida yashashda davom etadi. Shunday qilib, inson faoliyati natijasida tabiat sof tabiatga va inson tomonidan o‘zgartirilgan tabiatga ajraladi. Insonning muhim xususiyatlari moddiylashgan ayni shu o‘zgartirilgan tabiat inson ongi va o‘zligi rivojlanishiga ko‘maklashadi. Ammo individlarning o‘zaro aloqasi, ularning muloqoti insonga bundan ham kuchliroq ta'sir ko‘rsatadi.
Umuman olganda F.Shelling Gegel dialektikasining aksariyat g‘oyalarini undan oldinroq ilgari suradi va ko‘p jihatdan undan o‘zib ketadi, chunki Gegel tabiatda rivojlanishning mavjudligini rad etadi, Shelling esa, aksincha, nafaqat inson ruhi, balki tabiat rivojlanishining umumiy tamoyillarini ham ta'riflab berdi, tabiatning tadrijiy rivojlanish jarayoni ong shakllanishi bilan nihoyasiga yetishini qayd etdi. Shelling g‘oyalari Gegel falsafasida o‘zining mukammal ifodasini topdi. Shelling naturfalsafasining paydo bo‘lishi Fixte sub'ektiv idealizmi ildiziga bolta urdi va nemis klassik idealizmida ob'ektiv idealizm va uning dialektikasi sari burilish yasadi.

Yüklə 1,82 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   48   49   50   51   52   53   54   55   ...   360




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin