Odamlar dunyoqarashi nafaqat ularning dunyo haqidagi bilimlarida, balki ular bu bilimni qanday talqin qilishi, qanday xulosalar chiqarishi va qanday ish ko‘rishida ham namoyon bo‘ladi. Shu sababli global muammolarni butun dunyo bahamjihat hal qilishi lozimligi to‘g‘risida so‘z yuritar ekanmiz, insoniyat nazariyada muayyan yutuqlarga va ba’zi bir amaliy natijalarga erishgan holda, dunyo rivojlanishining salbiy jarayonlarini to‘xtatishga hali muvaffaq bo‘lmaganini e’tibordan chetda qoldirishimiz mumkin emas. Xalqaro kuchlarning muayyan darajada birlashuvi, ularning muvofiqlashtirilgan, izchil va eng muhimi, samarali harakatlari ham hali mavjud emas. Nega shunday bo‘lyapti va bunga nima xalaqit beryapti? Hozirgi rang-barang va ziddiyatlarga to‘la dunyoda kelishilgan harakatlarni amalga oshirish mumkinmi? Agar mumkin bo‘lsa, bunga qanday asosda erishish mumkin? Bular bugungi kunda ijtimoiy tafakkur, shu jumladan falsafa echishga harakat qilayotgan bosh masalalardir.
Tarixiy tajriba turli xalqlarning yaqinlashuvi ularning manfaatlari mos kelgan joyda ayniqsa yaxshiroq yuz berishini ko‘rsatadi. O‘zaro manfaatdorlik turli qiyinchiliklarni tez bartaraf etish, savdo-sotiqni faol rivojlantirish, iqtisodiy, siyosiy va madaniy aloqalarni mustahkamlashga ko‘maklashadi.
Odatda bu yo‘lda engishga to‘g‘ri keladigan eng katta qiyinchiliklar eskicha qarashlar, qotib qolgan fikrlash uslubi, an’analar bilan bog‘liq bo‘ladi. Ular o‘zgarish xususiyatiga ega, lekin bu juda uzoq, katta qiyinchiliklar bilan tashqi yoki ichki omillar ta’sirida yuz beradi. Masalan, tashqi omillar qatoriga ekologik tanglikning kuchayishi, «demografik portlash» oqibatlari, urush xavfi va nafaqat odamlarning turmush tarzini sezilarli darajada o‘zgartirgan, balki ularning ongiga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan boshqa global muammolar kiradi. Ichki omillar inson manfaati, uning sub’ektiv, shaxsiy asosi bilan bog‘liq. U yoki bu muammolarning keskinlik darajasi, hatto buning uchun zarur shart-sharoit va etarli asoslar paydo bo‘lgan hollarda ham, nima uchun pasaymayapti, degan savolga javob topishda yuqorida zikr etilgan omillar, ayniqsa manfaat omili albatta hisobga olinishi lozim.