Diniy e’tiqodlarning tarixiy shakllari. Insoniyat tarixiga ko‘p sonli turli-tuman dinlar ma’lum. Xususan, madaniyat va bilimlar darajasi juda past bo‘lgan inson o‘ziga qudratli, yot va sirli bo‘lib tuyulgan tabiatning favqulodda kuchlariga qarshilik ko‘rsata olmagan ibtidoiy jamoa davrida dinning ancha sodda shakllari: fetishizm, animizm, totemizm, magiya va boshqalar yuzaga kelgan.
Fetishizm u yoki bu predmetni mo‘jizakor xislatlarga, odamlar hayotiga ta’sir ko‘rsatish qobiliyatiga ega deb hisoblaydi. Bunday predmet ilohiylashtiriladi, sig‘inish va topinish obyektiga aylanadi.
Animizm (lot. anima – jon) – nafaqat odamlar, balki hayvonlar, predmetlar va borliq hodisalarini ham ruh, jon boshqarib turishiga ishonishdir. Animizm nuqtai nazaridan butun dunyo ruhli va jonli.
Totemizm negizini muayyan odamlar guruhining totem, ya’ni sig‘inish obyekti sanalgan ajdod deb e’lon qilinadigan u yoki bu hayvon, o‘simlik, predmet bilan umumiy kelib chiqishiga bo‘lgan ishonch tashkil etadi, zero totem mazkur jamoa yoki urug‘ning qudratli homiysi, himoyachisi hisoblanadi, uni oziq-ovqat va shu kabilar bilan ta’minlaydi. (Hindistonda Xonumon maymuni, sigir, Avstriyada kenguru, turli qabilalarda u yoki bu ilohiy predmet )
Magiya (yunon. mageia – sehrgarlik) ham ibtidoiy din shakllaridan biri bo‘lib, uning zamirida tabiiy kuchlar yordamisiz sirli tarzda, rasm-rusumlar, o‘ziga xos amallar majmui bilan narsalar, odamlar, hayvonlar va hatto g‘ayritabiiy kuchlar – ruhlar, insu jinslar va shu kabilarga ta’sir ko‘rsatish mumkinligiga bo‘lgan ishonch yotadi.
Dinning ushbu qadimgi shakllari keyingi diniy e’tiqodlar negizini tashkil etdi va politeizm (ko‘pxudolik)da ham, monoteizm (yakkaxudolik)da ham u yoki bu darajada o‘z aksini topdi. Ular hozirda ham qisman mustaqil holda mavjuddir.
Taxminan 10 ming yil muqaddam, inson chorvachilik va ziroatchilik bilan shug‘ullanib, o‘troq hayot kechirishga o‘tgach, neoletik inqilob yuz berdi. Jamiyat rivojlanishining ayni shu bosqichida politeizm yuzaga keldi, chunki mehnatning ijtimoiy taqsimoti, hukmronlikka bo‘ysunish ruhlar va sanamlarga bo‘lgan ishonchga emas, balki xudolarga bo‘lgan e’tiqodga ko‘proq mos kela boshladi.
Keyingi davrlarda davlatchilikning vujudga kelishi va rivojlanishi, qadimgi buyuk madaniyatlarning paydo bo‘lishi, quldorlik munosabatlarining shakllanishi, monarxiyalar tashkil topishi va shundan kelib chiqadigan yakkaboshchilikning yuzaga kelishi natijasida diniy dunyoqarashda ham bir xudoga sig‘inish tendensiyasi paydo bo‘ldi. Odamlar ko‘p sonli xudolar orasida kuch-qudratda yagona bir xudoni farqlab, shu tariqa dunyoviy podsho hukm suruvchi real hayot haqidagi o‘z tasavvurlarini yagona va qudratli xudo yashaydigan narigi dunyo bilan go‘yoki muvofiq holatga keltirdilar. Shu tariqa monoteistik dinlar (yunon. mono – bir va theos – xudo): iudaizm (mil. av. VII asr), buddizm (mil. av. VI-V asrlar), xristianlik (I asr) va islom (VII asr) vujudga keldi. Xullas har bir din ma’lum falsafaga asoslanadi. Haq dinning asosi to‘g‘ri (analitik) falsafadir, haq bo‘lmagan dinning asosi esa yolg‘on falsafadir, yoki yolg‘on muhokamalar ustiga qurilgan qarashlardir3.