Materialistlar materiyani obyektiv reallik, deb ta’riflashadi. Obyektiv reallik inson sezgilariga bog‘liq bo‘lmagan holda, undan tashqarida mavjud bo‘lgan voqelikdir
Materialistlar materiyani obyektiv reallik, deb ta’riflashadi. Obyektiv reallik inson sezgilariga bog‘liq bo‘lmagan holda, undan tashqarida mavjud bo‘lgan voqelikdir. Bu butun mavjudlikning subyektiv reallikdan tashqaridagi qismi hisoblanadi. Obyektiv reallikning mavjudligi qanday namoyon bo‘ladig‘ Bu savolga javob topishda, borliqning ajralmas xususiyatlarini o‘rganishga to‘g‘ri keladi. Har qanday jismning ajralmas xususiyati lotincha «atribut» so‘zi bilan ataladi. Borliqning atributlari. Muayyan jismning aynan shu jism ekanligini belgilovchi xususiyatlari uning atributlari bo‘ladi. Borliqning ham bir qancha atributlari mavjuddir.
Bular harakat, fazo, vaqt, in’ikos, ong va boshqalar. Borliq o‘zining xossalari, xususiyatlari orqali namoyon bo‘ladi. Endi borliqning atributlari, ya’ni ajralmas tub xususiyatlari haqida to‘xtab o‘taylik.
Harakat. Borliqning atributlari ichida uning asosiy mavjudlik usulini ifoda etuvchi xususiyati harakat hisoblanadi. Chunki borliq harakatsiz o‘zining strukturaviy yaxlitligini saqlay olmaydi.
Buni moddiy borliq misolida qarab chiqaylik. Faraz qiling, qarshimizda biror jism turibdi. Agar harakat bo‘lmaganida edi, yorug‘lik nurlari shu jismga urilib bizga qaytmagan bo‘lar edi, ya’ni biz uni ko‘rmagan bo‘lar edik. Shuningdek, bu jismning yaxlitligini saqlab turgan molekulalar, atomlar, elementar zarrachalar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirlar ham bo‘lmasdi. Natijada bu jismning strukturaviy birligiga putur yetgan bo‘lar edi. Tevarak-atrofimizdagi predmetlar va hodisalar harakat tufayli o‘zining muayyan tartibini va birligini saqlab turadi, shu tufayli, o‘sish, ulg‘ayish, ravnaq topish, rivojlanish mavjuddir.
Harakat, bir tomondan, moddiy jismlar o‘rtasidagi va ularni tashkil etuvchi elementlar o‘rtasidagi aloqadorliklarning natijasi, boshqa tomondan esa, ulardagi o‘zgarishlar sifatida sodir bo‘ladi. Shu nuqtai nazardan ham falsafaning harakat bu umuman har qanday o‘zgarishdir, deyilgan ta’rifi juda o‘rinlidir. Harakatning manbai haqida gap ketganda, ana shu o‘zgarishlarning asosida yotuvchi o‘zaro ta’sirlar va ular orasidagi munosabatlar nazarda tutiladi. Demak, har qanday harakatning manbai shu sistemadagi ichki o‘zaro ta’sirlar ekan, har qanday jismning mavjudligini, eng avvalo, uning ichki aloqadorliklari ta’minlaydi.