Agar mifologiya va dinda javobga urg’u berilsa, bilishning butun mazmuni unda mujassamlashsa, falsafada savol, masala birinchi o’rinda turadi. U to’g’ri va yaxshi ta’riflangan bo’lsa, muammoning mohiyati aniq aks etadi. Savol, masala insonni ijodga rag’batlantiradi, toki unga qoniqarli javob olinib, haqiqatning tagiga yetilganiga ishonch paydo bo’lmagunicha insonni izlanishga da’vat etadi. Bunda savolning o’zi, muammoning qo’yilishi javobdan kam ahamiyat kasb etmaydi, ba’zan undan ham muhimroq deb qaraladi.
Shuni ham qayd etib o’tish lozimki, falsafa, garchi muayyan natijalarga, mukammal ta’riflarga, uzil-kesil xulosalarga intilsa-da, lekin shuning o’zi bilan kifoyalanmaydi. Falsafani avvalo inson madaniyati sohasida yuz berayotgan, turli qarama-qarshiliklar va o’zaro ta’sirlar bilan uzviy bog’liq va ayni vaqtda o’zga sohalarga o’tish va ularda gavdalanish qobiliyatiga ega bo’lgan ma’naviy jarayon sifatida tushunish lozim.
Bundan xulosa shuki, falsafiy mushohada yuritish savol berish, shubha qilish, javoblar izlash va kuni kecha yechilgan deb hisoblangan, shak-shubhasiz bo’lib tuyulgan masalalarga qaytish demakdir. Falsafa uchun «boqiy», uzil-kesil aniqlangan haqiqatlar, «noqulay», «ilmoqli» savollar yoki man etilgan mavzular mavjud emas. Falsafa savollar berish, narsalar va hodisalar mohiyatini anglashga urinish orqali bilish doirasini kengaytirishga harakat qiladi.
Xullas, falsafa haqiqat qanday bo’lsa, uni shunday ifodalab ko’rsatishdir, din esa –uning ramziy, timsoliy aks etishi. Falsafa asos va mohiyat bo’lsa, din timsol va shakl. Dialektik munozara usuli jamiyatning kam sonli ayonlari uchun kerak. Vahiy yo’lidagi ifoda – xalq ommasining idroki, tarbiya va ta’limi uchun kerak
4-masala. Fan ilmiy dunyoqarash shakli. Bilimlarning o’sishiga qarab har xil muammolar va masalalar soni ham tinimsiz ko’payib bordi. Bu jarayon fanning rivojlanish sur’ati yanada jadallashuviga va u falsafadan yanada ko’proq ajralishiga sabab bo’ldi. Biroq fan bilimning mustaqil sohasi, dunyoqarashning alohida shakli sifatida faqat XVII-XVIII asrlarda to’la shakllandi. Muayyan darajada shartlilik bilan shuni aytish mumkinki, bu I.Nyuton klassik mexanikaning asosiy qonunlarini ta’riflab, shu tariqa tabiatshunoslikning asosiy bo’limi – asoslari asrlar mobaynida shakllangan, bosh tamoyillari esa bundan yuz yilcha muqaddam, avvalo Galileo Galiley tomonidan ta’riflangan klassik mexanikaning shakllanishiga yakun yasaganidan keyin yuz berdi.