Falsafada borliq muammosi Gnoseologiya – bilish nazariyasi to‘g‘risidagi ta’limot Falsafada rivojlanish muammosi


Makon va vaqt, harakat va rivojlanish



Yüklə 36,08 Kb.
səhifə2/2
tarix20.11.2023
ölçüsü36,08 Kb.
#164247
1   2
Falsafaning umum nazariy muammolari

Makon va vaqt, harakat va rivojlanish
Borliqning asosiy yashash shakllariga fazo va vaqt kiradi. Fazo narsalarning ko‘lamini, hajmini, o‘zaro joylashish tartibini, uzlukli yoki uzluksizligini ifodalasa, vaqt hodisalarning ketma-ketligi, jarayonlarning davomiyligini ifodalaydi.
Ma’lumki, har qanday moddiy jism joyga, ko‘lamga, hajmga ega. Fazo — vaqtning muayyan lahzasida olamni tashkil etgan nuqtalarning o‘zaro joylashish tartibini aks ettirsa, vaqt esa fazoning muayyan nuqtasida ro‘y beruvchi hodisalar ketma-ketligi tartibini ifodalaydi.
Fazo va vaqt tushunchalari, ko‘p hollarda, forsiy til ta’sirida yozilgan adabiyotlarda makon va zamon deb ham ataladi. Bu tushunchalar fazo va vaqtning tashqi, nisbiy xususiyatlarinigina aks ettiradi, xolos. Fazo narsalar joylashadigan joy ma’nosida, vaqt esa hodisalar bo‘lib o‘tadigan muddat ma’nosida ishlatiladi.
Fazo va vaqtni tushunish bo‘yicha substansial va relyasion yondashishlar mavjud. Substansial konsepsiya tarafdorlari fazoni narsalar joylashadigan idish, bo‘shliq deb bilishadi. Ularning fikricha, hamma narsa fazo ichiga joylashtirilgan. Fazo o‘ziga narsalarni sig‘diruvchi substansiya. Hyech narsasi yo‘q, ya’ni narsalar solinmagan fazo ham bo‘lishi mumkin, deyiladi. Relyasion konsepsiya tarafdorlari esa, narsalar fazoviy o‘lchamga ega, deyishadi.
Hyech narsasiz fazoning bo‘lishi mumkin emas. Bu farqni relyativistik fizika asoschisi Albert Eynshteyn shunday tushuntirgan edi. Faraz qilib, bir kazarma soldatlarni ko‘z oldingizga keltiring. Ilgarigi, Nyuton fizikasiga ko‘ra, soldatlar chiqib ketishi bilan kazarma bo‘sh qoladi, ana shu substansial konsepsiyadagi fazodir. Yangi fizikaga ko‘ra, soldatlar chiqib ketishi bilan kazarma ham yo‘qoladi. Bu relyasion konsepsiyadagi fazodir.
Fazo va vaqtning xususiyatlari. Fazo va vaqt borliq miqdoriy va sifatiy jihatlarni ifodalashiga qarab, metrik va topologik xususiyatlarga ega. Fazo va vaqtning metrik xususiyatlari borliqning miqdoriy munosabatlarini aks ettirib, o‘lchanadigan, ko‘zga tashlanadigan va nisbiy tabiatli xususiyatlaridir. Ularga ko‘lam, bir jinslilik, izotroplik (anizotroplik) kabi xususiyatlar kiradi.
Fazo va vaqtning topologik xususiyatlari esa, borliqning tub sifatiy jihatlarini ifodalaydi. Bunday xususiyatlarga uzuksizlik, bog‘langanlik, o‘lchamlilik, kompaktlik, tartiblanganlik singari xususiyatlar kiradi. Vaqtning topologik xususiyatlariga orqaga qaytmaslik, bir o‘lchamlilik kabi xususiyatlar qo‘shiladi.
Fazoning metrik o‘zgarishlari borliq strukturasini jiddiy o‘zgartira olmaydi, topologik o‘zgarishlar esa borliqning sifatiy o‘zgarishiga sababchi bo‘ladi. Masalan, bir bog‘langan sistemaning ko‘p bog‘langan sistemaga o‘tishi fazo topologiyasini tubdan o‘zgartiradi, ya’ni fazoning ikki nuqtasini tutashtiruvchi turlicha yo‘llar paydo bo‘ladi. Bunday fazoda katta idishning ichiga kichik idishni sig‘dirish mumkin bo‘ladi. O’lcham darajasi ko‘p bo‘lgan sistema o‘lchov darajasi kam bo‘lgan sistemaga nisbatan ko‘rinmas va murakkab bo‘ladi. Shuningdek, fazo va vaqtning metrik xususiyatlarini kuchli o‘zgarishi topologik xususiyatlarining o‘zgarishiga olib kelishi mumkin. Masalan, fazoning egrilik darajasi kuchli o‘zgarsa, bir bog‘langan fazo ko‘p bog‘langan fazoga aylanishi mumkin.
Tabiat va jamiyat haqidagi konkret fanlar borliqning o‘z predmetlariga mos keluvchi muayyan xususiyatlarinigina o‘rganadi. Borliqning umumiy xossalari haqida esa, falsafa fani tadqiqot olib boradi.
Harakat. Borliqning atributlari ichida uning asosiy mavjudlik usulini ifoda etuvchi xususiyati harakat hisoblanadi. Chunki borliq harakatsiz o‘zining strukturaviy yaxlitligini saqlay olmaydi.
Buni moddiy borliq misolida qarab chiqaylik. Faraz qiling, qarshimizda biror jism turibdi. Agar harakat bo‘lmaganida edi, yoruQlik nurlari shu jismga urilib bizga qaytmagan bo‘lar edi, ya’ni biz uni ko‘rmagan bo‘lar edik. Shuningdek, bu jismning yaxlitligini saqlab turgan molekulalar, atomlar, elementar zarrachalar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirlar ham bo‘lmasdi. Natijada bu jismning strukturaviy birligiga putur yetgan bo‘lar edi. Tevarak-atrofimizdagi predmetlar va hodisalar harakat tufayli o‘zining muayyan tartibini va birligini saqlab turadi, shu tufayli, o‘sish, ulg‘ayish, ravnaq topish, rivojlanish mavjuddir.
Harakat, bir tomondan, moddiy jismlar o‘rtasidagi va ularni tashkil etuvchi elementlar o‘rtasidagi aloqadorliklarning natijasi, boshqa tomondan esa, ulardagi o‘zgarishlar sifatida sodir bo‘ladi. Harakat bu umuman har qanday o‘zgarishdir. Harakatning manbai haqida gap ketganda, ana shu o‘zgarishlarning asosida yotuvchi o‘zaro ta’sirlar va ular orasidagi munosabatlar nazarda tutiladi.
Demak, har qanday harakatning manbai shu sistemadagi ichki o‘zaro ta’sirlar ekan, har qanday jismning mavjudligini, eng avvalo, uning ichki aloqadorliklari ta’minlaydi.
Harakatning turlari. Mexanik, ximiyaviy, biologik, fizik o‘zgarishlar bilan ijtimoiy o‘zgarishlarni aslo taqqoslab bo‘lmaydi. To‘g‘ri, bu o‘zgarishlar uchun umumiy bo‘lgan fazoviy siljishlar harakat shakllarining hammasida ham, u yoki bu ko‘rinishda namoyon bo‘lishi mumkin. Lekin hamma o‘zgarishni ham, faqatgina fazoviy siljishdan iborat, deb bo‘lmaydi. Masalan, Yerning Quyosh atrofidagi, Oyning Yer atrofidagi harakatini fazoviy siljishning yaqqol ko‘rinishi deyishimiz mumkin. Lekin Yer bag‘rida ro‘y berayotgan murakkab geologik jarayonlarni, Yer sirtidagi biosferaning yashash usulini birgina mexanik siljish bilan izohlab bo‘lmaydi. Harakatning shakli qanchalik murakkab bo‘lsa, u bilan bog‘liq bo‘lgan o‘zgarishlar ham shu qadar murakkab bo‘ladi. Materiyaning tashkiliy struktura darajasi qanchalik yuqori darajada bo‘lsa, unda fazoviy siljish ham shu qadar kam seziladi.
O’zgarishlarning shunday bir shakli borki, uni falsafada rivojlanish deb ataladi. Rivojlanish -bu muayyan sistemaning muayyan vaqt va fazodagi yaxlit, kompleks, orqaga qaytmaydigan, ilgarilanma yo‘nalishga ega bo‘lgan, miqdoriy va sifatiy o‘zgarishidir.
Shu jihatdan harakatning ikki xil turi bir-biridan farq qilinadi. Harakatning birinchi turi jismda uning sifati va turg‘unligini saqlagan holda ro‘y beradigan ichki o‘zgarishlarni o‘z ichiga oladi. Ya’ni har qanday jismda beto‘xtov ichki o‘zgarishlar ro‘y berib turadi, lekin bu o‘zgarishlar shu jismning tashqi sifatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.
Atrofimizni qurshab turgan har bir jism molekulalardan, molekulalar esa atomlar va elementar zarrachalardan tashkil topgan ekan, bu jismlarning molekulyar va atom tuzilish darajasida ham beto‘xtov o‘zgarishlar ro‘y berib turadi. Shuningdek, har bir jism o‘zining atrofidagi boshqa jismlarning va ulardan tarqalayotgan nurlanishlarning ta’siriga ham uchrab turadi. Bunday tashqi ta’sirlarni o‘zida in’ikos ettirish jarayonida ro‘y beradigan o‘zgarishlar ham bu jismning sifatiy o‘zgarib ketishiga olib kelmasligi, uning turg‘unligi va asosiy sifati saqlanib qolishi mumkinligi haqida xulosa chiqarish mumkin.
Biz yuqorida qayd etgan ichki va tashqi ta’sirlar oqibatida ro‘y beruvchi o‘zgarishlar asta-sekin to‘planib, keyinchalik jismda keskin sifatiy o‘zgarishning vujudga kelishiga ham sabab bo‘lishi mumkin. Mana shunday o‘zgarish, ya’ni jismning sifatini o‘zgartiruvchi harakat ikkinchi turdagi harakatga kiradi va u rivojlanish deb ataladi.
Rivojlanish jarayoni ham ikki turda bo‘ladi. Birinchi turdagi rivojlanish bo‘yicha, jismda har qanday sifatiy o‘zgarish ro‘y berishiga qaramasdan, uni tashkil etgan materiyaning sifatiy tuzilish darajasi o‘zgarmasdan qolaveradi.
Masalan, notirik tabiatga mansub bo‘lgan Quyoshdagi ravojlanishni olib qaraylik. Olimlarning taxminlariga ko‘ra, hozir sirtida 6 ming, ichida esa bir necha mln. darajali haroratga ega bo‘lgan Quyosh borib-borib soviydi va qizil gigantga aylanadi, ya’ni Quyoshning markazidagi termoyadro energiyasi so‘ngach, ichki zichligi pasayadi va markazdagi tortishish quvvati susayadi. Oqibatda Quyosh shisha boshlaydi va Yer orbitasini ham o‘z ichiga olgan ulkan qizil yulduz vujudga keladi, u asta-sekin sovib, qizil karlikka, so‘ngra esa «qora karlikka», keyin bo‘lsa neytron yulduzga aylanadi. Bunday o‘zgarishlar natijasida borliqning tashkiliy struktura darajasi o‘zgarmaydi, ya’ni jonsiz tabiat shaklidagi darajasi saqlanadi.

Gnoseologiya – bilish nazariyasi to‘g‘risidagi ta’limot


Inson o‘zining bevosita borligini, mavjudligini uni qurshab turgan dunyo bilan doimiy aloqada amalga oshiradi. Dunyoda yashash va optimal moslashish uchun inson, uning aql-idroki va hislari tashqariga, ya’ni dunyoni bilishga qaratilgan. M.Xaydeggerning so‘zlari bilan aytganda «bilish tadqiqot sifatida mavjud narsani hisobotga jalb etadi». Bilish faoliyatiga inson hayoti va faoliyatining zarur elementi deb qaramoq zarur. Bilishning maqsadi va vazifasi turli hodisalarni o‘rganish yo‘li bilan ularning chuqur, turg‘un, belgilovchi tomonlari va qirralarini, ularning mohiyatini ochib, xaqiqatni anglab olishdan iborat. Antik falsafadayoq sofistlar va Sokrat dunyoqarashining asosiy masalasini insonning tabiatga, subyektning obyektga, tafakkurning borliqqa munosabati masalasi sifatida ilk bor ta’riflab bergan edilar.
Yangi zamonda F.Bekon va R.Dekart bilish to‘g‘risidagi ta’limotni boyitib, uni subyektning obyektga munosabati deb ta’rifladilar. Dekartning so‘zlariga ko‘ra, subyekt – bu bilish harakatining sohibi bo‘lgan shaxsdir, fikrlovchi «Men» dir. Obyekt – bu subyektning bilish faoliyati yo‘naltirilgan narsadir, ya’ni bizni qurshab turgan butun olamdir. Bilish obyekti bilish vaziyatida bevosita berilgan emas, u ijtimoiy amaliyotning rivojlanish darajasi bilan belgilanadi, determinasiyalanadi. Bilish subyekti ham o‘zining bilish faoliyati keng amalga oshiriladigan konkret ijtimoiy-tarixiy vaziyat orqali belgilanadi. Binobarin, bilishning o‘zi ham ijtimoiy tabiatga ega, uni ijtimoiy amaliyot belgilab beradi. Dunyoni bilib bo‘ladimi yoki yo‘qmi, agar bilib bo‘lsa bu bizning ongimizda qanday aks etadi, degan masala hamisha falsafiy fikrni qiziqtirib kelgan. Bilish nazariyasi, yoki gnoseologiya (yunoncha – bilish haqidagi ta’limot) – falsafiy ta’limotlarning ajralmas qismidir.
Gnoseologiya subyektning bilish faoliyatining prinsiplari, qonuniyatlari, shakllari, bosqichlari va darajalarini, shuningdek, shu prinsip va qonunlardan kelib chiqadigan, haqiqiy bilimga erishilishini ta’minlaydigan talablar va mezonlarni o‘rganadi. Bilish nazariyasi bilish jarayonining oddiy, kundalik darajasini ham, bilishning umumiy ilmiy shakllari va metodlarini ham tadqiq qiladi.
Bilish jarayoni, bu – to‘laligicha ratsional, faqat aqlga bo‘ysunuvchi, formal, quruq jarayon emas, chunki u tirik kishilar tomonidan amalga oshiriladi, shu sababli bilish emosional elementlarni – iroda, niyat, istaklarni o‘z ichiga oladi. Shu munosabat bilan aytish joizki, narsalar, atrofdagi voqelik hodisalari subyektning nazariga tushgan, nimasi bilandir uning diqqatini tortgan, u bilan o‘zaro aloqada bo‘lgan, uning tomonidan jami boshqa predmetlar va jarayonlardan ajralib olingan taqdirdagina bilish obyektiga aylanadi. Shu ma’noda subyekt obyektni shakllantiradi, shuning uchun ham obyektsiz subyekt bo‘lmaganidek subyektsiz obyekt ham bo‘lmaydi, deydilar.
Falsafa tarixida vaqti-vaqti bilan dunyo haqida ishonchli bilimlarga erishish mumkinligini shubha ostiga qo‘yuvchi ta’limotlar paydo bo‘lib turgan. Bunday ta’limotning birinchisi eramizdan avvalgi IV asrda paydo bo‘lgan antik skeptisizmidir. Skeptiklar bilishning mumkinligiga e’tiroz bildirmaganlar, lekin bizning bilimlarimizning ishonchliligini, ularning tashqi dunyo hodisalariga muvofiqligini shubha ostiga qo‘yganlar.
Skeptisizm tarafdorlari ikki qoidadan kelib chiqqanlar. Birinchisi – falsafada tizimni tashkil etuvchi yagona asos yo‘q, ya’ni u o‘z ichida mantiqan ziddiyatlidir. Ikkinchisi – faylasuflar bir-biriga zid keladigan va bab-baravar rad etilishi mumkin bo‘lgan qoidalarni asoslashlari sababli falsafa haqiqatni topa olmaydi. Binobarin, dunyo haqida ishonchli bilimning bo‘lishi mumkin emas.
Skeptisizmning asoschilaridan biri Pirron (eramizdan oldingi taxminan 365-275 yillar) xissiy idrokni ishonchli deb hisoblagan (masalan, agar biron narsa subyektga achchiq yoki shirin tuyulsa, shu haqidagi fikr haqiqat bo‘ladi), yanglishuv esa, uningcha subyekt bevosita hodisadan mohiyatni, obyekt asosini bilishga o‘tmoqchi bo‘lganda paydo bo‘ladi. Uning fikricha, obyekt haqidagi har qanday da’voga uning mazmuniga zid bo‘lgan da’voni qarama-qarshi qo‘yish mumkin. Demak skeptik uzil-kesil hukmlardan tiyilib turmog‘i lozim.
Sinopalik Diogen va Sekst Empirik shunga o‘xshash g‘oyalarni yoqlab chiqdilar. Ular bilish faoliyatida, shuningdek kundalik hayotda ham subyekt o‘z sog‘lom fikriga tayanmog‘i kerak deb hisoblaganlar. O’rta asrlar davrida skeptisizm g‘oyalari G’arbda ham (Pyer Abelyar), Sharqda ham (al-G’azzoliy) rivoj topdi. Masalan, Al-G’azzoliy bunday degan: «Oxirigacha bilishga ojizlik ham bilishdir; kishilarga Uni bilish yo‘lini faqat Uni bilishga ojizlik orqali yaratib bergan Zotga sharaflar bo‘lsin»1.
Yangi zamon falsafasida skeptisizm pozisiyasini Yum izchilik bilan himoya qilib chiqdi. Yum tashqi dunyoning realligini shubha ostiga oldi. Faqat o‘z sezgilarimizning realligiga shubhalanish mumkin emas, deydi shotlandiyalik bu mutafakkir. Sezgi organlarining bu taassurotlari yo ularga tashqi dunyo ta’siri tufaylik yoki inson aqlining alohida energiyasi tufayli kelib chiqishi mumkin. Bu yerda tajriba sezgilarimizning haqiqiy manbaini aniqlashga ojizdir. Yum dunyoni bilish mumkinligini inkor etibgina qolmasdan, balki, shu bilan birga, subyektning xissiy taassurotlari doirasidan tashqarida biron-bir real narsaning mavjudligi to‘g‘risidagi masalani ochiq qoldirdi.
Nemis klassik falsafasining asoschisi I.Kant D.Yum g‘oyalarini tanqidiy jihatdan qayta ishlab chiqdi. Kantning transsendental idealizmi shundan iboratki, u, bir tomondan, bizning ongimizdan mustaqil ravishda «o‘zida narsalar» («vesh v sebe») mavjudligiga shubhalanmagan, ikkinchi tomondan esa, u «o‘zida narsalarni» prinsip jihatidan bilib bo‘lmaydi, deb da’vo qilgan. Narsalarning mohiyatini hyech nima bilan payqab, ilg‘ab bo‘lmaydi. Bilish subyekti bo‘lgan odam faqat hodisalar va jarayonlar sirtida yotgan bilan kifoyalanadi, faqat hodisa, «biz uchun narsa» («vesh dlya nas») bilan ish ko‘radi. «Biz uchun narsa» bizga «o‘zida narsalar» haqida hyech nima demaydi. Dunyo inson uchun «o‘zida narsalar»ning bilib bo‘lmas siri bo‘lib qoladi, shuning uchun bu falsafa agnostisizm nomini oldi (yunoncha a – inkor, gnostos – bilib bo‘ladigan).
Agnostisizm – bu shunday ta’limotki, unga ko‘ra dunyo haqida haqiqiy, ishonchli bilimlarga erishib bo‘lmaydi. Agnostisizm bilishni faqat biluvchi aqlning faoliyati deb biladi.
Ilmiy-texnikaviy taraqqiyot va informatsion sivilizasiya davrida hozirgi zamon gnoseologiyasida shuni hisobga olmoq muhimki, bilish subyekti bilan obyekt orasida ko‘pincha vositachi pribor, tadqiqot qurilmasi turadi. Bu o‘ziga xos gnoseologik vaziyatni vujudga keltiradi. Pribor obyektni adekvat, aynan aks ettirish jarayoniga muayyan uzluksiz va tasodifiy xatolar kiritishi sababli, tadqiqotchi ularga zarur korrelyasiya qilmog‘i lozim. Biroq bu agnostisizmning tantanasini bildirmaydi, balki bizning bilish usullarimiz, metodlarimiz, vosita va shakllarimiz doimiy takomillashtirilib turishga muhtoj ekanligini ko‘rsatadi. Bizni qurshab turgan dunyoni bilish mumkin, bilish esa – subyektning haqiqatni anglash va uni o‘z amaliy, yaratuvchilik, o‘zgartiruvchilik faoliyatida qo‘llash maqsadida tashqi dunyoni ongli ravishda aks ettirishidir.
Ratsional bilish aqlni hissiy (sezgi, idrok, tasavvur) bilishga nisbatan ustuvorligini tan oladi.Agar inson o‘z sezgilari yordamida narsa va hodisalarning faqat tashqi xossa va xususiyatlarini bilsa, tafakkur vositasida narsa va hodisalarning ichki mohiyatini bilib oladi.
Ratsionallik – bu inson aqlini bilishning va kishilar xulq-atvorining asosi deb hisoblovchi falsafiy tushuncha. Ratsionallikka ko‘ra, ilmiy (ya’ni obyektiv, umumiy, zaruriy) bilimga bilishning manbai va uning haqiqiyligi mezoni — aql vositasidagina erishiladi.
Fan rivojlanishining asosiy omili sifatida ratsionallik muhim o‘rin egallaydi. Chunki ratsionallikka tayanib harakat qilish fanning ham falsafaning ham yutug‘idir. Inson rivojlanishi, uning faoliyati asosan fan bilan bog‘liq ekan, fan ratsionallikning eng yuqori bosqichi hisoblanib, uning rivojlanishi bir tomondan qaraganda texnika va texnologiyalarning asosi bo‘lib, jamiyat ilmiy-texnik taraqqiyotining sababchisidir. Fan ratsionallikka asoslangan holda ilmiy bilim olish vositasi sifatida shakllangan. Shuning uchun fan ijtimoiy institutlar orasida spesifik xususiyatga ega.
Ratsionallik insonning har qanday bilish jarayoniga nisbatan aqliy bilishni ustun qo‘yadi. Har bir inson o‘z hayoti va faoliyati davomida maqsadga muvofiq, ratsional va reja asosida harakat qiladi. Shunday ekan ratsionallik insonning bilish jarayoni va boshqa ko‘rinishidagi faoliyatida ham hissiy bilish shakllariga nisbatan aqlni ustivor qo‘yuvchi ta’limoti bo‘lib, insonning ma’naviy, ruhiy faoliyatida barcha ashyo, narsalar, hodisalarni qanday bo‘lsa aynan ana shunday holda bilish qobiliyati, mavhum fikrlash va tushunchalar yaratish xususiyatidir.
Adabiyotlarda biz ratsionallikning quyidagicha ta’riflarini uchratamiz:
1) Ilmiy faoliyatning ratsionalligi. Falsafa va fan metodologiyasida bilish faoliyatining me’yor va ideallari, asoslash, tushuntirish va tavsiflash, me’yor va etalonlari, isbotlash me’yorlari, bilimlarni tashkil etish ideallariga katta e’tibor beriladi: 2) Ratsionallik ijtimoiy anglangan maqsadlarga yetishish va ularni muayyan ilmiy jamoa tomonidan qabul qilishning optimal normativlik, qoida, me’yor, etalon, standartlar majmuasi sifatida.
Ratsionallikka bo‘lgan qiziqishning asosi shundaki, ratsionallik tabiati bilan bog‘liq masala faqatgina nazariy bo‘lmay, balki xayotiy-amaliy masala hamdir. Chunki jamiyat rivojlanishi ijtimoiy ong, falsafa va sotsiologiyada ratsionallikka chuqur qiziqish o‘yg‘otdi.
Agar biz sezgilar vositasida hodisalar olamini aks ettirsak, sezgi bilan idrok etib bo‘lmaydigan mohiyatni aql bilan bilib olamiz. Aql bizning sezgi a’zolarimiz tashqi olamdan olgan axborotlarga asoslanib, hodisalar mohiyatini xiralashtiruvchi va yashiruvchi tashqi, tasodifiy holatlardan abstraktlashib hodisalar dunyosini tashqi, nomuhim xususiyatlar va aloqalardan xalos qiladi. Muhimni nomuhimdan farqlantira va ajrata olmaydigan sezgilardan farqli o‘laroq, aql hodisalardan hamma narsani emas, balki faqat eng muhimini, barqarorini, qonuniyatlisini oladi. Shuning uchun abstraksiyalar xissiy bilish uchun g‘oyat harakaterli bo‘lgan yorqinlik, bevositalik va yaqqollikdan mahrumdir.
Ratsional, abstrakt-mantiqiy tafakkur hodisalar olamining qonuniyatli aloqalarini bilishga imkon beradi, bu esa insonga tashqi dunyoni bemalol tushunib olish va tevarak-atrofdagi voqelik hodisalari va jarayonlaridan o‘z manfaatlari yo‘lida foydalanish uchun zarurdir.
Kundalik faoliyat jarayonida tajribalar orqali bilimlar hosil qilish butun insoniyatga xos bo‘lgan bilish usulidir. Bilimlar bevosita hayotiy ehtiyojdan, farovon hayot kechirish zaruratidan vujudga kelgan va rivojlangan. Insoniyatning ancha keyingi taraqqiyoti davomida ilmiy faoliyat bilan bevosita shug‘ullanadigan va ilmiy nazariyalar yaratuvchi alohida sotsial guruh vujudga keldi. Bular — ilm-fan kishilari bo‘lib, ilmiy nazariyalar yaratish bilan shuQullanadilar.
Hissiy bilish deyilganda, odatda, insonning his qilishi, sezgi a’zolari orqali predmet va hodisalarni, ularning tashqi tomonlarini, tashqi belgi va xususiyatlarini bevosita bilish tushuniladi. Insonning bu bilishi, deyarli hayvonlarga ham xos bo‘lgan bilish bilan bir xil xususiyatlarga ega bo‘lgan bilishdir (lekin ular tub farqlarga ham ega).
Hissiy bilish jonli mushohada bilimning dastlabki manbaidir. Hissiy bilishda narsa va hodisalar bevosita aks ettiriladi. Hissiy bilishning sezgi, hissiy qabul (yoki idrok), tasavvur kabi shakllari mavjud. Hissiy bilish bosqichida narsalar, hodisalarni alohida-alohida, bir-biridan ajratilgan holda aks ettiramiz. Shu sababli bu bosqichda narsa va hodisalar o‘rtasidagi aloqadorlik, bog‘lanish nazardan chetda, ularning mohiyati ochilmay qoladi.
Ilmiy bilish – inson faoliyatining empirik bilish bilan nazariy bilishning chambarchas bog‘liqligidan iboratdir. Empirik bilish insonning narsalarga bevosita (yoki asboblar yordamida) ta’sir ko‘rsatishi jarayonida yuzaga keladi. Uning metodlari kuzatish, tasvirlash, tajriba, o‘lchovdir.
Nazariy bilish deb, inson fikrning voqelik hodisalarni mohiyatiga chuqur anglab olishdir. Uning shakllari mavhumlik va muayyanlik, modellashtirish, formalizasiyalashtirish, nazariyalar yaratish va bilishdir.
Bilishning yana bir darajasi intuitiv bilish (qalban bilish, g‘oyibona bilish)dir. O’zining butun borlig‘ini fan, din, siyosat va san’at sohasiga bag‘ishlagan buyuk kishilar ana shunday bilish qobiliyatiga ega bo‘ladilar. Intuitiv bilish hissiy va aqliy bilishga tayanadi. Buyuk shaxslarning g‘oyibona bilishi ularning doimiy ravishda fikrini band etgan, yechimini kutayotgan umumbashariy muammolar bilan bog‘liqdir. Ilmiy bilishning eng samarali usullarini aniqlash gnoseologiyada muhim o‘rin egallab keldi. Har bir fan o‘ziga xos bilish usullaridan foydalanadi.
Intuitiv bilish esa, odatda kishi biror narsa yoki hodisa haqida muayyan tasavvurlar va bilimlarga ega bo‘lgan, uning fikri ma’lum muammo yoki masalani yechishga yo‘naltirilgan, shu asosda o‘z fikrini rivojlantirayotgan bir paytda ro‘y beradi. Intuitiv bilish ham inson bilish jarayonining muhim jihatini tashkil qiladi va uning borliqni bilishida muhim rol uynaydi. Intuitiv bilish, hissiy va mantiqiy bilishlardan farq qilib, u o‘z tabiatiga ko‘ra, hyech bir bevosita hissiy idroksiz va mantiqiy muhokamasiz biror bir yangi tasavvur yoki yangi fikrning birdaniga, kutilmaganda tug‘ilishidir.
Ba’zilar esa, intuitiv bilishni odatda faqat ijodiy jarayonga, ya’ni ilmiy kashfiyotlar, ilmiy ixtirolarga va badiiy ijod jarayoniga xos, degan qarashlarni ilgari surishdilar. Ularning nuqtai nazaricha, intuitiv bilish - bu ijodiy jarayonda fikrning rivojlanishida eski fikrdan yangi fikrga o‘tish, ya’ni sakrashdan iboratdir. Boshqa bir guruh tadqiqotchilarning fikri-cha, intuitiv bilish - bu badiiy ijod bilan bog‘liq yangi g‘oyaning tug‘ilishidir, degan fikrlarni bildirishadi. Haqiqatan ham, intuitiv bilish insonning ijodiy faoliyati bilan bog‘liq bo‘lib, bunda tadqiqotchi yoki ijodkorning butun fikri-zikri biron narsa bilan qattiq band bo‘lgan paytda, uning miyasiga hyech kutilmaganda biror yangi fikr, yangi g‘oya birdan, to‘satdan kelib qolishi mumkin.
Haqiqat, bu – bizning dunyo to‘g‘risidagi bilimlarimiz va tasavvurlarimizning dunyoning o‘ziga, obyektiv reallikka muvofiq kelishidir. Haqiqatni ochish yoki ilmiy haqiqatga erishish har qanday ilmiy bilishning asosiy vazifasi hisoblanadi. Haqiqat o‘zining mazmuniga ko‘ra mutlaq va nisbiy bo‘lishi mumkin. Haqiqatni ikkiga ajratish mumkin. Birinchisi nisbiy, ikkinchisi mutloq haqiqat. Fan haqiqati hamisha nisbiy xarakterga ega bo‘lib, ularning majmuasidan mutlaq haqiqat vujudga keladi.
Absolyut haqiqat – bu bilish obyekti haqidagi inkor etib bo‘lmaydigan to‘liq va tugal bilimdir, nisbiy haqiqat esa – bilish predmeti to‘g‘risidagi noto‘liq va notugal bilimdir. Absolyut haqiqat to‘liq hajmdagi obyektiv haqiqatdan boshqa narsa emas, nisbiy haqiqat – notugal shakldagi, notuliq hajmdagi obyektiv haqiqatdir. Har bir nisbiy haqiqatda absolyut haqiqat jihati bor, chunki har qanday nisbiy haqiqat obyektivligi sababli, unda doimiy bilim jihati bor.
Bilimlarimizning haqiqat yoki yolg‘onligini, ularning absolyutlik va nisbiylik darajasini konkret joy va vaqt sharoiti belgilab beradi. Joy va vaqt sharoiti almashinib, o‘zgarib turadigan omil ekanligi sababli bir sharoitda haqiqat bo‘lgan narsa o‘zgargan sharoitda yanglish yoki yolg‘on bo‘lib chiqadi.
Joy va vaqt sharoitini har tomonlama hisobga olish talabi biluvchi subyektni dogmatik xatolardan ehtiyot qiladi. Joy va vaqt sharoitining o‘zgarishi yetilgan vazifalarni hal qilishga ijodiy yondashuvni zarur qilib qo‘yadi, zarur bo‘lib qolganda o‘rtaga qo‘yilgan maqsadga erishish taktikasi, metodi va usullarini o‘zgartira bilishni taqozo etadi. Shu boisdan ham bilishning u yoki bu shakllari, metodlari va usullarini absolyutlashtirish mumkin emas, eskirgan xulosalar va formulalarni o‘z vaqtida yangilari, o‘zgargan sharoitga mos keladiganlari bilan almashtirish zarur, chunki ayni bir xil qonuniyatlar turli tarixiy sharoitda turli natijalarga olib keladi.
Agar haqiqatga jarayon deb qarab unga uning rivojlanishi nuqtai nazaridan yondashiladigan bo‘lsa, bu holda konkret haqiqatga abstrakt haqiqat qarama-qarshi qo‘yiladi. Abstrakt haqiqat – bu to‘liq bo‘lmagan, rivojlanmagan, birtomonlama haqiqat, konkret haqiqat esa, aksincha, - to‘liq, rivojlangan, ko‘ptomonlama haqiqat. Har qanday haqiqat, u bilish jarayonida rivojlanib borganligi sababli, abstraktlikni ham, konkretlikni ham o‘z ichiga oladi. Haqiqat o‘z rivojining keyingi bosqichiga nisbatan abstrakt va ilgarigi rivojlanish bosqichiga nisbatan konkretdir. Haqiqatga darhol erishib bo‘lmaydi; unga erishish bilishning qiyin, ko‘p bosqichli jarayonidir.
Haqiqat o‘z mazmuniga ko‘ra hamisha obyektivdir. Ya’ni uning mavjudligi ayrim kishilarning xohish-irodasiga bog‘liq emasdir. Masalan, O’zbekistonning milliy mustaqilligi obyektiv haqiqatdir. Ayrim kishilarning bu mustaqillikni tan olish yoki olmasligidan qat’i nazar, bu haqiqat o‘z mazmunini saqlab qolaveradi. Shuningdek, haqiqat hyech qachon mavhum emasdir. U hamisha konkretdir. Hyegel so‘zlari bilan aytganda, nimaiki voqye bo‘lsa, u haqiqatdir, haqiqat — voqelikdir. Haqiqat mazmunining konkret xarakteri joy, vaqt va sharoitni e’tiborga olishni talab etadi.
Haqiqatni nohaqiqatdan, yanglishuvdan, yolg‘ondan farqlashtirish, ajratish uchun bizning bilimimiz obyektiv voqelikka, uning yashash va rivojlanish qonunlariga qanchalik mos kelishini aniqlab olmoq kerak. Aristotel haqiqatning «klassik» konsepsiyasi muallifidir. Bu konsepsiya haqiqatni fikrning, bilimning voqelikka mos kelishi deb, yolg‘onni esa fikrning real ahvolga mos kelmasligi deb talqin qiladi. U o‘zining «Metafizika» sida bunday deb yozadi: «Bor narsani yo‘q deyish yoki yo‘q narsani bor deyish yolg‘on gapirishdir; borni bor va yo‘qni yo‘q deyish esa haqiqatni gapirishdir»
Yüklə 36,08 Kb.

Dostları ilə paylaş:
1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin