Mavzu: Falsafaning umum nazariy muammolari Reja Falsafada borliq muammosi
Gnoseologiya – bilish nazariyasi to‘g‘risidagi ta’limot
Falsafada rivojlanish muammosi
Falsafa kategoriyalari
Falsafada borliq muammosi Borliq tushunchasi. Faylasuflar qadim zamonlardan buyon «borliq» va «yo‘qlik» haqida bahs yuritishgan. Ular borliqning vujudga kelishi, mohiyati, xususiyatlari va shakllari haqida ko‘plab asarlar yozishgan. Xo‘sh, borliq nima? Bu savol bir qarashda juda oddiy ko‘ringani bilan unga shu choqqacha barcha kishilarni birday qanoatlantiradigan javob topilgani yo‘q. Bu holat borliqqa turlicha nuqtai nazarlardan qarashlarning mavjudligi bilan izohlanadi. Masalan, ayrim faylasuflar borliqni moddiylik, moddiy jismlar bilan bog‘lab tushuntirishadi. Ularning nuqtai nazarlaricha, borliq – obyektiv realliknigina qamrab oluvchi tushunchadir. U holda fikr, inson tafakkuri, o‘y-xayollarimiz borliq tushunchasidan chetda qolar ekanda, degan savolga ular, bunday tushunchalar obyektiv reallikning hosilasidir, deb javob berishadi.
Falsafaning borliq haqidagi ta’limotni izohlaydigan qismi — ontologiya deb ataladi. (Bu tushunchani falsafada birinchi bor X. Volf qo‘llagan). Olam va borliq masalalarini falsafaning ana shu sohasi o‘rganadi.
Yo‘qlik hech nima demakdir. Hamma narsani hech narsaga aylantiruvchi, hamma narsaning ibtidosi ham, intihosi ham yo‘qlikdir. Bu ma’noda yo‘qlik cheksizlik, nihoyasizlik va mangulik bilan birdir. Yo‘qlik chekingan joyda borliq paydo bo‘ladi. Demak, borliqning bunyodkori ham, kushandasi ham yo‘qlikdir. Borliq yo‘qlikdan yo‘qlikkacha bo‘lgan mavjudlikdir. Yo‘qlikni hyech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi. Fanda yo‘qlik nima, degan savolga javob yo‘q.
Qadimgi Yunon faylasufi Suqrot borliqni bilim bilan qiyoslaydi va uningcha, biror narsa, biz uni bilsakkina bor bo‘ladi, insonning bilimi qancha keng bo‘lsa, u shuncha keng borliqni qamrab oladi, deb hisoblaydi.
Qadimgi dunyoning atomist olimi Demokrit borliq atomlar majmuasidan iborat deb tushuntirgan. Uning fikricha, borliqning mohiyati uning mavjudligidadir. Mavjud bo‘lmagan narsa yo‘qlikdir.
Islom ta’limotida esa borliqbu ilohiy voqelikdir. Ya’ni u Olloh yaratgan mavjudlikdir. Bu borada vahdati vujud va vahdati mavjud ta’limotlari bo‘lgan.
Islom diniga mansub mutafakkirlar borliq haqidagi ta’limotni har taraflama rivojlantirganlar. Masalan, Forobiy fikricha, ilk borliq azaliy Ollohning o‘zidir. Beruniy fikricha, borliq shunday umumiylikki, u hamma narsaning asosida yotadi, demak, borliq hamma narsaning asosidir. Yevropada o‘tgan olimlar David Yum va Jorj Berkli borliqni sezgilarimiz majmuasi deb talqin etishgan.
Borliq o‘ziga obyektiv va subyektiv reallikni, mavjud bo‘lgan va mavjud bo‘ladigan olamlarni, moddiylik va ma’naviylikni, o‘tmish va kelajakni, o‘limni va hayotni, ruh va jismni qamrab oluvchi umumiy tushunchadir.
Borliq va mavjudlik. Atrofimizdagi odam, olam, tabiat, jamiyat, tafakkur, Qoyalar, o‘y-xayollarimiz barchasi birday mavjuddir, ular turli tarzda va shakllarda namoyon bo‘lib, hammasi mavjudlik belgisi ostida umumlashib, borliq tushunchasiga kiradi.
Materialistik mazmundagi borliq tushunchasi ta’rifiga faqat obyektiv real olam, ongdan tashqaridagi, unga bog‘liq bo‘lmagan jismoniy mohiyatga ega bo‘lgan narsalargina kiritiladi. Borliqning ideal, virtual, potensial, abstrakt, ma’naviy shakllari bu ta’rifdan tashqarida qoladi.
Aslida esa, borliq kategoriyasi umumiy abstraksiya bo‘lib, mavjudlik belgisi bilan barcha narsa va hodisalarni o‘ziga qamrab oluvchi o‘ta keng tushunchadir. U o‘ziga nafaqat obyektiv reallikni, balki subyektiv reallikni ham qamrab oladi.
Borliq mavjudlik va reallik tushunchalariga qaraganda ham kengroq tushunchadir. Mavjudlik — borliqning hozirgi paytda namoyon bo‘lib turgan qismi bo‘lib, o‘tgan va mavjud bo‘ladigan narsa va hodisalar ham borliq tushunchasiga kiradi. Reallik esa, mavjudlikning hammaga ayon bo‘lgan, ular tomonidan tan olingan qismi. Borliq o‘ziga reallikni ham, mavjudlikni ham qamrab oladi. An’anaviy falsafiy qarashlarda borliqning uchta sohasi ajratib ko‘rsatiladi. Ularga: tabiat borlig‘i, jamiyat borlig‘i, ong borlig‘i kiradi. Bular uchun eng umumiy belgi, ularning mavjudligidir.
Nimaiki mavjud bo‘lsa, ularning hammasi birgalikda siz bilan biz mansub bo‘lgan dunyoni ifodalaydi. Ammo tabiat, jamiyat va inson tafakkurining asosida yotuvchi va ularni birlashtiruvchi shunday bir umumlashtiruvchi tushuncha ham borki, u obyektiv olamning mazmunini ifoda etadi. Bunday tushuncha haqidagi tasavvurlar butun fan tarixi mobaynida rivojlanib kelgan.
Substansiya (lotincha, substantia — nimaningdir asosida yotuvchi mohiyat degan ma’noni beradi) –muayyan narsalar, hodisalar, voqyealar va jarayonlarning xilma-xil ko‘rinishlari ichki birligini ifoda etuvchi va ular orqali namoyon bo‘luvchi mohiyatdir. Olamning asosida bitta mohiyat — substansiya yotadi, deb hisoblovchi ta’limotni monizm deb atashadi. Faylasuflar substansiya sifatida biror jismni, hodisani, materiyani, g‘oyani yoki ruhni olishgan. Substansiya sifatida moddiy jismlarni, materiyani oluvchilar — materialistik monizm tarafdorlari. G’oyani, ruhni oluvchilar esa – idealistik monizm tarafdorlari hisoblanadilar. Shuningdek, olamning asosida ham moddiy jism yoki materiya, ham g‘oya yoki ruh yotadi deb hisoblovchi faylasuflar dualistlar (dualizm lotincha, dualis — ikkilangan degan tushunchani anglatadi) deb hisoblanadi. Arastu, Moniy, R. Dekart va boshqalar dualistlardir. Olamning asosida ko‘p substansiyalar yotadi deb hisoblovchilarni esa plyuralizm (lotincha pluralis — ko‘pchilik so‘zidan olingan) tarafdorlari deb atashadi.
Olamning asosida yotuvchi substansiyani axtarishning yana bir yo‘li narsalarning tarkibidagi bo‘linmas eng kichik unsurni, ya’ni narsalarning tarkibidagi umumiy substrat (lotincha substratum — asos ma’nosini anglatadi) ni axtarishdir. Bunday yo‘nalishga mansub oqimlardan biri atomistik oqim hisoblanadi. Masalan, Qadimgi Yunon faylasuflari Levkipp, Epikur, Demokrit va Lukresiylar narsalarning va butun olamning asosida eng kichik bo‘linmas unsurlar atomlar yotadi, ular o‘zlarining shakli, harakatlanishi va vaznlari bilan bir-birlaridan farq qiladi, deb hisoblashgan.
Borliqning moddiy shakli - materiya o‘ziga barcha jismlarni, hodisalarni, jarayonlarni va ularning xususiyatlarini qamrab oladi. Bundan tashqari u tafakkurni ham, olamda mavjud bo‘lgan barcha aloqadorliklarni va munosabatlarni ham qamrab oluvchi umumiy falsafiy tushunchadir. Borliqning moddiy shakliga xos umumiylikni axtarishning bir yo‘nalishi moddiy olamning asosida yotuvchi umumiy mohiyatni axtarish yo‘li bo‘lib, yuqorida qayd etganimizdek, substansiyani aniqlash yo‘lidir. Ikkinchi yo‘l esa — moddiy olamning asosiy tarkibiga kiruvchi «qurilish elementlarini»- substratni axtarish yo‘li. Uchinchi yo‘l — hamma narsaning vujudga keltiruvchi bosh sababchisini, ota moddani, ya’ni pramateriyani axtarish yo‘li. Mana shu yo‘l haqida maxsus to‘xtab o‘taylik.
Moddiy olamning asosida yotuvchi umumiy mohiyatni axtarish falsafada materiya haqidagi tasavvurlarning maydonga kelishiga va rivojlanishiga sababchi bo‘ldi. Materiya tushunchasi moddiy unsurga nisbatan ham, atomga nisbatan ham, pramateriyaga nisbatan ham umumiyroq bo‘lgan tushunchadir. Materiya olamdagi barcha moddiy obyektlarni, butun obyektiv reallikni ifoda etuvchi eng umumiy tushunchadir. Faylasuflar «Tom ma’nodagi materiya faqat fikrning maxsuli va abstraksiyasidir» deb yozishadi. Faylasuflar barcha moddiy obyektlarga xos xususiyatlarni umumiy tarzda ifodalash uchun qo‘llaydigan tushuncha materiya deb ataladi. Demak, materiya moddiy obyektlarga xos eng umumiy tushuncha, falsafiy kategoriyadir. Albatta bu ta’riflarni bir yoqlama mutlaqlashtirib tushunmaslik lozim. Bu ta’riflarda ko‘proq sezgi a’zolarimizga bevosita ta’sir etishi mumkin bo‘lgan reallik nazarda tutilgan.
XX asrning o‘rtalariga kelib, kvant mexanikasi, nisbiylik nazariyasi va hozirgi zamon kosmologiyasi sohalaridagi ilmiy yutuqlar kishilarning obyektiv olam hakidagi tasavvurlarini tubdan o‘zgartirib yubordi. Natijada, tabiatshunos olimlar sezgilarimizga bevosita ta’sir etishining imkoni bo‘lmaydigan realliklar haqida ham tadqiqotlar olib bora boshladi.