Makon va vaqt reja: Makon va vaqt borliqning fundamental shakllari. Makon va vaqtning mikro-, makro- va megaolamdagi xususiyatlari. Makon va vaqtning umumiy xossalari: obyektivlik, abadiylik, cheksizlik va ichki ziddiyatlilik
Makon va vaqtning mikro-, makro- va megaolamdagi xususiyatlari.
Makon va vaqtning umumiy xossalari: obyektivlik, abadiylik, cheksizlik va ichki ziddiyatlilik.
Makon va vaqt falsafa tarixida. Bizni qurshagan dunyo mazmuni, borliqning umumiy xossasi bo‘lgan borliq haqida so‘z yuritar ekanmiz, makon va vaqt tushunchalarini chetlab o‘tishimiz mumkin emas. Zero, har qanday jism, narsa, hodisa doim borliqning boshqa predmetlari va hodisalari bilan yonma-yon keladi, ko‘lamlilik xususiyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek ular o‘z ichki va tashqi holatlarini bir-biriga nisbatan o‘zgartiradi va bu turli hollarda har xil tezlik, marom, sur'at va davomlilik bilan yuz beradi. Alohida holda ayrim yagona deb qaraladigan bu ko‘rsatkichlar majmui bizga vaqt haqida tasavvur beradi. Makon va vaqt o‘z rang-barangligida cheksiz borliqning shakllari sifatida amal qiladi.
Makon va vaqt mohiyati haqida odamlar o‘z rivojlanishining dastlabki bosqichlaridayoq fikr yuritganlar va o‘tmishning aksariyat mutafakkirlari ularning tabiatini aniqlashga harakat qilganlar. Bu avvalo inson amaliyoti va bilishining rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan. Zero ular kengayib va takomillashib, mazkur kategoriyalarni yanada aniqroq va teranroq tushunishni talab qilgan. Xususan, antik davrdayoq falsafadan ko‘lamli shakllar va ularni o‘lchash usullari haqidagi fan sifatida ajralib chiqqan geometriya dastlabki aniq fanlardan biriga aylandi. Vaqtga astronomik kuzatishlar hamda koinotning boqiyligi va inson hayotining tezoqarligi haqidagi mulohazalar nuqtai nazaridan ham alohida e'tibor qaratilgan. Keyinchalik «makon» va «vaqt» kategoriyalariga qiziqish hyech qachon susaymagan. Ular bilan bog‘liq ko‘p sonli masalalar yuzaga kelgan. Ularning eng muhimlaridan biri quyidagicha yangraydi: makon va vaqt mustaqil mohiyatlarmi yoki ular faqat nimagadir bog‘liq holda keladimi? Shu munosabat bilan falsafa tarixida shakllangan ikki muhim va bir-biridan butunlay farq qiladigan yo‘nalish – substansional va relyasion yo‘nalishlarni farqlash mumkin.
Substansional yo‘nalishda makon va vaqt materiya va ongga bog‘liq bo‘lmagan mustaqil mohiyatlar sifatida amal qiladi. Substansional konsepsiya asoschilari Demokrit (makon muammosi bo‘yicha) va Platon (vaqtga nisbatan yondashuvlarda) Demokrit atomlar harakatlanuvchi bo‘shliq amalda mavjudligi haqidagi yondashuvni ilgari surgan. Uning fikricha, bo‘shliqsiz atomlar harakatlanish imkoniyatidan mahrumdir. Demokrit va Epikur makonni atomlardan iborat joy deb tasavvur qilgan va uni bo‘shliq bilan tenglashtirgan. Makon mutlaq, bir jinsli va harakatsiz bo‘ladi, vaqt esa bir tekis oqadi deb hisoblangan. Makon ob'ektiv, bir xil va cheksiz. U atomlar joylashadigan joy. Vaqt (zamon)ni abadiyat bilan tenglashtirish mumkin, u o‘tmishdan kelajak sari bir maromda kechuvchi sof davomlilikdan iborat. Vaqt - voqyealar yuz beruvchi joy. Qadimgi yunon faylasuflari materiya, harakat, makon va vaqtni mustaqil substansiyalarga ajratuvchi bu g‘oyalar keyinchalik Nyuton klassik mexanikasida rivojlantirildi. XVIII-XIX asrlarda substansional konsepsiya – mutlaq makon va vaqt konsepsiyasi falsafa va tabiatshunoslikda yetakchilik qildi, biroq, bu o‘z mohiyatiga ko‘ra metafizik konsepsiya edi, chunki u harakatlanuvchi materiya, makon va vaqtning aloqadorligini e'tiborga olmas edi. Mazkur konsepsiyaga ko‘ra, materiyadan tashqarida sof makon yoki moddiy jarayonlar bilan mutlaqo bog‘liq bo‘lmagan vaqt mavjud bo‘lishi mumkin edi. Shunga qaramay, makon va vaqt haqidagi bu tasavvurlar muayyan empirik asosdan xoli emas edi. Odatdagi tajriba va past tezliklar sohasida, makrodunyoda (makrodunyo esa inson yashaydigan asosiy muhitdir) makon, vaqt va harakatlanayotgan narsa o‘rtasida bevosita aloqa kuzatilmaydi. Ob'ekt muayyan joydan uzoqlashishi mumkin, lekin buning natijasida makon o‘zgarmaydi va yo‘qolmaydi. Vaqt ham shunday tushuniladi, u ob'ektlarga bog‘liq emas. Shuning uchun ham bunday yondashuvlar saqlanib qolgan, ayniqsa, tabiatshunoslik mikrodunyoni o‘rganishga hali yaqinlashmagan sharoitda keng tarqalgan.
Ammo dialektik tafakkur sohibi bo‘lgan F.Gegel bunday yondashuvlarni qat'iy inkor etgan. U makon mustaqil bo‘lishi mumkin emasligini qayd etgan, vaqt haqida esa shunday degan: «hamma narsa vaqtda yuzaga kelmaydi va yuz bermaydi, balki vaqtning o‘zi shu shakllanish, yuzaga kelish va yuz berishdir»1 deb ta'kidlagan. Umuman, Gegel o‘zining ob'ektiv idealizmida makon va vaqtga e'tibor qaratmagan, chunki u vaqtdan tashqari, boqiy, «sof mantiqiy» xususiyatga ega bo‘lgan bilimlarning mutlaq tizimini yaratishga harakat qilgan.
Relyasion (lot. relativus – nisbiy) yo‘nalish makon va vaqtni mustaqil mohiyatlar sifatida emas, balki real dunyo ob'ektlari va jarayonlari o‘rtasidagi alohida munosabatlar sifatida tushunish bilan bog‘lanadi. «Vaqt nima?», degan savolga javob berar ekan, Aristotel shunday mulohaza yuritadi: harakatda ham, vaqtda ham doim muayyan «oldin» va undan farq qiluvchi «keyin» mavjud. Aynan harakat tufayli biz har xil, o‘zaro mos kelmaydigan «hozir»ni farqlaymiz. Vaqt shu «hozir»ning ketma-ketligi, ularning almashuvi, sanog‘i, hisobi, «oldingi va keyingiga bog‘langan harakatlar soni»dir2. Aristotelda makon harakatsiz yulduzlar sohasi bilan cheklangan, ularning ortida – makon va vaqtdan tashqarida yotuvchi va hamma narsani harakatga keltiruvchi boqiy, harakatsiz, ilohiy osmon joylashgan. Mazkur nuqtai nazardan ko‘rsatilgan munosabatlar doirasidan tashqarida makon va vaqt mavjud bo‘lmaydi. Bu yo‘nalishning atoqli namoyandasi G.Leybnits (1646-1716) hisoblanadi.
Makon va vaqt haqidagi bu yondashuv, ya'ni makon va vaqt borliqning mustaqil, ob'ektiv hamda moddiy mazmunga bog‘liq bo‘lmagan asoslari sifatida yoki harakatlanuvchi materiyaning ajralmas qismi sifatida talqin qilish keyinchalik o‘z rivojini topdi. Birinchi substansional konsepsiya ayrim o‘zgarishlar bilan yigirma asrdan ko‘proq davr amal qildi. Nyutonning materiya joylashadigan harakatsiz, uzluksiz va bir xil uch o‘lchovli joy sifatidagi makon to‘g‘risidagi fikri o‘z mohiyatiga ko‘ra, Demokritning makon haqidagi g‘oyalari bilan bir edi. Nyuton konsepsiyasiga ko‘ra, makon absolyut bo‘lib, cheksiz ko‘lamga ega. Shuning uchun u o‘zida barcha materiyani sig‘dira oladi va turli jarayonlarga bog‘liq emas. Ushbu konsepsiyaga ko‘ra, vaqt ham absolyut bo‘lib, turli o‘zgarishlarga bog‘liq bo‘lmagan holda kechadigan teng davriylikdir. Unda barcha narsalar paydo va yo‘q bo‘lib turadi, Nyuton makon va vaqt bir-biridan ajralgan va materiya bilan harakatga bog‘liq bo‘lmagan mustaqil narsa, deb tushungan.
Falsafa tarixida aksariyat faylasuflar u yoki bu tarzda to‘qnash keladigan yana bir muhim masala shunday yangraydi: makon va vaqt borliq ko‘rsatkichlarimi, ya'ni ular ob'ektiv xususiyat kasb etadimi yoki bizning ongimiz xususiyatlaridan kelib chiqadimi, o‘z tabiatiga ko‘ra sub'ektivmi? Shu munosabat bilan mazkur kategoriyalarning materialistik va idealistik mazmunlari haqida so‘z yuritish mumkin.
O‘rta asrlar falsafasi ob'ektiv idealizm nuqtai nazarida makon va vaqt muammosi faqat Xudo makon va vaqtdan tashqarida deb fikrlanadi. Mazkur nuqtai nazarning shakllanishiga Avliyo Avgustin (354-430) salmoqli hissa qo‘shgan. Idealistik qarashlar makon va vaqtning ob'ektivligini rad etish va ular ongning turli shakllariga qaramligini tan olish bilan bog‘liq.