10-MA’RUZA. MAVZU: ELEKTR O‘LChOV ASOSLARI
Reja
O‘lchov haqida umumiy tushunchalar.
Etalonlar, o‘lchov turlari va vositalari.
Elektr o‘lchov qurilmalari.
Kirish
Hayotimizda, tabiatda, koinotda bizni o‘rab turgan butun borliq chekli o‘lchovlarga ega. Fazoning, vaqtning o‘lchovlari mavjud. Koinotdagi galaktikalar, yulduzlar va planetalarning ham fazo va vaqt hisobidagi o‘lchamlari mavjud. Biror jism haqida gap ketganda albatta uning o‘lchamlarini hisobga olamiz. Cheksiz katta o‘lchamli jismni tasavvur ham etib bo‘lmaydi (koinot cheksiz, shuning uchun koinot haqida to‘la tushuncha ham mavjud emas).
Oddiy kundalik hayotimizda ham, biz o‘z xohishimizdan tashqarida bo‘lgan o‘lchamlar bilan ish ko‘rishga, ularni o‘lchashga majburmiz. Inson hayotining o‘zi ham o‘lchamli va biz undan samarali foydalanishga urinamiz, vaqtni o‘lchaymiz, rejalashtiramiz, tejaymiz. O‘zaro munosabatlarimizda, kundalik turmushda, tabiat va jamiyat qonunlarini o‘rganishda, fan va texnikada, ishlab chiqarishda o‘lchovlar bilan ish ko‘ramiz. Qisqacha qilib aytganda butun hayotiy faoliyatimiz va o‘zaro munosabatlarimiz davomida biz turli ko‘rinishdagi o‘lchovlarni bajaramiz va ularning natijalari asosida ish yuritamiz.
1- rasm. Hayotimizning tarkibiy qismlariga aylangan kundalik o‘lchov jarayonlari
Ayniqsa, fan va texnikani, ishlab chiqarishni o‘lchovlarsiz tasavvur etish qiyin. Bugungi texnik taraqiyotning rivojlanish darajasi ham aslida o‘lchovlarni (vaqt, massa va masofani o‘lchashni) qay darajada aniq bajara olishimiz bilan baholanadi. Masalan 1970-75-yillardagi texnologik taraqqiyot darajasi masofani 2-8 mkm aniqlikda o‘lchash imkoniyatini bergan va bunga mos mikrosxemalar ishlab chiqarilgan, 90-yillarga kelib bu aniqlik 80 nm ga yetkazilgan bo‘lsa 2010-yilda 32 nm edi. 2018 yilga borib aniqlik darajasi 10nm ga yetishi kutilmoqda. Texnologik jarayonlarda masofani bunday aniqliklarda ajratish integral mikrosxemalarning tezligini oshirish, o‘lchamlari va energiya iste’molini kamaytirish, informatsiya saqlash imkoniyatini kengaytirish kabi qator imkoniyatlarni beradi, bu esa o‘z navbatida yanada mukammallashgan elektron qurilmalarni yaratishga yo‘l ochadi.
2- rasm. O‘lchovlarning aniqligi texnologik taraqqiyotni belgilaydi.
Dostları ilə paylaş: |