Ilk o’rta asr Sharq falsafasi va uyg’onish davri. Markaziy Osiyo – sivilizatsiyaning qadimgi o’choqlaridan biri. VIII-IX asrlarda Markaziy Osiyo arab xalifaligi tarkibiga kirgan. Bu davrda xalifalik markazlari – Bag’dod va Damashqda madaniyat va fan ravnaq to’di.
Xalifalar al-Mansur (754-776), Horun ar-Rashid (786-809), Ma’mun (813-833) hukmronligi davrida hind va yunon adabiyotlarining tarjimalariga qiziqish ayniqsa kuchaydi, Aristotel, Galen, Gippokrat, Arximed, Yevklid kabi yunon faylasuflarining ilmiy merosi o’rganildi. IX asr boshida Bag’dodda «Dor ul hikmat» - «Bilim uyi» tashkil etildi. Bu dargohda xalifalikning turli shaharlaridan taklif qilingan olimlar astronomiya, tibbiyot, tarix, geografiya, kimyo, falsafa va boshqa fanlarni sinchiklab o’rgandilar.
Abu Nasr Muhammad ibn Tarxon al Forobiy (870-950, asarlari: Kitob-ul xuruf, Fozil odamlar shahri, Ehsoul ulum, Siyosat falsafasi, Fuqarolik siyosati) falsafa va tabiiy fanlar tarixiga oid yuzga yaqin asar muallifidir. U fanlar bilish vositalari ekanligidan kelib chiqqan. Bunda mutafakkir nazariy (mantiq, falsafa, tabiiy fanlar) va amaliy (axloq, siyosat) fanlarni farqlagan. Fanlar tizimida u insonga haqiqiy bilimni soxta bilimdan farqlash imkonini beruvchi mantiqni birinchi o’ringa qo’ygan. Ayni shu sababli faylasuf inson tafakkuriga alohida e’tibor bergan. Aynan falsafa insonga borliqning mohiyatini tushunish imkonini beradi. Borliq «yagona» va ayni vaqtda «ko’p»dir. Borliqning mazkur holati emanatsiya, ya’ni «yagona» muhitdan borliqning turli muhitlari kelib chiqishi mahsulidir. Forobiy asarlarida dunyo bir-biriga kiruvchi to’qqiz gumbaz ko’rinishida namoyon bo’ladi. Bu gumbazlarda ularning Yer atrofida aylanishi sababi hisoblangan jonlar yashaydi. Gumbazlar o’z harakatini dastlabki turtkidan boshlagan.
Abu Rayhon Beruniy(973-1048 yillar, asarlari: “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”, “Hindiston”, “Minerologiya”), tabiat va uning ob’ektiv qonunlari mavjudligiga shubha qilmagan. U tabiat muttasil o’zgarish va rivojlanishda bo’ladi, materiya narsalar shaklini o’zi yaratadi va o’zgartiradi, jon (tafakkur, ma’naviy hodisalar) tananing muhim xossasidir, deb ta’kidlagan. Ma’lumki, tajriba, eksperiment borliqni bilish usullaridan biri hisoblanadi. Beruniy shunday deb yozadi: «Mendagi ishtibohni faqat tajriba va takroriy sinov bartaraf etishi mumkin, ...so’zlovchilarning yakdilligiga qaramay, buning haqiqiyligi tajribada o’z tasdig’ini to’magan».
Tadqiqotchilar fikriga ko’ra, «Beruniyni yetarli asos bilan o’rta asr fanida empirik metod yaratuvchilaridan biri deb hisoblash mumkin. U metallar va minerallarning xossalari va solishtirma og’irligini aniqlash bo’yicha bir qancha tajribalar o’tkazdi». Tajribada olingan bilimni mutafakkir ayrim me’yorlarga muvofiq ishonchli bilim deb talqin qiladi. Ularning orasida ob’ektlarning kuzatuvchanligi, tajribalarning qayta o’tkaziluvchanligi va kuzatishlarning tekshiriluvchanligini qayd etish mumkin.