10. Bu baytdagi «gulsiton» Arman mamlakatini, «sarvi siymbar» Shirinni anglatadi. Shoir bu
oʻrinda ham istiora san’atini qoʻllaydi.
11. Bu baytdagi «rasuli kordon» aynan: ishbilarmon elchi» ma’nosini anglatadi. Shoir Xusrav
Parvezning vaziri Buzurg Ummidni shunday deb atamoqda. Unga Armanga borib, Xusrav
maqsadidan Mehinbonuni ogoh etish hukm qilinadi.
XXXVII Bu bob sarlavhasida Xusrav elchisi Mehinbonuni maqsadda voqif etgani, bunga Mehinbonu har
xil bahonalar bilan javob qilgani va elchi keltirgan xabardan Xusrav gʻazabi bayon etiladi.
Shoir sarlavhada talmeh san’ati asosida Sharq afsonalaridagi Bilqis, Sulaymon obrazlari orqali
hamda tashhis san’ati vositasida Anqo, tovus obrazlari bilan Xusrav, Mehinbonu, Shiringa
aloqador fikrlarni ifoda qiladi.
1. Anqo – afsonaviy qush, balki qushlarning podshohi. Goʻyo u Qof togʻida yashar emish.
2. Homili roz – aynan: sir tashuvchi; bu yerda Xusravning elchisi (sovchi) koʻzda tutiladi.
3. Bor – darbor, saroy; bu yerda qabul ma’nosida ishlatilgan.
4. Baytning mazmuni: agar (Mehinbonu sovchilarga) ibo bilan boshqacha muomala qilay desa,
yirtqich sher jayronga zulm qilishi mumkin. Shoir bu yerda istiora san’ati vositasida Xusravni
gʻazanfar – yirtqich sher, Shirinni – jayron deb atamoqda.
5. Baytning mazmuni: olovga nozik ipak mato yaqin tura olmagandek, (temirchi) sandoni yuz
mingta boʻlsa ham shishani sindirib yuboradi. Bu oʻrinda shoir Mehinbonudan rad javobi
olgudek boʻlsa, Xusravning har qanday yirtqichlik qilishdan toymasligini ta’kidlamoqda.
6. Bu baytda ifodalangan Shirinning sovchilarga javobi Navoiy dostoni boʻyicha bosh xat boʻlib
oʻtuvchi insoniylik, insonparvarlik gʻoyasining aniq va ravshan dalilidir.
7. Bu baytda shoir Shirinni Mehinbonu tilidan ta’riflab, uni odam naslining parisi, mushtariydek
sayyoralari koʻp boʻlgan quyosh deb ataydi. Baytdagi «mushtariy» ikki ma’noda ishlatilgan. Biri
– sayyoraning nomi (forscha uni «Birjis» ham deydilar); ikkinchisi – xaridor ma’nosidir.
8. Bu baytning ikkinchi misrasi orqali Navoiy irsoli masal san’atini qoʻllab, ishq-muhabbat bilan
podshohlik boshqa-boshqa tushuncha, degan gʻoyani ifoda qiladi. Ayni choqda, uning zimnida
shu mavzuda dostonlar yaratgan oʻz salaflariga oʻtkir kinoya ham yotadi. Chunki ular Xusravni
Shirinning haqiqiy oshigʻi va shavkatli shoh sifatida talqin qilganlar. Bu oʻrinda yana shoirning
doston avvalidagi «Boʻlub Shiringa oshiq podshohvar» (ya’ni Shiringa podshohcha oshiq boʻldi)
degan istehzoli misrani eslash joyizdir.
9. Bu bayt mazmuniga singdirilgan fikrda Navoiyning umuman saltanatga, johil saltanat
egalariga boʻlgan ochiq nafrati oʻz aksini topgan.
XXXVIII Bu bob sarlavhasida Xusravning Shirin tomonidan kelgan javoblardan achchigʻlanib,
Armaniyaga qoʻshin tortgani, Farhodni qoya ustida koʻrib, uni tutmoqchi boʻlgani, Farhod
soʻzlaridan Xusrav qalbiga tigʻ sanchilgani bayon etiladi.