Farzand aziz, odobi undan aziz



Yüklə 15,84 Kb.
tarix02.05.2023
ölçüsü15,84 Kb.
#105711
FARZAND AZIZ


FARZAND AZIZ, ODOBI UNDAN AZIZ
Islom allomalari, faylasuf va mutafakkirlari azal-azaldan yosh avlod tarbiyasi borasida bebaho pand-nasihatlarga boy bo’lgan durdona asarlar yozib qoldirganlar. Jumladan ibn Muqaffaning “al-Adab al-vajiz” nomli risolasi, ibn Sinoning “Tadbir ul-manzil” nomli risolalarida farzand tarbiyasi borasida amalga oshirilishi lozim bo’lgan choralar go’zal tarzda ifodalab berilgan. Ushbu risolalar hajman kichik bo’lsa ham, mazmunan bepoyondir. Ushbu risolalarda ota-onaning farzand odobi borasidagi vazifalari, ularga adab o’rgatishda amal qilinishi lozim bo’lgan tamoyillar, axloqiy sifatlarni farzand qalbida joylashtirish usullari to’g’risida nasihatlar qilingan.
Aytish joizki, inson ojiz va notavon bo‘lgan vaqtlarida uning ehtiyojini qondiradigan, qarigan chog‘ida maqsadlarini va ezgu ishlarini amalga oshirishga ko‘maklashadigan, o‘limidan keyin uning nomini tiriltirib, xotirlaydigan farzandlarga muhtojdir. Farzandlar Alloh taolo tomonidan ota-onalarga ato etilgan eng bebaho hadyalardir, ular inson hayotini yanada go’zallashtiruvchi, ota-onalar hayotining chin ma’nodagi davomchilaridir.
Otaning farzand tarbiyasi borasidagi ilk tadbiri dunyoga kelajak farzandlari uchun oqila, go’zal axloqiy fazilatlar bilan ziynatlangan bir ona tanlamoqdir. Ota-ona axloqan yetuk, ma’nan barkamol bo’lsalar, farzandlar ham go’zal axloqli bo’lib voyaga yetadilar. Farzand dunyoga kelishi bilan ota-onaning farzand oldidagi eng birinchi vazifasi unga chiroyli bir ism tanlamoqdir. Ismning inson kelajagiga ko’rsatadigan ta’sirini ulug’ alloma, vatandoshimiz ibn Sino o’zining “Tadbir ul-manzil” nomli risolasida go’zal tarzda ifodalab bergan. Alloma ta’biri bilan aytganda, ism qanchalik to’g’ri tanlangan bo’lsa, farzandning ruhiyatiga, uning kelajagiga shu darajada ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Aynan go’zal ism qo’yish orqali ota-ona farzand tarbiyasi borasida ilk chora-tadbirlardan birini amalga oshiradi. So’ngra, bola yomon istaklar va salbiy odatlarga oshno bo‘lmasdan, ularni qalbiga joylamasdan, uni go‘zal axloq, munosib sifatlar va maqtovga loyiq odatlarga ro‘baro‘ qilishi, vujudini mana shunday go‘zal fazilatlar bilan to‘ldirishi lozim. Bu orqali bolani yomon ishlardan, ayb hisoblanadigan odatlardan uzoq tutadi.
Ota-onaning farzand tarbiyalash borasidagi mahorati ta’lim va tarbiyani mushtarak tarzda singdirishda bo’lgan harakatlarida namoyon bo’ladi. Zero, Sharq olamida, xususan islom ijtimoiy-falsafiy fikr taraqqiyotida ta’lim va tarbiya hech qachon bir-biridan alohida tarzda amalga oshirilmagan. Bolaning suyaklari qotib, tili durust gapira boshlasa, kattalarni tinglashga harakat qilsa, ularning nasihatlarini qabul qilishga intilsa, vujudi ilm va adab egallashga tayyor bo‘lsa, unga ilm va adab o‘rgatishga harakat qilish lozim. Avvalo, bola uchun muallim va tarbiyachi tanlash masalasiga alohida ahamiyat berish kerak. Muallim oqil va dindor bo‘lishi, bolani axloqiy jihatdan tarbiyalash, unga ta’lim berishda va adab o‘rgatish borasida farosatli, viqorli, qattiqqo‘l, muruvvatli, pokiza qalbli bo‘lishi va muomala qilish madaniyatini bilishi kerak. Ta’lim va tarbiya borasiga namunali muallim farzand tarbiyasida bebaho ahamiyat kasb etadi, uning kelajagiga, jamiyatning munosib a’zosi bo’lib yetishishida asosiy tayanch ustunlardan biri vazifasini bajaradi.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, ota-ona farzand tarbiyasiga u dunyoga kelmasdan oldin kirishishi, ular dunyo yuzini ko’rgandan keyin esa, go’zal axloqiy sifatlarni ular ongiga singdirish borasida g’ayrat ko’rsatishi, dunyo va oxirat saodatiga erishishda ko’maklashuvchi diniy va dunyoviy bilimlarni o’rgatishi zarur.


Sarvar Saidov – Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi Manbashunoslik bo’limi ilmiy xodimi
Yüklə 15,84 Kb.

Dostları ilə paylaş:




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin