Fuqaro muhofazasining hozirgi zamon sharoitidag vazifalari va ahamiyati. Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishning qonuniy asosini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari, O‘zbekiston Respublikasi Qonunlari, Vazirlar Mahkamasining Qarorlari va Favqulodda vaziyatlar vazirining ko‘rsatma va boshqa tegishli me’yoriy hujjatlari tashkil etadi.
Bizga ma’lumki, XX asrning 60-yillaridan fuqaro mudofaasi tizimi faoliyat ko‘rsatib kelgan. Uning asosiy vazifasi tinchlik davrida va urush sharoitida mamlakat aholisini yalpi qirg‘in qurollari va boshqa hujum vositalaridan himoya qilish, urush sharoitida iqtisodiyot bo’ektlarining barqarorligini ta’minlash hamda halokat o‘choqlarida qutqarish va tiklash ishlarini o‘z vaqtida samarali amalga oshirishdan iborat edi.
Lekin aholi hayotiga faqatgina ommaviy qirg‘in qurollari emas, balki boshqa xavf-xatarlar ham tahdid solib turadiki, ularni aslo nazardan chetda qoldirish mumkin emas. Bular turli tabiiy ofatlar, avariya, halokatlardir. Sodir bo‘lib o‘tgan bir nechta halokatlar (Chernobil atom elektr stansiyasidagi avariya, 25 000 odamning yostig‘ini quritgan Spitak zilzilasi va boshq.) fuqaro mudofaasining o‘rni va vazifalariga boshqacha ko‘z bilan qarash kerak ekanligini ko‘rsatib berdi. Fuqaro mudofaasi qo‘shinlari bunday yirik ko‘lamdagi ofatlarga qarshi kurashishga tayyor emas ekanligi, fuqaro mudofaasi vazifalari faqatgina harbiy davr chegarasida qolishligi mumkin emasligi, ular oldiga qo‘yilgan vazifalar ko‘lamini kengaytirish lozimligi ayon bo‘lib qoldi.
90-yillarga kelib yadro urushi xavfi kamaydi, biologik qurollardan foydalanish cheklab qo‘yildi, yangi-yangi zamonaviy qurol turlari kashf etildiki, ular odamlar uchun xavfli bo‘lmay, balki iqtisodiyot ob’ektlarini ishdan chiqarishga qaratilgan edi. Bularning hammasi fuqaro mudofaasi tizimi o‘rnida yangi tizim tashkil etilishi lozimligini isbotlab berdi.
Shu o‘rinda yana bir masalani oydinlashtirib olishga to‘g‘ri keladi. Favqulodda vaziyatning o‘zi nima, undan aholi va hududlarni muhofaza qilish deganda nimani ko‘zda tutish lozim?
Favqulodda vaziyat – odamlar qurbon bo‘lishi, ularning sog‘ligi yoki atrof tabiiy muhitga zarar yetishi, jiddiy moddiy talofatlar keltirib chiqarishi hamda odamlar hayot faoliyati sharoiti izdan chiqishiga olib kelgan yoki olib kelishi mumkin bo‘lgan avariya, halokat, xavfli tabiiy hodisa yoki boshqa tabiiy ofat natijasida muayyan hududda yuzaga kelgan vaziyat.
Vatanimiz Prezidenti tomonidan olib borilayotgan odilona siyosat tufayli inson manfaati, inson qadriyati eng oldingi o‘rindadir. Asosiy Qomusimiz bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosini ham inson, uning qadr-qimmati, salomatligi tashkil etadi. Insonning hayoti, yashashga bo‘lgan huquqi Konstitutsiya bilan muhofaza qilinadi.
O‘zbekitson Respublikasi Prezidenti favqulodda vaziyatlar (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiya) yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlab, O‘zbekistoan Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi, qabul qilgan qarorini uch kun mobaynida O‘zbekitson Respublikasi Oliy Majlisining tasdig‘iga kiritadi. Favqulodda holat joriy etish shartlari va tartibi qonun bilan belgilanadi.
Oliy majlisning vakolatlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning muddatini uzaytirish va to‘xtatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash kiradi.
Respublikamiz mustaqillikka erishganidan so‘ng tashkil etilgan Favquolodda vaziyatlar vazirligining asosiy vazifalaridan biri favqulodda vaziyatlarda aholi hayoti va sog‘ligini, moddiy va madaniy boyliklarini muhofaza qilishdan iborat. Bu vazifani samarali tashkil etish uchun muhofazaning qonuniy, tashkiliy, iqtisodiy, ijtimoiy, muhandislik texnik, maxsus asoslariga ega bo‘lishimiz zarur.
Har bir rahbar, har bir favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasining xodimi texnogen, tabiiy va ekologik favqulodda vaziyatlar yuzaga kelgan vaqtda vaziyatga baho berishni, tezlik bilan tegishli qarorlar qabul qilishni, qidiruv-qutqaruv va shoshilinch ishlarni o‘tkazishda boshqaruvni amalga oshirish yo‘llarini bilishi va bu borada yuqori malakaga ega bo‘lmog‘i kerak.
Aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish –favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish choralari, usullari, vositalari tizimi, sa’y harakatlari majmui.
Favqulodda vaziyatlarni oldini olish – oldindan o‘tkazilib, favqulodda vaziyatlar ro‘y berishi xavfini imkon qadar kamaytirishga, bunday vaziyatlar ro‘y berganda esa odamlar sog‘ligini saqlash, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talofatlar miqdorini kamaytirishga qaratilgan tadbirlar majmui.
Favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish – favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lganda o‘tkazilib, odamlar hayoti va sog‘ligini saqlash, atrof tabiiy muhitga yetkaziladigan zarar va moddiy talofatlar miqdorini kamaytirishga, shuningdek favqulodda vaziyatlar sodir bo‘lgan zonalarni xalqaga olib, xavfli omillar ta’sirini tugatishga qaratilgan avariya-qutqaruv ishlari va kechiktirib bo‘lmaydigan boshqa ishlar majmui.
Aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida qo‘yilgan dadil qadamlardan biri – avval Mudofaa vazirligi qoshida fuqaro mudofaasi va favqulodda vaziyatlar boshqarmasining, so‘ngra esa shu boshqarma negizida O‘zbekistoan Respublikasi Prezidentining 1996 yil 4 martdagi PF-1378 sonli Farmoni bilanFavqulodda vaziyatlar vazirligi tashkil etilishi bo‘ldi.
Farmon bilan favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish, aholi hayotini va salomatligini, moddiy va ma’naviy qadriyatlarni muhofaza qilish, shuningdek tinchlik va harbiy davrlarda favqulodda vaziyatlar vujudga kelganda ularning oqibatlarini tugatish hamda zararlarini kamaytirish sohasida davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish vazirlikning asosiy vazifalaridan biri deb belgilandi.
Aholi va iqtisodiyot ob’ektlarini muhofaza qilishni ta’minlashga rahbarlik qilish O‘zbekitson Respublikasining Bosh vaziriga yuklatilgan.
Fuqaro muhofazasining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
-aholini harbiy harakatlar olib borish paytida yoki shu harakatlar oqibatida yuzaga keladigan xavflardan himoyalanish usullariga o‘rgatish;
-ob’ektlarni harbiy harakatlar olib borish paytida yoki shu harakatlar oqibatida yuzaga keladigan xavflardan himoyalash harakatlari va usullariga o‘rgatish;
-boshqaruv, xabar berish va aloqa tizimlarini tashkil qilish, rivojlantirish va doimiy shay holatda saqlab turish;
-iqtisodiyot ob’ektlarining barqaror ishlashini ta’minlash yuzasidan chora-tadbirlar kompleksini o‘tkazish;
-aholini, moddiy va madaniy boyliklarni xavfsiz joylarga evakuatsiya qilish;
-fuqaro muhofazasi harbiy tuzilmalarining shayligini ta’minlash;
-aholini umumiy va yakka tartibdagi muhozalanish vositalari bilan ta’minlash;
-aholining harbiy harakatlar olib borish paytidagi yoki shu harakatlar oqibatidagi hayot faoliyatini ta’minlash;
-radiatsiyaviy, kimyoviy va biologik vaziyat ustidan kuzatish va laboratoriya nazoratini olib borish;
-qutqarish va boshqa kechiktirib bo‘lmaydigan ishlarni tashkil qilish va o‘tkazish;
-harbiy harakatlar olib borish paytida yoki shu harakatlar oqibatida zarur ko‘rgan hududlarda jamoat tartibini yo‘lga qo‘yish va saqlab turish;
-aholini va hududlarni muhofaza qilish borasida boshqa tadbirlarni amalga oshirish.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shaharlar va tumanlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va tegishli hududlarning hokimlari, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarda vazirlar, davlat qo‘mitalari va uyushma boshqaruv raislari, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar hamda ishlab chiqarish korxonalari direktorlari, rahbarlari aholi va iqtisodiyot ob’ektlari muhofaza etishga rahbar eitib tayinlanadilar.
Mahalliy hokimiyat organlarining Konstitutsiyamiz tomonidan belgilagan vazifalari qatoriga jumladan quyidagilar kiradi:
-qonuniylikni, huquqiy-tartibotni va fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash;
-mahalliy budjetni shakllantirish va uni ijro etish, mahalliy soliqlar, yig‘imlarni belgilash, budjetdan tashqari jamg‘armalar hosil qilish;
-atrof muhitni muhofaza qilish.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, shahar va tumanlarda favqulodda vaziyatlar boshqarmalari (bo‘limlari)ning tashkil etilishi va boshqarma (bo‘lim) boshliqlarining o‘rinbosarlari joylardagi o‘rinbosarlari hisoblanishi aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasining ish faoliyatini yanada mustahkamlashda katta ahamiyatga ega bo‘ldi.
Fuqaro muhofazasi maxsus tadbirlari bajarilishini ta’minlash hamda ushbu maqsadlarda kuch va vositalarni tayyorlash uchun respublika, viloyat, tuman, shuningdek ob’ekt fuqaro muhofazasi xizmatlari tashkil etiladi.
Fuqaro muhofazasi kuchlari va vositalari tarkibi, uning tarkibiy tuzilishi, shuningdek fuqaro muhofazasi tuzilmalari faoliyatining boshqa masalalari O‘zbekiston Respublikasi fuqaro muhofazasi boshlig‘i tomonidan belgilab qo‘yilgan.
Fuqaro muhofazasi qo‘shinlarining faoliyati, ularni butlash qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladi.