I bo’lim: Fermer ho’jaligida “Buxgalteriya hisobi”ni tashkil etish Fermer hojaligidagi ishchilarning majburiyatlari Buxgalteriya hisobini tashkil etish bo‘yicha javobgarlik fermer xo‘jaligining boshlig‘iga (keyingi o‘rinlarda — fermer deb yuritiladi) yuklatiladi. Bunda fermer quyidagi huquqlarga ega:
a) bosh buxgalter rahbarligidagi buxgalteriya hisobi xizmatini tashkil etish yoki shartnoma asosida jalb qilingan buxgalterning xizmatlaridan foydalanish;
b) buxgalteriya hisobini yuritishni shartnoma asosida ixtisoslashtirilgan tashkilotga (auditorlik tashkilotlari, soliq maslahatchilari tashkilotlari va ustavida buxgalteriya hisobini yuritish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish nazarda tutilgan boshqa tashkilotlar) yuklash;
v) buxgalteriya hisobini mustaqil yuritish.
Buxgalteriya hisobini yuritishning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi fermer xo‘jaliklariga ixtiyoriy ravishda taqdim etiladi.
Buxgalteriya hisobining soddalashtirilgan tizimini yuritish Fermer xo‘jaliklari, o‘z xo‘jalik faoliyatlarining ehtiyojlaridan kelib chiqqan holda, hisob siyosatini mustaqil ravishda shakllantiradi. Buxgalteriya hisobi fermer xo‘jaliklari tomonidan qonunchilik bilan belgilangan yagona uslubiy asoslar va tartibga muvofiq yuritiladi.
Bunda fermer xo‘jaligi qo‘llanilayotgan buxgalteriya hisobi registrlarini, quyidagi talablarga rioya qilgan holda, mustaqil ravishda o‘z faoliyatining xususiyatlariga moslashtirishi mumkin:
a) yagona uslubiy asos (ikki yoqlama yozuv tamoyili);
b) analitik va sintetik hisob ma’lumotlarining o‘zaro bog‘liqligi;
v) boshlang‘ich hisob hujjatlari asosida barcha xo‘jalik operatsiyalarining hisob registrlarida yoppasiga aks ettirish;
g) boshlang‘ich hisob hujjatlari ma’lumotlarini fermer xo‘jaligini boshqarish, nazorat qilish va xo‘jalik faoliyatini tahlil qilish, shuningdek moliyaviy hisobotni tuzish uchun zarur bo‘ladigan ko‘rsatkichlar bo‘yicha jamlash va tizimlash.
Fermer xo‘jaliklarida xo‘jalik operatsiyalarining buxgalteriya hisobini yuritish uchun asos bo‘lib, operatsiyalarning haqiqatda amalga oshirilganligini qayd etadigan va ularni amalga oshirish uchun farmoyish beradigan boshlang‘ich hisob hujjatlari hisoblanadi.
Fermer xo‘jaliklarida boshlang‘ich hisob hujjatlari xo‘jalik operatsiyalari amalga oshilgan paytda yoki ular sodir etilgandan so‘ng darhol (kechiktirmasdan) tuziladi. Fermer xo‘jaliklarida tuziladigan boshlang‘ich hisob hujjatlarining majburiy rekvizitlari, ularni tuzish, qabul qilish, saqlash va buxgalteriya hisobida aks ettirish tartibi, shuningdek hujjatlar aylanishini amalga oshirish tartibi O‘zbekiston Respublikasi “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi Qonunining 14-moddasiga va Buxgalteriya hisobida hujjatlar va hujjatlar aylanuvi to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 1297, 2004-yil 14-yanvar) muvofiq tartibga solinadi. Boshlang‘ich hisob hujjatlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan namunaviy shakllarda yoki ushbu Nizomning talablariga rioya qilgan holda fermer ho‘jaliklari tomonidan ishlab chiqiladigan va tasdiqlanadigan blankalarda tuziladi.
Boshlang‘ich hisob hujjatlari elektron hujjat tarzida tuzilishi va taqdim etilishi mumkin.
Fermer xo‘jaligiga kelib tushadigan boshlang‘ich hisob hujjatlari albatta tekshirilishi shart. Bunda tekshirish shakl bo‘yicha (hujjatlarning rasmiylashtirilishi to‘liqligi va to‘g‘riligi, rekvizitlarning to‘ldirilishi), mazmun bo‘yicha (hujjatlashtirilgan operatsiyalarning qonuniyligi, alohida ko‘rsatkichlarning mantiqiy bog‘liqligi) amalga oshiriladi. Hisobni soddalashtirilgan shaklda tashkil etish uchun fermer xo‘jaligi xo‘jalik operatsiyalari buxgalteriya hisobining ishchi schyotlar Rejasini tuzadi, bu esa mablag‘lar va ular manbalarining hisobini asosiy schyotlar bo‘yicha yuritish imkoniyatini yaratadi va shu bilan mulkning mavjudligi va saqlanishi, majburiyatlarning bajarilishi va buxgalteriya hisobi ma’lumotlarining ishonchliligi ustidan nazoratni ta’minlaydi.
Fermer xo‘jaliklari xo‘jalik operatsiyalari buxgalteriya hisobining ishchi schyotlar Rejasini O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirining 2002-yil 9-sentabrdagi 103-sonli buyrug‘i bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (21-sonli BHMS) “Xo‘jalik yurituvchi subyektlarning moliya-xo‘jalik faoliyati buxgalteriya hisobi schyotlar rejasi va uni qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma”ga (2002-yil 23-oktabr, ro‘yxat raqami 1181 — Me’yoriy hujjatlar axborotnomasi, 2002-yil, 20-son) va ushbu Nizomning 1-ilovasida keltirilgan Fermer xo‘jaliklarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati buxgalteriya hisobi namunaviy Schyotlar rejasiga muvofiq tuzadi. Xo‘jalik operatsiyalari buxgalteriya hisobining ishchi schyotlar Rejasi fermer xo‘jaligining hisob siyosatida qonunchilikda belgilangan tartibda aks ettirilishi lozim.
Fermer xo‘jaliklarida buxgalteriya hisobining soddalashtirilgan shakli quyidagi shakllar bo‘yicha yuritilishi mumkin:
a) buxgalteriya hisobining oddiy shakli;
b) buxgalteriya hisobining kombinatsiyalashgan shakli.
Fermer xo‘jaligi o‘zining ishlab chiqarish va boshqaruv talablaridan kelib chiqqan holda ushbu Nizomda keltirilgan buxgalteriya hisobi shaklini mustaqil tanlaydi. Buxgalteriya hisobining tanlangan shaklidan qat’i nazar, hisobot davrining xo‘jalik operatsiyalari xronologik tartibda ushbu Nizomning 2-ilovasiga muvofiq Xo‘jalik operatsiyalarini qayd etish Jurnalida ro‘yxatga olib (qayd etib) boriladi.
Xo‘jalik operatsiyalarini qayd etish Jurnali kitob shaklida yuritiladi, unda xo‘jalik operatsiyalarining qayd etilishi va hisobi hisobot davri uchun oylar yoki choraklar kesimida yuritiladi. Bunda, Xo‘jalik operatsiyalarini qayd etish Jurnali tikilgan va raqamlangan bo‘lishi shart. Xo‘jalik operatsiyalarini qayd etish Jurnalining so‘nggi varag‘ida fermerning imzosi bilan “Mazkur Jurnalda ....... varaq raqamlangan” deb yoziladi. Varaqlar soni yozuv bilan yoziladi.