Buyuk mutafakkir, sheʼriyat mulkining sultoni Navoiy ijodi bamisoli cheksiz bir ummon, ushbu ummonga qancha chuqurroq shoʻngʻisangiz shuncha koʻp inju terasiz. Shu sababdan ham Navoiy asarlari mana 6 asrdan buyon oʻz qiymatini, betakrorligini yoʻqotmagan. Navoiy asarlarini qanchalik koʻp oʻqigan sari, oʻrgangan sari, shuncha koʻp hayratga tushadi kishi.
Buyuk oʻzbek shoiri, mutafakkir, davlat arbobi Nizomiddin Mir Alisher 1441-yilning 9-fevralida Hirotda tugʻildi. Alisher Navoiyning ota tomondan bobosi Amir Temurning Umar Shayx ismli oʻgʻli bilan koʻkaldosh (emikdosh) boʻlib, keyinchalik Umar Shayx va Shohruxning xizmatida boʻlgan. Otasi Gʻiyosiddin Bahodir esa Abulqosim Boburning yaqinlaridan; mamlakatni idora etishda ishtirok etgan. Onasi Qobul amirzodalaridan Shayx Abusaid Changning qizi. Alisher Navoiyning bolaligi Shohrux hukmronligining soʻnggi yillariga toʻgʻri kelgan. U temuriyzodalar, xususan boʻlajak podshoh Husayn Boyqaro bilan birga tarbiyalangan. 4 yoshida maktabga borib, tez savod chiqarib, turkiy va forsiy tildagi sheʼrlarni oʻqib, yod ola boshlagan. Oʻzbek tili bilan bir qatorda forsiy tilni ham mukammal egallagan. 1447-yil Taf shahrida Alisher mashhur “Zafarnoma” tarixiy asari muallifi, shoir Sharafiddin Ali Yazdiy bilan uchrashadi. Bu uchrashuv Alisherda yorqin iz qoldiradi. U sheʼriyatga gʻoyat qiziqdi, Sharq adabiyotini qunt bilan oʻrgandi. Oila muhiti bolaligidayoq unda adabiyotga zoʻr havas tugʻdirgan edi. Togʻalari Mirsaid – Kobuliy, Muhammad Ali -Gʻaribiy yetuk shoir edilar. Alisher Navoiylar uyida shoirlar tez-tez toʻplanishib, mushoira qilishar, adabiyot va sanʼat haqida suhbatlashar edilar.
Alisher 10-12 yoshlaridan sheʼr yoza boshlagan. Tarixchi Xondamirning yozishicha, yosh Navoiyning isteʼdodidan mamnun boʻlgan mavlono Lutfiy, uning:
Orazin yopqoch, koʻzumdan sochilur har lahza yosh,
Boʻylakim, paydo boʻlur yulduz, nihon boʻlgʻach quyosh, – matlaʼli gʻazalini tinglab: “Agar muyassar boʻlsa edi, oʻzimning oʻn-oʻn ikki ming forsiy va turkiy baytimni shu gʻazalga almashtirardim…” degan. Alisher Navoiy 15 yoshida shoir sifatida keng tanilgan.
Shoir oʻzbek va fors-tojik tillarida bir qancha sheʼrlar bitib, ikki til bilimdoni sifatida shuhrat qozonadi. Oʻzbek tilidagi sheʼrlarida “Navoiy” (“navo” – kuy soʻzidan), fors-tojik tilidagi sheʼrlarida esa asosan “Foniy” (“fano” – vaqtincha, oʻtkinchi soʻzidan) va baʼzan “Navoiy” taxallusini qoʻllaydi.
Alisher Navoiyning ijodi ulkan. Olti dostonining hajmi 60 000ga yaqin misrani tashkil etadi.1472-yil fevral oyida Husayn Boyqaro uni “amir”(vazir)likka qoʻydi. Buyuk shoir “Amiri kabir” (ulugʻ amir), “amirul muqarrab” (podshoga eng yaqin amir) unvonlariga musharraf boʻldi.Uning vazirlik yillari Hirotda obodonlik avj olgan, madaniyat gullab-yashnagan davr boʻldi. Ulugʻ amir oʻzi bosh boʻlib, suvsiz yerlarga suv chiqardi, eski ariqlarni tozalatirdi, yangi kanallar qazdirdi. Eski binolarni taʼmir qildirib, yangilarini qurdirdi. Qanchadan-qancha madrasalar, xonahoqlar soldirdi.
Bu davrlarda Hirotda adabiy hayot ham rivojlandi. 1470-yillarning oxirlarida Alisher Navoiy oʻzining oʻzbek tilida yozgan sheʼrlaridan iborat ilk devoni – “Badoeʼ ul-bidoya” (“Badiiylik ibtidosi”)ni tuzdi.
Shuni quvonch bilan aytish joizki, Alisher Navoiyning boy va serqirra ijodi faqat oʻzbek adabiyotidagina emas, balki jahon adabiyotida ham salmoqli oʻringa ega. Navoiy lirik, epik va falsafiy asarlari bilan XV asr adabiyotida chuqur iz qoldirdi. Ulugʻ shoirning asarlari hayotlik davridayoq Xitoydan tortib Kichik Osiyogacha yetib bordi va hozirda butun dunyo xalqlari ham sevib oʻqishmoqda.
A.Oripov taʼbiri bilan aytganda,
Temur tigʻi yetmagan joyni qalam bilan oldi Alisher.
Navoiy 5 dostondan iborat Xamsa asarini ilk marotaba turkiy tilda qisqa muddatda (1483-1485) yozib tugatdi.
Adabiyot yashasa millat yashaydi. Bunday buyuk soʻzlar zamirida katta maʼno mujassam boʻlgan. Bizning tilimiz ham uzoq davrlar mobaynida sayqallanib, hozirgi darajaga yetdi. Bu darajaga yetishish uchun koʻplab insonlar oʻz umrlarini baxshida qilganlar.
Biz Alisher Navoiy ismini eshitganimizda koʻz oldimizda buyuk bir siymo namoyon boʻladi. Shunday buyuk zotlarni xotirlash biz yosh avlodning ham vazifamiz, ham burchimizdir.
21-oktabr – Oʻzbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga 31 yil toʻlishi munosabati bilan Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining bir guruh professor-oʻqituvchilari va talaba-yoshlari ishtirokida soʻz mulkining sultoni