Temuriylar davrida (II renessans) ta’lim-tarbiya va pedogogik g’oyalar taraqqiyoti reja



Yüklə 25,56 Kb.
səhifə1/2
tarix30.10.2022
ölçüsü25,56 Kb.
#66820
  1   2
AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRIDA MADANIYAT


TEMURIYLAR DAVRIDA (II RENESSANS) TA’LIM-TARBIYA VA PEDOGOGIK G’OYALAR TARAQQIYOTI
Reja:
1. Temur va temuriylar davrida shaxs tarbiyasi.
2. Sohibqironning tarbiyaga oid shaxsiy yondashuvi.
3.“Temur tuzuklari”, uning tarbiyaviy mohiyati.
4. Temuriyzodalar hukmronligi davrida tarbiyaga munosabat va Mirzo Ulug‘bekning tarbiyaga oid qarashlari.

Ma’lumki, mamlakatimiz, madaniyatimiz va ma’naviyatimiz tarixining eng qudratli, sifat jihatdan yangi davri Temur va temuriylar hukmronligiga to‘g‘ri keladi. Iqtisodiyot, madaniyat, ma’naviyat yana qayta yuksalishi, ijtimoiy aloqalarning mustahkamlanishi turli qabila-urug‘lar, qavmlar, elatlar o‘rtasidagi mushtaraklikni kuchaytirdi, ularning milliy jipslashishini tezlashtirdi. Eski o‘zbek adabiy tili shakllana boshladi. U Taroz va Yassadan to Hirotgacha fors tili bilan bir qatorda umumiy aloqa va ijod vositasiga aylandi. Milliy ong, tafakkur, milliy adabiyot va san’at, ilm-fan rivojida kishilarning qaror topayotgan yangi tarixiy birligi ehtiyojlari o‘z aksini topdi. Biz bejiz bu davrdagi O‘rta Osiyo o‘troq turkiy xalqi tilini eski o‘zbek tili, Sakkokiy, Atoiy, Gadoiy, Lutfiy, Navoiy, Bobur ijodini mumtoz o‘zbek adabiyoti deb atamaymiz.


Bugungi mumtoz o‘zbek adabiyoti, san’ati, ma’naviy madaniyatining oyoqqa turishi va rivojlanishida Temur va temuriylar davri hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Mo‘g‘ullardan hokimiyat Temurga va temuriylarga o‘tgandan so‘ng ma’naviy hayotda hakikiy uyg‘onish davri boshlandi. Madaniyat, ma’rifat, hunarmandchilik, savdo-sotiq gullab yashnadi, shaharlar va qishloqlarda obodonchilik keng ko‘lamda olib borildi. Ariqlar, kanallar qazildi. Yangi erlar o‘zlashtirildi, bog‘lar barpo etildi. Karvonsaroylar, madrasalar, hammomlar, bozorlar, rastalar, saroylar, hashamatli imoratlar, suv quvurlari barpo etildi. Temur bu ishlarni faqat ota yurtidagina emas, zabt etilgan mamlakatlarda ham amalga oshirdi. Yirik imperiyaga birlashgan xalqlar, ularning madaniyatlari o‘rtasida muloqot kuchaydi. Turli xalqlar madaniyatlari bir-birlaridan o‘rgandilar, bir-birlarini boyitdilar. Imperiya garchi harbiy yurishlar natijasida tuzilgan bo‘lsa-da, uning ichki boshqaruvida zo‘ravonlik qo‘llanilmas, balki Amir Temurning «Kuch – adolatda» tamoyili asosida ish yuritilar edi.
Amir Temur davlatida milliy madaniyatlarning o‘zaro ta’siri va bir-birini boyitishi aslo zo‘ravonlik natijasi emas, balki buyuk bunyodkorlik, xalqlarning o‘zaro yaqinlashuvi, hamkorligi natijasidir. SHu bois, biz yuqorida keltirib o‘tganimizdek, akademik N.I.Konrad Amir TemurniCHingizxonga emas, balki Aleksandr Makedonskiyga va Kanishkaga qiyoslaydi, ularning davomchisi deb hisoblaydi. Temur davridagi allomalar haqida gapirganda, avvalo, uning xos, yaqin kishilaridan bo‘lgan mavlono Abdulmalikni eslash kerak. U Burhoniddin Marg‘inoniyning avlodlaridan biridir. Abdumalik mudarrislik qilgan, she’rlar yozgan. Turkiy, arab va fors tillarini, turli ilmlarni mukammal egallagan shaxs bo‘lgan. U Temurning arab olimlari va fozilu ulamolari bilan suhbatlarida, bahslarida tarjimonlik qilgan. Temur bilan suhbat qurgan, bir qancha muddat uning qarorgohida yashagan buyuk alloma Ibn Xaldun va boshqa allomalar o‘z xotiralarida Abdulmalikka yuksak baho berganlar.
XV asrgacha mintaqamizda arab va turkiy tilda bitilgan asarlar, bu tilda ijod qilgan adiblar kam bo‘lmasa-da, ular orasida daho darajasidagi yirik ijodkorlar yo‘q edi. Lekin bu turkiy xalqlardan adabiyot soxasida bunday ijodkorlar XV asrgacha chiqmagan ekan degan tushunchani anglatmaydi.
Mirzo Bedil, keyinchalik Saido Nasafiy va boshqa ko‘plab klassiklarning nafaqat turkiyligi, hatto turkiylariing qaysi urug‘, qabilasidan ekanligi ma’lum. Jaloliddin Rumiyning ham Balx turkiylaridan chiqqanligi ehtimoldan xoli emas. CHunki uning turkiycha she’rlari ham bor. SHu sababli bizning madaniy merosimiz ko‘prok zullisonayndir. Islom Karimovning biz, o‘zbeklar va tojiklar, aslida ikki tilda so‘zlashuvchi bir xalqmiz, degan gapida katta tarixiy haqiqat bor. Fors tilida ajdodlarimiz yaratgan durdonalar bilan biz bu tilda so‘zlashuvchi xalqlar kabi, xakqoniy ravishda faxrlanamiz. Temur va temuriylar davrida madaniyatimizning ikki-uch til vositasida rivojlanishi tabiiy edi. Temur tevaragida olimu fuzalolar, qatorida shatranj, nard o‘yinlari va turli sohalarning mohir ustalari ijod kildilar.
Ta’kidlash joizki, Samarqandga va mamlakatimizning boshqa shaharlariga o‘zga yurtlardan ko‘chirib keltirilgan hunarmandlar, san’atkorlar, olimlarning, ular oila a’zolarining haq-huquqlari cheklanmagan, ular qulga yoki haq-huquqsiz xizmatkorga aylantirilmagan. Balki mahalliy aholi bilan bir xil sharoitda bir huquqqa ega bo‘lib yashagan va o‘z kasb-kori bilan shug‘ullangan. Yuqorida iqtibos keltirilgan Ibn Arabshoh 12 yoshida Samarqandga oilasibilan ko‘chirilgan edi. Uning Samarqandda har tomonlama bilim olib, etuk tarixnavis, shoir va adib, ko‘p fanlar bo‘yicha chuqur bilimdon bo‘lib etishgani yuqoridagi fikrimizni tasdiqlaydi.
U eski o‘zbek, arab va fors tillarini mukammal bilgan. Turkiyda she’rlar yozgan, hatto o‘zining ayrim tarixiy asarlarini, Qohiraga mamluk sultonlari xizmatiga borganda, turkiy tilga she’riy usulda tarjima qilib, doston shaklida baxshilardek mamluklarga kuylab bergan. Temur faoliyatining bosh g‘oyasi va amaliy shiori «Kuch — adolatda» degan hikmatki, u umuminsoniy ahamiyatga ega. Bu g‘oya hozir ham, bundan keyin ham eng e’zozli umuminsoniy ma’naviy qadriyatlardan, axloqiy va huquqiy me’yorlardan biri bo‘lib qolajak. Rostgo‘ylik, haqiqatgo‘ylik, adolatparvarlik, yurti va fuqarolari to‘g‘risida qayg‘urish, mamlakati tinch va osoyishta, obod va farovon bo‘lishiga butun kuchg‘ayratini, aql-zakovatini yo‘naltirish kabi Temurning xos fazilatlari uning chinakam buyuk ma’naviy shaxs bo‘lishiga, buyuk yaratuvchi davlat boshlig‘i sifatida tarixda o‘chmas iz qoldirishiga xizmat qildi. Mazkur fazilatlar uning avlodlariga ibrat bo‘ldi va hozirgacha ibrat bo‘lmoqda.
Davlat boshqaruvi, demokratiya tamoyillariga suyanish, ijtimoiy hayotni tartibga solish, jinoyatchilikka qarshi kurash va huquq ustuvorligini ta’minlash, xalqaro munosabatlarning teng, ikki tomonlama manfaatdor iqtisodiy aloqalar va hamkorlik asosida kurishga oid bugun tan olingan umumbashariy me’yorlar, qadriyatlarning birortasi yo‘qki, u Temurning amaliy faoliyatida va siyosatida kurtak sifatida mavjud bo‘lmasa. Temurning davlat ishlarining 90 foizi kengashu mashvarat, faqat 10 foizi kuch qilich (ma’muriy yo‘l) orqali hal qilinishi lozim degan tamoyili o‘z davri uchun davlatni maslahat asosida boshqarish, ya’ni o‘ziga xos demokratik boshqaruv me’yoridir. Xalq norozi bo‘lgan, adolatni buzgan hokimlarni vazifasidan chetlashtirib jazolashi yoki mamlakatning bir sarhadidan ikkinchi sarhadiga boshiga bir lagan javohirni qo‘yib o‘tayotgan bolakayning biror dona javohiri yo‘qolmaydigan tartib o‘rnatilgani adolat va hukuk ustuvorligining amalda ta’minlanishidir.
G’arb davlatlari hukmdorlariga yozgan maktublarida mamlakatlar o‘rtasida urushlar emas, savdo-sotik rivojlanishi farovonlikka, obodonchilikka xizmat qilishi to‘g‘risidagi fikrlari va bunday aloqalarni o‘rnatish bo‘yicha bildirgan amaliy takliflari bugungi xalqaro siyosiy va iqtisodiy aloqalar negizida yotgan tamoyilning o‘sha davrda nish urgan kurtagidir. YUqorida qayd etilgan tamoyillar, me’yorlar bevosita ma’naviyatning mohiyatli unsurlaridir. Ular turli tarixiy davrlarda turli ko‘rinishlar kasb etishi, shaklan va mazmunan boyishi tabiiy. Bugun biz buning guvohimiz. Lekin faxr bilan e’tirof qilishimiz mumkinki, zamonaviy umuminsoniy kadriyatlarning muayyan qismi o‘z ildizlari bilan bizning ajdodlarimiz ijodiga va faoliyatiga borib taqaladi.
Temuriy shahzodalar, afsuski, o‘zaro taxt va mansab talashib, mamlakat barqaror va bir tekis rivojlanishini ancha qiyinlashtirdilar. Lekin ularning aksariyati keng bilimli, adabiyot va san’atga qizikuvchan, o‘zlari ijod borasida yuksak iqtidorli edilar. SHu bois ilm-fan, san’at va din arboblariga homiylik qildilar. O‘z mulklari, viloyatlari, yoki hokimiyat tepasiga kelib qolsalar, butun mamlakat miqyosida obodonchilik ishlari bilan shug‘ullanishga, ma’rifatni qo‘llabquvvatlashga intildilar. Ayniqsa SHohrux, Ulug‘bek va Husayn Boyqaro shaxslari bu borada alohida ajralib turadi. Temur o‘z vasiyatida to‘ng‘ich o‘g‘lidan to‘ng‘ich nabirasi Pirmuhammadni valiahd qilib tayinlagan edi. Ammouning avlodi bu vasiyatga amal qilmadi. Toj-taxt uchun kurashlar oqibatida Temurning kenja o‘g‘li SHohrux hokimiyatni qo‘lga kiritdi. Ammo, otasi vasiyati bo‘yicha davlat tepasiga kelmagani uchun bo‘lsa kerak, otasining taxtiga o‘tirishga jazm qilolmay, poytaxtni Hirotga ko‘chirdi va Samarqandni o‘g‘li Ulug‘bekka topshirdi. Bu hol uning ma’naviy-axloqiy fazilatining bir qirrasini ko‘rsatib turibdi.
Samarqand va Hirot nafaqat temuriylar davlatining, balki butun islom madaniyati, ilm-fani va san’atining ikki markaziga aylandi. Samarqandda Ulug‘bek atrofida o‘sha davrning buyuk riyoziyotchi olimlari va astronomlari, muhandislari, turli fanlar bo‘yicha boshqa olimlar to‘plandi. Qozizoda Rumiy usmonli turk mamlakatidan, G‘iyosiddin Jamshid Koshiy Erondan Ulug‘bek oldiga keldilar va u bilan birga trigonometriya, geometriya va astronomiya sohasida, astronomik asboblar, globus yasash bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazdilar. Keyinchalik mahalliy yoshlardan daho olim Ali Qushchi etishib chiqdi. Ulardan tashqari Muhammad Havofiy, Alouddin al-Buxoriy singari qanchalar iste’dodlar, atoqli olimlar Ulug‘bek madrasasi va rasadxonasida faoliyat ko‘rsatdilar, yoshlarga ta’lim berdilar, ilmiy kuzatishlar olib bordilar.
Samarqandda o‘sha davrda jahondagi eng zamonaviy, mukammal observatoriya — rasadxona qurildi. 1018 ta yulduzning koordinatalari aniqlanib, jadvali tuzildi. U haqqoniy ravishda «Ziji jadidi Ko‘ragoniy» yoki «Ziji Ulug‘bek» deb ataladi. Ulug‘bekning ilmiy maktabi al-Xorazmiy, al-Farg‘oniy va ayniqsa alBeruniy ilmiy merosini chuqur o‘rgandi, tahlil etdi, bu merosning haqiqiy vorisi, davomchisi bo‘lib, ilm-fan, ma’naviyat tarixi sahnasiga chiqdi. G‘iyosiddin Jamshid Koshiy va boshqalarning yozib qoldirishicha, Beruniyning «Qonuni Mas’udiy» asari Ulug‘bek shogirdlari va hamkasblarining deyarli qo‘lidan tushmaydigan kitob, darslik bo‘lgan. Bu asarning turli boblari bo‘yicha munozaralar, ilmiy bahslar olib borilgan, ular og‘zaki va yozma talqin qilingan (hozirgi ilmiy referatlarning ilk ko‘rinishi).
Umuman Ulug‘bek qiziqishi va bilimiga ko‘ra, har jihatdan qomusiy olim bo‘lgan. Uning “To‘rt ulus tarixi” degan yirik asari (afsuski tugallanmay qolgan) mustaqillik yillari xalqimizga etib keldi. Ulug‘bek ilmiy dunyoqarash tarafdori, ayni paytda komil musulmon edi. U islom aqidalarini, Qur’on oyatlari va hadislarni ratsional talqin qilar, xurofotni, mutaassiblikni qabul qilmas edi. Shu bois uni diniy mutaassiblar uncha xushlamaganlar. Bu Abdullatif ko‘rsatmasi bilan Samarqand ulamolarining Ulug‘bek taqdirini hal qilish borasida qabul qilgan hukmlarida yaqqol o‘z ifodasini topadi. Ulug‘bek maktabining yana bir dahosi –Ali Qushchining ilmiy xizmatlarini alohida ta’kidlash kerak.
Ali Qushchi o‘rta asrlarda yurtimizdan dunyoviy ilm-fan, tabiatshunoslik sohasida chiqqan oxirgi qomusiy dahodir. U o‘z zamonasidagi dunyoviy ilmlarga oid deyarli barcha fanlarni puxta egallagan. U matematika va astronomiya fanlari rivojlanishiga buyuk hissa qo‘shishi barobarida mantiq, falsafa, grammatika va adabiyot nazariyasi, tabobat, fiqh, tarix va boshqa sohalarga bag‘ishlangan asarlarida haqiqiy ilmiy usulni, ratsionalistik tahlil va umumlashtirishni, ilmiy xolislikni (ob’ektivlikni) himoya qildi. Ilm – fanda, tafakkurda, dunyoqarashda Ulug‘bek tamoyillarini davom ettirdi va himoya qildi.
Ali Qushchi matematika faniga “musbat” va “manfiy” tushunchalarini kiritdi, o‘nli kasrlar nazariyasini boyitdi. Ayo Sofiya madrasasida bosh mudarris bo‘lganida 90 gradusdan kichik burchaklarning o‘tmas bo‘lishi mumkinligi to‘g‘risida bahslar yuritdi. Keyingi holatni noevklid geometriyasiga taalluqli ilk olib borilgan tadqiqotlardan biri, deb baholash mumkin. Astronomiya sohasida esa u Ulug‘bekning o‘ng qo‘li edi. “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” Ali Qushchi ishtirokisiz, balki tugallanmay qolgan bo‘lur edi. Uning sharhlarini arab tiliga tarjima qilib, butun jadvalga tartib bergan, Ulug‘bek qatlidan keyin saqlab qolib, butun dunyoga yoygan Ali Qushchidir.
Ulug‘bek o‘z atrofiga olimlar bilan birga iste’dodli shoir va bastakorlarni, adiblarni, me’morlarni, rassom va naqshkorlarni, xattotlarni va san’atning boshqa sohalariga oid ijodkorlarni to‘pladi. Mumtoz o‘zbek adabiyoti shakllanishiga Navoiygacha zamin yaratganlardan biri atoqli shoir Sakkokiy Ulug‘bek atrofidagi ijodkorlardan edi. Hoji Ismatullo Buxoriy, Kamol Badaxshoniy kabi shoirlar, “ilmi hikmatda zamonasining yaktosi” Alouddin SHoshiy, mashoyix Hasan Attor kabi atoqli ijodkorlar Ulug‘bek davrida Samarqandning ma’naviy hayotini yuksaltirdilar. Buyuk faqih Abul Lays as-Samarqandiyning avlodlaridan xoja Fazlulloh Abulaysiy Alisher Navoiyga ikki yil dars bergan ulug‘ ustoz o‘z ijodiy faoliyatini Ulug‘bek davrida boshlagan. Ulug‘bek Samarqandda, Buxoroda, G‘ijduvonda oliy madrasalar (o‘sha dardagi universitet), boshqa shaharlarda ham ko‘plab maktablar va madrasalar qurdirdi. “Ilm olmoqlik har bir muslim va muslima uchun farz” degan hadisni o‘zi qurdirgan madrasasining tepasiga yozdirib qo‘ydi.
Ulug‘bekning bu ishlarini ma’rifat yordamida jaholatga, avj olib borayotgan mutaassiblikka qarshi kurashning o‘sha davrdagi namunasi deyish mumkin. U olimlar va talabalar bilan turli munozaralar, bahslar o‘tkazib turgan. Bu bahslarga o‘zi shaxsan rahbarlik qilgan. G‘iyosiddin Jamshid Koshiyning otasiga yozgan xatida guvohlik berishicha, ba’zan u ataylab murakkab, chalkash, xato fikrni o‘rtaga tashlagan. Kimdir bu xato fikrni yoqlasa, uni fosh qilgan va tuzatgan. Ulug‘bek qatlidan keyin dunyoviy ilm-fan asta-sekin orqaga keta boshladi. Mistika, diniy mutaassiblik ancha kuchaydi. Rasadxonadagi tadqiqotlar to‘xtab qoldi. Qarovsiz qolgan, ta’mirlanib turmagan rasadxona vaqt o‘tishi bilan buzilib, g‘ishtlari tashilib, ko‘milib ketdi. Jamiyatda ma’naviy muhit o‘zgardi. Ijodiy, tanqidiy fikr yuritishga, ilmiy xolislikka ehtiyoj pasaydi. Aksincha, madhiyabozlik, laganbardorlik kuchaydi. Irratsionalistik qarashlar, mistika va diniy mutaassiblik tabiatshunoslikka nisbatan bepisand qarashlarning, salbiy munosabatlarning avj olishini oziqlantirib turdi.
Mamlakat taxtiga o‘tirgan Abu Said Mirzoning Ali Qushchiga shaxsiy munosabati hurmatli edi. Lekin, shunga karamasdan, ilmiy tadqiqot, ijod uchun muhit nokulay bo‘lganligi sababli Ali Qushchi oqibatda na Samarqandda, na Hirotda qoldi, Istanbulga yo‘l oldi. CHunki Abu Saidning fe’l-atvori murakkab, johillikka yon bosuvchi edi. U jamiyat ongida, ma’naviyatida yuz bergan salbiy burilishni o‘zgartirishga ojiz edi. Buni Ali Qushchi buyuk aql-zakovati bilan teran his etgan. Samarqandda asta-sekin ma’naviy turg‘unlik boshlandi.
Bu esa xalqimizni oldinda kutib turgan chuqur ma’naviy-madaniy, iqtisodiy, siyosiy, harbiy, umuman, ijtimoiy inqirozning debochasi edi. Lekin Ulug‘bek davrida yaratilgan ulkan ilmiy va madaniy salohiyat birdaniga yo‘qolib ketgan emas. Poytaxt Samarqanddan Buxoroga ko‘chirilgan vaqtgacha, shahar Movarounnahrda etakchi ma’naviy markaz bo‘lib qolaverdi. Alisher Navoiyning Samarqandga kelib ta’lim olgani bejiz emas. Alisher Navoiy «Majolisun nafois» tazkirasida (tazkira 1491— 1492 yillarda yozilgan) o‘sha davrda Samarqand shahrida yashab ijod qilayotgan o‘ziga zamondosh 31 shoirni sanab o‘tadi. Ulardan beshtasi, kelib chiqishiga ko‘ra, sherozlik, ikkitasi xorazmlik, ikkitasi kirmonlik. SHoirlar orasida qarshilik, xisorlik, badaxshonlik,qazvinlik, kumlik, yazdlik va boshqa joylardan kelganlar uchraydi.
Bu Ulug‘bek qatlidan 40-45 yil keyin ham Samarqandga poytaxt va madaniy-ma’naviy markaz sifatida ijodkorlarning intilishi kuchli bo‘lganini ko‘rsatadi. O‘zaro ichki nizolar, taxt talashlar bir oz susayib, Hirot taxtiga Husayn Boyqaro o‘tirgach, xalqimizning ma’naviy-madaniy hayotida yana o‘ttiz yildan ko‘proq muddatda gurkirab o‘sish kuzatildi. Ammo bu uyg‘onish bir oz chegaralangan, universal mazmunga ega emas edi.
Birinchidan, bu davrda tabiatshunoslik fanlari ilgarigi mavqeini qayta tiklay olmadi. Aksincha, yiddan-yil ortga ketdi. Ikkinchidan, bu davr ma’naviyati asoslarida, negizida, ilgargidek ham tabiiy-ilmiy, ham diniy qarashlar emas, ko‘proq bir tomonlama diniy qarashlar, aniqrog‘i, nakshbandiya ta’limoti yotar edi. SHu bois ko‘proq gumanitar ilmlar, adabiyot va san’at rivojlandi.
Navoiy «Majolisun nafois» asarining ettinchi majlisida 20 nafar temuriy shahzodalarning she’rlaridan parchalar keltirgan. 8 majlisini esa sulton Husayn Boyqaro ijodiga (21shoir) bag‘ishlagan. Husayn Boyqaro obodonchilik va farovon turmushning asosi urush emas, balki tinchlik va siyosiy barqarorlik ekanligini yaxshi tushungan. Ma’rifatni, ilmfanni, adabiyot va san’atni, hunarmandchilikni keng rivojlantirgan. Husayn Boyqaroning Navoiyga bo‘lgan munosabati, davlat ishlarida u bilan maslahatlashgani, Navoiyni iqtisodiy, lavozimiy, ma’naviy mavqeini,martabasini juda balandga ko‘targani uning ijodga, ma’rifat va ma’naviyatga bo‘lgan munosabatidir. SHu o‘rinda hozirgacha hammani lol qoldiradigan bir voqeani eslash lozim, deb hisoblaymiz: Navoiy «Xamsa”ni yozib tugatgach, safardan qaytgan Husayn Boyqaroga asarni taqdim etadi.
Husayn Boyqaro otdan tushib, «Xamsa»ni yuz-ko‘ziga surtib, qabul qilib oladi va shu zahotiyoq Navoiyni o‘z otiga mindirib, otning jilovidan etaklab butun Hirotni aylantiradi. Bu insoniyat tarixida Husayn Boyqarogacha yuz bermagan va undan keyin ham mutlaqo takrorlanmagan voqeadir. Ispaniya, Fransiya yoki Angliya qirollarining Lope de Vega, Moler yoki SHekspirga nisbatan bunday muomala qilishini tasavvur qilish mumkin emas. Ingliz qiroli, SHekspir ishlaydiganteatri bilan saroyga taklif qilinganda, hatto buyuk adibga gap qo‘shishni lozim topmagan. CHunki Evropa zodagonlarining, jamiyatining ma’naviyati o‘zgacha bo‘lgan, insonga teng ko‘z bilan qaramagan. Inson iste’dodi, dahosiga qarab emas, nasl-nasabiga qarab baholangan.
Bugungi demokratiya rivojlangan Evropada inson qadr-qimmati mezonlari endi tamomila boshqacha. Husayn Boyqaroning Navoiyga jilovdor bo‘lishni o‘ziga ep ko‘rganligi uning qanchalik buyuk ma’naviyat sohibi bo‘lganidan, adabiyotni, san’atni, ijodni juda yuksak qadrlaganidan dalolat beradi. Lekin, ta’kidlash zarurki, Husayn Boykaroning harakati nafaqat uning qanday podshoh va inson bo‘lganini ko‘rsatadi, u jamiyat ma’naviyati yuksakligidan, podshohlarning yukoridagiga o‘xshash xatti-harakatlarini to‘g‘ri qabul kilib, munosib baholay olishidan ham dalolat beradi. Agar Xuroson va Movaraunnahrda Evropadagiday munosabatlar, qarashlar xukmronlik qilganda, oliy tabaqa va avom xalq Husayn Boyqaro iltifotini to‘g‘ri tushuna olmaganida, u xech qachon Navoiyga jilovdor bo‘lmas edi.
Davlat boshlig‘ining o‘zi ijod bilan shug‘ullangani, ma’rifatga intilgani, ijod ahliga homiylik qilgani a’yonlarga ibrat va taqlid uchun namuna bo‘lgan. Husayn Boyqaro saroyida, viloyatlar hokimlari saroyida ijodiy muhit qaynab turgan. Hirotda SHohrux davridan boshlab, Samarqanddan farqli o‘laroq, ko‘proq ijtimoiygumanitar sohada ijodkorlik rivojlandi. CHunki SHohruxda dindorlik kuchli edi. Uning o‘zi shu bois riyoziyot va tabiatshunoslik fanlariga uncha moyillik ko‘rsatmagan. Bu fanlar Hirotda etarlicha rag‘batlantirilmagan, tadqiqotlar kam olib borilgan va Samarqand, Tus shaharlaridagi kabi yirik ilmiy maktablar vujudga kelmagan.
Tabiatshunoslik SHohrux davrida Hirotda ko‘prok oliy ta’lim darajasida qolib ketgan. Husayn Boyqaro zamonida bunday xususiyat saqlanib qoldi. SHohrux davrida SHarafiddin Ali YAzdiy tarixnavislikda, Lutfiy she’riyatda, Jomiy tasavvufda va she’riyatda buyuk meros yaratdilar. Tasavvuf, xususan naqshbandiya tariqatining ma’naviy hayotdagi mavqei ancha yuksaldi, etakchilik ahamiyat kasb etdi. Husayn Boyqaro zamonida naqshbandiya mavqei yanada mustahkamlandi, aytish mumkinki, u rasmiy mafkura darajasiga ko‘tarildi. Jomiy va Navoiy daho shoirlar bo‘lishlari qatorida falsafiy, diniy masalalar, axloq, adabiyotshunoslik, tilshunoslik, jamiyatni boshqarishni takomillashtirish, inson shaxsini tarbiyalash, ma’rifat va ma’naviyat borasida ham buyuk allomalar edilar.
Mirxond, Xondamir, Zayniddin Vosifiy tarixnavislik bobida ajoyib asarlar bitdilar. Alisher Navoiy ijodiga bir tomonlama va tor yondashib bo‘lmaydi. Afsuski, sovet davrida bu dohiyona ijod sun’iy ravishda «dahriylashtirildi», bir tomonlama tahlil etildi. Bugun esa biz yana xuddi shunday bir tomonlama yondashuvga moyillikni ayrim hollarda kuzatmokdamiz: endi u sun’iy ravishda diniy ta’limotning badiiy «sharhiga», tasavvuf g‘oyalarining badiiy ifodasiga «aylantirilmoqda». Ammo badiiy asar mazmuni faqat g‘oyaviy-e’tiqodiy masalalar chegarasida, qolipida qolib ketmaydi. To‘g‘ri, Alisher Navoiy asarlari tasavvuf mafkurasi talablarida bitilgan. Ammo adabiyot diniy yoki siyosiy mafkuraning ko‘zgusi, ro‘yobga chiqarish vositasi emas. U din kabi, ijtimoiy ongning mustaqil shaklidir. Navoiy ijodiga birinchi galda badiiy-estetik nuqtai nazardan yondashish kerak. Qolaversa, Alisher Navoiy ijodini qanday baholash, munosabatimizni aniqlash hattoki tor ilmiy-falsafiy va adabiyotshunoslik muammosi emas. Bugungi kunda u milliy identlik, milliy o‘zlikni anglash, ona tilimizni saqlab qolish va rivojlantirish, milliy g‘oya, ma’naviy taraqqiyotimizning kelajak yo‘li qanday bo‘lishi lozimligi va h.k. muammolarni anglash bilan bog‘liq ijtimoiy - siyosiy masala hamdir.
O‘sha davr ma’naviyatini miniatyura san’atisiz to‘liq tasavvur etib bo‘lmaydi. Kamoliddin Behzod va boshqa rassomlarning rang-tasvirda ishlagan kitob miniatyuralari umuminsoniy qadriyatlarga, jahon san’atining durdonalariga aylandi. Behzod asarlari Matiss ijodiga va u orqali XX asr Evropa rang tasvirining ba’zi modernistik oqimlariga kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Behzod asrlar o‘tib, bizning zamonamizda xaqqoniy ravishda SHarqning eng buyuq daho rassomi deb e’tirof etilmoqda. Uning asarlari vaqt sinoviga bardosh berdi va ularning qiymati yanada oshdi. Behzod maktabidan keyinchalik Buxoro va Samarqandda o‘zlari ham maktab yaratgan ikki atoqli rassom – Mahmud Muzahhib va Muhammad Murodlar etishib chiqdi. O‘sha davrdagi ma’naviy muhitni, ma’naviy tarbiyani tasavvur qilish uchun Alisher Navoiyning Said Hasan Ardasher vaPahlavon Muhammad hayotlariga bag‘ishlangan asarlarini, “Mahbubul qulub” va“Majolisun nafois”ini o‘qish lozim.
«Majolisun nafois»ning beshinchi majlisini Navoiy amirlar, yuksak amaldorlar o‘g‘illaridan she’r yozganlarini sanab, ular ijodidan namunalar keltiradi. Bu saroy a’yonlari, martabali amaldorlarning ta’lim-tarbiyaga, ma’naviyatga munosabatidan va jamiyatda hukm surgan ma’naviy muhitdan bilvosita dalolatdir. Buyuk o‘zbek shoiri Zahiriddin Bobur ham temuriy shahzodalardan. Bobur yangi sulolaga asos soldi. Afsuski, bu sulola Kobul va Hindistonda hukmronlik qildi. Boburiylar ilm-fan, adabiyot va san’at shaydolari, homiylari bo‘lib, ko‘pchiligi ijod bilan shug‘ullangan. Boburiylar bilan bog‘liq xorijda rivojlangan o‘zbek madaniyati va ma’naviyati hali etarli darajada o‘rganilgan emas, o‘z tadqiqotchilarini kutib turibdi (Boburiylar va ular saroyida xizmat qilgan yurtdoshlarimizning, ular avlodlarining turkiy (eski o‘zbek) va fors-tojik tilida ijod qilgan shoiru adiblar, tarixchilar, faylasuf va mutasavvuflar ijodini biz milliy madaniy merosimizning xorijda yaratilgan uzviy bo‘lagi deb qarasak mantiqda zid bulmaydi).
Temuriylar davrida saroylardan, poytaxt va yirik markazlardan chetda avom xalq o‘rtasida xurofot keng tarqalgan, ma’rifat ancha past, ayrim doiralarda mutaassiblik kuchli edi. Iqtisodiy o‘sish, ishlab chiqarish vositalarining takomillashishi juda-juda sust edi. Bu sohada jamiyat an’anaviylik kasb etgan, sifat jihatdan uning yangi bosqichga ko‘tarilish imkoniyatlari juda pasayib ketgan, kapitalning to‘planishi, konsentratsiyasi, hunarmandchilikning oilaviy doiradan chetga chiqib Evropadagidek manufakturalar vujudga kelishi ro‘y bermagan edi.
Ma’naviy xayotda esa dinning ta’siri, aniqrog‘i,diniy mutaassiblikning ta’siri yildanyil oshib boraverdi. Ilm-fandagi nazariy yutuqlar, izlanishlar iqtisodiy zarurat bilan tutashmadi, texnik ijodkorlikka, ishlab chiqarish vositalarini takomillashtirishga, mashina va mexanizmlar yaratishga qarab yo‘naltirilmadi. SHu sababdan jamiyat taraqqiyoti ortga qaytmaydigan yuksalish chizig‘idan ketmadi, ob’ektivlik kasb etmadi. U ko‘p jihatdan davlat boshlig‘ining, amaldorlarning didiga, intilishiga, halolligi, saxiyligi va tashabbuskorligiga, ya’ni sub’ektiv omillarga qaram bo‘lib qolaverdi.
Natijada temuriylar davrida vujudga kelgan yuksak ma’naviyat iqtisodiy jihatdan etarlicha mustahkamlanmadi va jamiyatning keyingi muttasil ravnaq topishini ta’minlay olmadi. SHu sababdli uning ijodini o‘rganishdan maqsad badiiy-estetik ehtiyojlarimizni qondirishdan, badiiy tafakkurimizni o‘stirish, dunyoqarashimizni kengaytirishdan tashqari, o‘zligimizni tarixning yangi bosqichida qayta anglash, o‘z ma’naviy manbalarimiz, tarixiy ildizlarimizdan yaxshiroq oziqlanib, kelajak yo‘lida kuch to‘plash, dunyoqarash va e’tiqodning dolzarb masalalariga, xususan, islomga, tasavvufga, komil inson tarbiyasiga, adolatni qaror toptirishga nisbatan munosabatlarimizni aniqlab, belgilab olishda ma’naviy tayanch topishdir.

Yüklə 25,56 Kb.

Dostları ilə paylaş:
  1   2




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin