Aktual bo’linish. Gapda so’zlar tartibi. Nutq induvudial tabiatga ega bo’lganligi bois gapda ishtirok etayotgan so’zshakllar tarkibi ham erkindir. Biroq bu «erkinlik» hech qachon umumiy lisoniy qonuniyatlar doirasidan tashqarida bo’lmaydi. So’zlovchining maqsadi, uslub talablari asosida so’zshakllar umumiy tartibga ega bo’ladi.
Har qanday nutqiy gap, o’zida ma‘lum voqelikni ifodalash bilan birga, so’zlovchining axborat maqsadini ham namoyon qiladi. Masalan, Jamshid maktabga ketdi gapida, Jamshidning maktabga ketishi voqeligi qayd qilinishi bilan birga, so’zlovchining tinglovchiga Jamshidning qaerga ketganligi haqidagi ma‘lumotni yetkazish niyati ham o’z aksini topgan. Shu boisdan gap Jamshid qaerga ketdi? so’rog’iga javob bo’ladi. Demak, ushbu gapdagi voqelik Jamshidning qaerga ketganligi emas, balki kimning qaerga ketganligi, so’zlovchining axborot maqsadi esa Jamshidning qaerga ketganligi haqidagi ma‘lumotni tinglovchiga yetkarishdir.
Gapni Maktabga Jamshid ketdi shaklida o’zgartirsak, voqelik oldingi gapdagi bilan bir xil, biroq so’zlovchining axborot maqsadi Maktabga kim ketdi? so’rog’i orqali muayyanlashadi. Birinchi gapda harakatning yo’nalishi, ikkinchi gapda harakatning bajaruvchisi axborot mo’ljalidir. Gapning axborot vazifasi nuqtai nazaridan tuzilishi aktual tuzilish deyiladi. Aktual tuzilmaning tarkibiy qismlari aktual bo’laklar deyiladi.
Aktual vazifa nuqtai nazaridan gapni tashkil etuvchi unsurlar tema (ma‘lum) va rema (yangi) qismlarga bo’linadi. Gapning rema qismi kommunikativ (axborot) nuqtai nazardan ahamiyatli bo’ladi. Savol ana shu remani aniqlash uchun beriladi. Gapning tema qismi ma‘lum bo’lganligi so’roq gapda aynan takrorlanadi.
Gapning aktual bo’linishi mantiqiy birlik bo’lgan hukmning bo’laklanishi (sub‘ekt va predikatga bo’linish) ga o’xshaydi. Shu boisdan ayrim tilshunoslar aktual bo’linish sathini mantiqiy-grammatik sath deb ham pauza kiradi.
Gapda nechta so’zshakl bo’lsa, shuncha miqdorda so’z urg’usi bo’ladi. Biroq gap qanchalik darajada yoyiq yoki yig’iq bo’lishidan qat‘i nazar unda mantiqiy urg’u bitta bo’ladi. Qaysi so’zshakl mantiqiy urg’u olsa, shu so’zshakl rema, gapning qolgan qismi esa tema hisoblanadi. Faqat ega va kesimdan iborat gaplarda qaysi bo’lak mantiqiy urg’u olsa, u rema maqomini oladi. 1.Karim keldi. Karim - tema, keldi - rema. 2. Karim keldi. Karim - rema, keldi -tema.
Emfatik emotsional urg’u. Emfatik urg’u ham gapdagi ma‘lum bir so’zshaklni ajratib ko’rsatadi. Bu bilan u mantiqiy urg’uga o’xshab ketadi. Biroq, mantiqiy urg’udan farqli o’laroq, emfatik urg’uda hissiylik kuchli bo’ladi. O’zbek tilida emfatik urg’u ostidagi so’z tarkibidagi unli yoki undosh cho’ziladi. Masalan: Havo t-o-za ekan. Ch-i-royli qiz keldi. So’zlarni takrorlash natijasida ham emfatiklik ifodalanadi: Men borsam, men.
Mantiqiy va emfatik urg’u ostidagi so’zlarda pauza ham ko’maklashuvchi vosita sifatida qatnashadi. Bu urg’uni olgan so’zlardan oldin ko’p hollarda pauza paydo bo’ladi.